Jigar organizmda eng muhim ichki a’zolardan biri bo‘lib, turli xil funksiyalarni bajaradi. U moddalar almashinuvini boshqaradi, zararli toksinlarni zararsizlantiradi, qon ivishiga yordam beradigan moddalarni ishlab chiqaradi hamda energiya uchun zarur bo‘lgan glikogenni g‘amlab turadi. Shu sababli jigarning har qanday shikastlanishi yoki kasallanishi organizm faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Ayniqsa, jigar etishmovchiligi deb ataluvchi holat hayot uchun xavfli bo‘lib, erta aniqlanmasa og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin. Ushbu maqolada jigar etishmovchiligi nima ekanligi, uning asosiy sabablari, klinik belgilari, tashxislash usullari va davolash yo‘llari haqida to‘liq ma’lumot beriladi.
Jigar etishmovchiligi nima?
Jigar etishmovchiligi – bu jigar hujayralari o‘z vazifalarini to‘laqonli bajara olmasligi holatidir. Bu holat organizmda toksinlarning to‘planishi, qon ivishining buzilishi, metabolik muvozanatning yo‘qolishi va boshqa jiddiy muammolarga olib keladi. Jigar yetishmovchiligi ikki xil ko‘rinishda kechadi: o‘tkir va surunkali. O‘tkir jigar etishmovchiligi odatda qisqa vaqt ichida rivojlanadi va tezda hayot uchun xavfli bo‘lib qoladi. Surunkali jigar etishmovchiligi esa uzoq muddatda, ko‘pincha yillar davomida rivojlanadi va asosan jigar sirrozi natijasida yuzaga keladi.
Jigar etishmovchiligining asosiy sabablari
Ushbu holatga olib keluvchi sabablar juda ko‘p bo‘lishi mumkin. O‘tkir jigar etishmovchiligi ko‘pincha zaharlanish, dori vositalarining haddan tashqari qabul qilinishi yoki virusli gepatitlar natijasida yuzaga keladi. Ayniqsa, parasetamolning dozadan ortiqcha iste’moli jigar hujayralarini tezda shikastlaydi. Bundan tashqari, zaharli o‘simliklar yoki kimyoviy moddalarning iste’moli ham jigarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Surunkali jigar etishmovchiligining asosiy sabablaridan biri surunkali gepatit B yoki C viruslari hisoblanadi. Ular uzoq yillar davomida jigar to‘qimalarida yallig‘lanish chaqirib, asta-sekin sirroz holatiga olib keladi. Spirtli ichimliklarning uzoq muddat iste’moli ham jigarning yog‘li distrofiyasi va keyinchalik sirroziga olib kelishi mumkin. Boshqa sabablar orasida yog‘li gepatoz, autoimmun kasalliklar, genetik metabolik buzilishlar va o‘smalar mavjud.
Belgilari va klinik ko‘rinishlari
Jigar etishmovchiligining belgilarini uning shakliga qarab turlicha bo‘lishi mumkin. O‘tkir shaklda bu belgilar birdaniga va tezda kuchaygan holatda yuzaga chiqadi. Bemorlar ko‘pincha to‘satdan kuchli holsizlik, ko‘ngil aynishi, qayt qilish, ishtahaning yo‘qolishi, teri va ko‘zlar sarg‘ayishi, qorin shishishi kabi simptomlardan shikoyat qilishadi. Og‘ir holatlarda bu holat ongning buzilishi, xotira sustligi, hatto koma holatiga olib kelishi mumkin.
Surunkali jigar etishmovchiligi asta-sekin rivojlanadi va dastlabki bosqichlarda deyarli hech qanday simptomlar sezilmaydi. Vaqt o‘tishi bilan bemorda umumiy charchoq, vazn yo‘qotish, qorin bo‘shlig‘ida suyuqlik to‘planishi (assit), oyoq-qo‘llarda shish, qon ketishlarga moyillik, terining qichishishi kabi belgilar paydo bo‘ladi. O‘ta og‘ir holatlarda jigar ensefalopatiyasi – ya’ni toksik moddalar miya faoliyatiga ta’sir qilishi natijasida aqliy o‘zgarishlar yuzaga keladi.
Tashxislash usullari
Jigar etishmovchiligini aniqlashda klinik belgilar muhim o‘rin tutadi, ammo bu holatni aniqlashda laborator va instrumental tekshiruvlar asosiy ahamiyatga ega. Eng avvalo, bemorning qonida jigar fermentlari – ALT, AST, bilirubin, protrombin indeksi kabi ko‘rsatkichlar tekshiriladi. Bu ko‘rsatkichlarning yuqoriligi jigardagi shikastlanish darajasini ko‘rsatadi.

Ko‘pincha ultratovush tekshiruvi yordamida jigar tuzilmasi, hajmi, ichki qon aylanishi baholanadi. Kompyuter tomografiyasi yoki MRT orqali ham jigar to‘qimalarining holatini aniqlash mumkin. Zarur hollarda jigar biopsiyasi – ya’ni jigardan kichik to‘qima namunasi olib, mikroskopik tekshiruv o‘tkaziladi. Barcha tahlillar va tekshiruvlar natijasida jigar etishmovchiligi darajasi va sababi aniqlanadi.
Davolash usullari
Jigar etishmovchiligini davolash sabablarga qarab olib boriladi. O‘tkir jigar etishmovchiligi bo‘yicha asosiy maqsad – jigar hujayralarining yanada ko‘proq shikastlanishini oldini olish va bemorning holatini barqarorlashtirishdir. Bu jarayonda detoksikatsiya muolajalari, infuzion terapiya, vitaminlar, gepatoprotektorlar qo‘llaniladi. Agar sabab zaharlanish bo‘lsa, maxsus antidotlar ishlatiladi. Virusli gepatitlar holatida esa antivirus preparatlar beriladi.
Surunkali jigar etishmovchiligida esa davolash uzoq muddat davom etadi. Asosiy e’tibor sababchi kasallikni bartaraf etishga qaratiladi. Masalan, virusli gepatitda interferonlar va boshqa antivirus vositalari buyuriladi. Spirtli ichimliklarni butunlay tark etish va maxsus parhezga rioya qilish muhim sanaladi. Bundan tashqari, gepatoprotektorlar, diuretiklar, fermentlar va boshqa yordamchi dori vositalari qo‘llaniladi. Juda og‘ir holatlarda esa jigar transplantatsiyasi – ya’ni sog‘lom donor jigari bilan almashtirish tavsiya etiladi.
Hayot tarzi va parhezning roli
Jigar etishmovchiligi bilan og‘rigan bemorlar uchun sog‘lom turmush tarziga o‘tish juda muhim. Spirtli ichimliklar, yog‘li, qovurilgan, konserva mahsulotlaridan voz kechish, protein, vitamin va minerallarga boy, lekin engil hazm bo‘ladigan ovqatlarni iste’mol qilish tavsiya etiladi. Ovqatlanish tartibli, oz-ozdan, tez-tez bo‘lishi kerak. Tuz iste’moli kamaytiriladi, chunki u organizmda suyuqlikni ushlab qoladi va assitni kuchaytiradi.
Bundan tashqari, jismoniy faollik darajasini nazorat qilish, stressdan yiroq bo‘lish, shifokor nazorati ostida bo‘lish ham muhim sanaladi. Har yili muntazam laborator tahlillar topshirish va zarur tekshiruvlardan o‘tish jigar faoliyatining barqarorligini ta’minlaydi.
Xulosa
Jigar etishmovchiligi organizm uchun juda jiddiy va xavfli holat bo‘lib, erta tashxislash va to‘g‘ri davolash orqali hayot sifatini saqlab qolish mumkin. Har qanday sabablarga qaramasdan, jigar sog‘lig‘ini asrash har bir insonning o‘z qo‘lida. Zararli odatlardan voz kechish, vaqtida tekshiruvlardan o‘tish va shifokor tavsiyalariga amal qilish bu kasallikdan saqlanishning eng yaxshi yo‘lidir. Jigar sog‘lig‘i umumiy sog‘likning poydevori ekani unutmaslik lozim.
