
Izotoplar — vodorodning turli ko‘rinishdagi atomlari (va yadrolari) bo‘lib, vodorod kimyoviy elementi atomlarining yadrosida turli miqdorda neytron bo‘lishi bilan farqlanadi. Hozirga qadar vodorodning 7 ta odatiy izotopi, shuningdek, bitta ekzotik atom — vodorod-4.1 (myuoniy, 4He-μ) ma’lum.
Tabiatda vodorodning eng keng tarqalgan izotopi — protiy 1H (99,984 %). Vodorodning yana bir izotopi — deyteriy 2H (yoki D) — tabiatda kam uchrashiga (0,0156 %) qaramay, kimyoviy tadqiqotlarda nihoyatda muhim o‘rin tutadi. Masalan, deyteriy saqlovchi birikmalar yadro magnit rezonansi spektroskopiyasida (YMR) qo‘llanadi. Deyteriylangan preparatlar (ya’ni deyteriy belgilarini saqlovchi birikmalar) ayniqsa vodorod atomlari ishtirokidagi reaksiyalarni o‘rganishda muhimdir.
Vodorodning eng keng tarqalgan izotoplaridan uchinchisi — tritiy bo‘lib, u T yoki 3H bilan belgilanadi va radioaktiv hisoblanadi. Uning yarim yemirilish davri 12,3 yil. Boshqa barcha radioizotoplarning yarim yemirilish davri juda qisqa, hatto millisekunddan ham kam.
Kashf etilishi va o‘rganilishi
Vodorodning barqaror izotoplarini o‘rganish vodorod izotopi — deyteriyning kimyogar Garold Yuri tomonidan kashf etilishidan boshlandi. Vodorod izotoplari ustidagi tadqiqotlari uchun Yuri 1934-yilda kimyo bo‘yicha Nobel mukofotiga sazovor bo‘ldi.
1934-yilda olimlar Ernest Rezerford, Mark Olifant va Paul Hartek radioaktiv tritiy izotopini (vodorod-3, 3 H) hosil qildilar. Luis Uolter Alvares va Robert Kornog[ingl.] birinchi bo‘lib tritiyni ajratib oldilar va uning radioaktiv ekanligini taxmin qildilar. Fizik-kimyogar Uillard Libbi tritiy namunasining qoldiq radioaktivligini Geyger hisoblagichi yordamida aniqladi. Bu uning yarim yemirilish davrini (12,3 yil) aniqroq baholash imkonini berdi.
Vodorod izotoplarining kashf etilishi 1940-yillarda fizika rivojiga ham ta’sir ko‘rsatdi. Aynan shu davrda ilk bor yadro magnit rezonansi spektroskopiyasi yaratildi. Shuningdek, vodorodning uchala izotopida ham magnit xossalar mavjudligi aniqlandi.
Tritiy yadro quroli uchun zarur bo‘lib chiqdi. Olimlar yadro energiyasini 1800-yillardayoq o‘rgana boshlagan, biroq atom bombasi borasidagi tadqiqotlarda katta yutuqlar 1940-yillarning boshlarida qo‘lga kiritilgan (Manxetten loyihasi).
Bunday kuchaytirilgan yadro qurolida[ingl.] 2H va 3H aralashmasi termoyadro sintezi yuz berib, geliy va erkin neytronlar hosil bo‘lguncha qizdiriladi. Ilk haqiqiy kuchaytirilgan yadro bombasi — Grinxaus Item[ingl.] — 1952-yilda muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazildi. AQSH yadro reaktorlarida tritiy ishlab chiqarishni 1988-yilda to‘xtatdi.
Biogeokimyoda deyteriy ekologik jarayonlarning, ayniqsa suv aylanishining ko‘rsatkichi hisoblanadi. Harmon Kreyg[ingl.] — Yurining sobiq aspiranti — yomg‘ir suvidagi vodorod va kislorodning izotop nisbatlari o‘rtasidagi bog‘liqlikni aniqladi. Chiziqli korrelyatsiya ushbu ikki og‘ir izotop o‘rtasida butun dunyoda kuzatiladi va global meteor suvlari chizig‘i[ingl.] deb ataladi. 1960-yillarning oxiriga kelib, vodorod izotoplarini o‘rganishning asosiy yo‘nalishi suvdan organik molekulalarga o‘tdi. Suvning biomassaga, biomassaning ko‘mirga va neftga, neftning esa tabiiy gazga aylanishi jarayonlarida vodorodning izotop tarkibi tahlil qilindi.
1970–1980-yillarda selluloza va metan bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar zamonaviy vodorod izotoplari geokimyosi[ingl.] rivojiga zamin yaratdi.
Ayniqsa mass-spektrometriya sohasidagi yutuqlar 1990-yillarning oxiri va 2000-yillarning boshida alohida birikmalarni o‘lchash imkonini berdi.
Vodorod izotoplari quyidagi sohalarda qo‘llanadi: neft kimyosida (neftni o‘lchash), paleoklimatologiyada (lipid biomarkerlarini kuzatish) va ekologiyada (trofik dinamikani aniqlash).
Vodorod izotoplarining hosil bo‘lishi
Protiy — eng keng tarqalgan nuklid sanaladi. U Koinot tarixining dastlabki bosqichida, Katta portlashdan so‘ng yuz bergan birlamchi nukleosintez jarayonida hosil bo‘lgan. Birlamchi nukleosintez tugaganida protonlarning, ya’ni vodorod yadrolarining katta qismi erkin holatda qolib, 75 % barion massa ulushini tashkil etgan.
Deyteriy ham protiy singari Koinot tarixining juda erta bosqichida hosil bo‘lgan. Kuzatuvlarga ko‘ra, deyteriyning nisbiy miqdori 2,5⋅10−5.
Tritiy ham hosil bo‘lgan, ammo radioaktiv yemirilish natijasida geliy-3 ga aylangan. Hozirgi tritiy yarim yemirilish davri qisqa (12,3 yil) bo‘lgani sababli birlamchi nukleosintezdan qolgan bo‘la olmaydi. Hozirgi tritiy konsentratsiyasini yadro reaksiyalari hamda kosmik nurlar belgilaydi.
Kvant xossalari
1H — subatom zarracha, spin qiymati 1/2 bo‘lgani sababli fermionlar qatoriga kiradi. Bunga neytronlar, elektronlar, tritiy ham kiradi. Fermionlar Pauli prinsipiga bo‘ysunadi (ikki zarracha aynan bir xil kvant sonlariga ega bo‘la olmaydi). Biroq bozonlar (deyteriy, fotonlar) uchun bunday taqiqlash prinsipi amal qilmaydi: bir nechta zarracha bir xil energiya holatini egallashi mumkin. Bu protiy va deyteriy orasidagi fundamental farq ko‘plab fizik xossalarda namoyon bo‘ladi. Butun sonli spinga ega zarracha sifatida deyteriy Boze–Eynshteyn statistikasiga bo‘ysunadi, yarim butun spinga ega fermion bo‘lgan protiy esa Fermi–Dirak statistikasiga bo‘ysunadi. To‘lqin funksiyalari bir nechta fermionni tavsiflaganda zarrachalar o‘rni almashtirilishiga nisbatan antisimmetrik, bozonlar uchun esa simmetrik bo‘lishi kerak. Bozonlar bir-biridan farqlanmagani va bir xil holatni egallay olgani sababli past haroratlarda ularning jamoaviy xatti-harakati fermionlarnikidan keskin farq qiladi. Bozonlar sovitilib, eng past energiyali holatga o‘tishi davomida quyidagi hodisalar yuzaga keladi: o‘ta oquvchanlik va o‘ta o‘tkazuvchanlik.
Vodorod izotoplari jadvali
| Belgi ( nuklid) |
Nomi | Z(p) | N(n) | Izotop massasi (a. m. b.) |
Yarim yemirilish davri (T1/2) |
Yemirilish kanali | Yemirilish mahsuloti | Spin va yadro juftligi ko‘rsatkichi |
Tabiiy izotop ulushi |
Tabiiy izotop ulushining o‘zgarish diapazoni |
|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|
| 1H | Protiy | 1 | 0 | 1,007825031898(14) | Barqaror | 1/2+ | 0,99984 | 0,99972—0,99999 | ||
| 2H | Deyteriy | 1 | 1 | 2,014101777844(15) | Barqaror | 1+ | 0,00016 | 0,00001—0,00028 | ||
| 3H | Tritiy | 1 | 2 | 3,016049281320(81) | 12,32(2) yil | β− | 3He | 1/2+ | Juda oz miqdorda | |
| 4H | 1 | 3 | 4,02643(11) | 1,39⋅10−22 s | n | 3H | 2− | |||
| 5H | 1 | 4 | 5,03531(10) | 8,6⋅10−23 s | 2n | 3H | (1/2+) | |||
| 6H | 1 | 5 | 6,04496(27) | 2,94⋅10−22 s | 3n | 3H | 2−# | |||
| n | 5H | |||||||||
| 7H | 1 | 6 | 7,05275(108)# | 6,52⋅10−22 s | 4n | 3H | 1/2+# | |||
Jadvalga izohlar
- Izotoplarning tabiatda uchrash ulushi ko‘pchilik tabiiy namunalar uchun keltirilgan. Boshqa manbalarda bu qiymatlar sezilarli farq qilishi mumkin.
- Nuklid belgisi yonidagi 'm', 'n', 'p' indekslari nuklidning qo‘zg‘algan izomer holatlarini bildiradi.
- Belgilar qalin shrift bilan ajratilgan bo‘lsa, ular barqaror yemirilish mahsulotlarini ko‘rsatadi.
- Panjara belgisi (#) bilan belgilangan qiymatlar faqat tajriba ma’lumotlaridan emas, balki qo‘shni nuklidlardagi tizimli tendensiyalar asosida ham (hech bo‘lmaganda qisman) baholangan. Bunda nuklidlarning Z va N nisbatlari bir xil bo‘ladi. Spin va/yoki juftlik qiymati ishonchli aniqlanmagan hollarda ular qavs ichida ko‘rsatiladi.
- O‘lchash noaniqligi qavs ichidagi son bilan, oxirgi muhim raqam birliklarida ifodalanadi va bitta standart og‘ishni bildiradi (tabiiy uchrash ulushi hamda izotopning standart atom massasi IYUPAK ma’lumotlariga ko‘ra berilgan hollar bundan mustasno: ular uchun noaniqlik murakkabroq usulda aniqlanadi). Misollar: 29 770,6(5) ifodasi 29 770,6 ± 0,5 degani; 21,48(15) ifodasi 21,48 ± 0,15 degani; −2200,2(18) ifodasi −2200,2 ± 1,8.