Bosfor bo‘g‘ozi

Bosfor bo‘g‘ozi
turk. İstanbul Boğazı
Место соединения Босфора с Мраморным морем, вид с европейского берега
Bosforning Marmar dengizi bilan tutashgan joyi, Yevropa qirg‘og‘idan ko‘rinishi
Xususiyatlari
Kengligi0,7—3,7 km
Uzunligi29,9 km
Eng katta chuqurligi120 m
Joylashuvi
41°07′10″ sh. k. 29°04′31″ sh. u.HGЯO
Tutashgan dengizlariQora dengiz, Marmar dengizi
Ajratib turadiFrakiyani — Yevropa qismida va Kichik Osiyoni (Anadoluni) — Osiyo tomonida 
Mamlakat
Турция
Точка
Bosfor bo‘g‘ozi
Мраморноморский регион
Точка
Bosfor bo‘g‘ozi
Логотип Викисклада Vikimedia omboridagi mediafayllar

Bosfor (yunon. Βόσπορος, turk. İstanbul Boğazı) — Yevropa va Kichik Osiyo orasida joylashgan, Qora dengizni Marmar dengizi bilan tutashtiruvchi bo‘g‘oz. Dardanel bo‘g‘ozi bilan birga Qora dengizni Egey dengizi orqali O‘rta yer dengiziga ham tutashadi. Bo‘g‘ozning har ikki sohilida Turkiyaning eng yirik shahri — Istanbul joylashgan. Shahar mos ravishda Pashaeli va Kojaeli yarimorollarining sharqiy va g‘arbiy chekkalarini egallaydi. Bosfor va Dardanel bo‘g‘ozlari Qora dengiz (yoki Turk) bo‘g‘ozlari deb ham yuritiladi. Qora dengiz bilan O‘rta yer dengizi o‘rtasidagi yagona dengiz yo‘lining bir qismi sifatida Bosfor azaldan savdo va harbiy jihatdan katta ahamiyatga ega bo‘lgan va bugun ham strategik muhim bo‘lib qolmoqda. U Jahon okeaniga chiqish uchun Bolgariya, Gruziya, Ruminiya, Ukraina uchun yagona dengiz yo‘li, shuningdek, Rossiya uchun eng muhim dengiz yo‘llaridan biridir.

Nomi

Keng tarqalgan rivoyatlardan biriga ko‘ra, bo‘g‘oz o‘z nomini qadimgi Argos podshohining qizi — Zevsning go‘zal mahbubasi Io bilan bog‘liq. Zevs o‘z xotini Geraning g‘azabidan qochish uchun Ioni oq sigirga aylantirgan. Baxtsiz Io qutulish maqsadida bo‘g‘ozning moviy suvlariga sho‘ng‘ib, suv yo‘lini tanlagan. Shundan buyon bo‘g‘oz «sigir kechuvi», ya’ni Bosfor deb ataladi.

Bosfor ko‘prigi, 1973-yilda qurilgan

Qadimgi yunonlar bo‘g‘ozni «Frakiya Bosfori» deb ham atagan. Bu nom uni «Kimmeriya Bosfori»dan (hozirgi nomi — Kerch bo‘g‘ozi).

Tavsifi

Sun’iy yo‘ldosh tasviri, NASA, 2004-yil. Tasvirning yuqori qismida — Qora dengiz, pastki qismida esa — Marmar dengizi

Bo‘g‘ozning uzunligi taxminan 30 km. Eng katta kengligi 3700 m (shimolida), eng kichik kengligi esa 700 metr. Kema qatnovi yo‘lining chuqurligi 33 metrdan 80 metrgacha. Bo‘g‘oz eroziya natijasida hosil bo‘lgan va dengiz suvi bilan to‘lgan o‘zan shakliga ega. Bosforda ikki xil oqim mavjud: yuqori qatlamdagi nisbatan chuchukroq va tezroq oqim Qora dengizdan Marmar dengiziga, janubga qarab yo‘naladi (tezligi 1,5—2 m/s); quyi qatlamdagi sho‘rroq va sekinroq oqim esa unga qarama-qarshi yo‘nalishda, Marmar dengizidan Qora dengizga, shimolga qarab oqadi (tezligi 0,9—1 m/s). Bularning barchasini keyinchalik admiral bo‘lgan rus dengizchisi Stepan Osipovich Makarov 1881—1882-yillarda aniqlagan. Qarama-qarshi yo‘nalgan oqimlar Dardanel bo‘g‘ozida ham kuzatiladi.

«Bosfordagi oyli tun».
Rassom: Ivan Ayvazovskiy (1894)

Bosforning aynan qanday sabab bilan va qachon vujudga kelgani mutaxassislar o‘rtasida hanuz bahsli masala bo‘lib qolmoqda. Qora dengiz suvining Marmar dengiziga oqib o‘tishi kamida ilk neopleystotsen davridan boshlab, Pontning Chauda transgressiyasi davrida mavjud bo‘lgan. Shuningdek, Qora dengiz toshqini nazariyasi ham bor. Unga ko‘ra, Bosfor taxminan 8 ming yil avval O‘rta yer dengizi suvlarining Qora dengizga yorib kirishi natijasida paydo bo‘lgan.

Kema qatnovi

Bosfor eng muhim bo‘g‘ozlardan biri bo‘lib, Rossiyaning katta qismi, Ukraina, Kavkazorti mamlakatlari hamda janubi-sharqiy Yevropa uchun O‘rta yer dengizi va Jahon okeaniga chiqish imkonini beradi. Qishloq xo‘jaligi va sanoat mahsulotlaridan tashqari, Bosfor orqali eksportda muhim o‘rinni neft egallaydi. U Rossiya va Kaspiybo‘yi mintaqasidan olib chiqiladi.

Bosfor tranzit kemalari, paromlar va kichik kemalar qatnovining tig‘izligi, oqim tezligining 6 uzelgacha yetishi hamda kuz-qish davrida ob-havoning keskin o‘zgarishi sababli dunyoda kemalar o‘tishi eng murakkab bo‘lgan bo‘g‘ozlardan biridir. Ko‘plab kema qatnovi kompaniyalari kapitanlarga lotsmanlardan tranzit o‘tishda foydalanishni tavsiya etadi. Bo‘g‘ozdagi tranzit tezlik 10 uzeldan oshmasligi kerak. Bo‘g‘ozlardan o‘tish uchun kema toifasiga qarab qariyb ming dollar miqdorida mayoq yig‘imi undiriladi.

1953-yildan 2018-yilgacha Bosforda kemalar ishtirokida qariyb 500 ta avariya sodir bo‘lgan. Eng yiriklari — 1960-yil noyabrida Yugoslaviya va Gretsiya tankerlarining to‘qnashuvi bo‘lib, unda 53 kishi halok bo‘lgan, shuningdek, 1979-yil noyabrida Ruminiya tankeri bilan Gretsiya quruq yuk kemasining to‘qnashuvi bo‘lib, portlash oqibatida tanker ekipajining 42 a’zosi halok bo‘lgan. 2003-yilda Gruziya bayrog‘i ostida suzgan tanker sayozlikka o‘tirib qolgan va natijada 480 tonna neft to‘kilgan. 2018-yilda Malta bayrog‘i ostidagi quruq yuk kemasi qirg‘oqdagi XIX asrga oid tarixiy binoga borib urilgan.

Bo‘g‘ozning dastlabki o‘tkazish imkoniyati yiliga 25 000 ta kemani tashkil etgan. Hozir Bosfor orqali yiliga 40 mingdan ortiq kema o‘tadi. Bo‘g‘ozning o‘tkazish imkoniyati va yuklanishi bilan bog‘liq muammoni kema qatnoviga mo‘ljallangan Istanbul kanalini Istanbulning g‘arbida uzunligi 50 dan 100 km gacha qilib qurish orqali hal etish rejalashtirilgan.

Transport aloqalari

Fotih Sulton Mehmed ko‘prigi, 1988-yilda qurilgan
Yovuz Sulton Salim ko‘prigi, 26-avgust 2016-yilda ochilgan

Bo‘g‘ozning ikki qirg‘og‘ini uchta ko‘prik va ikkita tunnel bog‘laydi (shimoldan janubga):

  • avtomobil va temiryo‘l uchun mo‘ljallangan Yovuz Sulton Salim ko‘prigi (1408 m; 2016-yilda qurib bitkazilgan) bo‘g‘ozning shimolida, Qora dengiz sohilida joylashgan;
  • avtomobil qatnoviga mo‘ljallangan Fotih Sulton Mehmed ko‘prigi (1090 m; 1988-yilda qurilgan), birinchi ko‘prikdan 5 km shimolda joylashgan;
  • avtomobil qatnoviga mo‘ljallangan Bosfor ko‘prigining asosiy oralig‘i 1074 metrni tashkil etadi (1973-yilda qurib bitkazilgan);
  • temiryo‘l tunneli «Marmaray[ingl.]» Istanbul shahri Yevropa qirg‘og‘idagi Kazlicheshme va Osiyo qirg‘og‘idagi Ayriliqcheshme tumanlari o‘rtasida qurilgan (umumiy uzunligi — 13.6 km, suv ostidagi qismi — 1.4 km; 2013-yilda ochilgan). U Marmaray loyihasi doirasida Istanbulning Yevropa va Osiyo qismlaridagi tezyurar transport tizimlarini birlashtirgan;
  • avtomobil tunneli «Yevrosiyo» Kazlicheshme va Gyoztepe tumanlari o‘rtasida joylashgan (uzunligi — 14,5 km, shundan 5,4 km bo‘g‘oz ostidan 106 metr chuqurlikda o‘tadi); 2016-yil dekabrida ochilgan.

Tarixi

Qora dengiz va O‘rta yer dengizi o‘rtasidagi yagona yo‘lning bir qismi sifatida Bosfor savdo hamda harbiy sohada katta ahamiyatga ega. Uni nazorat qilish bir qator mojarolarning, xususan, Rossiya–Turkiya urushining (1877—1878-yillar), shuningdek, Birinchi jahon urushi davrida ittifoqchi davlatlarning Dardanel bo‘g‘oziga hujum qilishi bilan bog‘liq 1915-yilgi Gallipoli jangining asosiy maqsadlaridan biri bo‘lgan.

Qadimgi yunon, fors, Rim va Vizantiya davrlari (1453-yilgacha)

Yunon shahar-davlati Afina miloddan avvalgi V asrda Skifiyadan don importiga qaram bo‘lgani uchun bo‘g‘ozlarni nazorat qiluvchi shaharlar, jumladan, Vizantiy bilan ittifoqchilik munosabatlarini saqlagan.

Fors shohi Doro I Buyuk skiflarni bo‘ysundirishga urinar ekan, Bosforni kesib o‘tib, so‘ng Dunay daryosi tomon yo‘l olgan. Uning qo‘shini qayiqlardan yasalgan suzuvchi ko‘prik orqali bo‘g‘ozdan o‘tgan. Oradan ko‘p yillar o‘tib, Kserks I Yunonistonga bostirib kirganida Dardanel (Gellespont) bo‘g‘ozi ustiga ham xuddi shunday qayiqli ko‘prik qurilgan.

Usmonlilar davri (1453—1922)

29-may 1453-yilda Usmonli imperiyasi uzoq davom etgan qamaldan keyin Konstantinopolni egalladi. Qamal paytida usmonlilar bo‘g‘ozning ikki tomonida Anadolisor (1393) va Rumelisor (1451) istehkomlarini qurgan. Ular asosiy jangga tayyorgarlikdan tashqari, Bosfor va undan o‘tuvchi suv yo‘llari ustidan uzoq muddatli nazorat o‘rnatish maqsadiga ham xizmat qilgan. Xristofor Kolumbning 1492-yilda Amerikaga ilk sayohati bilan bir qatorda, 1453-yilda Konstantinopolning zabt etilishi O‘rta asrlarga yakun yasab, Uyg‘onish davri va Buyuk geografik kashfiyotlar davri boshlanganini bildirgan muhim voqealardan biri hisoblanadi.

XVI—XVIII asrlar oralig‘idagi ravnaq davrida Usmonli imperiyasi Bosforning strategik ahamiyatidan mintaqaviy maqsadlarini kengaytirish va o‘zi «usmonlilar ko‘li» deb hisoblagan butun Qora dengiz havzasi ustidan nazorat o‘rnatish uchun foydalangan.

Keyinchalik bir qator xalqaro shartnomalar ushbu suvlarda kemalarning o‘tishini tartibga soldi. 8-iyul 1833-yildagi Unkyar-Iskelesi shartnomasiga ko‘ra, Rossiya talabiga binoan Bosfor va Dardanel bo‘g‘ozlari boshqa davlatlarning dengiz kemalari uchun yopilishi kerak edi. Bo‘g‘ozlar to‘g‘risidagi London konvensiyasi, 13-iyul 1841-yilda Rossiya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Avstriya va Prussiya o‘rtasida tuzildi. Unga ko‘ra, Usmonli imperiyasining «qadimiy tartibi» tiklanib, urush paytida sulton ittifoqchilarining kemalaridan tashqari barcha harbiy kemalar uchun Turk bo‘g‘ozlari yopildi.

Birinchi jahon urushidan so‘ng Sevr shartnomasi (1920) bo‘g‘ozni harbiylashtirilmagan hududga aylantirib, uni Millatlar Ligasi nazoratidagi xalqaro hudud deb belgiladi.

Turkiya Respublikasi davri (1923-yildan hozirgacha)

Lozanna shartnomasiga (1923) muvofiq bo‘g‘ozlar Turkiyaga qaytarildi, ammo barcha xorijiy harbiy va savdo kemalariga erkin o‘tishga ruxsat berildi. Keyinchalik kemalar qatnovi tartibi Montryo konvensiyasi (20-iyul 1936-yil) bo‘g‘ozlar rejimini belgiladi. Unga ko‘ra, Turkiya Qora dengizbo‘yi davlati bo‘lmagan mamlakatlarning dengiz tashuvlarini cheklash huquqini saqlab qoladi.

Turkiya Ikkinchi jahon urushida 1945-yil fevraligacha betaraf bo‘lib qoldi. Bu davrda bo‘g‘ozlar urushayotgan mamlakatlarning harbiy kemalari uchun yopilgan, ammo ayrim nemis yordamchi kemalariga tranzit o‘tishga ruxsat berilgan. Bu holat, shuningdek, Stalinning Turkiyaning Kars, Artvin va Ardahon viloyatlarini Sovet Ittifoqiga qaytarish talablari (Turkiya bu hududlarni 1877—1878-yillardagi Rossiya–Turkiya urushida yo‘qotgan va 1921-yilgi Kars shartnomasi asosida qaytarib olgan edi) Turkiyaning tashqi siyosatda betaraflikdan voz kechish qaroriga ta’sir ko‘rsatgan. Turkiya 1945-yil fevralda Germaniyaga urush e’lon qildi, ammo hujumkor jangovar harakatlarda qatnashmadi.

XXI asr boshida Turk bo‘g‘ozlari neft sanoati uchun ayniqsa muhim ahamiyat kasb etdi. Rossiya nefti tankerlar orqali Bosfor va Dardanellardan o‘tib, asosan G‘arbiy Yevropa va AQSHga eksport qilinadi. 2011-yilda Turkiya Silivri orqali ikkinchi suv yo‘li sifatida 50 kilometrlik kanal qurishni rejalashtirdi.

15-sentabr 2024-yilda estoniyalik dorboz Yaan Rooze ilk bor Bosforni Osiyodan Yevropaga 47 daqiqada arqon ustida yurib kesib o‘tdi. Arqon Bosfor ko‘prigi tayanchlari orasida taxminan 165 m balandlikda tortilgan edi.

Bosfor san’atda

  • She’r: Sergey Yeseninning «Men hech qachon Bosforda bo‘lmaganman» she’ri, 1924.
  • Josuslik romani: Jerar de Vilyening «Istanbuldagi SAS» josuslik romani, 1965.
  • Nasriy asar: Elchin Safarlining «Bosforning shirin tuzi» nasriy asari, 2008.
  • Reper Oxxxymironning «Dreyk bo‘g‘ozi» qo‘shig‘idagi «Sening qizing — Bosfor, eng tor bo‘g‘oz» satri, 2013.

Adabiyotlar