Paskal qonuni

Paskal qonuni quyidagicha ifodalanishi mumkin:

Siqilmaydigan suyuqlikning biror nuqtasidagi bosim ma’lum miqdorga o‘zgarsa, suyuqlikning qolgan barcha nuqtalaridagi bosim ham xuddi shu miqdorga o‘zgaradi.

Ko‘plab manbalarda ushbu qonun quyidagi keng tarqalgan ta’rif orqali ifodalanadi:

Suyuqlik yoki gazga ta’sir ettirilgan bosim barcha yo‘nalishlarda o‘zgarmagan holda uning istalgan nuqtasiga uzatiladi.

Bu qonunni fransuz olimi Blez Paskal 1653-yilda ta’riflagan (1663-yilda nashr etilgan).

Shuni ta’kidlash kerakki, Paskal qonunida turli nuqtalardagi bosimlarning tengligi emas, balki bosim o‘zgarishlarining turli nuqtalarda bir xil bo‘lishi nazarda tutiladi. Shu sababli qonun og‘irlik kuchi maydonidagi suyuqlik uchun ham o‘rinlidir. Agar harakatlanayotgan siqilmaydigan suyuqlikni olsak, Paskal qonuni shartli ravishda o‘rinli, deyish mumkin. Chunki bosimga istalgan o‘zgarmas miqdorni qo‘shish suyuqlik harakati tenglamasining (Eyler tenglamasining yoki qovushoqlik ta’siri hisobga olinsa, Navye — Stoks tenglamalarining) ko‘rinishini o‘zgartirmaydi. Biroq bunday holatda Paskal qonuni atamasi, odatda, qo‘llanmaydi.

Paskal qonunini yaxlit muhitning harakat tenglamasidan (Nyutonning ikkinchi qonunidan) tinch holatdagi suyuqlik uchun keltirib chiqarish mumkin. Bundan tashqari, uni energiyaning saqlanish qonunining natijasi sifatida ham qarash mumkin. Paskal qonunining siqiluvchan suyuqliklar (gazlar) uchun umumlashtirilgan shakllari ham mavjud bo‘lib, ular Paskal qonunining siqilmaydigan suyuqlik uchun berilgan ta’rifidan farq qiladi.

Ayrim manbalarda «Paskal qonuni» atamasi tinch turgan suyuqlikning muayyan nuqtasidagi mexanik kuchlanish (bosim) qiymati shu nuqta orqali xayolan o‘tkazilgan yuzachaning yo‘nalishiga bog‘liq emasligi haqidagi fikrga nisbatan noto‘g‘ri qo‘llanadi. Aslida, bu fikr Paskal qonunidan xususiy hol sifatida kelib chiqadi.

Paskal qonunining qo‘llanilishi

Paskal qonuni asosida turli gidravlik qurilmalar: tormoz tizimlari, gidravlik presslar va boshqalar ishlaydi.