| Burj Xalifa | |
|---|---|
| arab. برج خليفة | |
| | |
| | |
| Umumiy ma’lumotlar | |
| Holati | qurib bitkazilgan |
| Vazifasi | ofis binosi[VM] va mehmonxona |
| Joylashuvi | |
| Mamlakat | |
| Joylashgan joyi |
|
| Qurilishi va tarixi | |
| Me’mor | Skidmore, Owings & Merrill |
| Quruvchi kompaniya | Emaar Properties |
| Qurilish davri |
21-sentabr 2004 — 4-yanvar 2010 |
| Ochilishi | 4-yanvar 2010 |
| Me’morchiligi va xususiyatlari | |
| Umumiy balandligi | 829,8 m |
| Tomining balandligi | 828 m |
| Eng yuqori qavat balandligi | 584,5 m |
| Qavatlar soni | 163 |
| Xonalar maydoni | 344 000 m² |
| Massasi | 500 ming tonna |
| Liftlar soni | 57 |
| Mulkchilik | |
| Egasi | Emaar Properties |
| Xaritada | |

«Burj Xalifa» (arab. برج خليفة — «Xalifa minorasi», 2010-yilgacha «Burj Dubay» — «Dubay minorasi») — balandligi juda katta bo‘lgan osmono‘par bino, balandligi 828 metr. U Dubay (BAA), dunyodagi eng baland va eng ko‘p qavatli bino, shuningdek, eng baland inshoot hisoblanadi. Binoning pog‘onali shakli stalagmitni eslatadi.
Tantanali ochilish marosimi 4-yanvar 2010-yili bo‘lib o‘tdi. Binoni 9-sentabr 2009-yilda Dubay metropoliteni bilan bir vaqtda ochish rejalashtirilgan edi, biroq quruvchi kompaniyaning moliyalashtirishni qisqartirishi sababli ochilish 2010-yil yanvariga ko‘chirildi.
21-iyul 2007-yildan buyon bu dunyodagi eng baland qurilma hisoblanadi. 19-may 2008-yildan esa tarixda bunyod etilgan eng baland inshoot sanaladi (ilgari bu rekord 1991-yilda qulab tushgan Varshava radiomachtasiga tegishli edi). Inshootning aniq balandligi 828 m, qavatlari soni 163 ta bo‘lib, balandlikning 180 metri dunyodagi eng uzun shpiliga to‘g‘ri keladi.
Osmono‘par binoni ochish paytida u butun dunyoga «Burj Dubay» («Dubay minorasi») nomi bilan tanilgan edi. Dubay amirligi hukmdori, BAAning hozirgi vitse-prezidenti va bosh vaziri shayx Muhammad ibn Roshid Ol Maktum binoni BAA prezidenti shayx Xalifa ibn Zoid Ol Nahayon sharafiga qayta nomladi:
«Bundan buyon va abadiy bu minora “Xalifa” — “Burj Xalifa” nomini oladi»
Bino loyihasi
«Dubay minorasi» o‘z maysazorlari, xiyobonlari va bog‘lariga ega «shahar ichidagi shahar» sifatida loyihalashtirilgan. Inshootning umumiy qiymati 1,5 mlrd dollarni tashkil etgan. Osmono‘par bino loyihasini AQSHning Skidmore, Owings and Merrill me’morlik byurosi ishlab chiqqan. Ushbu byuro Uillis minorasini Chikagoda, 1-Jahon savdo markazini esa Nyu-Yorkda va boshqa ko‘plab mashhur binolarni loyihalashtirgan.
Loyiha muallifi — amerikalik me’mor Adrian Smit bo‘lib, u ilgari ham shunga o‘xshash inshootlarni loyihalash tajribasiga ega edi (xususan, u Jin Mao osmono‘par binosini Xitoyda loyihalashda qatnashgan; uning balandligi 420 m). Qurilishning bosh pudratchisi sifatida Janubiy Koreyaning Samsung kompaniyasiga qarashli qurilish bo‘linmasi tanlangan. U ilgari Petronas egizak minoralarini Kuala-Lumpurda qurishda ishtirok etgan.
Binoning balandligi
«Burj Xalifa» boshidanoq dunyodagi eng baland bino sifatida rejalashtirilgan edi. Osmono‘par bino hali qurilayotgan paytda uning loyihadagi balandligi sir saqlangan. Agar boshqa joyda undan balandroq osmono‘par bino loyihalashtirilsa, Dubay minorasi loyihasiga tegishli o‘zgartirishlar kiritish imkoniyati bo‘lishi uchun shunday qilingan.
Qurilish boshlanganidan beri osmono‘par binoning yakuniy balandligi haqida ko‘plab mish-mishlar tarqalgan. Dastlab, balandligi 705 m bo‘lgan minora loyihasi Avstraliyadagi «Grollo Tower[ingl.]» (560 m) loyihasining o‘zgartirilgan ko‘rinishi bo‘lishi taxmin qilingan. Loyiha menejerlari balandlik albatta 700 m dan oshishini, ya’ni qurilish tugagach, Burj Xalifa har qanday holatda Yer yuzidagi eng baland inshootga aylanishini aytishgan. Ayrim manbalarda binoda 170 qavat bo‘lishi qayd etilgan. 2006-yil sentabrida yakuniy balandlik 916 m, keyin esa 940 m bo‘lishi haqida xabarlar tarqalgan. Yakuniy balandlik 828 m, qavatlar soni 163 ta bo‘lgan (texnik qavat-darajalar bundan mustasno: shpilda 46 ta, poydevorda 2 ta).
4-yanvar 2010-yil kuni Burj Xalifa binosining rasmiy ochilish marosimida uning yakuniy balandligi 828 m ekani ma’lum qilingan. Avval 818 m deb hisoblangan.
Qurilish
Osmono‘par bino qurilishi 2004-yilda boshlanib, haftasiga bir-ikki qavat sur’atida davom etgan. Qurilishda har kuni 12 000 nafargacha ishchi ishlagan. Binoni barpo etish uchun taxminan 320 ming m³ beton va 60 ming tonnadan ortiq po‘lat armatura sarflangan. Beton ishlari 160-qavat qurilgach yakunlangan, undan keyin metall konstruksiyalardan iborat 180 metrlik shpil yig‘ilgan.
«Burj Xalifa» uchun +50 °C gacha bo‘lgan haroratga bardosh beradigan maxsus beton turi ishlab chiqilgan. Beton qorishmasi faqat kechasi quyilgan, unga muz qo‘shilgan.
Shunisi e’tiborliki, Nyu-Yorkdagi osmono‘par binolardan farqli ravishda, «Burj Xalifa»ning poydevori qoyali gruntga mahkamlanmagan. Bino poydevorida uzunligi 45 m, diametri 1,5 m bo‘lgan osma qoziqlar ishlatilgan. Bunday qoziqlarning umumiy soni taxminan 200 ta. Binoning shakli asimmetrik bo‘lib, shamol ta’siridagi tebranishni kamaytirish maqsadida stalagmitni eslatadi.
Binoning tashqi yuzasi taxminan o‘n yettita futbol maydoni yuzasiga teng. Bino ichidagi xonalarning qizishini kamaytiradigan, qoraytirilgan oynali issiqlik izolyatsiyalovchi panellar bilan qoplangan (Dubayda havo harorati +50 °C dan oshishi mumkin). Bu konditsionerga bo‘lgan ehtiyojni kamaytiradi. «Burj Xalifa» oynalari har kuni yuviladi, ammo butun yuzani yuvish uchun taxminan uch oy kerak bo‘ladi.

Xronologiya
- 2007-yil fevralida inshootning balandligi Uillis minorasi balandligidan (443,2 m) oshib ketdi.
- 21-iyul 2007-yilda binoning balandligi Taybey 101 balandligidan (509,2 m) oshdi.
- 15-sentabr 2007-yilga kelib balandlik 555,3 m ga yetib, mustaqil turuvchi inshootlar bo‘yicha 31 yillik rekordni yangiladi. Avvalgi rekordni CN Tower minorasi Torontoda o‘rnatgan edi.
- 24-oktabr 2007-yil holatiga ko‘ra, 156 qavatli temir-beton konstruksiyaning balandligi 585,7 m ga yetdi. Qolgan 232 m po‘lat shpildan iborat bo‘lishi kerak edi.
- 2008-yil yanvarida balandlik 589,5 m bo‘ldi.
- 5-fevral 2008-yilda balandlik 604,9 m ga yetdi (159 qavat qurib bitkazildi).
- 8-aprel 2008-yilda balandlik yer sathidan 630 m ga yetdi.
- 12-may 2008-yilda — 636,9 m, 164 qavat qurib bitkazilgan.
- 1-sentabr 2008-yilda — 687,9 m.
- 26-sentabr 2008-yilda — 707 m.
- 30-dekabr 2008-yilda — 780 m.
- 17-yanvar 2009-yilda e’lon qilingan 818 m balandlikka yetildi.
- 4-yanvar 2010-yilda tashrif buyuruvchilar uchun ochilish marosimi o‘tkazildi. Binoning balandligi (828 m) so‘nggi lahzagacha sir saqlangan.
Tuzilishi
| Qavat | Vazifasi |
|---|---|
| 160—163 | Texnik qavatlar |
| 156—159 | Aloqa va radioeshittirish |
| 155 | Texnik qavat |
| 139—154 | Ofislar |
| 136—138 | Texnik qavatlar |
| 125—135 | Ofislar |
| 124 | «Eng yuqorida» kuzatuv maydonchasi |
| 123 | Kuzatuv maydonchasi |
| 122 | «At.mosphere» restorani |
| 111—121 | Ofislar |
| 109—110 | Texnik qavatlar |
| 100 | Apartamentlar B. R. Shetti |
| 77—108 | Xonadonlar |
| 76 | Sport zali, basseynlar |
| 73—75 | Texnik qavatlar |
| 44—72 | Xonadonlar |
| 43 | Sport zali, basseynlar, terrasa |
| 40—42 | Texnik qavatlar |
| 38—39 | Mehmonxona Armani |
| 19—37 | Armani apartamentlari |
| 17—18 | Texnik qavatlar |
| 9—16 | Armani apartamentlari |
| 1—8 | Armani mehmonxonasi |
| Nolinchi qavatlar | Armani mehmonxonasi |
| Vestibyul | Armani mehmonxonasi |
| B1—B2 | Avtoturargoh, texnik qavat |
«Burj Xalifa» — Dubaydagi yangi ishbilarmonlik markazining asosiy qismlaridan biri. Majmua ichida mehmonxona, xonadonlar, ofislar va savdo markazlari joylashgan.
Binoda uchta alohida kirish yo‘li bor: mehmonxonaga, apartamentlarga va ofislarga kirish joylari. Armani mehmonxonasi va kompaniya ofislari 1-qavatdan 39-qavatgacha bo‘lgan qavatlarni (texnik 17- va 18-qavatlardan tashqari) egallaydi. Mehmonxona dizayni Jorjo Armani tomonidan ishlab chiqilgan.
900 ta xonadon 44—72- va 77—108-qavatlarda joylashgan.
Yuzinchi qavat to‘liq hindistonlik milliarder B. R. Shettiga tegishli bo‘lib, u yerda har birining maydoni taxminan 500 m² bo‘lgan uchta xonadon bor.
Ofislar 111—121-, 125—135- va 139—154-qavatlarda joylashgan. 43- va 76-qavatlarda trenajyor zallari, basseynlar va jakuzi bilan jihozlangan kuzatuv maydonchalari mavjud. Kuzatuv maydonchasi bir necha yil davomida dunyodagi eng baland kuzatuv maydonchasi bo‘lgan; u 148-qavatda, 555 m balandlikda joylashgan. Ikkinchi maydoncha 124-qavatda, 452 m balandlikda. 122-qavatda esa «Atmosfera» restorani (ingl. «At.mosphere») joylashgan. Sakson o‘rinli bu restoran dunyodagi eng balandda joylashgan restoran hisoblanadi.
Asosiy bino ustidagi sun’iy minora bezak vazifasidan tashqari aloqa vazifasini ham bajaradi, chunki u zarur telekommunikatsiya uskunalari bilan jihozlangan.
Bino ichidagi havo nafaqat sovitiladi, balki maxsus membranalar yordamida xushbo‘ylashtiriladi. Bu ifor «Burj Xalifa» uchun maxsus yaratilgan. Xushbo‘y va toza havo poldagi maxsus panjaralar orqali uzatiladi.
Osmono‘par bino etagidagi maydoni 12 ga bo‘lgan sun’iy ko‘lda musiqali Dubay favvorasi joylashgan. Favvora 6600 ta yorug‘lik manbai va 50 ta rangli projektor bilan yoritiladi. Uning uzunligi 275 m, suv oqimlarining balandligi esa 150 metrga yetadi. Favvora zamonaviy arab va jahon musiqiy asarlari jo‘rligida ishlaydi.
Liftlar
Binoda 57 ta lift va 8 ta eskalator o‘rnatilgan. Shu bilan birga, birinchi qavatdan oxirgi qavatgacha faqat xizmat lifti ko‘tariladi. Osmono‘par bino aholisi va tashrif buyuruvchilari qavatlar orasida lift almashtirib harakatlanishiga to‘g‘ri keladi.
Turli manbalarda binoda tezligi 18 m/s ga yetadigan, dunyodagi eng tezkor liftlar o‘rnatilgani ko‘p bor aytilgan. Biroq binoning rasmiy sayti va lift ishlab chiqaruvchisining saytida ushbu liftlarning tezligi bor-yo‘g‘i 10 m/s ga yetishi ko‘rsatilgan.
Suv yig‘ish tizimi
Butun dunyoda yashil texnologiyalar qatorida yomg‘ir suvini yig‘ib, keyinchalik undan turli maishiy-xo‘jalik ehtiyojlari va yashil hududlarni sug‘orishda foydalanish tizimi qo‘llanadi. Dubayda deyarli yomg‘ir yog‘maydi. Qishda juda oz miqdorda yog‘in yog‘adi, shu sababli yomg‘ir suvini yig‘ish tizimini tashkil etish maqsadga muvofiq emas. Biroq issiq va nam iqlim hamda binoni sovitishga bo‘lgan yuqori ehtiyoj atrofdagi havodan katta miqdorda kondensat hosil bo‘lishiga olib keladi.
Binoda kondensatni yig‘ib, quvurlar tizimi orqali yerto‘la qavatlaridagi to‘plash rezervuariga yetkazadigan tizim loyihalashtirilgan. Yig‘ilgan suv majmua hududidagi yashil o‘simliklarni sug‘orishga sarflanadi. Ushbu tizim yiliga 40 mln litrgacha suv yig‘ish imkonini beradi. Odatda bunday suv bino ekspluatatsiyasi chog‘ida chiqindi sifatida yo‘qotiladi. Chuchuk suv cheklangan va nihoyatda qimmatli resurs bo‘lgan bu hududda tizim ayniqsa muhim.
Mehnat nizolari
«Burj Xalifa» asosan Janubiy Osiyodan kelgan ishchilar tomonidan qurilgan. 17-iyun 2008-yilda qurilish maydonida 7500 nafar malakali ishchi ishlayotgani qayd etilgan.
2006-yilda The Guardian gazetasi qurilishdagi malakali duradgorlar kuniga 4,34 £, boshqa ishchilar esa kuniga 2,84 £ olganini xabar qilgan. BBC va Human Rights Watch tekshiruvlariga ko‘ra, ishchilar juda og‘ir sharoitlarda yashagan, ularning ish haqi ko‘pincha kechiktirilgan, pasportlari ish beruvchilar tomonidan olib qo‘yilgan va ular xavfli sharoitlarda ishlagan. Bu ko‘plab o‘lim va jarohatlanish holatlariga sabab bo‘lgan. Burj Xalifa qurilishi davomida qurilish bilan bog‘liq atigi bitta o‘lim holati haqida xabar berilgan. Biroq BAAda ish joylarida yuz beradigan jarohatlanish va o‘lim holatlari «yomon hujjatlashtiriladi».
21-mart 2006-yilda smena tugagach avtobuslar bo‘lmaganidan norozi bo‘lgan qariyb 2500 ishchi norozilik namoyishi o‘tkazib, avtomobillar, ofislar, kompyuterlar va qurilish texnikasiga zarar yetkazgan. Dubay ichki ishlar vazirligi rasmiysining aytishicha, isyonchilar qariyb 500 000 £ miqdorida zarar keltirgan. Tartibsizliklarda qatnashgan ishchilarning aksariyati ertasi kuni qaytib kelgan, ammo ishlashdan bosh tortgan.
Bino o‘rnatgan rekordlar

- insoniyatning butun qurilish tarixidagi eng baland yer usti inshooti — 828 m (bu rekord 2008-yilgacha Varshava radiomachtasiga tegishli bo‘lgan — 646 m);
- hozir mavjud bo‘lgan yer usti inshootlari orasidagi eng balandi — 828 m (ilgari rekord KVLY teleradiomachtasiga tegishli bo‘lgan — 628 m);
- eng baland mustaqil turuvchi inshoot — 828 m (avvalgi rekord 553,3 m bo‘lib, u CN Tower minorasiga tegishli edi);
- eng baland bino — 828 m (avvalgi rekord 508 m bo‘lib, u Taybey 101 osmono‘par binosiga tegishli edi);
- eng ko‘p qavatli bino — 163 qavat (avvalgi rekord 110 qavat bo‘lib, u Uillis minorasi va vayron bo‘lgan egizak minoralarga tegishli edi);
- eng yuqorida joylashgan so‘nggi qavatga ega bino;
- eng baland lift;
- eng tezkor lift — 18 m/s, biroq Burj Xalifadagi liftlarni ishlab chiqargan kompaniya va binoning rasmiy saytida tezlik 10 m/s ekani qayd etilgan.
- binolarda beton qorishmasini eng balandga haydash rekordi — 601,0 m (avvalgi rekord 449,2 m bo‘lib, u Taybey 101 osmono‘par binosi o‘rnatgan edi);
- har qanday inshootda beton qorishmasini eng balandga haydash rekordi — 601,0 m (avvalgi rekord 532 m bo‘lib, uni Riva-del-Garda GESi o‘rnatgan edi);
- eng yuqorida joylashgan kuzatuv maydonchasi — 148-qavatda, 555 metr balandlikda;
- eng yuqorida joylashgan restoran — «Atmosfera» («At.mosphere») restorani, 122-qavatda, 442 m balandlikda (ilgari rekord «360» restoraniga tegishli bo‘lgan; u 350 m balandlikda, CN Tower minorasida joylashgan edi).
Boshqa loyihalar bilan raqobat
Qurilayotgan loyihalar:
- 928 metrli Dubay-Krik-Harbor minorasi Dubayda qurilmoqda, ammo 2020-yilda qurilish COVID-19 pandemiyasi sababli vaqtincha to‘xtatilgan.
- 1007 metrli Jidda minorasi Jidda shahrida, Qizil dengiz sohilida qurilmoqda, biroq 2018-yil boshidan moliyaviy sabablarga ko‘ra qurilish to‘xtatilgan.
Taklif etilgan loyihalar:
- 1400 metrli osmono‘par bino Naxil, ilgari Al-Burj nomi bilan tanilgan (ingl. The Tower), Burj Dubaydan 50 km uzoqlikdagi Dubay-Uoterfront hududida qurilishi rejalashtirilgan edi. Bu qimmatbaho loyiha jahon moliyaviy inqirozi tufayli 2009-yil dekabrida rasman bekor qilingan.
- 200 qavatli osmono‘par bino Murjan minorasi (ingl. Murjan Tower) Bahraynda, balandligi 1022 m;
- 1001 metrli osmono‘par bino Muborak al-Kabir minorasi (ingl. Burj Mubarak al-Kabir) Kuvaytda;
- 975 metrli Miapolis osmono‘par binosi Mayamida
Fotogalereya
- 1-fevral 2006-yil
- 29-avgust 2006-yil
- 21-mart 2007-yil
- 4-dekabr 2007-yil
- 11-mart 2008-yil