| Bakteriyemiya | |
|---|---|
| KXT-11 | MA15.0 |
| KXT-10 | A49.9 (NOS) ICD-10-CM R78.81 |
| KXT-9 | 790.7 |
| MeSH | D016470 |
Bakteriyemiya (qadimgi yunoncha βακτηρία — bakteriya va αἷμα — qon so‘zlaridan) — bakteriyalarning qonda mavjudligi. Odatda qon steril deb hisoblanadi va qonda bakteriyalar aniqlanishi (odatda qon ekmasi tahlili yordamida) patologik holatni ko‘rsatishi mumkin. Biroq sog‘lom odamlarning qonida ham bakteriyalar mavjudligini tasdiqlovchi tadqiqotlar bor.
Bakteriyemiya o‘latda, tulyaremiyada, kuydirgida, qorin tifida, tishlash holatlarida (hayvon tishlaganida), shuningdek, ko‘plab rikketsiozlarda, spiroxetozlarda, sariq isitmada va boshqa kasalliklarda kuzatiladi.
Qonda bakteriyalarning aylanishi jiddiy asorat hisoblanadi va unga quyidagi holatlar sabab bo‘lishi mumkin: infeksiyalar (masalan, pnevmoniya va meningit), jarrohlik amaliyotlari (ayniqsa, shilliq qavatlar, jumladan, oshqozon-ichak yo‘li), kateter qo‘yish yoki arteriya va venalarga yot jismlarning kirishi (shu jumladan, ayniqsa giyohvand moddalarni vena ichiga yuborish bilan bog‘liq infeksiyalar), shuningdek, qon so‘ruvchi bo‘g‘imoyoqlilar (bitlar, chivinlar, iskabtoparlar, kanalar).
Bakteriyemiya bir qator jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Immun javob bakteriyalarga qarshi yuzaga kelganda, sepsis va septik shok rivojlanishi mumkin; bunda o‘lim ehtimoli yuqori. Bakteriyalar qon orqali butun organizmga tarqalib (gematogen tarqalish), ikkilamchi infeksiya o‘choqlarini dastlabki infeksiya o‘chog‘idan ancha uzoqda yuzaga keltirishi mumkin. Bunday holatlarga misollar: endokardit va osteomiyelit.
Bakteriyemiya bakterial infeksiyalarning transmissiv yo‘l bilan yuqishiga imkon yaratadi.
Bakteriyemiyada antibiotiklar va boshqa mikroblarga qarshi preparatlar bilan davolash tavsiya etiladi.
Pediatriya
Bolalarda bakteriyemiya rivojlanishining xavf omillari quyidagilardir:
- bemor bolaning yoshi 36 oydan kichik bo‘lishi,
- tana harorati 39,5 °С yoki undan yuqori bo‘lishi,
- leykotsitlar miqdori 15000 ta/mkl (15⋅109/l) yoki undan yuqori yoxud 5000 ta/mkl (5⋅109/l) yoki undan past bo‘lishi,
- neytrofil granulotsitlar miqdori 1500 ta/mkl (1,5⋅109/l) yoki undan yuqori bo‘lishi,
- eritrotsitlarning cho‘kish tezligi 30 mm/soat yoki undan yuqori bo‘lishi,
- surunkali kasalliklar,
- klinik belgilar (ta’sirchanlik, uyquchanlik, toksik alomatlar).
Nurlanishga bog‘liq bakteriyemiya
Organizmga ionlashtiruvchi nurlanish ta’sir etib, nur kasalligi rivojlanganda, immunologik himoya xususiyatlari pasayadi, natijada biologik to‘siqlarning o‘tkazuvchanligi ortadi. Bakteriyemiya mikroblar hisobiga rivojlanadi; ular ichakda, nafas yo‘llarida, teri qoplamida tabiiy miqdorda uchraydi.
Havolalar
- Bakteriyemiya // «Mikrobiologiya: terminlar lug‘ati», N. N. Firsov, Moskva: Drofa, 2006-yil
- Bakteriyemiya / Britannica (inglizcha)
- Bakteriyemiya // Merck Manuals onlayn tibbiyot kutubxonasi (inglizcha)
- Bakteriyemiya // Medscape eMedicine (inglizcha)
- R78.81 Bakteriyemiya / 2015/16-yil ICD-10-CM diagnostika kodi (inglizcha)