Chukot dengizi

Chukot dengizi
ingl. Chukchi Sea
Xususiyatlari
Maydoni595 000 km²
Hajmi45 400 km³
Eng katta chuqurligi1256 m
O‘rtacha chuqurligi71 m
Joylashuvi
69°41′19″ sh. k. 171°27′19″ g‘. u.HGЯO
Mamlakatlar
Северный Ледовитый океан
Точка
Chukot dengizi
Логотип Викисклада Vikimedia omboridagi mediafayllar

Chukot dengizi (ingl. Chukchi Sea) — chekka dengiz bo‘lib, Shimoliy Muz okeaniga kiradi. U Chukotka va Alyaska oralig‘ida joylashgan. G‘arbda Long bo‘g‘ozi orqali Sharqiy Sibir dengizi bilan, sharqda esa Barrou burni yaqinida Bofort dengizi bilan tutashadi. Janubda Bering bo‘g‘ozi uni Bering dengizi orqali Tinch okeani bilan bog‘laydi. Dengiz akvatoriyasidan sana o‘zgarish chizig‘i.

Tarixi va nomining kelib chiqishi

1648-yilda Semyon Dejnyov Kolima daryosi quyilish joyidan dengiz orqali Anadir daryosigacha suzib borgan. 1728-yilda Vitus Bering ekspeditsiyasi, 1779-yilda esa kapitan Jeyms Kuk Tinch okeanidan ushbu dengizga kirib kelgan.

1928-yilda gidrografik kuzatuvlar davomida norvegiyalik qutb tadqiqotchisi X. Sverdrup Barrou burni va Vrangel oroli o‘rtasidagi dengiz tabiiy sharoitlariga ko‘ra Yangi Sibir orollari va Vrangel oroli orasidagi dengizdan ancha farq qilishini aniqladi. Shu sababli uni Sharqiy Sibir dengizi tarkibidan ajratish zarur deb topildi. Ajratilgan dengizga Chukotka yarimorolida yashovchi xalq nomi bilan Chukot dengizi deb nom berishga qaror qilindi. Bu nom 1935-yilda rasman tasdiqlangan.

Fizik-geografik joylashuvi

Maydoni 595 ming km². Dengiz tubi maydonining 56 % qismida chuqurlik 50 m dan kam, eng katta chuqurligi 1256 metr. Yozda suv harorati 4 dan 12 °C gacha, qishda −1,6 dan −1,8 °C gacha bo‘ladi. Sohil chizig‘i kam parchalangan. Qo‘ltiqlari: Kolyuchin qo‘ltig‘i, Kotsebu qo‘ltig‘i, Shishmaryov buxtasi. Oktyabr–noyabrdan may–iyungacha dengiz muz bilan qoplanadi.

Chukot dengiziga quyiladigan daryolar kam. Ulardan eng yiriklari — Amguema va Noatak. Dengizda Vrangel, Gerald, Kolyuchin orollari joylashgan.

Chukot dengizidan Shimoliy dengiz yo‘li o‘tadi.

Baliqchilik

Dengiz hayvonlarini ovlash singari baliqchilik ham mahalliy ahamiyatga ega. Bu yerda golts balig‘i, qutb treskasi, tyulenlar, nerpalar ovlanadi. 2021-yildan boshlab Rossiya kompaniyalari Rosribolovstvo (Rossiya baliqchilik federal agentligi) bilan kelishgan holda Chukot dengizida mintayni sanoat miqyosida ovlay boshladi. Biroq ov hajmi Bering va Oxota dengizlaridagi ko‘rsatkichlarga nisbatan juda kichik. Baliqchilik sohasidagi ilmiy ma’lumotlarga ko‘ra, sanoat miqyosida opilio qor qisqichbaqasini ovlash ham mumkin.

Yirik portlar

Uelen (Rossiya), Utkiagvik (AQSH).

Dengiz tubi relyefi

Chukot dengizi shelfda joylashgan, bu yerda chuqurlik 40—60 metrni tashkil qiladi. Shuningdek, sayozliklar ham uchraydi, ularning chuqurligi 13 metrgacha. Dengiz tubini ikkita kanyon: Gerald kanyoni (chuqurligi 90 metrgacha) va eng chuqur joyi 160 metrga yetadigan Barrou kanyoni kesib o‘tadi (73°50′ sh. k. 175°25′ g‘. u.HGЯO).

Dengiz tubi yumshoq loyqa cho‘kindilar, qum va shag‘al bilan qoplangan.

Sohillari

Chukot dengizining Rossiyaga tegishli materik sohilida ko‘plab lagunalar mavjud. Ular butun qirg‘oq chizig‘ining qariyb yarmini tashkil qiladi hamda shimoli-g‘arbdagi Yakan burnidan janubi-sharqdagi Kolyuchin qo‘ltig‘igacha deyarli uzluksiz cho‘ziladi. Eng yiriklari — Kanigtokinmanki, Eryokinmanki, Tenkergikinmangki, Ripilgin va Nutevi.

Gidrografiya

Gidrologik rejimi

Chukot dengizining gidrologik rejimi sovuq Arktika suvlari bilan Bering bo‘g‘ozi orqali kiradigan Tinch okeanining iliqroq suvlari o‘zaro ta’siri, keskin iqlim sharoiti hamda shimol va g‘arbdan suzib keladigan muzlar ta’sirida shakllanadi.

Chukotka va Alyaska o‘rtasidagi Chukot dengizi

Alyaska oqimi Bering bo‘g‘ozi orqali Chukot dengiziga kiradi. Suv oqimining tezligi sekundiga 2 metrgacha yetadi, dengiz ichida esa oqim shimolga, Alyaska qirg‘oqlari tomon buriladi. Lisborn oroli yaqinida Alyaska oqimidan Vrangel oroli tomon yo‘nalgan g‘arbiy tarmoq ajralib chiqadi. Bundan tashqari, Long bo‘g‘ozi orqali Sharqiy Sibir dengizidan kelib, sovuq suvlarni Chukotka yarimoroli sohili bo‘ylab olib o‘tadigan oqim ham mavjud. Yozda g‘arbga yo‘nalgan antitsiklonik suv aylanishi kuzatiladi, ayniqsa dengizning shimoliy qismida; biroq bo‘ronli shamollar uning yo‘nalishi va kuchiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi.

Kuzda kuchli shamollar balandligi 7 metrgacha yetadigan to‘lqinlarni yuzaga keltiradi. Qishda muz qoplami hosil bo‘lishi bilan to‘lqinlanish kamayadi. Yozda bo‘ronlar faolligi pasaygani sababli to‘lqinlar ham kichikroq bo‘ladi. Chukot dengizida kuchli shamol ta’sirida suvning chekinishi va ko‘tarilishi hodisalari kuzatiladi: bo‘ronli shamollar ta’sirida dengiz sathi 3 metr yoki undan ko‘proqqa ko‘tariladi.

Suvning qalqishi va qaytishi dengizda uncha katta emas: qalqishning o‘rtacha balandligi 15 santimetr atrofida.

Dengiz deyarli butun yil davomida muz bilan qoplangan. Iliq Alyaska oqimi tufayli yilning issiq davrida dengizning janubiy qismi 2-3 oy davomida muzdan xoli bo‘ladi. Sharqiy Sibir dengizidan keladigan sovuq oqim Chukotka sohillariga ko‘p miqdorda muz olib keladi. XIX-XX asrlarda iqlim sovuqroq bo‘lgan davrda dengizning shimoliy qismi qalinligi 2 metrdan ortiq ko‘p yillik muz bilan qoplangan edi.

Harorat rejimi

Chukot dengizidagi dengiz muzida ishlayotgan olimlar

Bering bo‘g‘ozi hududida yozda suv harorati 12 °C gacha ko‘tariladi. Shimolga qarab borgan sari harorat noldan past qiymatlarga tushadi. Qishda suv harorati muzlash haroratiga (−1,7 °C) deyarli tenglashadi. Chuqurlashgan sari suv harorati pasayadi, biroq yozda dengizning sharqiy qismida tubigacha musbatligicha qoladi. Qishda suv sirtining harorati −1,8 °C, yozda 4 dan 12 °C gacha bo‘ladi.

Sho‘rlanish

Qishda muz ostidagi suv qatlamida sho‘rlanish yuqori (taxminan 31—33 ‰) bo‘ladi. Yozda sho‘rlanish kamayadi va g‘arbdan sharqqa qarab 28 dan 32 ‰ gacha ortadi. Eriyotgan muz chekkalari yaqinida sho‘rlanish pastroq, daryolar quyiladigan joylarda esa eng past (3—5 ‰) darajada bo‘ladi. Odatda chuqurlashgan sari sho‘rlanish ortadi.

Hayvonot dunyosi

Oq ayiqlar Chukot dengizi muzlarida yashaydi va ushbu turning genetik jihatdan farqlanuvchi beshta populyatsiyasidan biriga mansub.

Bu yerda, shuningdek, tyulenlar, morjlar, kitlar yashaydi. Baliqlardan Uzoq Sharq navagasi, xarius, Arktika goltsi va qutb treskasi uchraydi. Yozda sohillarda qushlar koloniyalari paydo bo‘ladi. O‘rdaklar, g‘ozlar, chaykalar va boshqa qushlar uchraydi.

Vrangel va Gerald orollarida Arktika qo‘riqxonasi joylashgan bo‘lib, u oq ayiqlar va morjlarning asosiy ko‘payish hududi hisoblanadi.

Foydali qazilmalar

Hisob-kitoblarga ko‘ra, Chukot dengizining shelfi 30 mlrd barrelgacha neft zaxirasiga ega. 2008-yil fevralda AQSH hukumati neft qazib olish bo‘yicha savdolar muvaffaqiyatli o‘tkazilganini e’lon qildi (yakuniy narx 2,6 milliard AQSH dollari). Bu savdolar atrof-muhit himoyachilari tomonidan tanqid qilindi.

Chukot dengizining shelf hududida sanoat ahamiyatiga ega sochma oltin zaxiralari ham mavjud.

Adabiyotlar

Havolalar

  • Chukot dengizi. tapemark.narod.ru. Murojaat qilingan sana: 1-dekabr 2020-yil. kitobida: A. D. Dobrovolskiy, B. S. Zalogin. SSSR dengizlari. Moskva universiteti nashriyoti, 1982.