Mariya Montessori haqida

Mariya Montessori
ital. Maria Montessori
Tug‘ilgan sanasi 31-avgust 1870(1870-08-31)[…]
Tug‘ilgan joyi Kyaravalle, Marke, Italiya qirolligi
Vafot etgan sanasi 6-may 1952(1952-05-06)[…] (81 yosh)
Vafot etgan joyi Nordveyk-an-Ze, Niderlandiya
Mamlakat
Faoliyat sohasi shifokor, pedagog, esse muallifi, faylasuf, biolog
Ilmiy sohasi pedagogika
Ish joyi
Tamomlagan oliygohi
Ilmiy darajasi fan doktori[VM]
Shogirdlari Helma Trass[VM]
Nima bilan mashhur Dunyoga mashhur pedagogik tizim muallifi
Mukofot va sovrinlari офицер ордена Оранских-Нассау кавалер ордена Почётного легиона Amsterdam universitetining faxriy doktori[VM] (1950)
Dastxati Изображение автографа
Логотип Викисклада Vikiombordagi mediafayllar

Mariya Tekla Artemiziya Montessori (ital. Maria Tecla Artemisia Montessori; 31-avgust 1870 — 6-may 1952) — italiyalik shifokor va pedagog, ayniqsa o‘zining noyob pedagogik tizimi bilan mashhur. Bu tizim erkin tarbiya g‘oyasiga asoslangan va uning nomi bilan ataladi. Uning pedagogik tizimi hozirgacha dunyoning ko‘plab davlat va xususiy maktablarida qo‘llaniladi, Xalqaro Montessori assotsiatsiyasi faoliyat yuritadi[ingl.].

Tarjimayi holi

Oilasi va tug‘ilishi

Mariya Montessori 31-avgust 1870-yilda Italiyaning Kyaravalle shahrida tug‘ilgan. Otasi Alessandro Montessori moliya vazirligining amaldori bo‘lib, mahalliy tamaki fabrikasida ishlagan. Onasi Renilde Stoppani o‘z davri uchun yaxshi ta’lim olgan ayol bo‘lib, taniqli geolog va paleontolog Antonio Stoppanining[ingl.] amakivachchasining qizi edi. Mariya onasi va otasiga juda yaqin bo‘lgan, garchi otasi qizining ta’lim olish qaroriga qarshi bo‘lsa-da.

Ta’limi (1883—1896)

Boshlang‘ich ta’lim

Mariyaning otasi xizmat yuzasidan 1873-yilda Florensiyaga, 1875-yilda esa Rimga ko‘chirildi va oilasi bilan u yerga ko‘chib o‘tdi. Mariya 1876-yilda Rimdagi davlat boshlang‘ich maktabiga o‘qishga kirdi. Uning maktabdagi dastlabki yillari «unchalik e’tiborga molik emas» edi, garchi 1-sinfda yaxshi xulqi uchun, keyingi o‘quv yilida esa «uy-ro‘zg‘or yuritishdagi muvaffaqiyatlari uchun» faxriy yorliq bilan taqdirlangan bo‘lsa-da.

O‘rta maktab

1883 yoki 1884-yilda, 13 yoshida Mariya Regia Scuola Tecnica Michelangelo Buonarroti nomli o‘rta texnika maktabiga o‘qishga kirdi. U yerda italyan tili, arifmetika, algebra, geometriya, buxgalteriya hisobi, tarix va geografiyani o‘rgandi. 1886-yilda maktabni yaxshi baholar bilan tamomlagach, Mariya o‘sha yili Regio Istituto Tecnico Leonardo da Vinci nomli texnika institutida o‘qishni davom ettirdi. U yerda italyan tili, matematika, tarix, geografiya, chizma geometriya, fizika, kimyo, botanika, zoologiya va ikki chet tilini o‘rgandi. O‘qish davomida Mariya matematikaga qobiliyatini namoyon etdi va dastlab muhandislik bo‘yicha ta’limini davom ettirmoqchi edi. Bu o‘sha davr qizlari uchun mutlaqo xos bo‘lmagan yo‘nalish edi. Biroq institutni tamomlash paytida (1890-yil) u tibbiyotni o‘rganishga qaror qildi. Bu XIX asr oxiridagi Italiya jamiyatida yanada noodatiy hol edi.

Rim universiteti — tibbiyot maktabi

Mariya Montessori 1890-yilda Sapienza universitetining tabiiy fanlar kursiga o‘qishga kirdi. Botanika, zoologiya, eksperimental fizika, gistologiya, anatomiya, umumiy va organik kimyo bo‘yicha imtihonlardan o‘tgach, 1892-yilda diplom oldi. Bu diplom unga 1893-yilda shu universitetning tibbiyot maktabiga kirish imkonini berdi. Mariya ushbu maktabga qabul qilingan birinchi ayol edi, ilgari bunday tajriba bo‘lmagan. Ayrim kursdoshlari va professorlari unga sovuqqon, ba’zan esa ochiqdan ochiq dushmanona munosabatda bo‘lishdi. Maktab rahbariyati uning erkak kursdoshlari bilan birgalikda murda yorish mashg‘ulotlarida qatnashishini nomaqbul deb hisoblagani sababli (murdalar yalang‘och holda ishlatilardi), Mariya murdalarni ish vaqtidan tashqari, yolg‘iz yorishga majbur bo‘lardi. Natijada uning kiyimlariga formalin hidi singib qoldi va bu hidni bosish uchun Mariya tamaki chekishga majbur bo‘ldi. Salbiy ruhiy muhitga qaramay, Mariya kursni muvaffaqiyatli o‘zlashtirdi va o‘qishning birinchi yilidayoq akademik mukofotga sazovor bo‘ldi. 1895-yilda shifoxona assistenti lavozimini egalladi, bu unga ancha erta amaliy klinik tajriba orttirish imkonini berdi. O‘qishning so‘nggi ikki yilida u pediatriya va psixiatriyani o‘rgandi, tez tibbiy yordam xizmatida va pediatrik maslahat xonasida ishladi hamda bolalar tibbiyoti mutaxassisiga aylandi. 1896-yilda Mariya universitetni «tibbiyot doktori» mutaxassisligi bo‘yicha tamomlab, Italiya tarixida tibbiyot kursini tugatgan ilk ayollardan biri va fan doktori darajasini olgan ilk ayollardan biri bo‘ldi. Montessorining dissertatsiyasi 1897-yilda Policlinico jurnalida chop etildi. Universitetdan so‘ng Mariya universitet klinikasida assistent bo‘lib ishlay boshladi, shuningdek, xususiy shifokorlik amaliyotini yo‘lga qo‘ydi.

Faoliyatining boshlanishi va oilaviy hayoti (1896—1901)

1896-yildan 1901-yilgacha Montessori «frenastenik» deb atalgan bolalar bilan ishladi (zamonaviy atamalar bilan aytganda, «aqliy rivojlanishdagi muayyan cheklanish, kasallik yoki nogironlikka ega bolalar»). U ayollar va aqliy rivojlanishida cheklanishlari bo‘lgan bolalar huquqlari himoyachisi sifatida ham o‘zini namoyon etdi, Italiyada ham, undan tashqarida ham faol jamoatchilik faoliyati bilan shug‘ullandi.

Bu davrda Mariya universitet klinikasidagi hamkasbi, shifokor Juzeppe Montessano bilan ishqiy munosabat o‘rnatdi va 31-mart 1898-yilda uning o‘g‘li Mario (1898—1982) tug‘ildi. Bunday vaziyatda Mariya Montessanoga rasman turmushga chiqishni maqsadga muvofiq deb bilmadi va ikkalasi ham boshqa birov bilan nikoh qurmasligi sharti bilan Juzeppe bilan munosabatlarini sir saqlamoqchi bo‘ldi. Biroq Montessano bir muddat o‘tib uylandi. Shundan so‘ng Mariya universitet klinikasini tark etishga va o‘g‘lini bolaning otasi tomonidagi uzoq qarindoshlaridan iborat tutingan oilaga berishga qaror qildi. Mario hayotining dastlabki yillarini qishloqda o‘tkazdi, keyin Mariya o‘g‘lini o‘z yoniga oldi va u onasining tadqiqotlari hamda jamoatchilik faoliyatida yaxshi yordamchiga aylandi.

Aqliy rivojlanishida cheklanishlari bo‘lgan bolalar bilan ishlash va Ortofreniya instituti

1897-yildan Mariya universitet klinikasida ishladi va xizmat vazifasi yuzasidan bolalar boshpanalariga borib, ruhiy buzilishlari bo‘lgan bolalarni kuzatdi. Bu kuzatuvlar Montessorining kelgusi ishlari uchun yaxshi asos yaratdi. XIX asr shifokorlari va pedagoglari Eduar Segen va Jan Itarning asarlarini o‘rgangach, Mariya Itar g‘oyalarini chuqur anglab, ular asosida imkoniyatlari cheklangan bolalarni o‘qitishning tartibli tizimini yaratdi. Shuningdek, 1897-yilda Montessori universitetning pedagogika kurslariga tinglovchi sifatida qatnashdi va «so‘nggi ikki yuz yildagi ta’lim nazariyasiga oid barcha asosiy asarlar»ni o‘qidi. 1900-yilda Aqliy rivojlanishida cheklanishlari bo‘lgan bolalarni himoya qilish milliy ligasi Scuola Magistrale Ortofrenica, ya’ni Ortofreniya institutini (ingl. «Orthophrenic School» — aqliy rivojlanishida cheklanishlari bo‘lgan bolalarni o‘qitishga muallimlarni tayyorlovchi tibbiy-pedagogik institut) ochdi. Montessori institutning hamdirektori etib tayinlandi. Institutning birinchi kursiga 64 nafar o‘qituvchi qabul qilindi, ular psixologiya, anatomiya va nerv tizimi fiziologiyasi, antropologik o‘lchovlar, shuningdek, aqliy rivojlanishdagi cheklanishlarning sabablari va xususiyatlari hamda maxsus o‘qitish usullarini o‘rgandilar. Institutda o‘tkazgan ikki yil davomida Montessori keyinchalik odatiy rivojlanayotgan bolalar uchun moslashtirgan usullarni ishlab chiqdi.

Institut katta muvaffaqiyatga erishdi. Uning faoliyati ta’lim va sog‘liqni saqlash idoralari amaldorlari, jamoat arboblari va Rim universiteti olimlarining e’tiborini tortdi. Ortofreniya institutining namunaviy sinfida rivojlanishdagi cheklanishlari sababli «ta’lim olmagan» deb hisoblangan oddiy maktab o‘quvchilari tahsil olardi. Keyinchalik ushbu bolalarning ayrimlari «normal» deb ataladigan bolalarga mo‘ljallangan dastur bo‘yicha imtihonlardan o‘tdilar.

Jamoatchilik faoliyati

1897-yildayoq Montessori Turinda bo‘lib o‘tgan Shifokorlar milliy kongressida so‘zga chiqib, voyaga yetmaganlar o‘rtasidagi jinoyatchilik uchun jamiyatning mas’uliyati haqida gapirgan edi. 1898-yilda u bir nechta maqola yozdi va Turindagi birinchi pedagogik konferensiyada nutq so‘zlab, aqliy rivojlanishida cheklanishlari bo‘lgan bolalar uchun maxsus sinflar va muassasalar tashkil etishga, shuningdek, bunday bolalar uchun o‘qituvchilar tayyorlashga chaqirdi. 1899-yilda Montessori tashkil etilgan Aqliy rivojlanishida cheklanishlari bo‘lgan bolalarni himoya qilish milliy ligasi kengashiga a’zo bo‘ldi va Italiyadagi ayollar uchun mo‘ljallangan ikki pedagogika kollejidan birida gigiyena va antropologiya bo‘yicha ma’ruzachi etib tayinlandi. Bu davrda Montessori o‘z usullarini faol targ‘ib qildi: Rim kollejining o‘qituvchilar tayyorlash maktabida maxsus tarbiya usullari bo‘yicha ma’ruzalar kursini o‘qidi, keng auditoriyaga ma’ruzalar o‘qish uchun 2 haftalik safarga chiqdi.

Keyingi tadqiqotlari (1901—1906)

1901-yilda Montessori Ortofreniya institutini va xususiy amaliyotini tark etdi, 1902-yilda esa Rim universitetida falsafa kursiga o‘qishga kirdi (o‘sha davrdagi universitet falsafa kursi bugungi kunda psixologiya sohasiga oid ko‘plab mavzularni qamrab olgan). Universitetda Mariya bir qator psixologik fanlarni o‘rgandi, biroq kursni tamomlamadi. Bu davrda Montessori aqliy rivojlanishida cheklanishlari bo‘lgan bolalarni o‘qitish usullarini umumiy ta’lim tizimiga moslashtirish haqida o‘ylay boshladi. Keyingi bir necha yil davomida Montessori keyinchalik «ilmiy pedagogika» deb atagan yo‘nalishni rivojlantirdi. 1902-yilda u Neapoldagi ikkinchi milliy pedagogik konferensiyada ma’ruza qildi, 1903 va 1904-yillarda pedagogika bo‘yicha ikkitadan maqola chop etdi. 1903 va 1904-yillarda Montessori italiyalik maktab o‘quvchilarini antropologik jihatdan tadqiq qildi. 1904-yilda Rim universitetidagi pedagogika maktabida antropologiya o‘qituvchisi bo‘ldi va 1908-yilgacha shu lavozimda ishladi. Uning ma’ruzalari to‘plami 1910-yilda «Pedagogik antropologiya» nomi bilan alohida kitob sifatida nashr etildi.

Casa dei Bambini va Montessori g‘oyalarining tarqalishi

Birinchi Casa dei Bambini

1906-yilda Montessori Rimning San-Lorenso[ingl.] tumanidagi kam ta’minlangan oilalar uchun mo‘ljallangan ko‘p xonadonli uyda bir guruh bolalarning tarbiyasini kuzatishga taklif etildi. Montessori o‘z usullarini odatiy rivojlanayotgan bolalarga qo‘llashga qiziqqani uchun bu taklifni qabul qildi. 6-yanvar 1907-yilda Mariya «Casa dei Bambini» («Bolalar uyi») deb nomlashni taklif qilgan muassasa ochildi. «Bolalar uyi»da ikki yoshdan uch yoshgacha va olti yoshdan yetti yoshgacha bo‘lgan 50—60 nafar bola ta’lim olardi.

«Bolalar uyi»dagi sinfxona o‘qituvchi stoli, doska, plita, bolalar uchun kichik stullar, kreslolar va stollar, shuningdek, Montessori Ortofreniya institutida ishlab chiqqan o‘quv materiallari saqlanadigan shkaf bilan jihozlangan edi. Bolalar mashg‘ulotlari o‘z-o‘ziga xizmat qilish ko‘nikmalarini — kiyinish va yechinish, chang artish va supurish, shuningdek, bog‘ni parvarishlashni o‘z ichiga olardi. Bolalarga Montessori ishlab chiqqan o‘quv materiallari ham ko‘rsatildi. Mariya Montessori bolalar bilan mashg‘ulotlarni o‘zi olib bormas, balki uning rahbarligida bino quruvchisining qizi olib borayotgan mashg‘ulotlar jarayonini kuzatardi.

Montessorining kuzatuvlari uning ta’lim usuliga asos bo‘ldi. U bolalarning diqqatini chuqur jamlashi va bir joyga qaratishi, mashg‘ulotlarni ko‘p marta takrorlashi hamda o‘zlari turgan joydagi tartibga sezgirligiga e’tibor qaratdi. Mashg‘ulotlarni erkin tanlash imkoniyati tufayli bolalar o‘z ixtiyoridagi o‘yinchoqlardan ko‘ra amaliy mashg‘ulotlar va Montessori o‘quv materiallariga ko‘proq qiziqishardi, shirinliklar va boshqa «mukofotlar»ga esa hayratlanarli darajada befarq edilar. Vaqt o‘tishi bilan Montessori bolalarda o‘z-o‘zidan namoyon bo‘ladigan intizomni seza boshladi.

O‘z kuzatuvlariga asoslanib, Montessori keyinchalik uning ta’lim falsafasi va usulining ajralmas belgilariga aylangan bir qator amaliyotlarni joriy etdi. Jumladan, u og‘ir mebellarni bolalar o‘zlari siljita oladigan darajada yengil bolalar stollari va stullari bilan almashtirdi hamda bolalarning o‘quv materiallarini qo‘l yetadigan past tokchalarga joylashtirdi. U o‘ziga g‘amxo‘rlik qilish va xonani toza saqlash kabi amaliy mashg‘ulotlar doirasini kengaytirdi, shuningdek, atrof-muhitga g‘amxo‘rlik va shaxsiy gigiyenaga oid ko‘plab mashqlarni, jumladan, gullarni joylashtirish, qo‘l yuvish, gimnastika, uy hayvonlarini parvarishlash va ovqat tayyorlashni joriy etdi. Sinfxonalar keng, studiya shaklida, yorug‘ va havodor bo‘lib, bolalar dars davomida xonada o‘zlariga qulay tarzda harakatlana olardilar. Montessori o‘z kitobida 09:00 da boshlanib, 16:00 da tugaydigan odatiy mashg‘ulot kunini quyidagicha tasvirlaydi:

  • 9:00 — 10:00. Kelish. Salomlashish. Shaxsiy ko‘rik (tozalikni tekshirish). Amaliy mashqlar: bir-biriga fartuklarni yechish va kiyishda yordam berish, xona tozaligini tekshirish. Bolalar oldingi kun voqealarini hikoya qiladigan suhbatlar. Diniy mashg‘ulotlar.
  • 10:00 — 11:00. Aqliy mashqlar. Dam olish uchun qisqa tanaffusli mashg‘ulotlar.
  • 11:00 — 11:30. Oddiy gimnastika: nafis bajariladigan odatiy harakatlar, qomatni to‘g‘ri tutishni shakllantirish, yurish, salomlashish, diqqatni jamlash mashqlari, buyumlarni nafis joylashtirish.
  • 11:30 — 12:00. Tushlik, qisqa ibodat.
  • 12:00 — 13:00. Erkin o‘yinlar.
  • 13:00 — 14:00. Imkon qadar ochiq havoda o‘yinlar. Bu vaqtda kattaroq yoshdagi bolalar amaliy mashqlarni bajaradilar, xonalarni yig‘ishtiradilar, chang artadilar, o‘quv materiallarini tartibga keltiradilar. Shaxsiy ko‘rik (tozalikni tekshirish), suhbatlar.
  • 14:00 — 15:00. Qo‘l mehnati. Loydan shakl yasash, dizayn va boshqalar.
  • 15:00 — 16:00. Jamoaviy gimnastika, qo‘shiq aytish, imkon qadar ochiq havoda. O‘ylangan rejalarni amalga oshirish mashqlari, o‘simliklar va hayvonlarni parvarishlash.

Montessori bolalar mustaqil ishlash orqali rivojlanishning yangi bosqichlariga erishishlari va yanada rivojlanish uchun motivatsiya olishlari mumkinligini his qilardi. Shuningdek, barcha bolalarni shaxs sifatida tan olish va ularga shunga mos munosabatda bo‘lish har bir bolaning salohiyatini to‘liqroq ro‘yobga chiqarishga olib keladi, degan xulosaga keldi. U ilgari ishlab chiqilgan materiallarni moslashtirish va takomillashtirishda davom etdi, bolalar kamroq tanlaydigan mashqlarni o‘zgartirdi yoki olib tashladi. Montessori kuzatuvlari asosida bolalarga materiallarni erkin tanlash, shuningdek, xona doirasida erkin harakatlanish va faoliyat yuritish imkonini berish bilan tajribalar o‘tkazdi. U mustaqillikni ta’limning maqsadi, o‘qituvchining vazifasini esa bolalarning tug‘ma psixologik rivojlanishini kuzatish va yo‘naltirish deb hisoblay boshladi.

Montessori ta’limining Italiyada tarqalishi

Birinchi «Casa dei Bambini» shunchalik muvaffaqiyat qozondiki, tez orada — 7-aprel 1907-yilda — ikkinchi shunday muassasa ochildi. Montessori usullari asosida ta’lim olayotgan bolalarda diqqatni jamlash, e’tibor va o‘z-o‘zidan intizomga rioya qilish xususiyatlari namoyon bo‘lishda davom etdi. Bu taniqli pedagoglar, jurnalistlar va jamoat arboblarining e’tiborini tortdi. 1907-yil kuzida Montessori yozish va o‘qishni o‘rgatish materiallari — jilvir qog‘ozdan kesib olinib, taxtachalarga mahkamlangan harflar, ko‘chiriladigan kesma harflar hamda yozuvli rasmli kartochkalar bilan tajriba o‘tkaza boshladi. Bu materiallarni o‘rgangan to‘rt va besh yoshli bolalar o‘z yoshidan kutilganidan ancha yuqori darajadagi yozish va o‘qish ko‘nikmalarini tezda egalladilar. Bu Montessori faoliyatiga yanada ko‘proq e’tibor jalb etdi. 1908-yilda Montessori modeli asosida yana uchta «Bolalar uyi» ochildi, 1909-yilda esa Shveysariyaning italyan tilida so‘zlashuvchi hududi bolalar uylari va bog‘chalarda ilgari qo‘llangan Fryobel usullarini Montessori usullariga almashtira boshladi.

1909-yilda Montessori Chitta-di-Kastello (Peruja viloyati) shahrida o‘z usuli bo‘yicha o‘qituvchilarni tayyorlashning birinchi kursini o‘tkazdi. O‘sha yili u o‘z kuzatuvlari va ta’lim usullarini «Bolalar uylarida bolalar tarbiyasiga tatbiq etilgan ilmiy pedagogika usuli» nomli kitobida bayon qildi (ital. Il Metodo della Pedagogia Scientifica Applicato All'Educazione Infantile Nelle Case Dei Bambini). 1910-yilda Rimda Montessori o‘z usuli bo‘yicha yana ikkita o‘quv kursini, 1911-yilda esa Milanda yana bitta kursni o‘tkazdi. Montessori asarlari butun dunyoga tarqala boshladi va taxminan shu davrda u tibbiy amaliyotini tark etib, tarbiyaviy ishlar, o‘z usullarini rivojlantirish hamda o‘qituvchilar tayyorlashga ko‘proq vaqt ajratdi. 1919-yilda Montessori Rim universitetidagi lavozimidan ketdi.

Montessori ta’limining xalqaro miqyosda tan olinishi va tarqalishi (1909—1915)

1909-yildan Montessori asarlari xorijiy pedagoglar va amaldorlar e’tiborini torta boshladi. 1911-yil oxiriga kelib «Montessori modeli» bo‘yicha ta’lim Italiya va Shveysariya davlat maktablarida rasman joriy qilindi, uni joriy etish rejalari Buyuk Britaniyada ham mavjud edi. 1912-yilga kelib «Montessori maktablari» Parijda va G‘arbiy Yevropaning boshqa bir qator shaharlarida ochildi, shunday maktablarni Argentina, Avstraliya, Xitoy, Hindiston, Yaponiya, Koreya, Meksika, Suriya, AQSh va Yangi Zelandiyada ochish rejalari bor edi. Montessori usullari Londonda, Yohannesburgda, Rimda va Stokgolmda davlat ta’lim dasturlariga kiritildi. AQSh va Buyuk Britaniyada Montessori ta’limi milliy jamiyatlari (mos ravishda Amerika Montessori qo‘mitasi va Birlashgan Qirollik Montessori jamiyati) tashkil etildi. 1913-yilda Rimda Montessori ta’limi bo‘yicha birinchi xalqaro o‘quv kursi, 1914-yilda esa ikkinchi shunday kurs o‘tkazildi.

Bu davrda Montessori asarlari dunyoning ko‘plab mamlakatlarida tarjima qilindi va chop etildi. «Il Metodo…» asarining inglizcha tarjimasi tezda AQShda eng ko‘p sotilgan kitoblardan biriga aylandi. «Il Metodo…»ning qayta ishlangan italyancha nashri 1913-yilda chop etildi, undan keyin Buyuk Britaniya, Shveysariya, Rossiyada (jumladan, polyak tilida), 1914-yilda Germaniya, Yaponiya va Ruminiyada, 1915-yilda Ispaniyada, 1916-yilda Niderlandiyada, 1917-yilda Daniyada nashr etildi. «Pedagogik antropologiya» 1913-yilda ingliz tilida chop etildi. 1914-yilda Montessori ingliz tilida «Doktor Montessorining shaxsiy qo‘llanmasi»ni — o‘zi ishlab chiqqan didaktik materiallardan foydalanish bo‘yicha amaliy qo‘llanmani nashr etdi.

Montessori AQShda

1911—1912-yillarda Montessori asarlari AQShda keng ommalashdi, ular haqida matbuotda, ayniqsa, suratli oylik McClure's Magazine[ingl.] jurnalida ko‘p yozildi. Shimoliy Amerikadagi birinchi «Montessori maktabi» 1911-yil oktabridayoq Nyu-York shtatining Tarritaun shahrida ochildi. Shimoliy Amerika qit’asidagi ikkinchi Montessori maktabi mashhur ixtirochi Aleksandr Bellning uyida ochildi. U rafiqasi bilan birga Montessori usullarining tarafdori edi. 1913-yilga kelib AQShda 100 dan ortiq Montessori maktabi bor edi. «Montessori usuli» kitobi AQShda olti marta qayta nashr etildi va har bir adad tezda sotilib ketdi. Montessori ta’limi bo‘yicha birinchi xalqaro o‘quv kursi 1913-yilda Rimda aynan Amerika Montessori qo‘mitasi tomonidan tashkil qilindi, 67 nafar ishtirokchi AQShdan edi, jami ishtirokchilar soni 83 nafar edi. Mariya Montessori 1913-yil dekabrida AQShga uch haftalik ma’ruza safari bilan bordi. Safarda uning Yevropadagi sinflari haqidagi filmlar namoyish etildi. Safar ulkan muvaffaqiyat bilan o‘tdi.

Mariya Montessori 1915-yilda Milliy ta’lim assotsiatsiyasi[ingl.] ko‘magida yana AQShga tashrif buyurdi. Maqsadi San-Fransiskodagi Panama–Tinch okeani xalqaro ko‘rgazmasida o‘z ishini namoyish etish va uchinchi xalqaro o‘quv kursini o‘tkazish edi. Ko‘rgazmada devorlari shishadan yasalgan maxsus zal tashkil etildi, u yerda Montessori 21 nafar o‘quvchidan iborat sinfda o‘z usulini namoyish qildi. Montessori amaliyotini tomosha qilish uchun minglab odamlar keldi. Biroq 1915-yil noyabrida Mariyaning otasi vafot etdi va u Italiyaga qaytdi.

Keng ommalashganiga qaramay, Montessori usullarining AQShda nufuzli muxoliflari ham bor edi. Masalan, taniqli pedagog Uilyam Herd Kilpatrik, faylasuf va ta’lim islohotchisi Jon Dyuining izdoshi, «Montessori usulining tahlili» nomli tanqidiy kitob yozdi, u keng tarqaldi. AQSh Milliy bolalar bog‘chalari assotsiatsiyasi ham Montessori usullarini jiddiy tanqid qildi. Montessorining muxoliflari uning usuli eskirgan, haddan tashqari qat’iy, sezgilarni mashq qildirishga ortiqcha bog‘liq hamda bolalarga tasavvur, ijtimoiy muloqot va o‘yin uchun juda kam imkoniyat beradi, deb ta’kidladilar. Bundan tashqari, Mariya Montessorining o‘z usulidan foydalanish, jumladan, o‘qituvchilar tayyorlash, o‘quv materiallarini ishlab chiqish va ishlatish, yangi maktablar ochish ustidan qat’iy nazorat o‘rnatishga intilishi ko‘plab nizolarga olib keldi. Mariya 1915-yilda ketganidan so‘ng AQShdagi Montessori harakati tezda so‘ndi va 1952-yilgacha tiklanmadi.

1915—1939-yillarda Montessori ta’limining rivojlanishi

1915-yilda Montessori Yevropaga qaytib, Ispaniyaning Barselona shahrida joylashdi. Keyingi 20 yil davomida Montessori Yevropa bo‘ylab ko‘p sayohat qildi va ma’ruzalar o‘qidi, o‘qituvchilar tayyorlash bo‘yicha ko‘plab kurslar o‘tkazdi. Montessori ta’limi Ispaniyada, Niderlandiyada, Buyuk Britaniyada va Italiyada nisbatan keng tarqaldi.

Ispaniya (1915—1936)

Mariya 1915-yilda Barselonadagi faoliyatini Kataloniya hukumati ko‘magidagi kichik o‘quv dasturidan boshladi. Bu dastur tezda Montessori maktabiga (isp. Escola Montessori), uch yoshdan o‘n yoshgacha bo‘lgan bolalar tahsil oladigan muassasaga va isp. Laboratori i Seminari de Pedagogia — ilmiy-tadqiqot va o‘quv institutiga aylandi. 1916-yilda Barselonada Montessori pedagogikasi bo‘yicha to‘rtinchi xalqaro kurs o‘tkazildi. Unda Mariya avvalgi besh yil davomida olti yoshdan o‘n ikki yoshgacha bo‘lgan boshlang‘ich maktab o‘quvchilariga grammatika, arifmetika va geometriyani o‘rgatish uchun ishlab chiqqan materiallar va usullar ko‘rib chiqildi. 1917-yilda Montessori o‘z asarini L’autoeducazionne nelle Scuole Elementari («Boshlang‘ich maktabda mustaqil ta’lim») jurnalida chop etdi, u ingliz tiliga «Takomillashtirilgan Montessori usuli» nomi bilan tarjima qilindi (ingl. The Advanced Montessori Method). 1920-yillarning boshidan Kataloniya mustaqilligi harakati Mariyani o‘z tomoniga og‘dirishga urindi va undan Kataloniya mustaqilligini qo‘llab-quvvatlovchi ochiq bayonot berishni talab qila boshladi. Mariya buni rad etgach, uning dasturlari davlat ko‘magidan mahrum qilindi. 1923-yilgi harbiy to‘ntarishdan keyin hukumat Barselonadagi Montessori maktablarini yopdi va umuman Ispaniyada Montessori faoliyatiga ko‘makni qisqartirdi. Shunga qaramay, Mariya keyingi o‘n ikki yil davomida Barselonada yashab, ishlashda davom etdi. 1933-yilda, Ikkinchi respublika davrida Ispaniya hukumati Montessori faoliyatiga davlat ko‘magini tikladi va bu unga 1934-yilda ikkita kitob — «Psixogeometriya» va «Psixoarifmetika»ni nashr etish imkonini berdi. Biroq fuqarolar urushi 1936-yilda boshlangach, siyosiy va harbiy vaziyat Montessorini Ispaniyani tark etishga majbur qildi.

Niderlandiya (1917—1936)

Niderlandiya Montessori usulini faol qo‘llab-quvvatlagan mamlakatlardan biri edi. 1917-yilda Mariya Amsterdamda ma’ruzalar o‘qidi, o‘sha yili Niderlandiya Montessori jamiyati tashkil etildi. 1920-yilda Mariya Montessori yana Amsterdam universitetida o‘z usuli bo‘yicha ma’ruzalar kursini o‘qidi. 1930-yillarning o‘rtalariga kelib mamlakatda 200 dan ortiq Montessori maktabi bor edi. Bundan tashqari, AMI bosh qarorgohi 1935-yilda Amsterdamga ko‘chirildi va hozirgacha u yerda joylashgan. Mariyaning o‘g‘li Mario Montessori 1982-yilda vafot etguniga qadar AMIga rahbarlik qildi.

Buyuk Britaniya (1919—1936)

Montessori usuli Buyuk Britaniyada 1912—1914-yillarda tarqala boshladi va turlicha munosabat bilan kutib olindi. Mariya Montessori Buyuk Britaniyaga ilk bor 1919-yilda tashrif buyurdi va u yerda katta qiziqish bilan kutib olingan xalqaro o‘quv kursini o‘tkazdi. Keyinchalik Britaniya ta’lim jamoatchiligining bir qismi tomonidan bildirilgan shubha va qarshilikka qaramay, Mariya Montessori Buyuk Britaniyada har yili o‘quv kurslarini o‘tkazdi; bu faoliyat Ikkinchi jahon urushi boshlanguniga qadar davom etdi.

Italiya (1922—1934)

1922-yilda Italiya hukumati Mariya Montessorini ma’ruzalar kursini o‘qish va Italiyaning «Montessori maktablari» faoliyati bilan tanishishga taklif qildi. O‘sha yili Italiyada hokimiyatga Mussolinining fashistik hukumati keldi. U dastlab Montessori usuliga xayrixoh munosabatda bo‘ldi. 1923-yilda Italiya ta’lim vaziri va italyan fashizmi nazariyotchisi Jovanni Jentile «Montessori maktablari»ni hamda ushbu usul bo‘yicha o‘qituvchilar tayyorlashni rasman qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. 1924-yilda Mussolini Mariya Montessorini shaxsan qabul qildi va milliy dastur doirasida Montessori ta’limini rasman qo‘llab-quvvatlashni va’da qildi. Italiyadagi Montessori usulining eng dastlabki izdoshlari guruhi — «Montessori usuli do‘stlari jamiyati» (ital. Societa gli Amici del Metodo Montessori) «Montessori jamiyati» (ital. Opera Montessori) sifatida qayta tashkil etildi, uning nizomi hukumat tomonidan tasdiqlandi va 1926-yilda Mussolinining o‘zi jamiyatning faxriy prezidenti bo‘ldi. 1927-yilda Mussolini Montessori pedagogika kollejini tashkil etdi va Italiya hukumati 1929-yilgacha keng ko‘lamdagi «Montessori maktablari»ni qo‘llab-quvvatladi. Biroq 1930-yildan boshlab Mariya Montessorining tinchlik va ta’lim haqidagi ma’ruzalaridan so‘ng u bilan Mussolini hukumati o‘rtasida mafkuraviy masalalarda nizo boshlandi. Natijada 1932-yildan Mussolinining maxsus xizmatlari Mariya va uning o‘g‘lini kuzatuv ostiga oldilar. 1933-yilda Mariya Montessori jamiyatidagi barcha lavozimlaridan iste’foga chiqdi va 1934-yilda Italiyani tark etdi. Mussolini hukumati 1936-yilda mamlakatdagi «Montessori maktablari»ni yopdi.

Boshqa mamlakatlar

1913-yildan 1936-yilgacha Fransiya, Germaniya, Shveysariya, Belgiya, SSSR, Serbiya, Kanada, Hindiston, Xitoy, Yaponiya, Indoneziya, Avstraliya va Yangi Zelandiyada Montessori maktablari hamda Montessori jamiyatlari tashkil etildi.

Xalqaro Montessori assotsiatsiyasi

1929-yilda Daniyaning Elsinor shahrida Yangi ta’lim hamjamiyatining beshinchi konferensiyasi munosabati bilan birinchi Xalqaro Montessori kongressi bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbirda Montessori va uning o‘g‘li Mario Xalqaro Montessori assotsiatsiyasini (ingl. Association Montessori Internationale, AMI) «butun dunyodagi maktablar va jamiyatlar faoliyatini hamda o‘qituvchilar tayyorlanishini nazorat qilish» maqsadida tashkil etdilar. AMI shuningdek Mariya Montessori nashrlarining mualliflik huquqlari va u ma’qullagan didaktik materiallar chiqarilishini nazorat qildi. AMIning dastlabki homiylari Zigmund Freyd, Jan Piaje va Rabindranat Tagor edi.

Yevropada urush xavfi ortib borishi munosabati bilan Mariya Montessori o‘z faoliyatida tinchlik uchun kurashga katta e’tibor qaratdi. 1932-yilda Montessori Nitssada bo‘lib o‘tgan ikkinchi Xalqaro Montessori kongressida tinchlik va ta’lim haqida ma’ruza qildi; bu ma’ruza Jenevadagi Xalqaro ta’lim byurosi tomonidan nashr etildi. 1932-yilda Montessori Jenevadagi Xalqaro tinchlik klubida «Tinchlik va ta’lim» mavzusida nutq so‘zladi. 1932-yildan 1939-yilgacha Mariya Montessori Jeneva, Bryussel, Kopengagen va Utrextda tinchlikni himoya qilishga bag‘ishlangan konferensiyalar o‘tkazdi. Keyinchalik uning nutqlari italyan tilida Educazione e Pace nomi bilan, shuningdek, ingliz tilida nashr etildi.

Laren, Niderlandiya (1936—1939)

1936-yilda Mariya Montessori va uning oilasi Barselonani tark etib, avval Buyuk Britaniyaga, keyin esa Niderlandiyadagi Laren shahriga ko‘chib o‘tdi. Bu shahar Amsterdamdan uzoq emas edi. Mariya o‘g‘li bilan birga yangi o‘quv materiallari, jumladan, grammatik belgilar, botanik nomenklatura va boshqa mavzularni o‘rganish uchun materiallar ishlab chiqishda davom etdi. 1937-yilda «Tinchlik uchun ta’lim» mavzusida VI Xalqaro Montessori kongressi o‘tkazildi. Unda Mariya Montessori «tinchlik haqidagi fan»ni rivojlantirishga chaqirdi va bola ta’limining jamiyatni isloh qilish kaliti sifatidagi ahamiyati haqida gapirdi. 1938-yilda Montessori Hindistonga Teosofiya jamiyati tomonidan o‘z usullari bo‘yicha o‘quv kursi o‘tkazish uchun taklif etildi va 1939-yilda o‘g‘li bilan Niderlandiyani tark etdi.

Montessori Hindistonda (1939—1946)

Hindistonda u Madras, Karachi va boshqa shaharlarda ma’ruzalar o‘qidi, keyinchalik Kodaykanalda[ingl.] o‘z maktabini ochdi, bu maktab Ikkinchi jahon urushi davrida ham faoliyat yuritdi. Ular o‘g‘li bilan birgalikda o‘z ta’lim usulini rivojlantirishda davom etdilar. Tabiatdagi barcha elementlarning o‘zaro bog‘liqligini ta’kidlovchi, olti yoshdan o‘n ikki yoshgacha bo‘lgan bolalarga yondashuvni ifodalash uchun «kosmik ta’lim» atamasi kiritildi. Bolalar o‘simliklar va hayvonlar bilan bevosita ularning tabiiy muhitida ishladilar, Montessori esa kichik yoshdagi bolalar uchun darslar, rasmlar, diagrammalar va modellar ishlab chiqdi. Botanika, zoologiya va geografiyani o‘rganish uchun o‘quv materiallari yaratildi. 1942 va 1944-yillar oralig‘ida ushbu materiallar olti yoshdan o‘n ikki yoshgacha bo‘lgan bolalar bilan ishlash bo‘yicha kengaytirilgan kursga kiritildi, keyinchalik esa «Yangi dunyo uchun ta’lim» va «Inson salohiyatini tarbiyalash» nomli ikki kitob shaklida nashr etildi.

Hindistonda bo‘lganida Montessori barcha yoshdagi bolalar va o‘smirlarni kuzatdi hamda bolalarning go‘daklik davrini tadqiq qilish bilan shug‘ullandi. 1944-yilda u inson hayotining dastlabki uch yili haqida o‘ttizta ma’ruzadan iborat turkumni o‘qidi. Bu ma’ruzalar 1949-yilda «Farzandingiz haqida nimalarni bilishingiz kerak» kitobida jamlandi.

1944-yilda Mariya Montessori Shri-Lankaga bordi, 1945-yilda esa Jaypurda o‘tkazilgan birinchi Umumhindiston Montessori konferensiyasida ishtirok etdi. 1946-yilda, urush tugaganidan so‘ng, Montessori oilasi bilan Yevropaga qaytdi.

So‘nggi yillari (1946—1952)

1946-yilda, 76 yoshida Mariya Amsterdamga qaytdi va keyingi olti yilni Yevropada o‘tkazib, vaqti-vaqti bilan Hindistonga bordi. 1946-yilda Londonda o‘quv kursini o‘tkazdi, 1947-yilda esa u yerda o‘quv instituti — Montessori markazini ochdi. Bir necha yildan keyin ushbu markaz Montessoridan mustaqil bo‘lib, Avliyo Nikolay o‘quv markazi[ingl.] sifatida faoliyatini davom ettirdi. 1947-yilda Mariya Montessori jamiyatini qayta tiklash uchun Italiyaga bordi va u yerda ikkita o‘quv kursini o‘tkazdi. O‘sha 1947-yilda u Hindistonga tashrif buyurib, Adyar va Ahmadobodda kurslar o‘qidi. Bu kurslar «Singdiruvchi ong» kitobida umumlashtirildi, unda Montessori bolaning tug‘ilishidan boshlab rivojlanishini tasvirladi va «rivojlanishning to‘rt bosqichi» konsepsiyasini taqdim etdi. 1948-yilda u «Il Metodo» asarini yana qayta ishlab, ingliz tilida «Bolaning kashf etilishi» nomi bilan nashr etdi. 1949-yilda Montessori Pokistonda o‘quv kursini o‘tkazdi, u yerda Pokiston Montessori assotsiatsiyasi tashkil etildi. 1949-yilda Montessori San-Remoda bo‘lib o‘tgan VIII Xalqaro Montessori kongressida ishtirok etdi, u yerda namunaviy sinf namoyish etildi. O‘sha yili tug‘ilishidan uch yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun birinchi o‘quv kursi tashkil etildi, uning nomi Scuola Assistenti all’infanzia.

Mariya Montessori Fransiyaning Faxriy legion ordeni bilan taqdirlandi, Oranye-Nassau ordenining ofiseri bo‘ldi, 1950-yilda unga Amsterdam universitetining faxriy doktori darajasi berildi. 1950-yilda u Florensiyada bo‘lib o‘tgan UNESCO konferensiyasida Italiya vakili bo‘ldi, Perujada 29-xalqaro o‘quv kursini va Rimda milliy kursni o‘tkazdi, Il Metodo asarining beshinchi nashrini La Scoperta del Bambino («Bolaning kashf etilishi») yangi nomi bilan chop etdi, 1951-yilda Londondagi IX Xalqaro Montessori kongressida ishtirok etdi va Insbrukda o‘quv kursi o‘tkazdi. Tinchlik uchun faol kurashi sababli Mariya Montessori uch marta — 1949, 1950 va 1951-yillarda Nobel tinchlik mukofotiga nomzod qilib ko‘rsatildi.

Mariya Montessori 6-may 1952-yilda 81 yoshida miyasiga qon quyilishi oqibatida Niderlandiyaning Nordveyk-an-Ze shahrida vafot etdi.

Montessori usuli

Montessorining ko‘plab yutuqlaridan biri kichik yoshdagi bolalarni o‘qitish usuli bo‘lib, u butun dunyoda «Montessori usuli» nomi bilan tan olingan va shu nomdagi kitobda batafsil bayon qilingan. Bu usul, asosan, amaliy o‘yinlar orqali bolaning o‘z tashabbusi va tabiiy qobiliyatlarini rivojlantirishga urg‘u beradi. Montessori usuli bolalarga o‘z sur’atida rivojlanish imkonini beradi va o‘qituvchilarga bolaning rivojlanishini yangicha tushunishga yordam beradi. Montessori usuliga amal qilgan pedagoglar uch yosh guruhidagi o‘quvchilarning ehtiyojlarini qondirish uchun maxsus sharoitlar yaratganlar: 2—2,5 yosh, 2,5—6 yosh va 6—12 yosh. Bolalar tadqiq qilish, buyumlar bilan ishlash, tartibga solish, takrorlash, abstraksiyalash va muloqotni o‘z ichiga oluvchi harakatlar orqali o‘rganadilar. Dastlabki ikki yosh guruhida o‘qituvchilar bolalarni tadqiqot va turli buyumlar bilan ishlash davomida o‘z his-tuyg‘ularini ochiq ifodalashga undaydilar. Kattaroq yosh guruhida bolalar mavhum tushunchalarni endigina shakllangan tafakkur kuchi, tasavvur va ijodiy qobiliyatlariga tayangan holda o‘zlashtiradilar.

Montessori hayoti va faoliyatini o‘rgangan amerikalik tadqiqotchi R. Kramerning baholashicha, «1920-yilgacha nashr etilgan asosiy asarlar („Montessori usuli“, „Pedagogik antropologiya“, „Takomillashtirilgan Montessori usuli — ta’limda mustaqil faoliyat“ va „Montessorining boshlang‘ich o‘quv materiallari“) Mariya tomonidan italyan tilida yozilgan va muallif rahbarligida tarjima qilingan».

Rus faylasufi va pedagogi S. I. Gessen Montessori usulini tahlil qilib, uni mexanik yondashuv, o‘yin va tasavvurga, bolaning ijodiy tabiatiga yetarlicha e’tibor bermaslik uchun tanqid qilgan. Holbuki, bolalar pedagogikasi asoschisi F. Fryobel bolaning shaxsi rivojlanishiga e’tibor qaratgan, bu esa tobora murakkablashib boruvchi, har tomonlama boy materialni talab etadi; bunday material «uning ruhiga bir butun holda murojaat qilishi» kerak. Gessen «Montessori tizimiga xos bo‘lgan alohida sezgilarning bir-biridan ajratilganligi, muqarrar ravishda bolalar jamoasi ichida, bolalarning bir-biriga munosabatlarida ham davom etishi kerak», degan xulosaga keladi. Montessori har qanday jazoni rad etsa-da, majburlash usullaridan foydalanishga to‘g‘ri kelishini tan oladi — masalan, sho‘x bolalarni burchakka, boshqa bolalardan uzoqroqqa ajratib qo‘yish orqali.

«U ta’lim tushunchasini butunlay tarbiyalanishi lozim bo‘lgan material bilan belgilaydi. Nimani tarbiyalash kerak? — u faqat shu savolni qo‘yadi va tabiiy ravishda shunday javob beradi: insonda fiziologiya va psixologiya aniqlagan barcha narsalarni tarbiyalash kerak! Shu sababli u o‘z tarbiya tizimiga, masalan, ta’m va hid bilish sezgilarini tarbiyalashni ham izchil ravishda kiritadi, hatto o‘ziga bu sezgilarni nima uchun rivojlantirish zarurligi, bundan qanday maqsad ko‘zlanishi mumkinligi haqida savol ham bermaydi… Har tomonlama rivojlangan inson — ko‘rish, eshitish, teginish va hid bilish sezgilari rivojlangan odam emas, balki, avvalo, madaniyatning barcha qadriyatlarini o‘zlashtirgan, ya’ni ilmiy tafakkur usuliga ega, san’atni tushunadigan, huquqni his qiladigan, xo‘jalik yuritishga moyil faoliyat ko‘rsatadigan insondir. Bu jihatdan Fryobel bolaga ta’lim berish vazifasini ancha chuqur tushungan».

— «Pedagogika asoslari»

Xotirasi

Mariya Montessoriga bag‘ishlangan Italiya banknotasi
Mariya Montessorining 100 yilligiga bag‘ishlangan Hindiston pochta markasi

Nashrlari

Rus tilida

  • Монтессори М. Мой метод. — М.: АСТ; Астрель, 2006. — ISBN 5-271-12674-0, 5-17-029515-4.
  • Монтессори М. Помоги мне это сделать самому. — М.: Карапуз-дидактика, 2007. — ISBN 978-5-8403-0100-5.
  • Монтессори М. Дети-другие. — М.: Карапуз, 2012. — ISBN 978-5-9715-0448-1.
  • Монтессори М. Дом ребёнка. Метод научной педагогики. — М.: АСТ; Астрель, 2005. — ISBN 5-17-031934-7, 5-271-11751-0.
  • Монтессори М. Мария Монтессори.Дети-другие.Уникальная методика раннего развития. — М.: АСТ, 2015. — ISBN 978-5-17-085420-2.
  • Монтессори М. Мой метод. Начальное обучение. — М.: АСТ, 2007. — ISBN 978-5-17-029515-9.
  • Монтессори М. Ребёнок по Монтессори ест все подряд и не кусается. — М.: АСТ, 2014. — ISBN 978-5-17-094509-2.
  • Монтессори М. Впитывающий разум ребёнка. — М.: Благотворительный фонд «Волонтёры», 2011. — ISBN 978-5-903884-08-7.
  • Монтессори М. Помоги мне сделать это самому : Статьи, советы и рекомендации. — М.: Карапуз, 2002. — ISBN 5-8403-0100-0.
  • Монтессори М. Мария Монтессори. После 6 месяцев уже поздно. Уникальная методика раннего развития. — М.: АСТ, 2015. — ISBN 978-5-17-085798-2.
  • Монтессори М. Полный курс воспитания. — М.: АСТ, 2017. — ISBN 978-5-17-100314-2.
  • Монтессори М. Научная педагогика. Том 1. Дом ребёнка. — М.: Народная книга, 2014. — ISBN 978-5-9904559-4-8.
  • Монтессори М. Научная педагогика. — Т. 2: Элементарное образование. — М.: Народная книга, 2014. — ISBN 978-5-9904559-5-5.
  • Монтессори М. Ребёнок в Храме. — М.: Благотворительный фонд «Волонтёры», 2013. — ISBN 978-5-903884-10-0.
  • Монтессори М. Мой метод: Руководство по воспитанию детей от 3 до 6 лет. — М.: Центрполиграф, 2011. — ISBN 978-5-227-02701-6.
  • Монтессори М. Самовоспитание и самообучение в начальной школе. — М.: Карапуз, 2009. — ISBN 978-5-8403-1615-3.
  • Монтессори М. Математика по методу Монтессори для детей 5—8 лет. — М., 2016. — ISBN 978-5-99045-591-7.

Boshqa tillarda

  • (1909) Il Metodo della Pedagogia Scientifica applicato all’educazione infantile nelle Case dei Bambini, переиздание — 1913, 1926, 1935; переработана и издана в 1950 под названием La scoperta del bambino
    • (1912) The Montessori Method: Scientific Pedagogy as Applied to Child Education in the Children’s Houses
    • (1948) The Discovery of the Child
  • (1910) Antropologia Pedagogica
    • (1913) Pedagogical Anthropology
  • (1914) Dr. Montessori’s Own Handbook
    • (1921) Manuale di pedagogia scientifica
  • (1916) L’autoeducazione nelle scuole elementari
    • (1917) The Advanced Montessori Method, Vol. I: Spontaneous Activity in Education; Vol. II: The Montessori Elementary Material.
  • (1922) I bambini viventi nella Chiesa
    • (1929) The Child in the Church, Maria Montessori’s first book on the Catholic liturgy from the child’s point of view.
  • (1923) Das Kind in der Familie (German)
    • (1929) The Child in the Family
    • (1936) Il bambino in famiglia
  • (1934) Psico Geométria (Spanish)
    • (2011) Psychogeometry
  • (1934) Psico Aritmética
    • (1971) Psicoaritmetica
  • (1936) L’Enfant(French)
    • (1936) The Secret of Childhood
    • (1938) Il segreto dell’infanzia
  • (1948) De l’enfant à l’adolescent
    • (1948) From Childhood to Adolescence
    • (1949) Dall’infanzia all’adolescenza
  • (1949) Educazione e pace
  • (1949) Peace and Education
  • (1949) Formazione dell’uomo
    • (1949) The Formation of Man
  • (1949) The Absorbent Mind
    • (1952) La mente del bambino. Mente assorbente
  • (1947) Education for a New World
    • (1970) Educazione per un mondo nuovo
  • (1947) To Educate the Human Potential
    • (1970) Come educare il potenziale umano

Sharhlar

  1. ↑ Монтессори часто называют первой женщиной-врачом в Италии, но на самом деле первой женщиной-врачом была Эрнестина Пейпер, которая получила медицинское образование во Флоренции в 1877 году и стала практикующим врачом с 1878 года.

Adabiyotlar

Rus tilida

Boshqa tillarda

Havolalar