| Hukumat qarori bilan belgilangan shahar | |||||
| Kobe | |||||
|---|---|---|---|---|---|
| yapon. 神戸市 yapon. こうべし yapon. Kōbe-shi | |||||
| Yuqoridan pastga, chapdan o‘ngga: Kobe porti, Akasi-Kaykyo ko‘prigi, tarixiy Kitano mavzesi, Xitoy mahallasi, Maya tog‘idan Kobening tungi manzarasi, Maya, Kobe port minorasi | |||||
|
|||||
| 34°41′59″ sh. k. 135°08′36″ sh. u.HGYaO | |||||
| Mamlakat |
|
||||
| Prefektura | Hyogo | ||||
| Shahar meri | Kizo Hisamoto | ||||
| Tarixi va geografiyasi | |||||
| Tashkil etilgan | 1-aprel 1889 | ||||
| Maydoni | 552,26 km² | ||||
| Vaqt mintaqasi | UTC+9:00 | ||||
| Aholisi | |||||
| Aholisi | 1 538 267 kishi (2014) | ||||
| Aholi zichligi | 2785,40 kishi/km² | ||||
| Raqamli identifikatorlar | |||||
| Telefon kodi | +81 78 | ||||
| Pochta indeksi | 650-8570 | ||||
| Kod | 28100-0 | ||||
| Boshqa ma’lumotlar | |||||
| Mintaqa | Kinki | ||||
| Ramzlari |
Guli: gortenziya Daraxti: kameliya |
||||
|
|
|||||
| city.kobe.lg.jp (yapon.) | |||||
Kobe (yapon. 神戸市 Ko:be-si) — hukumat qarori bilan maxsus maqom berilgan, Yaponiyaning orollaridan biri — Honsyuda joylashgan va Hyogo prefekturasining ma’muriy markazi hisoblanadi. Milodiy VIII asrdan boshlab Kobe Yaponiyaning asosiy portlaridan biri va xalqaro savdo markazi hisoblanadi. Portning yuk aylanmasi taxminan 150 mln tonnani (mamlakat tashqi savdo aylanmasining 1/3 qismini) tashkil etadi. Kobe yirik sanoat markazi bo‘lib, bu yerda metallurgiya, mashinasozlik (Yaponiyada qurilayotgan kemalar tonnajining 1/3 qismi), harbiy, kimyo va to‘qimachilik sanoati rivojlangan.
Tarixan Kobe Izumi provinsiyasi tarkibiga kirgan va Yaponiyaning poytaxti Kiotoga olib boradigan yo‘lda muhim transport va savdo punkti bo‘lgan. Ushbu manzilgohda an’anaviy ravishda ulgurji savdogarlar va sudxo‘rlarning ko‘plab idoralari, shuningdek, Yaponiyaning guruchdan tayyorlanadigan alkogolli ichimligi — sake ishlab chiqaruvchilari faoliyat yuritgan. Bundan tashqari, Kobe muhim diniy markaz bo‘lib, «uch muqaddas maskan» — sintoiylik ibodatgohlari Ikuta, Nagata va Minatogava bilan mashhur bo‘lgan. XIX asr o‘rtalaridan boshlab shahar mamlakatni modernizatsiya qilish, sanoat va sun’iy marvarid ishlab chiqarishning asosiy markazlaridan biriga aylangan. Kobe 1995-yilgi zilzila vaqtida juda katta vayronagarchilikka uchragan, biroq o‘z salohiyatini tezda tiklagan.
Shahar maydoni 552,26 km², aholisi — 1 538 267 kishi (1-avgust 2014-yil), aholi zichligi — 2785,40 kishi/km².
Shahar ramzlari
Kobe emblemasi — Hyogo va Kobe portlarining ramzi bo‘lgan 2 ta yelpig‘ichning uslublashtirilgan tasviri. Ikkala yelpig‘ich yapon katakana alifbosidagi カ («ka») belgisiga o‘xshab kesishgan; bu belgi «Kobe» so‘zining eski yozilishi (カウベ) boshida keladi. Emblema 1907-yil may oyida tasdiqlangan.
Kobe emblemasi |
Kobe bayrog‘i — tomonlari 2 ga 3 nisbatda bo‘lgan yashil rangli mato. Bayroqning o‘rtasida shaharning oq rangli emblemasi tasvirlangan.
Kobe bayrog‘i |
Tarix
Kobening g‘arbiy qismidan topilgan tosh mehnat qurollari va arxeologik buyumlar bu hududda insonlar hali Jomon davrida (miloddan avvalgi 12000-yildan 300 (900)-yilgacha) yashaganini ko‘rsatadi.
Bu hududning tabiiy sharoiti baliqchilikning rivojlanishi va keyinchalik shaharning iqtisodiy markaziga aylangan portning barpo etilishiga qulay imkon yaratgan.
Mazkur hudud yapon adabiyotining eng qadimiy manbalaridan birida, Nara davriga oid yodgorlik — «Nihon syoki» asarida milodiy 201-yilda bu yerda Ikuta ibodatxonasi qurilgani munosabati bilan ilk bor tilga olingan.
Nara (710—794) va Xeyan (794—1185) davrlarida mahalliy port Ovada-no-tomari (Ovada kemalar to‘xtash joyi) nomi bilan tanilgan va Xitoyga yapon elchilik missiyalari jo‘natiladigan portlardan biri bo‘lgan.
Qisqa muddat davomida, 1180-yilda Kobe Yaponiya poytaxti vazifasini bajargan. O‘sha vaqtda Tayra-no Kiyomori tomonidan imperator Antoku Fukuxara shahriga (hozirgi Kobe shahrining Hyogo tumani) ko‘chirilgan. Besh oy o‘tib, imperator Kiotoga qaytgan.
Milodiy 1184-yilda Tayra urug‘ining qal’asi va Ikuta ibodatxonasi Iti-no-Tani jangi bo‘lib o‘tgan hudud bo‘lgan. Bu jang Minamoto va Tayra urushi davrida sodir bo‘lgan.
Kamakura davrida (1185—1333) port ancha kengayib, Yaponiyaning boshqa mamlakatlar bilan savdosidagi muhim markazga aylangan. XIII asrda Kobe Hyogo porti nomi bilan tanilgan va Osakaning shimoliy qismi bilan birga ma’muriy jihatdan Settsu provinsiyasiga qarashli bo‘lgan.
Edo davrida hozirgi Kobening sharqiy qismi Amagasaki-xan, shimoliy qismi Akasi-xan tarkibiga kirgan, shahar markazi va port esa bevosita Tokugava syogunati nazorati ostida bo‘lgan. Faqat 1871-yilda Kobening butun hududi yagona ma’muriy birlik — Hyogo prefekturasi tarkibiga kirgan.
Yaponiyada Meydzi islohotlari davrida, 1868-yilda Hyogo porti G‘arb mamlakatlari bilan savdo qilish uchun ochilgan dastlabki portlardan biri bo‘lgan.
Kobe shahri rasman 1889-yilda tashkil etilgan. «Kobe» nomi kanbe (yapon. 神戸) so‘zidan — Ikuta ibodatxonasi xizmatchilarining qadimgi nomidan kelib chiqqan. 1-sentabr 1956-yilda shahar Yaponiyaning davlat ahamiyatidagi shaharlar ro‘yxatiga kiritilgan.
Ikkinchi jahon urushi davrida, 17-mart 1945-yilda shahar AQSH aviatsiyasi tomonidan bombardimon qilingan. Natijada 8 841 nafar shahar aholisi halok bo‘lgan va Kobedagi binolarning 21 % qismi vayron qilingan.
Shahar aholisining bosimi ostida 18-mart 1975-yilda Kobe shahar kengashi bortida yadro quroli bo‘lgan kemalarning shahar portiga kirishini taqiqlash haqida qaror qabul qilgan. Bu siyosat «Kobe formulasi».
1980-yillarning boshlarida Kobe yaqinidagi dengizda maydoni 436 gektar bo‘lgan sun’iy orol barpo etilgan (unga dengiz sathidan ko‘tarilib turgan qoya asos bo‘lgan). Orolda konteyner porti, turar joy mavzelari, mehmonxona, shifoxona va monorels temiryo‘l stansiyasi qurilgan.
17-yanvar 1995-yilda, soat 5:46 da Rixter shkalasi bo‘yicha 7.3 magnitudali kuchli zilzila Kobedagi o‘n minglab uylarni vayron qilgan, yo‘l va ko‘priklarni qulatgan hamda shahar iqtisodiyotiga juda katta zarar yetkazgan. Zilzila va uning ortidan chiqqan yong‘inlar 212 443 dan ortiq binoni vayron qilgan, 5 000 dan ortiq insonning o‘limiga sabab bo‘lgan. Zilziladan keyin Kobe deyarli boshqatdan qurilgan. Yaponiyada bu zilzila Buyuk Hansin zilzilasi nomi bilan tanilgan.
Zilzilagacha Kobe porti Yaponiyadagi eng yirik va Osiyodagi eng katta portlardan biri edi. Hozir Kobe Yaponiyada to‘rtinchi, dunyoda esa o‘ttiz sakkizinchi o‘rinda turadi.
Ma’muriy bo‘linishi

Shahar to‘qqiz tumanga bo‘lingan:
- Nisi-ku (yapon. 西区) — maydoni 137,86 km², aholisi 248 407 kishi (shaharning eng ko‘p aholi yashaydigan tumani). Nisi — Kobening eng g‘arbiy tumani bo‘lib, Akasi shahri bilan chegaradosh. 1982-yilgacha bu hudud Tarumi tumani tarkibida bo‘lgan. Bu yerda sakkizta oliy ta’lim muassasasini, jumladan, Kobe shahar chet tillar universitetini o‘z ichiga olgan Kobe Kenkyu-gakuen-tosi akademik shaharchasi joylashgan. Shuningdek, Nisi tumanida Kobe Gakuin universiteti kampuslaridan biri mavjud.
- Kita-ku (yapon. 北区) — maydoni 241,84 km², aholisi 226 402 kishi. Kita — Kobening maydon jihatidan eng katta tumani bo‘lib, shaharning shimoli-sharqida joylashgan va hududining katta qismini tog‘lar egallagan. Bu yerda Kansay mintaqasida mashhur onsen kurorti — Arima.
- Tarumi-ku (yapon. 垂水区) — maydoni 26,89 km², aholisi 219 958 kishi. Tarumi 1946-yilda alohida ma’muriy-hududiy birlikka aylantirilgan; ungacha Suma tumani tarkibida bo‘lgan. Bu asosan turar joylardan iborat tuman. Bu yerdan Akasi-Kaykyo ko‘prigi boshlanadi. U Kobeni Avadzi oroli bilan bog‘laydi (ko‘prik Honsyu va Sikoku orollarini birlashtiruvchi magistralning bir qismidir). Bu yerda baliqchilik porti ham mavjud.
- Suma-ku (yapon. 須磨区) — maydoni 30,0 km², aholisi 168 400 kishi. Bu yerda Kansay mintaqasi aholisi orasida mashhur bo‘lgan shu nomdagi plyaj, akvarium va botanika bog‘i joylashgan.
- Nagata-ku (yapon. 長田区) — maydoni 11,46 km², aholisi 102 387 kishi. Bu yerda mashhur Nagata sintoiylik ibodatxonasi va Kobe Tokiva universiteti joylashgan. Mazkur tuman Kobedagi zilziladan, ya’ni 1995-yil yanvarida sodir bo‘lgan vayronkor tabiiy ofatdan eng ko‘p zarar ko‘rgan.
- Hyogo-ku (yapon. 兵庫区) — maydoni 14,54 km², aholisi 107 553 kishi. Hyogo — Kobening tarixiy markazi. Ikkinchi jahon urushida tuman jiddiy zarar ko‘rib, savdo markazi sifatidagi avvalgi mavqeini (1960-yillarda esa «teatrlar mavzesi» nomini ham) yo‘qotgan.
- Tyuo-ku (yapon. 中央区) — maydoni 28,37 km², aholisi 119 768 kishi. Tyuo — shaharning ma’muriy, savdo, transport va ko‘ngilochar markazi. U 1980-yilda Fukiai va Ikuta tumanlari birlashtirilishi natijasida tashkil etilgan. Shaharning barcha asosiy ma’muriy binolari (jumladan, Kobe shahar hokimiyati va Hyogo prefekturasi bosh qarorgohi), ofis markazlari, eng yirik savdo mavzelari (Sannomiya, Motomati, Harborlend) va temiryo‘l vokzallari (Sannomiya va Kobe stansiyalari), «Xitoy mahallasi» shu yerda joylashgan. Sun’iy orollarda esa Kobe porti, mehmonxonalar, savdo markazlari, bog‘lar, universitet kampuslari, ilmiy-tadqiqot va ko‘rgazma markazlari hamda Kobe aeroporti bor.
- Nada-ku (yapon. 灘区) — maydoni 31,4 km², aholisi 129 095 kishi. Bu yerda Kobe universiteti, mahalliy hayvonot bog‘i, Hyogo prefekturasi san’at muzeyi, Toritenjo-dzi ibodatxonasi xarobalari (prefekturadagi eng qadimgi buddaviy inshootlardan biri) va mamlakatdagi eng yirik yakudza — Yamaguti-gumi uyushmasining bosh qarorgohi joylashgan. Tuman Yaponiyada sake ishlab chiqarish bo‘yicha yetakchi hisoblanadi.
- Higasinada-ku (yapon. 東灘区) — maydoni 30,36 km², aholisi 207 146 kishi. Higasinada — Kobening eng sharqiy tumani bo‘lib, Asiya shahri bilan chegaradosh. Sun’iy Rokko orolida mehmonxonalar, sport, ko‘rgazma va savdo markazlari, bog‘lar, turar joy va ofis majmualari, Kobe xalqaro universiteti kampusi, port inshootlari va moda muzeyi joylashgan.
Aholisi
Shahar aholisi 1 538 267 kishi (1-avgust 2014-yil), zichligi esa 2785,40 kishi/km². 1980-yildan 2005-yilgacha aholi sonining o‘zgarishi:
|
Iqtisodiyot
Kobe Kansay mintaqasining muhim savdo va sanoat markazidir. Kobe porti Yaponiyada to‘rtinchi, dunyoda esa o‘ttiz sakkizinchi o‘rinda turadi.
2004-yil holatiga ko‘ra, shaharning real yalpi ichki mahsuloti ¥ 6,3 trillion bo‘lib, bu Hyogo prefekturasi umumiy YIMining 34 % ini va Kansay mintaqasi YIMining 8 % ini tashkil etgan.
Ish bilan band aholining taxminan 1 % i iqtisodiyotning birlamchi sektorida (qishloq xo‘jaligi biznesi, baliqchilik va boshqalar), 21 % i ikkilamchi sektorda (sanoat), 78 % i esa xizmat ko‘rsatish sohasida faoliyat yuritadi.
2004-yilda Kobeda ishlab chiqarilgan barcha mahsulotlarning umumiy qiymati ¥ 2,5 trln ni tashkil etgan. Asosiy mahsulotlar: maishiy texnika, oziq-ovqat, transport va aloqa uskunalari, dengiz kemalari. Yirik korxonalar qatoriga Kawasaki Heavy Industries va Mitsubishi Heavy Industries kemasozlik zavodlari, Mitsubishi Heavy Industries energetika uskunalari zavodi kiradi.
Yirik kompaniyalar
Bosh qarorgohi Kobeda joylashgan Yaponiyaning yirik kompaniyalari orasida: Kawasaki Heavy Industries (shu jumladan, uning sho‘ba kompaniyasi Kawasaki Shipbuilding Corporation), Sumitomo Rubber Industries, Kobe Steel, ASICS, Daiei, Co-op Kobe, TOA Corporation, Fujitsu Ten, Ueshima Coffee Company, Sun Television, Kōbe Electric Railway, World Co., Konigs-Krone va Morozoff Ltd..
Kobe shahrida yuzdan ortiq xalqaro korporatsiyaning mintaqaviy bosh qarorgohlari va ofislari mavjud (shundan 24 tasi Xitoy, 18 tasi AQSH va 9 tasi Shveytsariya kompaniyalariga tegishli). Mashhur kompaniyalar: AQSHning Procter & Gamble, Eli Lilly and Company, Toys "R" Us, Tempur-Pedic, Shveytsariyaning Nestle, Germaniyaning Boehringer Ingelheim.
Shuningdek, Kobeda Kobe Milliy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari instituti, Osiyo tabiiy ofatlarni kamaytirish markazi, Kobe biologiya va tibbiyot texnologiyalarini rivojlantirish markazi kabi yirik ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyat yuritadi.
Transport
Kobe orqali muhim temiryo‘l liniyalari — Sanyo-sinkansen (Osaka — Kobe — Fukuoka), JR Kobe Line (Osaka — Kobe — Himedzi), Hankyū Kōbe Main Line (Osaka — Kobe), Hanshin Main Line (Osaka — Kobe) o‘tadi. Kobening asosiy vokzali Sannomiya stansiyasidir. Temiryo‘l tashuvlarida muhim o‘rin tutadigan kompaniyalar quyidagilar: Sanyo Electric Railway, Kōbe Rapid Transit Railway, Kōbe Electric Railway, Kobe New Transit va Hokushin Kyūkō Electric Railway — ularning bosh qarorgohlari Kobeda joylashgan.
Jamoat transportida muhim o‘rin tutadigan Kobe metropoliteni 1977-yilda ochilgan. Kobe quyidagi muhim avtomagistrallar chorrahasida joylashgan: Meishin Expressway (Nagoya — Kobe — Nisinomiya), Hanshin Expressway (Osaka — Kobe — Kioto), San’yō Expressway (Kobe — Xirosima — Yamaguti) va Chūgoku Expressway (Osaka — Kobe — Simonoseki).
Shahar yaqinida Kobe aeroporti joylashgan. U kattaligi bo‘yicha Kansay mintaqasida uchinchi o‘rinda turadi.
Ta’lim
Kobeda 169 ta davlat boshlang‘ich maktabi va 83 ta davlat o‘rta maktabi bor; ularda mos ravishda 80 200 va 36 000 nafar o‘quvchi tahsil oladi. Shuningdek, shaharda 4 ta xususiy boshlang‘ich maktab va 14 ta xususiy o‘rta maktab mavjud bo‘lib, ularda mos ravishda 82 000 va 42 300 nafar o‘quvchi o‘qiydi.
Kobeda 28 ta munitsipal yuqori sinf maktabi va 25 ta xususiy yuqori sinf maktabi faoliyat yuritadi. Boshqa barcha yuqori sinf maktablarini Hyogo prefekturasi davlat ta’lim komissiyasi boshqaradi. 2006-yil ma’lumotlariga ko‘ra, yuqori sinf maktablaridagi o‘quvchilar umumiy soni 43 400 nafar edi.
Shuningdek, Kobeda 18 ta davlat va xususiy universitet hamda 8 ta texnikum mavjud. 2006-yilda ularda mos ravishda 67 000 va 4 100 nafar talaba tahsil olgan.
Diqqatga sazovor joylar
Diqqatga sazovor joylari: Kobe shahar muzeyi, Arxeologik madaniy meros markazi, Minatodzava maqbarasi, Suma ibodatxonasi, Kobe masjidi, Sorakuen bog‘i, Yamamoto ko‘chasidagi eski Yevropa mavzelari, akvarium, port minorasi. Giperboloid to‘rsimon konstruksiyali Kobe port minorasi rossiyalik muhandis V. G. Shuxov minoralariga o‘xshaydi. U 1968-yilda qurilgan bo‘lib, port va shahar panoramasini tomosha qilish uchun xizmat qiladi hamda kuniga 3000 nafar sayyohni qabul qilishga mo‘ljallangan.
Dekabr oyida shaharda Yorug‘lik festivali o‘tkaziladi. Unga taxminan to‘rt million kishi tashrif buyuradi.
Shaharni Avadzi oroli bilan Akasi-Kaykyo ko‘prigi bog‘laydi. U dunyodagi eng uzun osma ko‘prik hisoblanadi.
Birodarlashgan shaharlar
Barselona, Ispaniya (6-aprel 1993-yil)
Brisben, Avstraliya (16-iyul 1985-yil)
Inchxon, Koreya Respublikasi (6-aprel 2010-yil)
Kadis, Ispaniya
Marsel, Fransiya (2-iyul 1961-yil)
Riga, Latviya (18-iyun 1974-yil)
Rio-de-Janeyro, Braziliya (19-may 1969-yil)
Sietl, AQSH (21-oktabr 1957-yil)
Terni, Italiya
Tyanszin, Xitoy (24-iyun 1973-yil)
Faysalobod, Pokiston (2000)
Filadelfiya, AQSH (17-oktabr 1986-yil)
Xayfa, Isroil (2004)
Havolalar
Mazkur Vikimedia omborida mavzuga oid mediafayllar mavjud: Kobe- Rasmiy sayt (yapon.)
