Nerv buzilishi (nerv inqirozi) — o‘tkir, vaqtinchalik kechadigan muayyan buzilish bosqichi bo‘lib, u avvalo quyidagi holatlarning belgilari bilan namoyon bo‘ladi: depressiya va nevroz.
Ta’rifi
«Nerv inqirozi» va «nerv buzilishi» atamalariga quyidagi diagnostika tizimlarida rasmiy ta’rif berilmagan: DSM-IV va KXT-10. Bu atamalar ruhiy kasalliklarga oid zamonaviy ilmiy adabiyotlarda deyarli uchramaydi. «Nerv inqirozi» tushunchasi har doim ham aniq va o‘zgarmas ta’rifga ega bo‘lmasa-da, mutaxassis bo‘lmaganlar tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotlar ushbu atama nevroz yoki depressiya alomatlari bilan kechadigan muayyan o‘tkir, vaqtinchalik reaktiv buzilishni anglatishini ko‘rsatadi. Bunday buzilishning yuzaga kelishiga odatda tashqi ta’sirlovchi omillar sabab bo‘ladi. Ayrim holatlar ba’zan inson kundalik hayotidagi odatiy faoliyatini bajara olmay qolgandan keyingina «inqiroz» sifatida tavsiflanadi.
Sabablari
Bunday inqirozlarning sabablari turlicha. 1996-yilda o‘tkazilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, yaqin insonlar o‘rtasidagi munosabatlarda yuzaga keladigan muammolar, masalan, ajrashish yoki er-xotinning alohida yashashi nerv inqirozi holatlarining 24 %iga sabab bo‘lgan. Ish va o‘qishdagi muammolar hissasiga holatlarning 17 %i, moliyaviy muammolar hissasiga esa 11 %i to‘g‘ri keladi. Aksariyat mutaxassislar nerv inqirozini salomatlik bilan bog‘liq muammo deb hisoblaydi. Salomatlikka oid boshqa muammolar nerv inqirozi holatlarining 28 %iga 1957-yilda, 28 %iga 1976-yilda va atigi 5,6 %iga 1996-yilda sabab bo‘lgan. Uzoq davom etadigan psixologik zo‘riqishlar va stresslar ham nerv inqiroziga sabab bo‘ladi. Odatda, bular insonning kundalik hayoti bilan bog‘liq muammolar, yangi jamoaga moslashishdagi qiyinchiliklar, yaqin insonidan ayrilish, o‘zining yoki boshqa birovning salomatligi haqida haddan tashqari tashvishlanishdir.