| Akonkagua | |
|---|---|
| isp. Aconcagua | |
Janubdan ko‘rinishi | |
| Eng baland nuqtasi | |
| Dengiz sathidan balandligi | 6960,8 m |
| Nisbiy balandligi | 6961 m |
| Birinchi ko‘tarilish | 14-yanvar, 1897-yil, Mattias Tsurbriggen |
| Joylashuvi | |
| 32°39′11″ j. k. 70°00′44″ g‘. u.HGЯO | |
| Mamlakat | |
| Tog‘ tizimi | And tog‘lari |
| Tog‘ tizmasi yoki massivi | Bosh Kordilyera |
Akonkagua (isp. Aconcagua) — And tog‘laridagi eng baland cho‘qqi. U Argentinaga qarashli provinsiya — Mendosa hududida, 15 km naridagi Chili chegarasi yaqinida joylashgan. Uning dengiz sathidan balandligi 6960,8 m. Dunyodagi eng baland cho‘qqilar orasida Osiyodan tashqarida birinchi o‘rinda turadi. U, shuningdek, Argentinaning, Janubiy Amerikaning, g‘arbiy va janubiy yarimsharlarning eng baland cho‘qqisidir. Akonkagua «yetti cho‘qqi» ro‘yxatiga kiradi. Uning norasmiy nomi «Amerika kolossi» (isp. Coloso de América).
Cho‘qqiga birinchi marta 14-yanvar, 1897-yilda Mattias Tsurbriggen yakka o‘zi ko‘tarilgan. Oradan bir oy o‘tib, Tsurbriggen qatnashgan ekspeditsiyaning yana ikki aʼzosi Akonkagua cho‘qqisini zabt etgan.
Nomining kelib chiqishi
Cho‘qqi nomining kelib chiqishi haqida turli taxminlar mavjud. Ulardan biriga ko‘ra, bu nom araukan tilidagi Aconca-Hue iborasidan olingan. U cho‘qqining Akonkagua daryosiga nisbatan joylashuvini bildiradi va «narigi tomondan keladi» deb tarjima qilinadi. Boshqa taxminlarga ko‘ra, bu nom kechua tilidagi, Ackon Cahuak (Tosh qo‘riqchisi yoki Toshning qo‘riqchisi), yoxud Anco Cahuac (Oq qo‘riqchi), yoki Aqun qhawaq ((o‘z) qumlariga qarovchi) iboralaridan kelib chiqqan bo‘lishi mumkin. Yana bir qarashga ko‘ra, cho‘qqining nomi Janq’u Q’awa degan aymara tilidagi (Oq soy) yoki Kon-Kawa (Qorli tog‘; Mendosa hududida yashovchi aymara hindulari tog‘ni shunday ataydi) iboralaridan kelib chiqqan.
Tabiiy-geografik tavsifi
Joylashuvi
Akonkagua tog‘i Bosh Kordilyera tizmasining And tog‘laridagi bir qismidir. U shimoli-g‘arbda Kuerno (5462 m), g‘arbda Katedral (5335 m) va shimoli-sharqda Amegino[ingl.] (5883 m) cho‘qqilari bilan o‘ralgan.
Tog‘ Argentinaning Mendosa provinsiyasida, chegaradan 12 km sharqda (Argentina–Chili chegarasi), shu nomdagi provinsiya markazidan 110 km g‘arbda (Mendosa shahri), 105 km shimoli-sharqda (Santyago) va 1100 km uzoqlikda (Buenos-Ayres) joylashgan. Tog‘ga eng yaqin aholi punkti — Las-Kuevas qishlog‘i. Uning yaqinida (cho‘qqidan 18 km janubi-g‘arbda, Panamerika avtomagistrali bo‘yida) «Inkalar ko‘prigi» (isp. Puente del Inca) tabiiy arkasi joylashgan. Shuningdek, yaqin atrofda Argentina va Chili chegarasida Paso-de-la-Kumbre dovoni joylashgan. U Uspalyata va Los-Andes shaharlarini bog‘laydi. 1817-yilda Xose de San-Martin bu dovon orqali o‘z armiyasining bir qismini Chilidagi ispan mustamlakachilariga qarshi kurashish uchun yuborgan.
Cho‘qqi joylashgan hudud — Akonkagua provinsiya bog‘i[ingl.].
Balandligi
Akonkagua G‘arbiy yarimshardagi eng baland tog‘ sifatida umumiy eʼtirof etilgan bo‘lsa-da, uning aniq balandligi hali uzil-kesil belgilanmagan. 1956-yilda Buenos-Ayres universiteti olimlari tog‘ balandligini 6959 metr deb aniqlagan. 2001-yil yanvarida geolog Jorjo Poretti boshchiligidagi olimlar guruhi GPS texnologiyasidan foydalanib, 6962 m ± 5 m natijaga erishgan, biroq Argentina hukumati bu natijani rasman tan olmagan. 2011–2012-yillarda Argentina Milliy geografiya instituti xodimlari GPS va gravimetrik o‘lchovlar yordamida tog‘ning dengiz sathidan balandligini 6960,8 m deb qayd etgan. Janubiy cho‘qqining balandligi 6930 m deb baholanadi.
Tog‘ cho‘qqisiga o‘rnatilgan temir belgi — past bo‘yli xoch.
Iqlimi

Tog‘da ko‘plab muzliklar mavjud. Ularning eng yiriklaridan biri shimoli-sharqdagi Polsha muzligi[ingl.] bo‘lib, uning nomi 1934-yildagi Polsha ekspeditsiyasi[ingl.] sharafiga qo‘yilgan. Yana biri — janubi-sharqiy muzlik.
Cho‘qqidagi harorat taxminan -30° C.
Geologiyasi
Akonkagua ikki litosfera plitasining — Naska va Janubiy Amerika plitalarining to‘qnashuvi natijasida vujudga kelgan. Akonkaguaning geologik tuzilishini uch asosiy davrga ajratish mumkin: cho‘qqining asosi yura davridan oldin shakllangan, o‘rta qismi mezozoyda, yuqori qismi esa kaynozoyda.
Tog‘ga ko‘tarilishlar
Tarixi
Akonkaguaga ko‘tarilish bo‘yicha dastlabki jiddiy urinishni nemis alpinisti Paul Gyussfeldt[ingl.] 1883-yilda amalga oshirgan. Gyussfeldt ko‘tarilish uchun shimoli-g‘arbiy yo‘nalishni tanlagan. Santyagodan yo‘lga chiqib, u Akonkaguaning shimoli-g‘arbiy yonbag‘ridagi Volkan[isp.] daryosining yuqori oqimiga yetib borgan. Gyussfeldt ikki marta ko‘tarilishga uringan. Birinchi urinishda u shimoli-g‘arbiy tizmaga chiqib, 6560 metr balandlikka yetgan, ammo ikkala urinish ham muvaffaqiyatsiz yakunlangan.
1896-yil oxirida amerikalik alpinist Edvard Fitsjerald[ingl.] Akonkaguaga ko‘tarilish maqsadida Janubiy Amerikaga ekspeditsiya uyushtirgan. Ekspeditsiya tarkibida ingliz alpinisti Styuart Vayns hamda bir necha italiyalik va shveysariyalik yuk tashuvchilar bo‘lgan. Ularga tajribali shveysariyalik tog‘ yo‘lboshchisi Mattias Tsurbriggen boshchilik qilgan. Fitsjeraldning birinchi vazifasi Akonkagua cho‘qqisiga olib boruvchi eng qulay yo‘lni aniqlash edi. U 1883-yilgi ekspeditsiya tafsilotlarini bilgan va Gyussfeldt tanlagan yo‘l eng oson emas deb hisoblagan. Fitsjerald cho‘qqiga janubdan chiqishga qaror qilgan. Dastlab uning ekspeditsiyasi cho‘qqining sharqiy devoriga yetib borgan, biroq bu devor zabt etib bo‘lmaydigandek ko‘ringan. Shunda Fitsjerald orqaga qaytib, janubdan ko‘tarilishga urinishga qaror qilgan. Dastlabki olti hafta ichida guruh cho‘qqini zabt etishga besh marta urinib ko‘rgan, ammo muvaffaqiyatga erisha olmagan. Oltinchi urinishda, 14-yanvar, 1897-yilda, barcha ishtirokchilar cho‘qqiga bir necha yuz metr qolganda ortga qaytishga majbur bo‘lgan. Biroq Mattias Tsurbriggen yakka o‘zi davom etib, cho‘qqiga muvaffaqiyatli ko‘tarilgan. Bu Akonkaguaga birinchi muvaffaqiyatli ko‘tarilish va ayni paytda birinchi muvaffaqiyatli yakka ko‘tarilish bo‘lgan. Bir oy o‘tgach, 13-fevralda guruhning yana ikki aʼzosi (Styuart va yuk tashuvchilardan biri) cho‘qqiga chiqqan. Ekspeditsiya tashkilotchisi va g‘oya muallifi Fitsjerald balandlik kasalligi alomatlari kuchaygani sababli ko‘tarilishda qatnasha olmagan va oxir-oqibat Akonkagua cho‘qqisiga chiqa olmagan. Fitsjerald ekspeditsiyasi bosib o‘tgan yo‘l hozir cho‘qqiga ko‘tarilishning klassik marshruti hisoblanadi.
Marshrutlar
Alpinizmda Akonkagua shimoliy yonbag‘ri orqali ko‘tarilganda texnik jihatdan murakkab bo‘lmagan tog‘ hisoblanadi. Ko‘tarilishda balandlikning taʼsiri sezilarli: cho‘qqidagi atmosfera bosimi dengiz sathidagi bosimning taxminan 40 foizini tashkil etadi. Shunga qaramay, ko‘tarilishda kislorod ballonlaridan foydalanish odat tusiga kirmagan. Cho‘qqiga chiqishga o‘zgaruvchan ob-havo va kuchli shamollar jiddiy to‘sqinlik qiladi.
Ikkinchi marshrut Polsha muzligi[ingl.] orqali o‘tadi. Tog‘ga yaqinlashish Vakas vodiysi bo‘ylab amalga oshiriladi, so‘ng Polsha muzligining boshlanish qismiga ko‘tarilib, cho‘qqiga olib boruvchi birinchi marshrutga tutashadi.
Janubiy va janubi-g‘arbiy tog‘ tizmalari orqali o‘tadigan marshrutlar ko‘tarilish uchun juda murakkab hisoblanadi.
Eng oson marshrut bo‘ylab cho‘qqiga ko‘tarilish quyidagi oraliq manzillar orqali amalga oshiriladi (balandliklar taxminiy):


- Inkalar ko‘prigi (Puente Del Inca) — 2719 m.
- Konfluensiya (Confluencia) — 3500 m.
- Plasa-de-Mulas (Plaza de Mulas) — 4370 m.
- Plasa Kanada (Plaza Canada) 24 — 4910 m.
- Nido-de-Kondores (Nido de Cóndores) — 5380 m.
- Berlin (Berlín) — 5950 m.
- Olera (Holera) — 5900 m.
- Kumbre (Cumbre), cho‘qqi — 6960,8 m.
Tashkiliy tartib
Tog‘ga ko‘tarilish uchun alpinistlar Mendosada Akonkagua provinsiya bog‘i[ingl.] maʼmuriyatidan ruxsatnoma sotib olishlari kerak. Ruxsatnoma narxi mavsumga qarab o‘zgaradi. Asosiy lagerda tibbiyot punkti mavjud bo‘lib, uning xodimlari sog‘lig‘i sababli alpinistga ko‘tarilishga ruxsat bermaslik huquqiga ega.
Rekordlar
2016-yilga kelib Akonkaguada bir necha rekord qayd etilgan:
- Tog‘ga ko‘tarilish marshrutini eng qisqa vaqtda bosib o‘tish — 5 soat 45 daqiqa; bu natija 1991-yilda qayd etilgan.
- Erkaklar o‘rtasida eng tez to‘liq ko‘tarilish (ko‘tarilish–cho‘qqi–tushish): 11 soat 52 daqiqa. Bu rekordni 19-fevral, 2015-yilda ekvadorlik sportchi Karl Egloff (Karl Egloff) o‘rnatgan.
- Ayollar o‘rtasida eng tez to‘liq ko‘tarilish (ko‘tarilish–cho‘qqi–tushish): 14 soat 20 daqiqa. Bu rekordni 2-fevral, 2016-yilda ispaniyalik sportchi Fernanda Masiel (Fernanda Maciel) o‘rnatgan.
- Eng yosh alpinist: AQSHlik 9 yoshli Tayler Armstrong (Tyler Armstrong) 25-dekabr, 2013-yilda cho‘qqiga ko‘tarilgan.
- Eng yosh ayol alpinist: ruminiyalik 12 yoshli Dor Jeta Popesku (Dor Geta Popescu) 9-fevral, 2016-yilda cho‘qqiga ko‘tarilgan.
- «Plasa-de-Mulas» asosiy lagerida dunyodagi eng baland tog‘da joylashgan suratlar galereyasi (Guinness World Records) mavjud; bu galereyada asarlari namoyish etilgan rassom — Migel Doura.
Adabiyotlar
- Akonkagua — Janubiy Amerikadagi tog‘ // Brokgauz va Yefron ensiklopedik lug‘ati : 86 jildda (82 jild va 4 qo‘shimcha jild). — Sankt-Peterburg, 1890—1907.
- Jahon geografiyasi ensiklopediyasi (Encyclopedia of World Geography) (ingl.). — Infobase Publishing, 2014. — jild. 1. — 433 bet. — ISBN 978-08160-7229-3.
- Sekor, Robert Jon. Aconcagua: A Climbing Guide (ingl.). — The Mountaineers Books, 1994. — 148 bet. — ISBN 0-89886-406-2.
- Rayan, Jim. Aconcagua and the Southern Andes (ingl.). — Milntorp[ingl.]: Cicerone Press Limited, 2012. — 160 bet. — ISBN 1-84965-612-6.
- Xartemann, Frederik; Hauptman, Robert. The Mountain Encyclopedia: An A to Z Compendium of Over 2,250 Terms, Concepts, Ideas, and People (ingl.). — Taylor Trade Publishing, 2005. — 400 bet. — ISBN 1-58979-161-4.
Havolalar
- Peakware.com (ingl.) (ishlamaydigan havola — tarixi). www.peakware.com. Murojaat qilingan sana: 14-fevral, 2023-yil.
- Klassik marshrut bo‘ylab ko‘tarilish fotosuratlari. mountainworld.ru. Murojaat qilingan sana: 14-fevral, 2023-yil.
- Akonkagua — Janubiy Amerikadagi eng baland tog‘. latintour.ru. Murojaat qilingan sana: 14-fevral, 2023-yil.