
Bakteriologiya (yunon. βακτηρία — bakteriya, yunon. λόγος — taʼlimot) — mikrobiologiyaning bakteriyalarni o‘rganuvchi bo‘limi. U bir nechta mustaqil yo‘nalishga bo‘linadi:
- Umumiy bakteriologiya — bakteriyalarning morfologiyasini, fiziologiyasini va biokimyosini, shuningdek, ularning irsiyatini, evolyutsiyasini va tabiatda tarqalishini o‘rganadi.
- Tibbiyot va veterinariya bakteriologiyasi — kasallik qo‘zg‘atuvchi bakteriyalarning biologiyasini, odam va hayvonlardagi yuqumli kasalliklarni aniqlash va davolash usullarini o‘rganadi.
- Qishloq xo‘jaligi bakteriologiyasi — bakteriyalarning tuproq unumdorligi va tuzilishiga, o‘simliklar oziqlanishiga taʼsirini hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlashdagi ahamiyatini o‘rganadi (masalan, siloslash, achitish).
- Sanoat bakteriologiyasi — bakteriyalar yordamida spirtlar, organik kislotalar, fermentlar, aminokislotalar, antibiotiklar, o‘sish stimulyatorlari hosil qilish jarayonlarini o‘rganadi.
Bakteriologiya fanining rivojlanishiga shifokorlar tomonidan kasalliklarning mikrob nazariyasini tekshirish va amaliyotda qo‘llash zarurati, shuningdek, oziq-ovqat mahsulotlarining buzilishi bilan bog‘liq muammolar turtki bo‘ldi. So‘nggi yuz yillikdagi asosiy yutuqlarga ko‘plab samarali vaksinalarni ishlab chiqish va antibiotiklarni kashf etish kiradi.
Tarix

Bakteriyalarni ilk bor niderlandiyalik tabiatshunos Antoni van Levenguk 1676-yilda o‘zi yasagan mikroskop yordamida kuzatgan va kuzatuvlarini London Qirollik jamiyatiga yuborgan maktublarida eʼlon qilgan.
Venalik shifokor Markus fon Plensits yuqumli kasalliklarni Levenguk kashf etgan mayda organizmlar keltirib chiqarishini taʼkidlagan. «bakteriya» atamasi esa keyinchalik, 1828-yilda Kristian Gotfrid Erenberg tomonidan kiritilgan bo‘lib, yunoncha βακτήριον — «bakterion» so‘zidan kelib chiqqan va «kichik tayoqcha» degan maʼnoni anglatadi.
Bakteriologiyaning asoschilaridan yana biri nemis olimi Ferdinand Kon hisoblanadi, chunki u birinchi bo‘lib bakteriyalarni morfologik belgilariga ko‘ra tasniflagan.

XIX asr o‘rtalaridan bakteriyalarning kimyoviy tarkibi, o‘sishi va ko‘payishini faol o‘rganish davri boshlandi. Bu davrda fransuz kimyogari Lui Pasterning tirik organizmlar bijg‘ishning sababi ekanini aniqlashi kasalliklarning zamonaviy mikrob nazariyasi va antiseptik davolash usuliga asos bo‘ldi. Germaniyalik mikrobiolog Robert Kox bilan birga Paster kasalliklarning mikrob nazariyasini ilk qo‘llab-quvvatlagan olimlardan biri edi. 1881-yilda Paster barcha ehtimoliy yuqumli kasalliklarning oldini olish dasturini ishlab chiqishga kirishdi. U hayvonlar uchun, jumladan, tovuqlardagi xolera hamda kuydirgiga qarshi vaksinalarni yaratdi va birinchi bo‘lib qo‘lladi. Lui Paster tadqiqotlari tufayli dezinfeksiyaning tibbiyotda, xususan, qo‘llarga ishlov berishda muhimligi uzil-kesil tasdiqlandi va olimlar Zemmelveys hamda Listerning tibbiyot hamjamiyati uzoq vaqt tan olmagan ishlari asosida keng amaliyotga joriy etildi.

Keyinchalik, XIX asrda mikroorganizmlar bilan kasalliklar o‘rtasidagi bog‘liqlik aniqlana boshlandi. Xususan, italiyalik anatom Filippo Pachini 1854-yilda Florensiya shahrida Vibrio cholerae — xolera bakteriyasini ajratib oldi va ushbu bakteriyaning xoleradan vafot etgan bemorlar ichagida mavjudligi bilan kasallik o‘rtasidagi aniq bog‘liqlikni ko‘rsatdi. Shunga qaramay, xolera qo‘zg‘atuvchisining kashf etilishi ko‘pincha uni 1884-yilda qayta kashf qilgan Robert Koxga nisbat beriladi. Kox xolera va kuydirgini, shuningdek, silni o‘rgangan. Silni o‘rganish jarayonida kasalliklarning mikrob nazariyasini isbotlagani uchun u Nobel mukofotini 1905-yilda oldi. U organizmning kasallikka sababchi ekanini aniqlash mezonlarini belgiladi. Keyinchalik bu mezonlar Kox postulatlari deb nomlandi. Kox va Paster tibbiy davolashda antiseptikaning rivojlanishiga katta hissa qo‘shdi. XIX asr oxirida bo‘yoqlar hamda mikroorganizmlarni oziqa muhiti solingan idishlarda ajratib olish usulidan foydalanuvchi zamonaviy bakteriologik texnika joriy etildi.
XIX asrdayoq ko‘plab kasalliklarni bakteriyalar keltirib chiqarishi maʼlum bo‘lganiga qaramay, XX asrgacha bakterial infeksiyalarni samarali davolash usullari mavjud emas edi. 1910-yilda nemis shifokori Paul Erlix birinchi antibiotikni yaratdi. Buning uchun u Treponema pallidum, yaʼni zaxm qo‘zg‘atuvchisini tanlab bo‘yaydigan bo‘yoqlar o‘rniga bakteriyani tanlab yo‘q qiluvchi birikmalarni ishlatdi. Dori mishyak asosida tayyorlanib, salvarsan deb ataldi (lot. salve — sog‘lom, va lot. Arsenicum — mishyak). Tadqiqotlar Erlix preparatining samaradorligini tasdiqladi. Shundan so‘ng Hoechst kompaniyasi salvarsan ishlab chiqarish uchun jahon miqyosidagi patentni hamda ulkan savdo bozorini qo‘lga kiritdi.
Salvarsan va undan ham samaraliroq hamda kamroq zaharli neosalvarsan maqsadli taʼsir ko‘rsatuvchi ilk dorilar bo‘ldi. Ular penitsillin 1940-yilda qo‘llanila boshlanguniga qadar davolashda keng ishlatilgan. Antibiotikning kashf etilishi sintetik dorilar yordamida antimikrob terapiya davrini boshlab berdi.
Bakteriyalarni o‘rganishda muhim qadam 1977-yilda, amerikalik mikrobiolog Karl Vyose arxeyalarning bakteriyalardan alohida evolyutsion yo‘nalishga ega ekanini aniqlaganida qo‘yildi. U taklif etgan uch domenli tizim barcha hujayrali hayot shakllarini uchta olamga (domenga) ajratdi: arxeyalar, bakteriyalar va eukariotlar.
Bakteriologik tadqiqotlar

Bakteriologik tahlil
Bakteriologik tahlil — mikroorganizmlarni ajratib olish va ularning antimikrob preparatlarga sezgirligini aniqlash jarayoni bo‘lib, yuqumli kasallik sababini topish hamda tegishli davolash usulini tanlash imkonini beradi.
Usul tekshirilayotgan materialni oziqa muhitiga ekish, qo‘zg‘atuvchining sof kulturasini ajratib olish va uni identifikatsiya qilishdan iborat. Umuman olganda, bakteriologik tekshiruv bir necha bosqichda o‘tkazilib, bir necha sutkagacha davom etadi.
Qo‘zg‘atuvchining turi quyidagi belgilar asosida aniqlanadi:
- morfologiyasi
- turli bo‘yoqlar bilan bo‘yalish xususiyati
- sunʼiy oziqa muhitlarida o‘sish xususiyati
- biokimyoviy xususiyatlari (jumladan, fermentatsiya orqali uglevodlar va oqsillarni parchalash).
Ajratib olingan kulturaning mikroorganizmlarning muayyan turiga mansubligi yakuniy ravishda immunologik reaksiyalar va qo‘zg‘atuvchining antigen tuzilishini o‘rganish yordamida belgilanadi.
Shifokor uchun antimikrob davolashning qanchalik samarali kechayotganini bilish muhim. Shu sababli kasallik va davolash davomida mikroorganizmlar tarkibining sifat va miqdor jihatidan o‘zgarish dinamikasini baholash zarur. Bakteriologik diagnostika usuli yordamida infeksion jarayonning oqibatlarini aniqlash mumkin.
Hozirda yuqumli kasalliklarning asosiy qo‘zg‘atuvchilari shartli-patogen mikroorganizmlar bo‘lgani uchun ajratib olingan mikrofloraning patogenligini baholash muhim.

Bakteriologik tekshiruv uchun materiallar
- Qon
- Siydik
- Najas
- Orqa miya suyuqligi
- O‘t suyuqligi
- Balg‘am
- Burun va halqumdan olingan surtma
- Infeksiyalangan yaralardan ajralmalar
- Yopiq yaralarning hamda abssesslarning ichidagi material
- Ajralma: bachadon bo‘yni kanalidan olingan
- Ajralma: uretradan olingan
- Punksion materiallar
- Ko‘zning yuqumli kasalliklarida olingan namunalar
- Quloqning yuqumli kasalliklarida olingan namunalar.
Bakteriologik tekshiruvning afzalliklari va kamchiliklari
Afzalliklari (bakteriologik ekish usulining):
• Usulning yuqori spetsifikligi
• Tekshiruv uchun insonning istalgan biologik suyuqligidan namuna olish mumkin
• Aniqlangan patogenning muayyan doriga sezgirligini belgilash orqali dori bilan davolashni yuqori aniqlikda tayinlash mumkin.
Kamchiliklari (bakteriologik ekish usulining):
• Tahlilning uzoq davom etishi
• Material olish va namunani tayyorlashga qo‘yiladigan yuqori talablar
• Bakteriologik laboratoriya xodimlari yetarli darajada malakali bo‘lishi zarurligi.
Adabiyotlar
- Bakteriologiya // Katta sovet ensiklopediyasi : [30 jildda] / bosh muharrir A. M. Proxorov. — 3-nashr. — M. : Sovet ensiklopediyasi, 1969—1978.
- Bakteriologik usullar // Katta tibbiyot ensiklopediyasi : 30 jildda / bosh muharrir B. V. Petrovskiy. — 3-nashr. — M. : Sovet ensiklopediyasi, 1975. — J. 2 : Antibiotiklar — Bekkerel. — 608 b. : rasm.
- Bakteriologik tekshiruv // Veterinariya ensiklopedik lug‘ati — M.: Sovet ensiklopediyasi, 1981. — 640 b.