Filippin dengizi

Filippin dengizi
Xususiyatlari
Maydoni5 726 000 km²
Hajmi23 522 000 km³
Eng katta chuqurligi10 994 ± 40 m
O‘rtacha chuqurligi4108 m
Joylashuvi
20°23′09″ sh. k. 133°48′48″ sh. u.HGЯO
Mamlakatlar va hududlar
Тихий океан
Точка
Filippin dengizi
Логотип Викисклада Vikimedia Commonsdagi mediafayllar

Filippin dengizi (tagal. Dagat Pilipinas, ingl. Philippine Sea, xit. 菲律宾海, yap. フィリピン海, indon. Laut Filipina) — okeanga mansub orollararo dengiz. Tinch okeanida Filippin arxipelagi yaqinida joylashgan. Maydoni jihatidan Yer yuzidagi ikkinchi eng katta dengiz (Sargasso dengizidan keyin). Uning quruqlikdagi chegaralari aniq belgilanmagan. U okeandan quyidagi orollar guruhlari bilan ajralib turadi: Yapon orollari (Xonsyu, Kyusyu va Ryukyu), g‘arbdagi Tayvan va Filippin orollari; sharqdagi suvosti tizmalari hamda Izu, Ogasavara (Bonin), Kazan va Mariana orollari; janubi-sharqdagi Yap va Palau orollari. Dengizning maydoni 5 mln 726 ming km². O‘rtacha chuqurligi — 4108 m, eng katta chuqurligi esa — 10 994 ± 40 m (Mariana botig‘ida). Hajmi — 23 522 ming km³. Dengizdan Shimoliy passat oqimi va Kurosio oqimi o‘tadi. Suv yuzasining harorati shimolda 15—28 °C dan janubda 27—29 °C gacha. Suvning sho‘rligi shimolda 34,3 ‰ dan janubda 35,1 ‰ gacha. Dengiz tarkibiga Filippin botig‘i va G‘arbiy Mariana botig‘i kiradi. Ularni ajratib turuvchi suvosti tizmasi Kyusyu va Palau orollari orasida joylashgan.

Baliqchilik va kit ovlash faol rivojlangan. Asosiy portlari: Nagoya, Yokogama (Yaponiya), Apra ( Guam oroli).

Dengiz tubining relyefi

Dengiz tubi relyefida o‘tish zonasiga xos belgilar kuzatiladi; bu yerda yirik geomorfologik shakllar keng tarqalgan. Dengiz botig‘i katta maydonni egallagan va murakkab tuzilgan bo‘lib, uni okean tubi bilan qiyoslash mumkin. Bu yerda suvosti tog‘lari, uzunligi 2500 km gacha yetadigan tizmalar va balandligi 3000 m gacha bo‘lgan suvosti vulqonlari uchraydi. Ulardan faqat ayrimlarigina suv yuzasidan ko‘tarilib turadi. Bu hududda dunyodagi eng chuqur botiqlardan biri — Filippin botig‘i joylashgan bo‘lib, u dengizdagi eng chuqur joy hisoblanadi.

Dengizdagi Benham ko‘tarilmasi[ingl.] (Filippin ko‘tarilmasi) hududida dunyodagi eng katta vulqon kalderasi — Apolaki[ingl.] joylashgan. Uning diametri 150 km.

Iqlim

Filippin dengizining iqlimiga, avvalo, uning Tinch okeanining shimoliy qismida, Osiyoga yaqin joylashgani hamda shimoliy kenglikning 35° darajasidan ekvatorgacha cho‘zilgani ta’sir ko‘rsatadi. Dengiz to‘rtta iqlim mintaqasini qamrab oladi: subtropik, tropik, subekvatorial va ekvatorial. Mavsumiy farqlar faqat subtropik mintaqada yaqqol seziladi. Subtropik mintaqada musson shamollari, tropik mintaqada esa passat shamollari ustunlik qiladi. Dengizning boshqa qismlarida o‘zgaruvchan shamollar ham kuzatiladi, tayfunlar tez-tez sodir bo‘ladi.

Shamol tezligi turlicha. Qishda musson shamollarining tezligi 4—6 m/s, passat shamollarining tezligi esa — 5—8 m/s; shimolda — 10 m/s gacha, o‘zgaruvchan shamollarning tezligi — 3 m/s gacha yetadi. Dengizning shimoli-sharqida siklonlar eng faol kuzatiladi, shamol tezligi 20—25 m/s ga yetadi.

Havo harorati shimoldan janubga qarab sezilarli ko‘tariladi. Yanvar — fevral oylarida harorat shimolda 9—10 °C, dengizning markaziy hududlarida 18—24 °C, janubda 25—27 °C  bo‘ladi.

Yozda atmosfera bosimi maydonlari qayta shakllanadi. Sibir antisikloni ta’siri to‘xtaydi. Harorat hamma joyda ko‘tariladi, shu davrda Avstraliya ustida keng antisiklon vujudga keladi. Butun dengiz hududida janubi-sharqiy musson hukmronlik qiladi. Barqaror janubi-sharqiy va shimoli-sharqiy shamollar ustun bo‘ladi. O‘zgaruvchan shamollar faqat janubiy va janubi-g‘arbiy hududlarda kuzatiladi.

Dengizning turli qismlarida suv sho‘rligi nisbatan kam farqlanadi va o‘rtacha 34,5 ‰ atrofida bo‘ladi.

Dengiz oqimlari

Bu yerdagi asosiy oqim — Shimoliy passat oqimi. U 10 va 17 daraja sh. k. oralig‘ida g‘arbga qarab harakatlanadi. Tayvan va Luson orollari yaqinida ikki tarmoqqa ajraladi. Birinchi tarmoq Formoza oqimi deb ataladi va Yaponiyaning Kurosio oqimiga boshlanish beradi. Ikkinchi tarmoq Mariana orollari yaqinida dengiz hududidan chiqib ketadi. Janubga yo‘nalgan tarmoq esa dengizning janubiy chekkasida Passatlararo qarshi oqimni hosil qiladi.

Filippin dengizi Tinch okeani bilan katta hajmdagi suv almashinuvi, shuningdek, suvning turli yo‘nalishdagi kuchli vertikal harakatlari bilan ajralib turadi.

Biologiya

Filippin dengizining Yaponiyadan janubda joylashgan katta qismi sovuq Kuril oqimi (Oyashio) ta’siridagi hududlar va qirg‘oqbo‘yi suvlari bilan solishtirganda biogen elementlarga kambag‘al. Faqat sayoz suvosti ko‘tarilmalari, riflar va suvosti tizmalari yaqinidagi hududlarda hayvonot dunyosi boyroq bo‘lib, u yerda tunets balig‘i, sayra (makrel cho‘rtanbalig‘i), yapon ilonbalig‘i, dengiz toshbaqalari va uchuvchi baliqlar uchraydi.

Adabiyot

  • B. S. Zalogin, A. N. Kosarev. Dengizlar. Moskva, «Misl», 1999-y.
  • Okeanologiya ensiklopediyasi, Leningrad, Gidrometeoizdat, 1974-y.