Ko'z

Ko‘z (lot. oculus) — sezgi a’zosi (ko‘rish tizimi a’zosi) bo‘lib, hayvonlarda elektromagnit nurlanishni ko‘rinadigan diapazondagi to‘lqin uzunliklarida qabul qilish va ko‘rish funksiyasini ta’minlaydi. Insonda ko‘z orqali atrof-muhit haqidagi axborotning taxminan 90 % i qabul qilinadi.

Umurtqali hayvonlarning ko‘zi periferik qism sifatida ko‘rish analizatori tarkibiga kiradi. Unda fotoretseptor vazifasini neyrosensor (fotoretseptor) hujayralar to‘r pardada bajaradi.

Inson ko‘zi markaziy geteroxromiya bilan (chapdagi)
Xameleon ko‘zi

Ko‘z evolyutsiyasi

Ko‘z evolyutsiyasi: ko‘z dog‘i — ko‘z chuqurchasi — ko‘z kosachasi — ko‘z pufakchasi — ko‘z olmasi.

Umurtqasiz hayvonlarda tuzilishi va ko‘rish imkoniyatlari jihatidan xilma-xil ko‘zlar va ko‘zchalar uchraydi: bir hujayrali va ko‘p hujayrali, to‘g‘ri va teskari (invertirlangan), parenximali va epiteliyli, sodda va murakkab.

Bo‘g‘imoyoqlilarda ko‘pincha bir nechta sodda ko‘z bo‘ladi (ba’zan bittadan toq sodda ko‘zcha, masalan, nauplius ko‘zi qisqichbaqasimonlarda) yoki bir juft murakkab fasetkali ko‘z uchraydi. Bo‘g‘imoyoqlilarning ayrim turlarida sodda hamda murakkab ko‘zlar bir vaqtda mavjud. Masalan, arilarda ikkita murakkab ko‘z va uchta sodda ko‘zcha bo‘ladi. Chayonlarda — 3-6 juft ko‘z (jumladan, 1 juft asosiy yoki medial ko‘z va yon ko‘zlar). Qalqondorlarda — 3 juft ko‘z bo‘ladi.

Fasetkali ko‘zlar sodda ko‘zchalarning qo‘shilib ketishi natijasida evolyutsiyalashgan, deb hisoblanadi. Sodda ko‘zga o‘xshash tuzilishga ega bo‘lgan qilichdumlilar va chayonlar ko‘zlari, ehtimol, trilobitsimon ajdodlar murakkab ko‘zlari qismlarining birlashishi natijasida paydo bo‘lgan.

Inson ko‘zi ko‘z olmasi va ko‘ruv nervi hamda uning pardalaridan iborat. Inson va boshqa umurtqalilarda ikkita ko‘z bor. Ular joylashgan ko‘z kosalari bosh suyagining tarkibiy qismidir.

Ushbu a’zo evolyutsiya davomida bir marta paydo bo‘lgan va turli guruh hayvonlarida tuzilishi turlicha bo‘lsa-da, ko‘z rivojlanishini boshqaruvchi genetik kodi juda o‘xshash. 1994-yilda shveysariyalik professor Valter Gering (nem. Walter Gehring) Pax6 genini kashf etdi (bu gen boshqa genlar faolligi va ishini boshqaradigan boshqaruvchi genlar sinfiga kiradi). Ushbu gen Homo sapiens da ham, boshqa ko‘plab turlarda, xususan, hasharotlarda ham uchraydi, ammo meduzalarda mavjud emas. 2010-yilda V. Gering boshchiligidagi shveysariyalik olimlar guruhi Cladonema radiatum turiga mansub meduzada Pax-A genini aniqladi. Ushbu genni meduzadan drozofila pashshasiga ko‘chirib o‘tkazish va uning faolligini boshqarish orqali pashshaning bir necha noodatiy joyida normal ko‘zlar o‘stirishga muvaffaq bo‘lindi.

Genetik transformatsiya usullari yordamida aniqlanishicha, eyeless drozofilaning hamda sichqonning small eye genlari yuqori darajada gomologik, ko‘z rivojlanishini boshqaradi: pashshaning turli gen muhandisligi konstruksiyalaridan foydalanib, sichqon genining ekspressiyasi pashshaning turli imaginal disklarida yuzaga keltirilganda, uning oyoqlari, qanotlari va tanasining boshqa qismlarida odatiy bo‘lmagan joylarda fasetkali ko‘zlar paydo bo‘lgan. Umuman olganda, ko‘z rivojlanishida bir necha ming gen qatnashadi, biroq butun genetik dasturni faqat bitta boshqaruvchi gen ishga tushiradi. Ushbu gen hasharotlar va umurtqalilar kabi bir-biridan uzoq guruhlarda ham o‘z vazifasini saqlab qolganligi barcha ikki tomonlama simmetriyali hayvonlar ko‘zlarining kelib chiqishi umumiy ekanidan dalolat berishi mumkin.

Ko‘zlarning o‘lchamlari

Gigant kalmarning ko‘zi
Filippin uzunoyog‘i

Hozir yashayotgan hayvonlar orasida eng katta ko‘zlar chuqur dengizda yashovchi gigant kalmarlar Architeuthis dux va Mesonychoteuthis hamiltoni turlarida bo‘lib, ularning tana uzunligi 10—16,8 m ga yetadi. Diametri bo‘yicha bu boshoyoqli mollyuskalarning ko‘zlari 27-50 sm ga yetadi. Mazkur kalmarlarning ko‘zlari boshqa hayvonlarning eng yirik ko‘zlaridan kamida 2,5 baravar katta. Bunday ulkan ko‘zlar ularga okeanning qorong‘i chuqurliklarida o‘lja topish hamda yirtqichlarni, masalan, kashalotlarni vaqtida payqashga yordam beradi.

Umurtqalilar orasida eng yirik ko‘zlarga kitlar va yirik baliqlar ega. Ko‘k kit, bukri kit hamda kashalot ko‘zlarining diametri mos ravishda 10,9 sm, 6,1 sm va 5,5 sm ga yetadi. Baliqlar orasida eng katta ko‘zlar qilichbaliqda bo‘lib, har birining diametri 9 sm ni tashkil etadi. Ma’lum bo‘lgan barcha umurtqalilar ichida eng katta ko‘zlar mezozoy dengizlarida yashagan ixtiozavrlarga tegishli bo‘lgan. Temnodontosaurus turkumi vakillarining har bir ko‘zi diametri 25 sm ga yetgan va taxminlarga ko‘ra, ularga 1600 m gacha chuqurlikda ko‘rish imkonini bergan.

Shu bilan birga, ko‘plab mayda hayvon turlarining ko‘z diametri 1 mm dan kichik.

Voyaga yetgan inson ko‘zining diametri taxminan 24 mm bo‘lib, deyarli barcha insonlarda bir xil va atigi millimetrning ulushlariga farq qiladi. Inson ko‘zining o‘rtacha hajmi 7,448 sm3, massasi esa 7—8 g.

Sutemizuvchilar orasida tana hajmiga nisbatan eng katta ko‘zlarga ega hayvon — Filippin uzunoyog‘i.

Ichki tuzilishi

Ko‘z olmasi ko‘zning ichki yadrosini o‘rab turuvchi pardalardan tashkil topgan. Uning shaffof ichki tarkibiga quyidagilar kiradi: shishasimon tana, gavhar, ko‘zning suvli suyuqligi (oldingi va orqa kameralarda).

Ko‘z olmasining yadrosini uchta parda o‘rab turadi: tashqi, o‘rta va ichki.

  1. Tashqi — juda zich fibroz parda (lot. tunica fibrosa bulbi)ga ko‘z olmasining tashqi mushaklari birikadi. U himoya vazifasini bajaradi va turgor tufayli ko‘zning barqaror shaklini saqlaydi. Tashqi parda oldingi shaffof qism — shox parda va orqa xira oqish qism — skleradan tashkil topadi.
  2. O‘rta yoki tomirli parda (lot. uvea) moddalar almashinuvida muhim rol o‘ynab, ko‘zni oziqlantiradi va almashinuv mahsulotlarini chiqaradi. U qon tomirlari va pigmentlarga boy ( xorioideya hujayralari yorug‘likning sklera orqali o‘tishiga to‘sqinlik qilib, yorug‘likning sochilishini bartaraf etadi). U rangdor parda, kiprikli tana va tomirli pardadan tashkil topgan. Rangdor pardaning markazida dumaloq teshik — qorachiq joylashgan bo‘lib, yorug‘lik nurlari undan ko‘z olmasiga kirib, to‘r pardaga yetib boradi (qorachiqning kattaligi silliq mushak tolalari — sfinkter va dilatatorning o‘zaro ta’siri natijasida o‘zgaradi; ular rangdor pardada joylashgan va innervatsiya parasimpatik hamda simpatik nervlar tomonidan amalga oshiriladi). Rangdor pardada turli miqdorda pigment bo‘ladi va uning rangi aynan shu pigmentga bog‘liq. Bu rangning nomi — «ko‘z rangi».
  3. Ichki yoki to‘rsimon parda — to‘r parda (lot. retina) ko‘rish analizatorining retseptor qismi bo‘lib, unda yorug‘lik bevosita qabul qilinadi, ko‘rish pigmentlarining biokimyoviy o‘zgarishlari va neyronlarning elektr xususiyatlaridagi o‘zgarishlar yuz beradi hamda axborot markaziy asab tizimiga uzatiladi.

Funksional jihatdan ko‘z pardalari va ularning hosilalari uchta apparatga bo‘linadi:

1) refraksion (yorug‘likni sindiruvchi);

2) akkomodatsion (moslashtiruvchi);

3) sensor (retseptor) apparat.

Dastlabki ikkita apparat ko‘zning optik tizimini hosil qiladi.

Yorug‘likni sindiruvchi apparat

Ko‘zning yorug‘likni sindiruvchi apparati murakkab organik linzalar tizimi bo‘lib, to‘r pardada tashqi olamning kichraytirilgan va teskari tasvirini hosil qiladi. Uning tarkibiga shox parda, kamera suyuqligi — ko‘zning oldingi va orqa kameralaridagi suyuqlik, gavhar hamda shishasimon tana kiradi; uning ortida yorug‘likni qabul qiluvchi to‘r parda joylashgan.

Akkomodatsiya apparati

Ko‘zning akkomodatsiya apparati tasvirni to‘r pardaga fokuslashni, shuningdek, ko‘zning yorug‘lik jadalligiga moslashishini ta’minlaydi. Uning tarkibiga rangdor parda va markazidagi qorachiq, shuningdek, kiprikli tana bilan birga gavharning kiprikli belbog‘chasi ham kiradi.

Tasvirning fokuslanishi gavhar egriligining o‘zgarishi hisobiga ta’minlanadi; uni kiprikli mushak boshqaradi. Egrilik ortganda gavhar yanada qavariq bo‘lib, yorug‘likni kuchliroq sindiradi va yaqin masofadagi buyumlarni ko‘rishga moslashadi. Mushak bo‘shashganda gavhar yassiroq bo‘ladi va ko‘z uzoqdagi buyumlarni ko‘rishga moslashadi. Boshqa hayvonlarda, xususan, boshoyoqli mollyuskalarda akkomodatsiya ko‘proq gavhar va to‘r parda orasidagi masofaning o‘zgarishi hisobiga amalga oshadi.

Qorachiq — rangdor pardadagi o‘lchami o‘zgaradigan teshik. U ko‘zning diafragmasi vazifasini bajarib, to‘r pardaga tushadigan yorug‘lik miqdorini tartibga soladi. Kuchli yorug‘likda rangdor pardaning halqasimon mushaklari qisqarib, radial mushaklari bo‘shashadi. Natijada qorachiq torayadi va to‘r pardaga tushuvchi yorug‘lik miqdori kamayib, u shikastlanishdan saqlanadi. Yorug‘lik kuchsiz bo‘lganda, aksincha, radial mushaklar qisqaradi va qorachiq kengayib, ko‘zga ko‘proq yorug‘lik kiradi.

Retseptor apparati

Ko‘zning retseptor apparati to‘r pardaning ko‘ruv qismidan iborat bo‘lib, unda fotoretseptor hujayralar (yuqori darajada ixtisoslashgan nerv elementlari), shuningdek, to‘r parda yuzasida joylashgan, nerv qo‘zg‘alishini o‘tkazuvchi neyronlar tanasi va aksonlari (nerv hujayralari va tolalari) mavjud. Ular ko‘r dog‘da birlashib, ko‘ruv nervini hosil qiladi.

To‘r parda ham qatlamli tuzilishga ega. Mikroskop ostida unda 10 ta qatlam ajratiladi. Eng tashqi qatlam yorug‘lik va rangni qabul qiladi, u tomirli pardaga (ichki tomonga) qaragan bo‘lib, neyroepiteliy hujayralari — tayoqchalar va kolbachalardan iborat. Ular yorug‘lik va ranglarni qabul qiladi. Keyingi qatlamlar nerv qo‘zg‘alishini o‘tkazuvchi hujayralar va nerv tolalaridan hosil bo‘lgan. Inson to‘r pardasi juda yupqa bo‘lib, turli qismlarida qalinligi 0,05 dan 0,5 mm gacha bo‘ladi.

Yorug‘lik ko‘zga shox parda orqali kiradi va ketma-ket suyuqlik, ya’ni oldingi va orqa kamera suyuqliklari, gavhar va shishasimon tanadan o‘tadi. To‘r pardaning butun qalinligidan o‘tgach, yorug‘likni sezuvchi hujayralarning o‘simtalari — tayoqchalar va kolbachalarga yetib boradi. Ularda fotokimyoviy jarayonlar orqali rangni ko‘rish ta’minlanadi.

To‘r pardadagi eng sezgir ko‘rish sohasi sariq dog‘ deb ataladi. U markaziy chuqurchaga ega bo‘lib, faqat kolbachalarni o‘z ichiga oladi (bu yerda to‘r parda qalinligi 0,08—0,05 mm). Kolbachalar ranglarni ko‘rishga (rang sezishga) javob beradi. Ya’ni sariq dog‘ga tushgan barcha yorug‘lik axboroti miyaga eng to‘liq uzatiladi. To‘r pardada tayoqchalar ham, kolbachalar ham bo‘lmagan joy ko‘r dog‘ deb ataladi. Shu joydan ko‘ruv nervi to‘r pardaning ikkinchi tomoniga, so‘ng esa miyaga yo‘naladi.

Ko‘pgina umurtqalilarda to‘r pardaning orqasida tapetum — ko‘z tomirli pardasining o‘ziga xos oynasimon qatlami joylashgan. U to‘r pardadan o‘tgan yorug‘likni yana unga qaytarib, ko‘zning yorug‘likka sezgirligini oshiradi. Bu qatlam ko‘z tubini to‘liq yoki qisman qoplaydi va ko‘rinishidan sadafni eslatadi.

Inson ko‘zi to‘r pardasining konnektomi tuzilishi EyeWire loyihasi doirasida xaritalanmoqda.

Buyumlar tasvirini idrok etish

To‘r pardada buyumlarning aniq tasviri ko‘zning shox parda, oldingi va orqa kamera suyuqliklari, gavhar hamda shishasimon tanadan tashkil topgan murakkab, o‘ziga xos optik tizimi orqali hosil bo‘ladi. Yorug‘lik nurlari ushbu optik muhitlardan o‘tib, optika qonunlariga muvofiq sinadi. Ko‘zdagi asosiy yorug‘lik sindiruvchi linza — ko‘z yoshi pardasi bilan qoplangan shox parda bo‘lib, uning optik kuchi taxminan 40 dioptriyaga teng. Gavharning bo‘shashgan holatdagi optik kuchi taxminan 20 dioptriya, ammo yoshlikda u yana 12 dioptriyagacha oshishi mumkin. Yosh o‘tishi bilan bu imkoniyat 1 dioptriyagacha yoki undan kamga pasayadi (60 yoshda; qarang: Presbiopiya).

Buyumlarni aniq ko‘rish uchun ularning tasviri doimo to‘r pardaning markazida fokuslanishi kerak. Funksional jihatdan ko‘z uzoqdagi buyumlarni ko‘rishga moslashgan. Biroq odamlar gavharning egriligi va shu bilan birga ko‘zning yorug‘likni sindirish kuchini o‘zgartira olishi tufayli turli masofadagi buyumlarni ham aniq ko‘ra oladi. Ko‘zning har xil masofada joylashgan buyumlarni ravshan ko‘rishga moslashish qobiliyati akkomodatsiya deb ataladi. Skleraning o‘sish jarayonlari (ulg‘ayish davrida ko‘z olmasi uzunligining o‘zgarish sur’ati) va ko‘zning yorug‘likni sindiruvchi apparatidagi o‘zgarishlarning buzilishi ko‘rish o‘tkirligi pasayishi va ikki xil holat rivojlanishiga olib keladi: miopiya (yaqinni ko‘rish) yoki gipermetropiya (uzoqni ko‘rish).

Yaqinni ko‘rishning rivojlanish sabablaridan biri juda mayda buyumlar bilan ishlaganda, yomon yoritilgan joyda uzoq o‘qiganda yoki transportda kitob o‘qiganda gavharning kiprikli mushaklari zo‘riqishidir. O‘qish, yozish yoki boshqa ishni bajarishda buyum ko‘zdan 30−35 sm uzoqlikda bo‘lishi kerak. Haddan tashqari kuchli yorug‘lik to‘r pardaning fotoretseptorlarini bezovta qiladi. Bu ham ko‘rishga zarar yetkazadi. Yorug‘lik yumshoq bo‘lishi, ko‘zni qamashtirmasligi kerak.

O‘ng qo‘l bilan yozish, rasm chizish yoki chizmachilik qilishda yorug‘lik manbai chap tomonda joylashtiriladi, shunda qo‘l soyasi ish joyini to‘sib qo‘ymaydi; chap qo‘l bilan ishlaganda esa aksincha. Yuqoridan yoritish ham muhim. Ko‘z uzoq vaqt zo‘riqqanda har soatda 10 daqiqalik tanaffus qilish zarur. Ko‘zlarni jarohat, chang va infeksiyadan asrash lozim.

Yorug‘likning shox parda yoki gavhar tomonidan notekis sindirilishi bilan bog‘liq ko‘rish buzilishi astigmatizm deb ataladi. Astigmatizmda odatda ko‘rish o‘tkirligi pasayadi, tasvir noaniq va buzilgan bo‘ladi. Astigmatizm maxsus (silindrsimon) linzali ko‘zoynaklar yordamida tuzatiladi.

Miopiya (yaqinni ko‘rish) — ko‘z optik tizimining nurlarni me’yorida sindirish qobiliyatidan og‘ish bo‘lib, uzoqda joylashgan buyumlarning tasviri to‘r pardaning oldida hosil bo‘lishi bilan ifodalanadi. Miopiya tug‘ma yoki orttirilgan bo‘lishi mumkin. Tabiiy miopiyada ko‘z olmasi cho‘zinchoq shaklda bo‘ladi, shu sababli buyumlardan kelayotgan nurlar to‘r pardaning oldida fokuslanadi. Yaqindagi buyumlar aniq ko‘rinadi, uzoqdagi buyumlarning tasviri esa xira va noaniq bo‘ladi. Orttirilgan miopiya moddalar almashinuvi buzilishi yoki ko‘rish gigiyenasi qoidalariga rioya qilmaslik natijasida gavhar egriligining ortishi bilan rivojlanadi. Miopiyaga irsiy moyillik mavjud. Orttirilgan miopiyaning asosiy sabablari ko‘zga ortiqcha yuklama tushishi, yomon yoritish, ovqatda vitaminlar yetishmasligi va kamharakatlikdir. Miopiyani tuzatish uchun ikki tomoni botiq linzali ko‘zoynak taqiladi.

Gipermetropiya (uzoqni ko‘rish) — ko‘z optik tizimining yorug‘lik nurlarini me’yorida sindirish qobiliyatidan og‘ishidir. Tug‘ma gipermetropiyada ko‘z olmasi kaltaroq bo‘ladi. Shuning uchun ko‘zga yaqin joylashgan buyumlarning tasviri to‘r pardaning orqasida hosil bo‘ladi. Ko‘pincha gipermetropiya yosh o‘tishi bilan gavharning elastikligi pasayishi natijasida (orttirilgan gipermetropiya) paydo bo‘ladi. Uni tuzatish uchun ikki tomoni qavariq linzali ko‘zoynak kerak.

Yorug‘likni idrok etish

Ko‘zli tirik mavjudotlar odatda yorug‘likni uning nurlari ko‘zning optik tizimidan o‘tishi orqali sezadi. Bu yerda qo‘zg‘alish qayta ishlanib, ko‘rish tizimining markaziy bo‘limlariga uzatiladi. To‘r parda — shakli va vazifasi turlicha bo‘lgan hujayralarning bir necha qatlamini o‘z ichiga olgan ko‘zning murakkab pardasi.

Birinchi (tashqi) qatlam pigmentli bo‘lib, qora fusin pigmentini saqlaydigan, bir-biriga zich joylashgan epiteliy hujayralaridan tashkil topgan. U yorug‘lik nurlarini yutib, buyumlarning tasviri aniqroq bo‘lishiga yordam beradi. Ikkinchi qatlam — retseptor qatlam bo‘lib, yorug‘likka sezgir hujayralar, ya’ni ko‘ruv retseptorlari — fotoretseptorlar: kolbachalar va tayoqchalardan tuzilgan. Ular yorug‘likni qabul qilib, uning energiyasini nerv impulslariga aylantiradi.

Insonning to‘r pardasida taxminan 130 mln tayoqcha va 7 mln kolbacha bor. Ular notekis taqsimlangan: to‘r pardaning markazida asosan kolbachalar, markazdan uzoqroqda kolbachalar bilan tayoqchalar, chekka qismlarda esa ko‘proq tayoqchalar joylashadi.

Kolbachalar buyumning shakli va rangini idrok etishni ta’minlaydi. Ular yorug‘likka uncha sezgir emas, faqat kuchli yoritilishda qo‘zg‘aladi. Kolbachalar ko‘proq markaziy chuqurcha atrofida joylashgan. Kolbachalar to‘plangan bu joy sariq dog‘ deb ataladi. Sariq dog‘, ayniqsa uning markaziy chuqurchasi, eng yaxshi ko‘rish sohasi hisoblanadi. Me’yorda ko‘zning optik tizimi tasvirni doimo sariq dog‘da fokuslaydi. Shu sababli periferik ko‘rish orqali idrok etiladigan buyumlar unchalik yaxshi farqlanmaydi.

Tayoqchalar cho‘zinchoq shaklda bo‘ladi, ranglarni ajratmaydi, ammo yorug‘likka juda sezgir. Shu bois ular kuchsiz, ya’ni shom yorug‘ligida ham qo‘zg‘aladi. Shuning uchun biz xira yoritilgan xonada yoki g‘ira-shirada, buyumlarning shakli zo‘rg‘a bilinadigan paytda ham ko‘ra olamiz. Tayoqchalar to‘r pardaning chekka qismlarida ko‘proq bo‘lgani sababli atrofimizda sodir bo‘layotgan narsalarni «ko‘z qiri» bilan ham ko‘ra olamiz.

Fotoretseptorlar yorug‘likni qabul qilib, uni nerv impulsi energiyasiga aylantiradi. Nerv impulsi to‘r parda orqali yo‘lini davom ettirib, fotoretseptorlarning ikki o‘simtali nerv hujayralari (bipolyar hujayralar) bilan tutashuvidan hosil bo‘lgan hujayralarning uchinchi qatlamidan o‘tadi. Keyin axborot ko‘ruv nervlari orqali o‘rta miya va oraliq miyadan o‘tib, bosh miya po‘stlog‘ining ko‘rish sohalariga yetkaziladi. Miyaning pastki yuzasida ko‘ruv nervlari qisman kesishadi, shuning uchun o‘ng ko‘zdan kelgan axborotning bir qismi chap yarimsharga va aksincha o‘tadi.

Ko‘ruv nervi to‘r pardadan chiqadigan joy ko‘r dog‘ deb ataladi. Unda fotoretseptorlar bo‘lmaydi. Tasviri shu sohaga tushadigan buyumlar ko‘rinmaydi. Inson to‘r pardasidagi ko‘r dog‘ning maydoni me’yorda 2,5 dan 6 mm2.

Ranglarni idrok etish

Turli ranglarni idrok etish kolbachalarning yorug‘likning muayyan spektriga alohida javob berishi tufayli mumkin bo‘ladi. Kolbachalarning uch turi bor. Birinchi tur kolbachalar ko‘proq qizil, ikkinchisi yashil, uchinchisi esa ko‘k rangga javob beradi. Bu ranglar asosiy ranglar deyiladi. Turli uzunlikdagi yorug‘lik to‘lqinlari ta’sirida har bir turdagi kolbachalar turlicha qo‘zg‘aladi. Natijada har bir to‘lqin uzunligi alohida rang sifatida idrok etiladi. Masalan, kamalakka qaraganimizda asosiy ranglar (qizil, yashil, ko‘k) biz uchun eng yaqqol ko‘rinadi.

Asosiy ranglarni optik yo‘l bilan aralashtirib, boshqa ranglar va tuslarni hosil qilish mumkin. Agar uch turdagi kolbachalarning barchasi bir vaqtda va bir xil darajada qo‘zg‘alsa, oq rang hissi paydo bo‘ladi.

Ba’zi odamlar, ya’ni tetraxromatlar, oddiy inson ko‘zi ko‘radigan spektr chegarasidan tashqaridagi nurlanishni ham ko‘rishi va boshqalarga bir xil tuyuladigan ranglarni o‘zaro farqlashi mumkin.

Odamlarning bir qismi (erkaklarning taxminan 8 % i) ranglarni idrok etishdagi daltonizm deb ataladigan o‘ziga xos xususiyatga ega. Daltonizmga chalinganlar ranglarni boshqacha idrok etadi: ko‘pchilik uchun keskin farqlanadigan ayrim tuslarni chalkashtiradi va aksincha, boshqalarga bir xil ko‘rinadigan ayrim ranglarni farqlay oladi. Ranglarni noto‘g‘ri farqlash kolbachalarning bir yoki bir necha turi to‘r pardada yetarli miqdorda bo‘lmasligi bilan bog‘liq, deb hisoblanadi. Kasalliklar yoki yoshga bog‘liq o‘zgarishlar oqibatida orttirilgan daltonizm ham uchraydi. Daltonizmga ega insonlar normal rang ko‘rish qobiliyatiga ega odam ikki xil deb biladigan, o‘zlariga esa bir xil tuyuladigan rang tuslarini ajratish zarurati tug‘ilmaguncha, bu xususiyatini sezmasligi mumkin. Rangni idrok etishda xato qilish ehtimoli sababli ayrim kasblarda daltonizmga ega insonlarni ishga qabul qilish cheklanadi. Qizig‘i shundaki, daltonizmning boshqa tomoni — boshqalar sezmaydigan ayrim rang tuslariga yuqori sezgirlik hali kam o‘rganilgan va amaliy masalalarda kam qo‘llanadi.

Buyumlarning fazodagi joylashuvini idrok etish

Ko‘z bilan chamalash buyumlarning fazodagi joylashuvi va ulargacha bo‘lgan masofani baholashga yordam beradi. Ko‘rish maydonini, burchak tezligini o‘zgartirish, shuningdek, binokulyar ko‘rish va konvergensiyadan foydalanish buyumlarni idrok etishni yaxshilashi mumkin/

Ko‘rish maydoni — ko‘z olmasi qimirlamay turganda ko‘z bilan qamrab olinadigan fazo. Ko‘rish maydonida 15 ta buyum [qancha?] va ularning muayyan masofadagi joylashuvini qamrab olish mumkin. Biroq yaqinroq joylashgan buyumlarning tasviri qisman ularning ortidagilar tasvirini to‘sadi. Buyum ko‘zdan uzoqlashgan sari kuzatuvchi uchun uning kattaligi, shakl bo‘rtmalari, sirtidagi soyalar farqi, ranglarning to‘yinganligi va shu kabilar kamayib boradi, oxir-oqibat buyum ko‘rish maydonidan butunlay yo‘qoladi.

Harakatlanuvchi jismlar mavjud fazoda biz ularning harakatlanayotganini emas, harakat tezligini ham idrok eta olamiz. Buyumning harakat tezligi uning tasviri to‘r parda bo‘ylab qanchalik tez siljishiga qarab, maxsus asbob yordamida aniqlanadi[aniqlashtirish kerak]. Bu asbob burchak tezligini o‘lchashga xizmat qiladi. Yaqin joylashgan buyumlarning burchak tezligi yuqoriroq bo‘ladi. Masalan, harakatlanayotgan poyezd vagonlari kuzatuvchining yonidan katta tezlikda o‘tib ketadi, osmondagi samolyot esa ko‘rish maydonidan sekin chiqadi, holbuki uning tezligi poyezdnikidan ancha yuqori. Chunki poyezd kuzatuvchiga samolyotga qaraganda ancha yaqin joylashgan. Shunday qilib, yaqin buyumlar burchak tezligi yuqoriligi sababli uzoqdagilarga nisbatan ko‘rish maydonidan tezroq chiqadi. Biroq haddan tashqari tez yoki juda sekin harakatlanadigan buyumlarning harakatini ko‘z sezmaydi yoki qiyin sezadi.[aniqlashtirish kerak].

Buyumlarning fazodagi joylashuvi va harakatini aniq baholashga binokulyar ko‘rish ham yordam beradi. U buyumning chap va o‘ng qismlarini bir vaqtning o‘zida qamrab olish tufayli uning hajmli tasvirini idrok etish, shuningdek, fazodagi o‘rni va ungacha bo‘lgan masofani aniqlash imkonini beradi. Buni katta bosh miya po‘stlog‘ida chap va o‘ng ko‘z tasvirlaridan kelgan sezgilar birlashtirilib, buyumlarning o‘zaro joylashuv tartibi va shakli baholanishi bilan izohlash mumkin.

Chap va o‘ng ko‘zda yorug‘likning sinishi bir xil bo‘lmasa, bu binokulyar ko‘rishning buzilishi, ya’ni g‘ilaylikka olib keladi. Bunda bir ko‘zning to‘r pardasida aniq, ikkinchisida esa xira tasvir paydo bo‘ladi. G‘ilaylikka ko‘z mushaklari innervatsiyasining buzilishi, bir ko‘z ko‘rish o‘tkirligining tug‘ma yoki orttirilgan pasayishi va boshqa omillar sabab bo‘ladi.

Fazoni idrok etishning yana bir mexanizmi — ko‘zlarning bir nuqtaga yo‘nalishi, ya’ni konvergensiyadir. Ko‘z harakatlantiruvchi mushaklar yordamida o‘ng va chap ko‘zning o‘qlari qaralayotgan buyumga yo‘naltiriladi. Buyum qanchalik yaqin bo‘lsa, ko‘zning ichki to‘g‘ri mushaklari shunchalik kuchli qisqaradi, tashqi to‘g‘ri mushaklari esa cho‘ziladi. Bu buyumlargacha bo‘lgan masofani aniqlashga yordam beradi.

Ko‘z turlari

Fasetkali ko‘zlar va sodda ko‘zchalar — ninachida

Fotoretseptorlik xususiyati ayrim eng sodda organizmlarda ham aniqlangan. Umurtqasizlar, ko‘pgina chuvalchanglar, shuningdek, ikki pallali mollyuskalar gavharsiz, juda sodda tuzilgan ko‘zlarga ega. Mollyuskalar orasida faqat boshoyoqlilar murakkab ko‘zlariga ko‘ra umurtqalilarga o‘xshaydi.

Hasharotlarning ko‘zi murakkab bo‘lib, ko‘plab alohida fasetkalardan iborat; ularning har biri yorug‘likni yig‘ib, ko‘rish tasviri hosil qilish uchun retseptorga yo‘naltiradi.

Yorug‘likni qabul qiluvchi a’zolar tuzilishining o‘nta turli shakli mavjud. Shu bilan birga, inson qo‘llaydigan optik tasvirni qabul qilish sxemalarining deyarli barchasini tabiatda uchratish mumkin, faqat transfokator (o‘zgaruvchan fokus masofali obyektiv) va Frenel linzasi bundan mustasno. Ko‘z tuzilishlarini quyidagicha tasniflash mumkin: «sodda ko‘z» — yorug‘likni qabul qiluvchi bitta botiq sirtga ega; «murakkab ko‘z» — umumiy qavariq sirtda joylashgan bir nechta alohida linzalardan tashkil topgan. Shuni ta’kidlash kerakki, «sodda» so‘zi tuzilishning murakkablik darajasi yoki ko‘rish o‘tkirligi pastligini anglatmaydi. Aslida, ko‘z tuzilishining har ikkala turi deyarli har qanday yashash muhiti yoki xatti-harakat turiga moslashishi mumkin. Bunday ko‘z tuzilishidagi yagona cheklov — ajrata olish qobiliyati (rezolyutsiya). Murakkab ko‘zlarning tuzilishi 1° dan yaxshiroq burchakli ajrata olish imkonini bermaydi. Shuningdek, superpozitsion ko‘zlar appozitsion ko‘zlarga nisbatan yuqoriroq sezgirlikka erishishi mumkin. Shu bois superpozitsion ko‘zlar yorug‘lik kam bo‘lgan muhitlarga yaxshiroq moslashgan (masalan, okean tubiga) yoki yorug‘lik deyarli mavjud bo‘lmagan joylarga (masalan, yer osti suv havzalariga, g‘orlarga).

Ko‘zlar fotoretseptor hujayralarining tuzilishiga ko‘ra tabiiy ravishda yana ikki guruhga bo‘linadi: fotoretseptorlar siliar (masalan, umurtqalilardagidek) yoki rabdomerli bo‘lishi mumkin. Ushbu ikki guruh monofiletik emas. Masalan, bo‘shliqichlilarda (knidariyalarda) ham «ko‘z» vazifasini bajaruvchi siliar hujayralar bor, ayrim halqali chuvalchanglarda esa fotoretseptor hujayralarining har ikkala turi uchraydi.

Adabiyotlar

Havolalar