| Arabiston dengizi | |
|---|---|
| arab. اَلْبَحرْ ٱلْعَرَبِيُّ, fors. دریای عرب, urdu بحیرہ عرب, hindiy अरब सागर, konkani अरब सागर, gujarot. અરબી સમુદ્ર, malayalam അറബിക്കടൽ, maldiv. ޢަރަބި ކަނޑު, marathiy अरबी समुद्र, singal. අරාබි මුහුද, somali Bada Carbeed, ingl. Arabian Sea | |
2012-yil oktabr oyida koinotdan olingan Arabiston dengizi tasviri | |
| Xususiyatlari | |
| Maydoni | 3 862 000 km² |
| Eng katta chuqurligi | 5803 m |
| Joylashuvi | |
| 15°55′10″ shim. k. 63°54′22″ sharq. u.HGЯO | |
| Mamlakat | |
Arabiston dengizi (arab. اَلْبَحرْ ٱلْعَرَبِيُّ, fors. دریای عرب, urdu بحیرہ عرب, hindiy अरब सागर, konkani अरब सागर, gujarot. અરબી સમુદ્ર, malayalam. അറബിക്കടൽ, maldiv. ޢަރަބި ކަނޑު, marathiy अरबी समुद्र, singal. අරාබි මුහුද, somali. Bada Carbeed, tamil. அரபிக்கடல், ingl. Arabian Sea) — chekka dengiz. U Hind okeanining shimoliy qismida joylashgan bo‘lib, g‘arbda Arabiston yarimoroli, sharqda esa Hindiston yarimoroli bilan chegaralanadi.
Dengizning umumiy maydoni — 3 862 000 km². Eng katta kengligi — 2400 km. Eng katta chuqurligi — 5803 m. Dengizga quyiladigan eng yirik daryo — Hind daryosi.
Arabiston dengizi sohillarida Somali, Jibuti, Yaman, Ummon, Eron, Pokiston, Hindiston va Maldiv orollari joylashgan. Eng yirik shaharlari — Karachi, Adan, Maskat, Mumbay, Kochi va boshqalar.
Etimologiyasi
Arabiston dengizi yevropalik va arab dengizchilariga turli nomlar bilan ma’lum bo‘lgan: Eritreya dengizi, Sindhu dengizi (Sindhu Sagar), Yashil dengiz, Ummon dengizi, Fors dengizi va Hind-Arab dengizi.
Chegaralarining tavsifi

Xalqaro gidrografiya tashkiloti Arabiston dengizi chegaralarining quyidagi tavsifini tasdiqlagan:
- g‘arbda: chegarasi Adan qo‘ltig‘ining sharqiy chegarasi bo‘ylab o‘tadi (Gvardafuy burni meridiani (Ras-Asir, 51°16′ sharqiy uzunlik));
- shimolda: chegarani belgilovchi, quyidagi ikki burunni tutashtiruvchi chiziq: Al-Hadd — Arabiston yarimorolining eng sharqiy nuqtasidagi burni (22°32′ shimoliy kenglik) va Jivani burni (61°43′ sharqiy uzunlik), Pokiston sohili;
- janubda: Addu (Maldiv orollari) atollining eng janubiy nuqtasidan Ras-Hafun burnining eng sharqiy nuqtasigacha (Afrika, 10°26′ shimoliy kenglik) o‘tkazilgan chiziq;
- sharqda: Lakkadiv dengizi (Quyidagi yo‘nalish bo‘ylab o‘tkazilgan chiziq: Sadashivgad — Hindistonning g‘arbiy sohilidagi nuqta (14°48′ shim. k. 74°07′ sharq. u.HGЯO) dan Kora-Divh (13°42′ shim. k. 72°10′ sharq. u.HGЯO) oroligacha, so‘ng Lakkadiv va Maldiv orollarining g‘arbiy tomoni bo‘ylab Addu atollining eng janubiy nuqtasigacha o‘tkazilgan chiziq).
Asosiy portlar

Okeanografiya
Eng yirik qo‘ltiqlar: g‘arbda — Adan qo‘ltig‘i, u Qizil dengiz bilan Bob ul-Mandab bo‘g‘ozi orqali tutashadi; shimoli-g‘arbda — Ummon qo‘ltig‘i, u Fors qo‘ltig‘i bilan tutashadi. Hindiston sohilidagi yirik qo‘ltiqlar — Kambey qo‘ltig‘i va Kach qo‘ltig‘i.
Dengiz tubining tuzilishi
Arabiston dengizi Karlsberg tizmasi va Markaziy Hind tizmasining shimoli-g‘arbiy davomi orqali chuqurligi 3600 m dan ortiq bo‘lgan ikkita yirik botiqqa ajraladi: Arabiston botig‘i shimoli-sharqda va Somali botig‘i janubi-g‘arbda joylashgan. Arabiston dengizi botiqlari chuqurligi 1800 m dan kam bo‘lgan ikkita suvosti platosi bilan chegaralangan. Har ikkala plato bo‘ylab chuqurlik deyarli hamma joyda 1800 m dan kam. Karlsberg tizmasining o‘rtacha chuqurligi 1800—3600 m. 3600 m dan ortiq chuqurliklar o‘rta okean tizmasining markaziy qismidagi o‘rta rift vodiysida kuzatiladi. Rift vodiysi Sokotra orolining shimolida g‘arbga burilib, Sharqiy Afrika riftlariga tutashadi. Bu riftlar Adan qo‘ltig‘ining janubi-g‘arbida joylashgan.
Shelfning kengligi Hindiston sohillarida — 120 km, chuqurligi — 220 m gacha; Kambey qo‘ltig‘i yaqinida esa kengligi — 352 km, chuqurligi 90 m. Makran sohilida shelf 35 km gacha torayadi va g‘arbga qarab yanada qisqaradi. Hind daryosi deltasiga yaqin joyda shelfni suvosti kanyonlari kesib o‘tgan. Ummon qo‘ltig‘ining eng ichki qismida loyqa cho‘kindilar bilan qoplangan keng shelf mavjud. Ummon qo‘ltig‘idan 1800 m dan ortiq chuqurliklar aniqlangan Ummon botig‘i davom etadi. Ummon botig‘i Makran sohili bo‘ylab cho‘zilgan novga o‘tadi; bu novni tor Myurrey tizmasi Arabiston botig‘idan ajratib turadi.
Myurrey tizmasi ham janubi-g‘arbda Karlsberg tizmasigacha cho‘ziladi. Arabiston sohillari bo‘ylab materik shelfi tor tasma shaklida joylashgan. Dengiz tubi asosan quruqlikdan keltirilgan yoki shamol ko‘chirgan qumlardan iborat. Qizil dengizga kiraverishdagi Adan qo‘ltig‘ida shelfning ko‘ndalang kengligi taxminan 37 km bo‘lib, uni chuqurligi 183 m dan ortiq bo‘lgan kanal kesib o‘tadi.
Materik yonbag‘ri 2750 m chuqurlikkacha quruqlikdan kelgan cho‘kindilar, botiqlar esa qizil gil bilan qoplangan. Dengiz tubi relyefi mezozoy–kaynozoy davrlarida shakllangan, uning katta qismi esa pliotsenda.
Fizik okeanografiya
Arabiston dengizining iqlimi tropik, mussonli. Qishda shimoli-sharqiy yo‘nalishdagi shamollar ustunlik qilib, ochiq va salqin ob-havo olib keladi. Yozda esa janubi-g‘arbiy shamollar bulutli va nam ob-havoni yuzaga keltiradi. Bahor, yoz va kuzda tayfunlar tez-tez kuzatiladi. Qishda havo harorati +20—25 °C, yozda +25—29 °C bo‘ladi. Yillik yog‘in miqdori g‘arbda 25—125 mm dan sharqda 3000 mm gacha yetadi, yog‘in eng ko‘p yoz oylarida tushadi.
Suv qalqishi va qaytishi notekis, yarim sutkalik bo‘lib, balandligi 5,1 m gacha yetadi. Yuzaki oqimlar qishda g‘arbga, yozda sharqqa yo‘naladi. Suvning yuza qatlami harorati qishda +22—27 °C, yozda +23—28 °C bo‘ladi, may oyida esa eng yuqori qiymat — +29 °C ga yetadi. Janubi-g‘arbiy musson davrida sho‘rlik — 35 ‰ dan kam, shimoli-sharqiy musson davrida esa 36 ‰ dan yuqori. Qizil dengiz va Fors qo‘ltig‘i chuqur suvlarining ta’siri tufayli Arabiston dengizida 1500 m gacha chuqurlikda harorat +5 °C dan yuqori, sho‘rlik esa 35 ‰ dan ortiq bo‘ladi.
Orollar


Arabiston dengizida bir nechta yirik orol bor. Eng kattalari — Sokotra (Yaman), Masira (Ummon), Astola (Pokiston).
Orollardan biri — Astola, shuningdek, Jazira Haft Talar (urdu جزیرہ ہفت تلار) yoki «Yetti tog‘ oroli» deb ham ataladi. U Arabiston dengizining shimoliy chegarasida, Pokiston hududiy suvlarida joylashgan, aholisi yashamaydigan kichik oroldir. Dengiz toshbaqalarini kuzatish mumkinligi sababli ekoturizm uchun mashhur maskan hisoblanadi. Bu yerda yashil dengiz toshbaqasi (Chelonia mydas) va bissa toshbaqasi (Eretmochelys imbracata) kabi noyob turlar uchraydi; ular tuxumlarini plyajlar va qoyalarga qo‘yadi. Bu orol endemik zaharli ilonlarning yashash joyi hamdir (Echis carinatus astolae).
Sokotra (arab. سُقُطْرَى Suquṭra) — Arabiston dengizidagi eng yirik orol bo‘lib, to‘rtta oroldan iborat kichik arxipelag tarkibiga kiradi. Orolning 240 km uzoqlikdagi geografik qo‘shnisi — Afrika shoxi, 380 km shimolda joylashgan yarimorol esa — Arabiston yarimoroli. Orolda uchraydigan o‘simliklarning uchdan bir qismi faqat shu yerda o‘sadi.
Masira (arab. مَصِيْرَة) — Ummonning sharqiy sohilidagi orol. Asosiy xo‘jalik tarmoqlari — baliqchilik va an’anaviy to‘qimachilik. Ilgari kemasozlik ham muhim ahamiyatga ega bo‘lgan. Orol va unga tutash sohillarning notekis relyefi ko‘plab kema halokatlariga sabab bo‘lgan. Quruq iqlim va sho‘r dengiz suvi dou turidagi kemalar qoldiqlarining saqlanishiga yordam bergan. Orol atrofidagi suvlar biologik jihatdan juda mahsuldor: sohil yaqinidagi har qanday qattiq sirtni (bochkalar, dvigatellar) mahalliy fauna vakillari tezda qoplab oladi.
