
Apparat tasodifiy sonlar generatori (haqiqiy tasodifiy sonlar generatori) — tasodifiy sonlar ketma-ketligini davom etayotgan fizik jarayonning o‘lchanadigan, tartibsiz o‘zgaruvchi parametrlariga asoslanib hosil qiladigan qurilma. Bunday qurilmalar ko‘pincha ishonchli entropiya manbalari, jumladan, issiqlik shovqini, shot-shovqin (diskret zaryad tashuvchilar shovqini), fotoelektrik effekt, kvant hodisalari va boshqalardan foydalanadi. Nazariy jihatdan bu jarayonlarni oldindan mutlaqo aytib bo‘lmaydi. Amalda esa ulardan olingan tasodifiy sonlar maxsus statistik testlar.
Apparat tasodifiy sonlar generatorlari, asosan, statistik sinovlar o‘tkazishda va kriptografiyada qo‘llaniladi. Kriptografiyada ular kriptografik kalitlar yaratib, maʼlumotlarni shifrlangan holda uzatishga xizmat qiladi. Bunday qurilmalar internet-kazinolarda ham keng qo‘llanadi, masalan, ruletka o‘yinini taqlid qilish uchun. Biroq amalga oshirish murakkabligi va nisbatan sekin ishlashi sababli bunday generatorlardan foydalanish muayyan soha ehtiyojlari hamda generatorning o‘z tuzilishiga bog‘liq.
Rivojlanishining qisqacha tarixi
Oddiy o‘yin soqqasi o‘tmishda qimor o‘yinlarida , hozir esa stol o‘yinlarida keng ishlatilgan bo‘lib, haqiqiy tasodifiy sonlarning eng sodda generatoridir. 1890-yilda ingliz tadqiqotchisi Frensis Galton ilmiy maqsadlarda tasodifiy sonlar hosil qilish uchun o‘yin soqqalaridan foydalanish usulini tasvirlab bergan.
Apparat tasodifiy sonlar generatorlari rivojidagi keyingi bosqich sifatida maxsus qurilmalar — lototronlarni ko‘rsatish mumkin. Ular lotto va keno o‘yinlarida sonlarni tasodifiy tanlash uchun ishlatiladi. Bunday qurilmalar, asosan, raqamlangan sharlarni aralashtiradigan baraban va ularni navbatma-navbat chiqarib oladigan mexanizmdan iborat. Ammo sonlar hosil qilishning bu usuli juda sekin bo‘lib, katta hajmdagi maʼlumotlarni avtomatik yaratishga yaramaydi.
Amaliy vazifalar uchun katta hajmdagi maʼlumotlar zarur edi. 1939-yilda M. J. Kendall va B. Babington-Smit[inglizcha] tasodifiy sonlar hosil qilishga mo‘ljallangan dastlabki mashinani yaratdilar. Bu mashina jadval[inglizcha]tuzishda ishlatildi. Jadval 100 000 ta tasodifiy sonni o‘z ichiga olgan. Oradan 16 yil o‘tgach, RAND korporatsiyasi maxsus qurilmalar yordamida bir million tasodifiy sondan iborat jadval tuzdi. 1996-yilda J. Marsalya[inglizcha]650 Mbayt tasodifiy sonlar to‘plamini yaratib, jadval usuliga qiziqishni qayta uyg‘otgan bo‘lsa-da, bunday jadvallarning qo‘llanish doirasi juda torligicha qolgan.
Tasodifiy sonlarni real vaqt rejimida hosil qiladigan generatorlar ancha keng tarqaldi. 1951-yilda Ferranti Mark 1[inglizcha] kompyuteriga rezistor shovqinidan foydalanib tasodifiy sonlar hosil qiladigan dastur kiritildi. Ushbu dastur g‘oyasi A. Tyuringga tegishli edi. 1957-yilda esa ERNIE (Electronic Random Number Indicator Equipment)[inglizcha]mashinasi ixtiro qilindi; uning to‘rtinchi versiyasi 2004-yilda taqdim etildi. Dastlab bu qurilma Britaniya lotereyasidagi yutuqli obligatsiyalar raqamlarini hosil qilish uchun mo‘ljallangan.
Tuzilishi
Apparat tasodifiy sonlar generatorlari tanga, o‘yin soqqasi yoki ruletka g‘ildiragi kabi buyumlardan foydalanadigan makroskopik tasodifiy jarayonlarga asoslanishi mumkin. Bunday maʼlumotlarni oldindan aytib bo‘lmasligi beqaror dinamik tizimlar nazariyasi va xaos nazariyasi bilan izohlanadi. Hatto Nyuton tenglamalari bilan to‘liq tavsiflanadigan makroskopik tizimlarning ham amaldagi natijasini oldindan aytib bo‘lmaydi, chunki u boshlang‘ich sharoitning mikroskopik tafsilotlariga bog‘liq.
Fizik tasodifiy jarayonlardan foydalanadigan generatorlar
Asosi makroskopik tasodifiy jarayonlar bo‘lgan qurilmalar amaliy vazifalar uchun yetarli tezlikda tasodifiy sonlar hosil qila olmaydi. Shu sababli zamonaviy apparat tasodifiy sonlar generatorlarining asosida shovqin manbai yotadi. Undan ajratib olinadigan tasodifiy bitlar ishlatiladi. Shovqin manbalari ikki turga bo‘linadi: kvant tabiatli va kvant hodisalaridan foydalanmaydigan manbalar.
Kvant fizikasi qonunlaridan maʼlumki, ayrim tabiiy hodisalar (masalan, atomlarning radioaktiv yemirilishi va vakuum fluktuatsiyasi) mutlaqo tasodifiydir va ularni prinsipial jihatdan oldindan aytib bo‘lmaydi (ayrim hodisalarning ehtimollik tabiatini ko‘rsatgan dastlabki tajribalardan biri Devisson–Jermer tajribasi hisoblanadi). Shuningdek, statistik mexanikaga ko‘ra, harorati mutlaq noldan farq qiladigan har qanday tizimning parametrlarida tasodifiy fluktuatsiyalar kuzatiladi.
Ayrim kvant-mexanik jarayonlar mutlaqo tasodifiy bo‘lgani uchun ular apparat tasodifiy sonlar generatorlari uchun «oltin standart» hisoblanadi. Generatorlarda ishlatiladigan hodisalar quyidagilar:
- Shot-shovqin — elektr zanjirlarida zaryad tashuvchilarining diskretligi tufayli yuzaga keladigan shovqin. Bu atama, shuningdek, optik qurilmalarda yorug‘lik tashuvchisining diskretligi sababli paydo bo‘ladigan shovqinni ham bildiradi. Bu holda shovqin manbai sifatida fotoelektron ko‘paytirgich yoki elektr-vakuumli fotoelementlar.
- Radioaktiv yemirilish shovqin manbai sifatida qo‘llanadi, chunki yemirilishning har bir alohida hodisasi tasodifiydir. Natijada qabul qilgichga (masalan, Geyger hisoblagichi yoki ssintillyatsion hisoblagichga) turli vaqt oraliqlarida turlicha miqdorda zarralar kelib tushadi.
- Spontan parametrik sochilish ham tasodifiy sonlar generatorlarida ishlatilishi mumkin.
Kvant tabiatiga ega bo‘lmagan hodisalarni qayd etish osonroq, ammo ularga asoslangan apparat tasodifiy sonlar generatorlari haroratga kuchli bog‘liq bo‘ladi (masalan, issiqlik shovqinining qiymati atrof-muhit haroratiga mutanosib). Bunday generatorlarda quyidagi jarayonlar ishlatiladi:
- Issiqlik shovqini — rezistordagi shovqin bo‘lib, u kuchaytirilgach, tasodifiy kuchlanishlar generatori hosil bo‘ladi. Xususan, Ferranti Mark 1[inglizcha] kompyuteridagi sonlar generatori shu hodisaga asoslangan.
- Atmosfera shovqini[inglizcha]radioqabul qilgich orqali o‘lchanadi. Shuningdek, qabul qilgich qayd etadigan, kosmosdan uchib keladigan va Yerga tushadigan zarralarni ham shu turga kiritish mumkin. Turli vaqt oraliqlarida bunday zarralar soni tasodifiy bo‘ladi. Random.org veb-xizmati ushbu yondashuvdan foydalanadi.
- Soatlar yurish tezligidagi farq[inglizcha] — turli soatlarning yurishi hech qachon mutlaqo bir xil bo‘lmasligi hodisasidir.
Tasodifiy bitlar ketma-ketligini fizik tasodifiy jarayondan olishning bir necha usuli bor. Ulardan birida hosil bo‘lgan shovqin signali kuchaytiriladi, filtrlanadi va tezkor kuchlanish komparatorining kirishiga uzatiladi, natijada mantiqiy signal olinadi. Komparatorning turli holatlarda qolish davomiyligi tasodifiy bo‘ladi; shu davomiyliklarni o‘lchab, tasodifiy sonlar ketma-ketligini tuzish mumkin. Bunday tizimlarda shovqin generatoridan tashqari boshqa qismlar ham (masalan, elektr taʼminoti liniyasi) shovqin kiritishi mumkinligini hisobga olish kerak. Bu hosil qilinadigan bitlar ketma-ketligining statistik xususiyatlariga sezilarli taʼsir ko‘rsatishi mumkin.
Boshqa usulda tasodifiy signal analog-raqamli o‘zgartirgichning kirishiga uzatiladi (bunda maxsus qurilmalardan ham, kompyuterning audio kirishidan ham foydalanish mumkin). Natijada raqamlashtirilgan signal tasodifiy sonlar ketma-ketligiga aylanadi va unga dasturiy ishlov berilishi mumkin. Shuningdek, tezkor psevdotasodifiy sonlar generatorini sekin ishlaydigan apparat generatori bilan birlashtirish usullari ham mavjud.
Boshqa hodisalardan foydalanadigan generatorlar
Fizik tasodifiy jarayonlarga asoslangan generatorlar sifatli tasodifiy sonlar hosil qilsa-da, ularni ishlab chiqarish nisbatan murakkab va qimmat (bu ayniqsa radioaktiv yemirilishga asoslangan apparat generatorlariga taalluqli). Biroq ancha arzon va qulay tasodifiylik manbalari:
- Tugmalar bosilishi orasidagi vaqtni o‘lchash (masalan, klaviatura yoki sichqoncha tugmalari bosilishi orasidagi vaqt) va undan bir nechta eng kichik razryadli bitlarni ajratib olish. Bu usulning kamchiliklari — sonlar hosil qilish tezligining pastligi va foydalanuvchi ishtiroki zarurligi.
- Kompyuterga o‘rnatilgan mikrofondan keladigan shovqindan foydalanish. Ammo oq shovqindan tashqari, spektrda boshqa keraksiz tarkibiy qismlar, masalan, elektr tarmog‘idagi 50 Gs chastotali shovqin, kompyuter ventilyatorining shovqini va boshqalar ham mavjud bo‘ladi.
- Yana bir yo‘l — tarmoq yoki internetdan foydalanish. Masalan, qabul qilingan paketlar orasidagi vaqtni o‘lchash (bu usul randomes.top veb-saytida qo‘llangan) yoki oldingi hafta yangiliklarining nazorat summasidan foydalanish mumkin.
Eng noodatiy generatorlar qatoriga raqamli videokameralar yordamida makroskopik hodisalarni tasvirga olib ishlaydigan tizimlarni kiritish mumkin. Masalan, Silicon Graphics jamoasi tasodifiy sonlar hosil qilishda lava lampasining videoyozuvidan foydalangan, chunki undagi mum shakli tartibsiz o‘zgaradi. Shuningdek, tasvirga olinadigan obyekt sifatida akvariumdagi pufakchalar yoki havo oqimida hilpirayotgan lentalardan ham foydalanish mumkin; havo oqimini ventilyator hosil qiladi.
Muammolar
Apparat tasodifiy sonlar generatorlarining asosiy muammosi — ular psevdotasodifiy ketma-ketlik generatorlariga nisbatan ancha sekin ishlashidir. Shuningdek, ularning ko‘pi vaqt o‘tishi bilan asta-sekin eskiradi (masalan, moddaning radioaktivligi kamaygani sababli). Shu bois ulardan har safar foydalanishdan avval statistik tasodifiyligini tekshirish zarur (ularning ko‘pi real vaqt rejimida tekshiriladi).
Apparat tasodifiy sonlar generatorlaridagi yana bir muammo — chiqish bitlari ketma-ketligining matematik kutilmasi siljishi, yaʼni chiqishdagi bitlar ketma-ketligida baʼzi qiymatlar boshqalaridan ko‘proq uchrashidir (masalan, ikkilik sanoq tizimida birlar soni nollardan ko‘p bo‘lishi mumkin). Bunga shovqin generatorlarida qo‘llanadigan fizik jarayonlarning xususiyatlari sabab bo‘ladi. Muammo maxsus algoritmlar yordamida hal qilinadi: ular yetarlicha uzun sonlar tanlanmasida nollar va birlar sonini o‘rtacha hisobda tenglashtirish imkonini beradi.
J. Neyman matematik kutilmadagi og‘ishni tuzatish uchun birinchilardan bo‘lib sodda algoritmni taklif etgan. Bunda bitlar juft-juft ko‘rib chiqiladi: juftlikdagi ikkala bit bir xil bo‘lsa, juftlik tashlab yuboriladi; bitlar turlicha bo‘lsa, juftlik o‘rniga faqat uning birinchi biti yoziladi. Ushbu algoritmning kamchiligi — bitlarning taxminan 75 % i tashlab yuborilishi, shu tufayli tasodifiy bitlar hosil qilish tezligi keskin pasayishidir.
Boshqa usulda kriptografik xesh-funksiyalar (masalan, SHA-1) ishlatiladi, chunki ular kriptografik mustahkamlik bo‘yicha qatʼiy talablarga javob beradi. Biroq bu usul nisbatan tez bo‘lsa ham, xesh-funksiyalarning chiziqli bo‘lmagan tabiati va generatorning xesh-funksiya sifatiga kuchli bog‘liqligi sababli ularni apparat vositalari bilan amalga oshirish qiyin.
Matematik kutilmadagi siljishni kamaytirish uchun kriptografik jihatdan mustahkam psevdotasodifiy ketma-ketlik generatorlari ham qo‘llanadi. Ularning bitlar oqimi XOR amali yordamida apparat generatorining bitlar oqimiga qo‘shiladi. Bu usulning afzalligi — uni to‘liq apparat vositalarida, masalan, FPGA asosida amalga oshirish mumkinligidir.
Biofizika professori S. E. Shnol 1985—2002-yillardagi tadqiqotlarida turli tabiatli jarayonlarning o‘lchov natijalarini aks ettiruvchi statistik taqsimotlar nozik tuzilishi qonuniyat asosida o‘zgarishini aniqladi. U turli geografik nuqtalarda turli tabiatli jarayonlarni bir xil mahalliy vaqtda o‘lchaganda tegishli gistogrammalarning shakllari katta ehtimol bilan o‘xshash bo‘lishini ko‘rsatdi. Mazkur shakl yulduz sutkasiga teng davr (23 soat 56 daqiqa) bilan o‘zgarishini aniqlab, bu hodisa fundamental kosmofizik tabiatga ega degan xulosaga keldi.[manba 464 kundan beri ko‘rsatilmagan]
Adabiyotlar
- Bobnev M. P. «Tasodifiy signallarni hosil qilish va ularning parametrlarini o‘lchash». — Moskva: Energiya, 1966. — 120 bet
- Henk C. A. van Tilborg. Kriptografiya va xavfsizlik ensiklopediyasi. —
AQSH: Springer Science+Business Media, 2005. — B. 509—514. — 684 bet — 45 000 nusxa — ISBN 978-0-387-23473-1. - Shindler V. Haqiqiy tasodifiy sonlar generatorlarini samarali onlayn tekshirish (inglizcha) // Nakkash D., Paar K., Chetin K. K. Koch Kriptografik apparat vositalari va o‘rnatilgan tizimlar — CHES 2001 : maqolalar to‘plami. — 2001. — 103-bet. — ISBN 3-540-42521-7. — ISSN 0302-9743.
- Syu-Xvi Kvok, Yen-Ling I, Guanxan Chyu, Kanxong Chjen, Xungming Xu, Chik-Xau Tan. Og‘ishli tasodifiy sonlar generatorlari uchun keyingi ishlov berish usullarini taqqoslash (inglizcha) // Klaudio A. Ardan’ya, Szyanin Chjou Axborot xavfsizligi nazariyasi va amaliyoti. Simsiz aloqada mobil qurilmalar xavfsizligi va maxfiyligi : maqolalar to‘plami. — 2011. — 175—190-betlar. — ISBN 978-3-642-21039-6.