Kompyuter muhandisligi (shuningdek, kompyuter tizimlari muhandisligi deb ham ataladi) — informatika bilan elektronika muhandisligini birlashtiruvchi fan sohasi. Muhandislikning bu yo‘nalishi nafaqat kompyuter tizimlarining ishlashiga, balki ularning o‘zaro integratsiyasiga ham e’tibor qaratadi.
Kompyuter muhandisi — kompyuter tarmoqlari va texnologiyalari bo‘yicha mutaxassis. Kompyuter muhandislari, odatda, elektrotexnika, dasturiy ta’minot hamda apparat va dasturiy ta’minotni integratsiyalash sohalarida kasbiy tayyorgarlikka ega bo‘ladi. Kompyuter muhandislari hisoblash texnikasining ko‘plab jihatlari bilan shug‘ullanadi: alohida mikroprotsessorlar, kompyuterlar va superkompyuterlarni loyihalashdan tortib elektron sxemalarni loyihalashgacha. Odatda, kompyuter muhandisligiga oid vazifalarga o‘rnatilgan mikrokontrollerlar uchun dasturiy va mikrodasturiy ta’minot yozish, o‘ta katta integral sxemalar, analog datchiklar va aralash signalli platalarni loyihalash, shuningdek, operatsion tizimlarni ishlab chiqish kiradi. Kompyuter muhandislari robototexnika sohasidagi tadqiqotlar bilan ham shug‘ullanadi. Bu tadqiqotlar dvigatellar, aloqa tizimlari va datchiklar kabi elektr tizimlarini boshqarish va nazorat qilish uchun raqamli tizimlardan foydalanishga asoslanadi.