| Gastroezofageal reflyuks kasalligi | |
|---|---|
| Surunkali gastroezofageal reflyuks kasalligining asorati hisoblangan, qizilo‘ngachning pastki sfinkteri (QPS) yaqinidagi peptik striktura (torayish) | |
| XKT-11 | DA22 |
| XKT-10 | K21 |
| XKT-10-KM | K21.9 va K21 |
| XKT-9 | 530.81 |
| XKT-9-KM | 530.81 |
| OMIM | 109350 |
| DiseasesDB | 23596 |
| MedlinePlus | 000265 |
| eMedicine | med/857 ped/1177 radio/300 |
| MeSH | D005764 |
Gastroezofageal reflyuks kasalligi (GERK) — gastroezofageal soha a’zolarining harakat va evakuatsiya funksiyasi buzilishi natijasida yuzaga keladigan surunkali, qaytalanuvchi kasallik bo‘lib, unda oshqozon, ba’zan esa o‘n ikki barmoqli ichak tarkibining qizilo‘ngachga muntazam qaytib tushishi kuzatiladi. Buning oqibatida bemorlarning hayot sifatini yomonlashtiradigan klinik alomatlar paydo bo‘ladi, qizilo‘ngachning distal qismi shilliq qavati shikastlanadi va undagi muguzlanmaydigan ko‘p qavatli yassi epiteliyda distrofik o‘zgarishlar, kataral yoki eroziyali-yarali ezofagit (reflyuks-ezofagit), ayrim bemorlarda esa silindrsimon hujayrali metaplaziya kuzatiladi (Barrett qizilo‘ngachi).
Dunyo bo‘yicha tarqalishi
Rossiyada GERK alomatlarining haftasiga kamida bir marta kuzatilish darajasi 6,4 % dan 23,6 % gacha, o‘rtacha 14,5 % ni tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich G‘arb mamlakatlaridagi haftalik GERK alomatlari tarqalishi bilan taqqoslanadi. Haftasiga kamida 1 marta kuzatiladigan GERK alomatlari eng ko‘p Shimoliy Amerikada (AQSH) — 20,8 %, undan keyin Yevropada — 18,9 %, Avstraliya va Janubiy Amerikada — 13,4 % uchraydi; Osiyoda esa ancha kam — 10,2 %. Dunyoning barcha mintaqalarida GERKning haftalik alomatlari ko‘payish tendensiyasi aniqlangan. Shu bilan birga, GERK bilan og‘rigan bemorlarning 45—80 % ida ezofagit aniqlanadi.
| Mintaqa | Tarqalish darajasi, % |
|---|---|
| Shimoliy Amerika | 20,8 |
| Yevropa mamlakatlari | 18,9 |
| Janubiy Amerika | 13,4 |
| Yaqin Sharq | 10,9—22,5 |
| Avstraliya | 13,4 |
| Sharqiy Osiyo mamlakatlari | 5,25—10,7 |
| Rossiya | 6,4—23,6 |
Ezofagit bilan og‘rigan bemorlar orasida Barrett qizilo‘ngachi tarqalishi 5 dan 30 % gacha o‘zgaradi. Qizilo‘ngach distal qismi shilliq qavatining ichak tipidagi metaplaziyaga uchragan epiteliyida displastik o‘zgarishlar kuchayib borishi fonida qizilo‘ngach adenokarsinomasi bilan kasallanish ko‘paymoqda.
Etiologiyasi
Gastroezofageal reflyuks kasalligining rivojlanishiga quyidagi omillar sabab bo‘ladi:
- Qizilo‘ngachning pastki sfinkteri (QPS) tonusining pasayishi.
- O‘z-o‘zini tozalash qobiliyatining qizilo‘ngachda pasayishi.
- Reflyuksatning, ya’ni oshqozon va/yoki o‘n ikki barmoqli ichakdan qizilo‘ngachga qaytib tushadigan tarkibning shikastlovchi xususiyatlari.
- Shilliq qavatning reflyuksatning zararli ta’siriga bardosh bera olmasligi.
- Oshqozon bo‘shalishining buzilishi.
- Qorin bo‘shlig‘i ichki bosimining oshishi.
Gastroezofageal reflyuks kasalligi rivojlanishiga turmush tarzi bilan bog‘liq omillar ham ta’sir qiladi. Bular stress, gavdani egib ishlash, semizlik, homiladorlik, chekish, ovqatlanish xususiyatlari (yog‘li taomlar, shokolad, qahva, meva sharbatlari, alkogol, achchiq taomlar), shuningdek, periferik to‘qimalarda dofamin miqdorini oshiradigan preparatlar (fenamin, pervitin va feniletilaminning boshqa hosilalari)ni qabul qilishdir.
Klinik belgilari
GERK avvalo jig‘ildon qaynashi, nordon kekirish bilan namoyon bo‘ladi. Bu belgilar ko‘pincha ovqatdan keyin, gavdani oldinga egganda yoki tunda yuzaga keladi. Kasallikning ikkinchi eng ko‘p uchraydigan belgisi to‘sh suyagi ortidagi og‘riq bo‘lib, u kuraklar orasiga, bo‘yinga, pastki jag‘ga va ko‘krak qafasining chap yarmiga tarqaladi.
Kasallikning qizilo‘ngachdan tashqari namoyon bo‘lishlariga o‘pka bilan bog‘liq belgilar (yo‘tal, hansirash, ko‘pincha yotgan holatda paydo bo‘ladi), otorinolaringologik belgilar (ovoz bo‘g‘ilishi, tomoq qurishi, tonzillit, sinusit, tilda oq karash paydo bo‘lishi) va oshqozonga oid belgilar (tez to‘yib qolish, qorin dam bo‘lishi, ko‘ngil aynishi, qusish) kiradi. Shuningdek, alomatlar qatoriga limfadenopatiya va temir tanqisligi anemiyasi ham kiradi.
Tashxislash
GERKni tashxislash quyidagi tekshirish usullarini o‘z ichiga oladi:
| Tekshirish usullari | Usulning imkoniyatlari |
|---|---|
| pH ko‘rsatkichini sutkalik monitoring qilish — qizilo‘ngachning pastki uchdan bir qismida | |
| Rentgenologik tekshirish — qizilo‘ngachni | Quyidagilarni aniqlaydi: diafragmaning qizilo‘ngach teshigi churrasi, qizilo‘ngach eroziyalari, yaralari va strikturalari. |
| Endoskopik tekshirish — qizilo‘ngachni | Qizilo‘ngachdagi yallig‘lanish o‘zgarishlari, eroziyalar, yaralar va strikturalarni, shuningdek, Barrett qizilo‘ngachini aniqlaydi. Ezofagitning Savari–Miller tasnifi endoskopist shifokorlar orasida eng ko‘p qo‘llanadi |
| Manometrik tekshirish — qizilo‘ngach sfinkterlarini | Qizilo‘ngach sfinkterlari tonusining o‘zgarishini aniqlash imkonini beradi. |
| Ssintigrafiya — qizilo‘ngachni | Qizilo‘ngachning tozalanish darajasini baholash imkonini beradi. |
| Qizilo‘ngach impedansometriyasi | Qizilo‘ngachning normal va teskari yo‘nalishdagi peristaltikasini hamda turli xil (kislotali, ishqoriy, gazli) reflyukslarni tekshirish imkonini beradi. |
Davolash
GERKni davolash turmush tarzini o‘zgartirish, dori vositalari bilan davolash va eng murakkab hollarda jarrohlik amaliyotini o‘z ichiga oladi. Davolash reflyuksni kamaytirish, reflyuksatning shikastlovchi xususiyatlarini pasaytirish, qizilo‘ngachning tozalanishini yaxshilash va uning shilliq qavatini himoya qilishga qaratilishi kerak.
Turmush tarzini o‘zgartirish
GERK bilan og‘rigan bemorlarga quyidagilar tavsiya etiladi:
- Tana vaznini me’yorga keltirish — ortiqcha vazn GERK yuzaga kelishiga ko‘maklashadigan omillardan biridir. Odatda jismoniy mashqlar ortiqcha vaznga qarshi kurashning asosiy vositalaridan biri hisoblanadi, ammo haddan tashqari jismoniy zo‘riqish kasallik alomatlarini kuchaytirishi mumkin.
- Ko‘p ovqat yemaslik, kichik porsiyalarda ovqatlanish, taomlar orasida 15—20 daqiqalik tanaffus qilish va uyqudan 3—4 soat oldin ovqatlanishni to‘xtatish muhim.
- Qorin bo‘shlig‘i ichki bosimini oshiradigan zo‘riqishlardan, shuningdek, tor kamar, belbog‘ va shunga o‘xshash kiyimlardan voz kechish.
- Tunda karavotning bosh tomonini 15—20 sm ga ko‘tarib yotish.
Parhez
Ovqatlanish tartibini o‘zgartirish kasallikni davolash jarayoniga ma’lum darajada ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Hozircha GERK bilan og‘rigan bemorlar uchun yagona standart parhez mavjud emas, biroq shifokorlar oshqozonning kislotalilik bilan bog‘liq kasalliklarida qo‘llanadigan parhezlarga ko‘p jihatdan o‘xshash ovqatlanish tartibiga rioya qilishni tavsiya etadilar.
Ratsiondan quyidagi mahsulotlarni chiqarib tashlash kerak:
- yog‘li va qovurilgan taomlar;
- achchiq taomlar (jumladan, o‘tkir ziravorlar, piyoz, sarimsoq, zanjabil va boshqalar);
- shokolad;
- qahva va qora choy (tarkibida kofein bo‘lgani uchun);
- gazlangan ichimliklar (karbonat angidrid oshqozon devorlarini kengaytirib, ko‘ngil aynishiga sabab bo‘ladi va oshqozon tarkibining qizilo‘ngachga qaytish ehtimolini oshiradi);
- sitrus mevalar va nordon mahsulotlar (jumladan, ichimliklar);
- qo‘ziqorinlar (oshqozon uchun nihoyatda og‘ir hazm bo‘ladi);
- yangi pishirilgan javdar noni;
- shirinliklar: holva, shokolad, muzqaymoq, tortlar;
- sho‘rlangan, achitilgan va marinadlangan sabzavotlar.
Quyidagi mahsulotlarni iste’mol qilish mumkin:
- birinchi yoki ikkinchi navli bug‘doy unidan tayyorlangan qotgan non, suxari, yog‘li bo‘lmagan pishiriqlar;
- yog‘siz go‘sht va baliq;
- shirin, yetilgan mevalar, yaxshisi pishirilgan holda;
- suyuq bo‘tqalar (suli, manna yormasi, grechixa va guruch bo‘tqalari); tariq, perlovka, arpa va makkajo‘xori yormalarini juda tez-tez iste’mol qilmaslik ma’qul;
- sut va tvorogdan tayyorlangan taomlar;
- shirinliklar: murabbo, zefir, asal, pastila, qaymoqli va sutli pudinglar;
- ichimliklar: nordon, achchiq va kofeinli ichimliklardan tashqari barcha gazsiz ichimliklar, o‘simlik choylari, masalan, limono‘t yoki asal qo‘shilgan choy.
Davolanish davrida chekishni to‘xtatish, shuningdek, alkogol iste’molini cheklash tavsiya etiladi.
Yog‘i kam sut va ishqoriy mineral suvning har biri alohida iste’mol qilinganda oshqozon kislotasini vaqtincha neytrallashi mumkinligiga oid ayrim dalillar mavjud.
Dori vositalari bilan davolash
GERKni dori vositalari bilan davolash asosan kislotalilikni me’yorga keltirish va motorikani yaxshilashga qaratilgan. GERKni davolashda antisekretor vositalar (proton pompasi ingibitorlari, H2-gistamin retseptorlari blokatorlari), prokinetiklar va antatsidlar qo‘llanadi.
Proton pompasi ingibitorlari (PPI) H2-gistamin retseptorlari blokatorlariga qaraganda samaraliroq va nojo‘ya ta’sirlari kamroq. Quyidagi PPI preparatlarini qabul qilish tavsiya etiladi: rabeprazol — kuniga 20—40 mg, omeprazol — kuniga 20—60 mg yoki ezomeprazol — kuniga 20—40 mg, 6—8 hafta davomida. GERKning eroziyali shakllarini davolashda PPI uzoq vaqt — bir necha oy, hatto yillar davomida qabul qilinadi. Bunday vaziyatda PPI xavfsizligi muhim masalaga aylanadi. Hozirda suyaklar mo‘rtlashishi, ichak infeksiyalari, shifoxonadan tashqarida orttirilgan pnevmoniya va osteoporoz xavfi oshishi mumkinligi haqida taxminlar mavjud. GERKni proton pompasi ingibitorlari bilan uzoq vaqt davolaganda, ayniqsa yoshi katta bemorlarda, dorilarning o‘zaro ta’sirini tez-tez hisobga olishga to‘g‘ri keladi. Boshqa kasalliklarni davolash yoki oldini olish uchun PPI bilan bir vaqtda qo‘shimcha dori vositalarini qabul qilish zarur bo‘lsa, rabeprazol va pantoprazol afzal ko‘riladi, chunki ular boshqa dorilar bilan o‘zaro ta’sir nuqtayi nazaridan eng xavfsiz hisoblanadi.
GERKni davolashda so‘rilmaydigan antatsidlar — fosfalyugel, maaloks, megalak, almagel va boshqalar, shuningdek, alginatlar — topalkan, geviskon va boshqa vositalar qo‘llanadi. So‘rilmaydigan antatsidlar, ayniqsa, maaloks eng samarali hisoblanadi. Uni 15—20 ml dan kuniga 4 marta, ovqatdan bir-bir yarim soat o‘tgach, 4—8 hafta davomida qabul qilishadi. Jig‘ildon qaynashi kam kuzatilsa, antatsidlar belgi paydo bo‘lganda qabul qilinadi.
Motorikani me’yorga keltirish uchun prokinetiklar — oshqozon-ichak yo‘li peristaltikasini kuchaytiradigan maxsus dori vositalari qabul qilinadi. Prokinetiklardan ayrimlari: domperidon va metoklopramid.
Shuningdek, vitamin preparatlari buyurilishi mumkin: pantoten kislotasi (B5 vitamini) va metilmetioninsulfoniy xlorid. Pantoten kislotasi shilliq qavatlarni tiklaydi va ichak peristaltikasini rag‘batlantiradi, bu esa ovqatning oshqozondan tezroq chiqishiga yordam beradi. Shu tariqa oshqozon bilan qizilo‘ngach o‘rtasidagi sfinkter «berkiladi». Metilmetioninsulfoniy xlorid oshqozon sekretsiyasini kamaytirishga yordam beradi va og‘riq qoldiruvchi ta’sir ko‘rsatadi.
Jarrohlik yo‘li bilan davolash
Tasdiqlangan davolash usullariga quyidagilar kiradi:
- Qizilo‘ngachga taqiladigan Linx magnit halqasi oshqozon tarkibining qizilo‘ngachga qaytishiga to‘sqinlik qiladi, biroq ovqatning oshqozonga o‘tishiga xalaqit bermaydi.
- EsophyX yordamida bajariladigan TIF amaliyoti oshqozonning tabiiy anatomik holatini tiklaydi va kasallik sababini bartaraf etishga qaratilgan.
Hozirgi vaqtda mutaxassislar orasida jarrohlik davolashga ko‘rsatmalar bo‘yicha yagona fikr yo‘q. GERKni davolash uchun fundoplikatsiya amaliyoti laparoskopik usulda bajariladi. Ammo jarrohlik aralashuvi ham PPI bilan umrbod davolanishdan to‘liq voz kechish mumkinligini kafolatlamaydi. Jarrohlik GERKning quyidagi asoratlarida qo‘llanadi: Barrett qizilo‘ngachi, reflyuks-ezofagitning III yoki IV darajasi, qizilo‘ngach strikturalari yoki yaralari, shuningdek, quyidagi sabablarga ko‘ra hayot sifati past bo‘lganda:
- turmush tarzini o‘zgartirish yoki dori vositalari bilan davolash orqali bartaraf etib bo‘lmaydigan, saqlanib qoladigan yoki doimiy qaytalanadigan GERK alomatlari;
- dori vositalarini muntazam qabul qilishga bog‘lanib qolish yoki ularning nojo‘ya ta’sirlari;
- diafragmaning qizilo‘ngach teshigi churrasi.
Operatsiya o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror turli tibbiy mutaxassislar (gastroenterolog, jarroh, ehtimol, kardiolog, pulmonolog va boshqalar) ishtirokida, shuningdek, quyidagi instrumental tekshiruvlar o‘tkazilgandan keyin qabul qilinishi kerak: ezofagogastroduodenoskopiya, rentgenologik tekshirish — oshqozon-ichak yo‘lining yuqori bo‘limlari, qizilo‘ngach manometriyasi. Bunda turmush tarzini me’yorga keltirish bo‘yicha barcha choralar ko‘rilgan va (pH-impedansometriya yordamida) patologik gastroezofageal reflyuks mavjudligi isbotlangan bo‘lishi lozim.
Adabiyotlar
- Kalinin A. V. Gastroezofageal reflyuks kasalligi. — Moskva, 2004. — 40 bet.
- Ivashkin V. T. va boshqalar Gastroezofageal reflyuks kasalligi bilan og‘rigan bemorlarni tekshirish va davolash bo‘yicha tavsiyalar. — Moskva, 2001.
- Gastroezofageal reflyuksi bo‘lgan bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatish standarti (Rossiya Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy rivojlanish vazirligining 22.11.2004-yildagi 247-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan
- Gastroezofageal reflyuksi bo‘lgan bemorlarga ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish standarti (Rossiya Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy rivojlanish vazirligining 01.06.2007-yildagi 384-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan
- Grinevich V. GERKni tashxislashda pH, safro va impedans monitoringi // Klinik va eksperimental gastroenterologiya. № 5, 2004.
