| Shahar | |
| Jaypur | |
|---|---|
| hindcha जयपुर ingl. Jaipur | |
| 26°55′ sh. k. 75°52′ sh. u.HGЯO | |
| Mamlakat |
|
| Shtat | Rajastxan |
| Mer | Somya Gurjar |
| Tarix va geografiya | |
| Asos solingan | 1727 |
| Maydoni | 467 km² |
| Dengiz sathidan balandligi | 431 m |
| Vaqt mintaqasi | UTC+5:30 |
| Aholi | |
| Aholi soni | 3 073 350 kishi (2011) |
| Aholi zichligi | 15 336 kishi/km² |
| Raqamli identifikatorlar | |
| Telefon kodi | +91 141 |
| Pochta indeksi | 3020xx |
| Avtomobil kodi | RJ-14 |
|
|
|
| jaipur.nic.in (ingl.) | |
Jaypur (hindcha जयपुर, ingl. Jaipur) — eng yirik shahar va Hindistondagi Rajastxan shtatining poytaxti.
Qurilishda ishlatilgan toshning o‘ziga xos pushti rangi sababli «Pushti shahar» deb ataladigan Jaypurga 1727-yilda Dxundxar maharojasi Savai Jay Singx II (1699—1743-yillarda hukmronlik qilgan) tomonidan davlatning yangi poytaxti sifatida asos solingan.
Umumiy ma’lumot
Jaypur — jangchi urug‘lar guruhi (rajputlar)ning vatani. Ular Hindistonning bu hududini 1000 yildan ortiq vaqt davomida nazorat qilgan. Yosh bengaliyalik me’mor Vidhiadhar Bxattacharya ishlab chiqqan shahar loyihasi qadimgi hind me’morchiligi qoidalariga, jumladan, mahallalarning to‘rtburchak shaklda joylashtirilishi tamoyiliga muvofiq tuzilgan. Butun Jaypur dushman qo‘shinlari va yovvoyi hayvonlardan shaharni himoya qiluvchi devor bilan o‘ralgan va to‘qqizta to‘rtburchak sektorga bo‘lingan. O‘sha davrda Jaypur to‘rtburchak reja asosida qurilgan yagona hind shahri edi.
Geografiya va iqlim

Jaypur Hindistonning Rajastxan shtati sharqida, dengiz sathidan 431 m balandlikda joylashgan. Jaypur okrugidan Banas va Banganga daryolari oqib o‘tadi.
Shahar iqlimi tropik hisoblanadi. Eng issiq davr aprel oyidan iyulgacha davom etadi, bu paytda o‘rtacha harorat 30 °C dan oshadi. Musson mavsumi iyuldan sentyabrgacha davom etadi, o‘rtacha yillik yog‘in miqdori: 668 mm. Qish davrida (oktyabr — fevral) iqlim nisbatan mo‘tadil bo‘lib, o‘rtacha harorat 15—18 °C ni tashkil etadi, yog‘in esa umuman bo‘lmaydi yoki juda kam yog‘adi.
| Ko‘rsatkich \ Davr | Yan | Fev | Mar | Apr | May | Iyun | Iyul | Avg | Sen | Okt | Noy | Dek | Yil |
|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|
| Mutlaq maksimal t, °C | 30 | 32 | 40 | 43 | 45 | 43 | 45 | 39 | 39 | 38 | 37 | 32 | 45 |
| O‘rtacha maksimal t, °C | 22,4 | 25,4 | 31,3 | 37,0 | 40,3 | 39,5 | 34,2 | 32,3 | 33,5 | 33,5 | 29,1 | 24,4 | 31,9 |
| O‘rtacha harorat, °C | 15,3 | 18,2 | 23,6 | 29,3 | 33,0 | 33,5 | 30,0 | 28,4 | 28,4 | 26,2 | 21,3 | 16,8 | 25,3 |
| O‘rtacha minimal t, °C | 8,2 | 10,9 | 16,0 | 21,6 | 25,7 | 27,5 | 25,8 | 24,5 | 23,2 | 19,0 | 13,4 | 9,2 | 18,7 |
| Mutlaq minimal t, °C | 1 | 0 | 5 | 12 | 17 | 21 | 16 | 20 | 19 | 10 | 6 | 3 | 0 |
| Yog‘in miqdori (me’yor), mm | 7,5 | 10,2 | 4,5 | 8,3 | 16,7 | 54,7 | 214,0 | 213,6 | 69,4 | 23,3 | 4,2 | 3,0 | 629,4 |
| Manba: , manba? | |||||||||||||
Aholi
2001-yilgi aholini ro‘yxatga olish ma’lumotlariga ko‘ra, shahar aholisi 3 722 575 kishini, Jaypur okrugi aholisi esa 6 651 071 kishini tashkil etgan. Okrugda savodxonlik darajasi 69,8 % bo‘lgan (erkaklar orasida 82,8 %, ayollar orasida 55,52 %). Har 1000 erkakka 897 ayol to‘g‘ri kelgan. Eng keng tarqalgan tillar: hind tili va rajastxani tili. Aholining bir qismi ingliz, panjob va sindhi tillarida so‘zlashadi.
Transport
Jaypur xalqaro aeroporti Sanganer chekka hududida, shahar markazidan taxminan 13 km uzoqlikda joylashgan. Bu shtatdagi yagona xalqaro aeroport bo‘lib, undan mamlakatning yirik shaharlariga ichki reyslar hamda Dubay, Maskat va boshqa shaharlarga xalqaro reyslar amalga oshiriladi.
Hozirda Jaypur metropoliteni tizimi qurilmoqda. Uning birinchi liniyasi 3-iyun 2015-yilda ochilgan. Shaharda Hindiston temiryo‘llarining Shimoli-g‘arbiy mintaqasi bosh qarorgohi joylashgan. Jaypur temiryo‘l orqali mamlakat shimolidagi yirik shaharlar bilan qulay bog‘langan.
8-raqamli milliy avtomagistral Jaypurni Dehli va Bombey bilan, 12-raqamli magistral Kota shahri bilan, 11-raqamli magistral esa Bikaner va Agra bilan bog‘laydi.
Madaniyat
2006-yildan buyon shaharda Jaypur adabiyot festivali.
Diqqatga sazovor joylar

Jaypurning diqqatga sazovor joylarining aksariyati devor bilan o‘ralgan eski shahar hududida joylashgan. Shahar bilan tanishishning eng yaxshi usuli — piyoda sayr qilish.
Shahar saroyi
Devor bilan o‘ralgan qadimiy shaharning yettidan bir qismini egallagan sobiq maharoja saroyi bir vaqtning o‘zida ikki me’moriy uslubda — rajput (Rajastxan) va boburiylar (Mug‘al) uslublarida qurilgan. Majmua tarkibiga Chandra Mahal, Govind Dev[ingl.] ibodatxonasi va «Siti Peles» muzeyi kiradi. Saroyda kiyim-kechak va qurollarning ajoyib to‘plamiga ega muzey, miniatyuralar hamda gilamlar kolleksiyasi saqlanadigan san’at galereyasi mavjud.
Jantar-Mantar
Hindistonning besh xil shahrida Savai Jay Singx II tomonidan qurdirilgan beshta rasadxonaning eng kattasi. Rasadxonada o‘rta asrlar astronomiya ilmining eng yuksak yutuqlari deb hisoblash mumkin bo‘lgan asboblar saqlanadi.
Hava-Mahal
Hava-Mahal yoki Shamollar saroyi Jaypurning ramziga aylangan. Ustunlar va balkonlar bilan bezatilgan ushbu besh qavatli pushti tosh bino 1799-yilda qurilgan. Hava-Mahal shahar saroy majmuasining bir qismi bo‘lib, unga XIX asr oxirida qurilgan Muborak-Mahal (Mehmonlar saroyi) ham kiradi.
Sarga-Suli
Isar-Let deb ham ataladigan shaharning eng baland minorasi 1749-yilda qurilgan. Yaqinda[qachon?] u tashrif buyuruvchilar uchun ochilgan. Minora — shahar manzarasini eng yaxshi tomosha qilish mumkin bo‘lgan joy.
Galtaji
Shaharning sharqida joylashgan qadimiy ziyoratgoh. Yam-yashil o‘simliklar bilan o‘ralgan ibodatxonalar, ayvonlar, hovuzlar va muqaddas suvli buloqlar sayyohlar e’tiborini darhol tortadi. Tepalik cho‘qqisida qurilgan Quyosh xudosiga bag‘ishlangan kichik ibodatxonani shaharning istalgan nuqtasidan ko‘rish mumkin.
Amber saroyi
Saroy-qal’a Amber Jaypurdan shimolga 11 km masofada joylashgan. Bu ikki asr davomida barpo etilgan saroylar, zallar, ayvonlar, bog‘lar va ibodatxonalardan iborat nihoyatda go‘zal majmuadir. Uning jiddiy va salobatli tashqi ko‘rinishi ortida boburiylar va rajastxan me’morchilik uslublari eng mukammal tarzda uyg‘unlashgan hashamatli interyer yashiringan. Ko‘z oldingizda namoyon bo‘ladigan zallarni sharqona hashamat namunasi deyish mumkin. Urush va ov manzaralarini aks ettirgan devoriy rasmlar qimmatbaho toshlar va ko‘zgular bilan bezatilgan. Saroy oldida Maota ko‘li joylashgan bo‘lib, uning sokin suv yuzasida Amberning go‘zalligi aks etadi.
Jaygarx qal’asi

O‘rta asrlar Hindistonidagi saroylari, bog‘lari, hovuzlari va ibodatxonalarining avvalgi jilosini saqlab qolgan sanoqli harbiy qal’alardan biri.
Kanak Vrindavan
Yaqinda qayta ta’mirlangan go‘zal va mahobatli ibodatxonalar majmuasi.
Naxargarx qal’asi


Qal’a o‘zining Madhvendra saroyi bilan mashhur. Qoyali tepalik ustida qad rostlagan bu saroy Jaypurning hamma joyidan ko‘rinadi. Ammo saroyga yetib borish uchun riksha va aravalar yura olmaydigan tor hamda gavjum ko‘chalardan piyoda o‘tishga to‘g‘ri keladi.
Savdo rastalari
Do‘konlar, restoranlar va boshqa muassasalar Badi Chaupar hududida Amber saroy-qal’asining har ikki tomonida joylashgan. Jaypur yarim qimmatbaho toshlarga ishlov berish va ularni qirralab sayqallash bo‘yicha dunyodagi eng yirik markazdir. Bu yer hunarmandlarning haqiqiy maskani bo‘lib, ular sizga o‘zlarining mohirona ishlangan buyumlari, rang-barang matolari, arzon va chiroyli qo‘lda yasalgan taqinchoqlari, qimmatbaho va yarim qimmatbaho toshlari hamda javohirlarini taklif etadi.
Shahar bozorlarida boshqa turli hunarmandchilik buyumlari ham ko‘p: sari, sandallar, qo‘lda tayyorlangan qog‘oz, choy, sopol buyumlar va yana ko‘plab narsalar.