Operativ xotira (RAM)

OXQ modullari (shaxsiy kompyuterlar uchun)
Operativ xotira bilan markaziy protsessorning o‘zaro ishlashining eng sodda sxemasi

Operativ xotira (ingl. Random Access Memory, RAM — ixtiyoriy murojaatli xotira, so‘zlashuv tilida — operativka) — aksariyat hollarda elektr ta’minotiga bog‘liq bo‘lgan kompyuter xotirasi tizimining bir qismi bo‘lib, unda kompyuter ishlayotgan vaqtda bajariladigan mashina kodi (dasturlar), shuningdek, kiruvchi, chiquvchi va oraliq ma’lumotlar saqlanadi. Bu ma’lumotlarni protsessor qayta ishlaydi. Operativ xotira qurilmasi (OXQ) — operativ xotira vazifalarini bajaradigan texnik qurilma. OXQ alohida tashqi modul sifatida ishlab chiqarilishi yoki protsessor bilan bir kristallda joylashishi mumkin, masalan, bir kristalli elektron hisoblash mashinalarida yoki bir kristalli mikrokontrollerlarda.

Protsessor va operativ xotira o‘rtasida ma’lumot almashinuvi bevosita, nol darajadagi o‘ta tezkor xotira orqali yoki protsessorning apparat kesh-xotirasi mavjud bo‘lsa, kesh orqali amalga oshiriladi.

Yarimo‘tkazgichli operativ xotiradagi ma’lumotlardan faqat xotira modullariga elektr kuchlanishi berilib turgan paytda foydalanish va ularni saqlash mumkin. Operativ xotira quvvatining, hatto qisqa muddatga bo‘lsa ham, uzilishi saqlanayotgan axborotning yo‘qolishiga olib keladi.

Kompyuter ona platasining energiya tejash rejimlari kompyuterni uyqu rejimiga o‘tkazish imkonini beradi. Bu rejim elektr energiyasi sarfini sezilarli darajada kamaytiradi. Gibernatsiya rejimida OXQ quvvati uziladi. Bunday holatda OXQ tarkibini saqlab qolish uchun operatsion tizim quvvat uzilishidan oldin OXQdagi ma’lumotlarni doimiy saqlash qurilmasiga (qattiq diskka yoki qattiq jismli ma’lumot saqlash qurilmasiga (SSD)) yozadi. Masalan, Windows XP tizimida xotira tarkibi hiberfil.sys fayliga, Unix oilasiga mansub tizimlarda esa maxsus swap-bo‘limiga saqlanadi.

Umuman olganda, OXQda operatsion tizimning dasturlari va ma’lumotlari, foydalanuvchi ishga tushirgan amaliy dasturlar va ularning ma’lumotlari saqlanadi. Shu sababli, operatsion tizim boshqaruvida kompyuter bir vaqtning o‘zida nechta vazifani bajara olishi operativ xotira hajmiga bog‘liq.

Tarixi

1833-yilda Charlz Bebbij loyihalashtirishni boshlagan analitik mashinaning bir qismini «ombor» (store) deb atagan. Bu qism hisob-kitoblarning oraliq natijalarini saqlash uchun mo‘ljallangan edi. «Ombor»da axborot vallar va tishli g‘ildiraklarning burilishlari orqali sof mexanik qurilmada saqlangan.

Birinchi avlod elektron hisoblash mashinalarida turli fizik tamoyillarga asoslangan, tuzilishi va ishlash usuli har xil bo‘lgan ko‘plab xotira qurilmalari ishlatilgan:

Operativ xotira sifatida magnit barabanlar ham ishlatilgan. Ular ilk kompyuterlar uchun nisbatan qisqa murojaat vaqtini ta’minlagan; shuningdek, dasturlar va ma’lumotlarni saqlovchi asosiy xotira vazifasini bajargan.

Ikkinchi avlod kompyuterlari uchun ishlab chiqarish jihatidan qulayroq, arzonroq va tezroq OXQ zarur edi. O‘sha davrda eng keng tarqalgan OXQ turi ferritli magnit o‘zakli xotira.

Uchinchi avloddan boshlab kompyuterlarning aksariyat elektron qismlari, jumladan OXQ ham, integral mikrosxemalar asosida ishlab chiqarila boshlandi. OXQning ikki turi ayniqsa keng tarqaldi:

SRAM ma’lumotning bir bitini trigger holati sifatida saqlaydi. Har bir bitni saqlash narxi yuqoriroq bo‘lsa-da, unga murojaat qilish vaqti, odatda, DRAMnikidan qisqaroq, elektr energiyasi sarfi esa ko‘proq bo‘ladi. Zamonaviy kompyuterlarda SRAM ko‘pincha protsessorning kesh-xotirasi sifatida qo‘llanadi.

DRAM ma’lumotning bir bitini kondensator zaryadi ko‘rinishida saqlaydi. Bir bitli xotira katagi kondensator va tranzistordan iborat. Kondensator yuqori yoki past kuchlanishgacha zaryadlanadi (mantiqiy 1 yoki 0). Tranzistor kondensatorni shu chipda joylashgan boshqaruv sxemasiga ulaydigan kalit vazifasini bajaradi. Boshqaruv sxemasi kondensator zaryadi holatini o‘qish yoki o‘zgartirish imkonini beradi. Bunday xotirada bir bit axborotni saqlash arzonroq bo‘lgani uchun uchinchi avlod kompyuterlarida DRAM ustunlik qilgan.

Statik va dinamik OXQ elektr ta’minotiga bog‘liq, chunki quvvat o‘chirilganda ulardagi ma’lumotlar yo‘qoladi. Elektr ta’minotiga bog‘liq bo‘lmagan qurilmalar (doimiy xotira, DXQ) esa quvvat bor-yo‘qligidan qat’i nazar axborotni saqlab qoladi. Bunday qurilmalarga flesh-xotira qurilmalari, fotoapparatlar va ko‘chma qurilmalar uchun xotira kartalari va boshqalar kiradi. 2010-yillarning ikkinchi yarmida energiya ta’minotiga bog‘liq bo‘lmagan xotira modullari keng tarqaldi. Ularning xususiyatlari DRAMga yaqin.

Elektr ta’minotiga bog‘liq bo‘lgan xotiraning (SRAM yoki DRAM) boshqaruv qurilmalariga ko‘pincha xatolarni aniqlash va tuzatish uchun maxsus sxemalar kiritiladi. Bunga saqlanadigan mashina so‘zlariga axborotni tekshirish uchun (masalan, juftlik bitlari) yoki xatolarni tuzatishga mo‘ljallangan qo‘shimcha bitlarni kiritish orqali erishiladi.

«RAM» atamasi faqat qattiq jismli SRAM yoki DRAM xotira qurilmalariga, ya’ni aksariyat zamonaviy kompyuterlarning asosiy xotirasiga nisbatan qo‘llanadi. Optik disklarga nisbatan «DVD-RAM» atamasi unchalik to‘g‘ri emas, chunki CD-RW yoki DVD-RW disklaridan farqli ravishda, yangi ma’lumotni yozishdan oldin eskisini o‘chirish shart emas. Shunga qaramay, axborot bilan ishlash nuqtayi nazaridan DVD-RAM qattiq diskka ko‘proq o‘xshaydi, lekin unga murojaat qilish vaqti ancha uzun.

2025-yilda operativ xotira bozori tarkibiy inqiroz va keskin tanqislikka duch keldi. Ixtisoslashgan OAVda bu holat RAMmageddon deb nom oldi. Sun’iy intellekt sanoatining jadal o‘sishi tufayli yetakchi ishlab chiqaruvchilar (Samsung, SK Hynix va Micron) asosiy ishlab chiqarish quvvatlarini yuqori samarali HBM xotirasiga yo‘naltirdi. Natijada iste’molchilar uchun mo‘ljallangan DDR4 va DDR5 segmentlariga standart kremniy plastinalar yetkazib berilishi cheklandi. Bu shaxsiy kompyuterlar va smartfonlar uchun xotira modullarining narxi bir necha baravar oshishiga olib keldi; uning oqibatlari 2026—2027-yillargacha cho‘zildi.

Zamonaviy kompyuterlarning OXQsi

Aksariyat zamonaviy kompyuterlardagi OXQ modullari dinamik xotiradan iborat bo‘lib, ular tarkibida yarimo‘tkazgichli integral mikrosxemalar mavjud. Ular ixtiyoriy murojaatli xotira qurilmalari tamoyili asosida tashkil etiladi. Dinamik xotira statik xotiraga qaraganda arzonroq va axborot joylash zichligi yuqoriroq. Shu bois bitta kremniy kristalining bir xil yuzasiga ko‘proq xotira kataklarini sig‘dirish mumkin, lekin uning ishlash tezligi pastroq. Statik xotira esa, aksincha, tezroq ishlaydi, biroq qimmatroq. Shuning uchun asosiy operativ xotira dinamik xotira modullaridan tuziladi, statik xotira esa mikroprotsessor ichidagi kesh-xotirani yaratish uchun ishlatiladi.

Dinamik turdagi xotira

Xotiraning tejamkor turi. Bir razryadni (bitni yoki tritni) saqlash uchun bitta kondensator va bitta tranzistordan iborat sxema (ayrim variantlarda ikkita kondensator) ishlatiladi. Bu turdagi xotira, birinchidan, arzonroq (bir bitni saqlashga mo‘ljallangan bitta kondensator va bitta tranzistor trigger tarkibidagi bir nechta tranzistordan arzon tushadi), ikkinchidan, kristallda kamroq joy egallaydi. SRAMda bir bit saqlovchi bitta trigger joylashadigan maydonga bir necha bitni saqlash uchun bir nechta kondensator va tranzistorlarni joylashtirish mumkin.

DRAMning muayyan kamchiliklari bor. Birinchidan, u sekinroq ishlaydi: SRAMda trigger kirishidagi boshqaruv kuchlanishining o‘zgarishi uning holatini darhol, juda tez o‘zgartiradi, kondensator holatini o‘zgartirish uchun esa uni zaryadlash yoki zaryadsizlantirish kerak. Kondensatorni qayta zaryadlash, uning sig‘imi juda kichik bo‘lsa ham, triggerni almashtirishdan ancha uzoqroq (10 marta yoki undan ko‘proq) davom etadi. Ikkinchi muhim kamchilik — kondensatorlar vaqt o‘tishi bilan zaryadini yo‘qotadi. Ularning elektr sig‘imi qanchalik kichik, sizib o‘tuvchi tok esa qanchalik katta bo‘lsa, zaryadsizlanish shunchalik tez sodir bo‘ladi; bu tok asosan kalit orqali sizib o‘tadi.

Kondensator zaryadi vaqt o‘tishi bilan asta-sekin kamaygani uchun kondensatorli xotira DRAM — dinamik xotira deb atalgan. Shu sababli ma’lumot yo‘qolmasligi uchun kondensatorlar zaryadi ma’lum vaqt oralig‘ida, ya’ni regeneratsiya sikli davomida, muntazam tiklanadi («regeneratsiya» qilinadi). Zamonaviy xotira mikrosxemalarida bu vaqt 2 ms dan oshmasligi kerak. Zamonaviy mikrosxemalarda regeneratsiya uchun xotira matritsasining barcha satrlari bo‘ylab o‘qish siklini bajarish kifoya. Regeneratsiyani protsessor yoki xotira kontrolleri bajaradi. Xotirani regeneratsiya qilish uchun unga murojaat vaqti-vaqti bilan to‘xtatilgani sababli bunday OXQ bilan ma’lumot almashishning o‘rtacha tezligi pasayadi.

Statik turdagi xotira

Regeneratsiya talab qilmaydigan, odatda triggerlar massivi shaklida tuzilgan OXQ statik ixtiyoriy murojaatli xotira yoki oddiygina statik xotira deb ataladi. Bu turdagi xotiraning afzalligi — tezkorlik. Triggerlar bir nechta mantiqiy elementlarning o‘zaro ulanishidan iborat bo‘lib, bitta elementdagi kechikish juda kichik. Shuning uchun trigger holati ham juda tez almashadi. Biroq bunday xotiraning kamchiliklari ham bor. Birinchidan, trigger tarkibidagi tranzistorlar guruhi dinamik xotira katagidan qimmatroq turadi, hatto ular guruhli usulda ishlab chiqarilib bitta kremniy taglikda millionlab joylashtirilsa ham. Bundan tashqari, statik trigger tarkibidagi tranzistorlar guruhi kristallda dinamik xotira katagidan ancha ko‘proq joy egallaydi. Chunki trigger kamida ikkita mantiqiy elementdan iborat, har bir elementda kamida bitta tranzistor bor; dinamik xotira katagi esa atigi bitta tranzistor va bitta kondensatordan tashkil topadi. Statik turdagi xotira o‘ta tezkor OXQni tashkil etish uchun qo‘llanadi; u bilan ma’lumot almashish tezligi tizim unumdorligi uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega.

IBM PC kompyuterida xotiraning mantiqiy tuzilishi

Kompyuterning real rejimida xotira quyidagi qismlarga bo‘linadi:

Adabiyotlar

Havolalar