Adriatika dengizi haqida

Adriatika dengizi
Xususiyatlari
Maydoni144 000 km²
Eng katta chuqurligi1230 m
Joylashuvi
43° sh. k. 15° shq. u.HGЯO
Mamlakatlar
Средиземное море
Точка
Adriatika dengizi
Карта
Логотип Викисклада Vikimedia omboridagi mediafayllar

Adriatika dengizi (qadimgi ruscha Adriyat dengizi, italyancha mare Adriatico, serb-xorvatcha Jadransko more, lotincha mare Hadriaticum, emilya-romanyolcha Mèr Adriâtic, venetsiyacha Mar Adriàtico, neapolcha Mar Adriateco, slovencha Jadransko morje, xorvatcha Jadransko more, bosniyacha Jadransko more, chernogoriyacha Јадранско море, albancha Deti Adriatik), shuningdek, Adriatika — yarim yopiq dengiz bo‘lib, O‘rta yer dengizining Apennin va Bolqon yarimorollari orasida joylashgan qismidir. Uning suvlari Italiya (1000 km dan ortiq), Sloveniya (47 km), Xorvatiya (1777 km), Bosniya va Gersegovina (20 km), Chernogoriya (200 km) va Albaniya (472 km) qirg‘oqlarini yuvib turadi.

Tarixi va nomining kelib chiqishi

Dengizning nomi qadimiy Adriya portidan kelib chiqqan. Bu port Po va Adije daryolari deltalari yaqinidagi sohilda joylashgan. Dastlab yunonlar dengizning faqat shimoliy qismini shunday atagan (yunoncha Adrias Kolpos), ammo keyinchalik bu nom butun dengizga nisbatan qo‘llana boshlagan. Rimliklar esa dengizni Mare Superum yoki Mare Hadriaticum.

Ikki ming yil davomida Po va Adije daryolari o‘zlari oqizib keltirgan cho‘kindilar hisobiga deltalarini bu yerdagi sayoz dengiz tomon shunchalik siljitganki, hozir Adriya shahri dengizdan 25 km uzoqlikda joylashgan.

Adriya shahri va Adriatika dengizi sharafiga asteroid (143) Adriya deb nomlangan. Uni 23-fevral kuni, 1875-yilda avstriyalik astronom Yohann Paliza Adriatika dengizi sohilida joylashgan Pula shahrida kashf etgan.

Geografiyasi

Adriatika dengizining maydoni — 144 ming km². Chuqurligi shimoliy qismida 20 m dan janubi-sharqida 1230 m gacha yetadi. Dengiz tubi shimoli-g‘arbdan janubi-sharqqa tomon asta-sekin qiyalashib boradigan botiqdan iborat. Tub cho‘kindilarini foraminiferali qumlar va loyqa cho‘kindilar, qirg‘oq yaqinida esa shag‘al, mayda tosh va qum tashkil etadi. Dengiz janubda Otranto bo‘g‘ozi orqali Ion dengizi bilan tutashadi. Quruqlik ichkarisiga 796 kilometr kirib borgan, kengligi 93 dan 222 kilometrgacha.

G‘arbiy qirg‘oqlar asosan pasttekisliklardan, sharqiy qirg‘oqlar esa tog‘lardan iborat. Shimoli-g‘arbiy va g‘arbiy qirg‘oqlar past bo‘lib, ayrim joylarda lagunalar mavjud: dengizning bu qismi asosan Po va Adije daryolari oqizib keltiradigan cho‘kindilar bilan to‘lib bormoqda. Shu sababli qadimiy Adriya porti bugun dengizdan ancha uzoqda qolgan. Sharqiy qirg‘oq yaqinida Dalmatsiya orollari joylashgan. Ular Dinar tog‘ligining qirg‘oqbo‘yi tizmalari cho‘qqilaridan iborat bo‘lib, Bolqon yarimorolining g‘arbiy qismi cho‘kkanda tog‘lar oralig‘idagi vodiylarni suv bosgan. Qirg‘oqlar ko‘plab qo‘ltiqlar bilan kuchli parchalangan va qulay bandargohlarga boy. Yirik qo‘ltiqlar — Venetsiya, Triyest va Manfredoniya qo‘ltiqlari. Qirg‘oq yaqinidagi suvlarning chuqurligi kemalar qatnovi uchun qulay. Sohilga yaqin eng yirik orollar — Krk (405 km²), Tsres (405 km²), Brach (395 km²), Xvar (300 km²), Pag (285 km²) va Korchula (276 km²).

Iqlimi

Iqlimi O‘rta yer dengizi iqlimiga xos belgilarga ega, ammo undan sezilarli farq qiladi. Bu yerda havo haroratiga ta’sir etuvchi mahalliy shamollar (bora, mistral, sirokko) esadi. Suv harorati shimoldan janubga qarab avgustda 24 dan 26 °C gacha, fevralda esa 7 dan 13 °C gacha o‘zgaradi. Suvning sho‘rligi 33 dan 38 promillegacha. Suvning ko‘tarilishi va qaytishi sutkada ikki marta kuzatiladi, lekin muntazam emas (1,2 m gacha). Yozda odatda havo ochiq bo‘ladi, brizlar yaqqol seziladi va ba’zan kamdan-kam bo‘ronlar kuzatiladi. Qish esa bulutli va seryomg‘ir bo‘lib, yillik yog‘inning 70 % gacha qismi shu faslga to‘g‘ri keladi.

Biologik xilma-xilligi

Adriatika dengizining o‘simlik va hayvonot dunyosi ancha boy. Bu yerda uch bo‘limga mansub 750 dan ortiq suvo‘t turi o‘sadi (qizil, qo‘ng‘ir va yashil). Eng keng tarqalgan turlar — Cymodocea nodosa va Zostera noltii, Zostera marina va Posidonia oceanica esa nisbatan kam uchraydi. Qirg‘oqbo‘yi hududida qorinoyoqli va ikki pallali mollyuskalarning ko‘plab turlari yashaydi. Ularning qalin va mustahkam chig‘anoqlari to‘lqin zarbalaridan ishonchli himoya qiladi. Shuningdek, ignaterililar va qisqichbaqasimonlar ham uchraydi. Sayoz suvlarda ustritsalar, midiyalar, dengiz likopchalari, dengiz tipratikanlari, dengiz bodringlari va mayda qisqichbaqalar yashaydi. Suvo‘tlar orasida dengiz otchalari suzib yuradi. Biroz chuqurroqda yirik qisqichbaqasimonlar — omarlar va katta qisqichbaqalar, shuningdek, sakkizoyoqlar, karakatitsalar, dengiz yulduzlari yashaydi. Bu hududga ilonbaliqlar va murenalar ham suzib keladi. Suv qatlamlari plankton va baliq chavoqlariga boy. To‘da bo‘lib yashovchi baliqlar ko‘p: sardinalar, skumbriyalar, makrellar, Atlantika pelamidalari va tunetslar. Oqimlar ko‘plab nozik, shaffof meduzalarni va tunda yorug‘lik chiqaradigan gidroid poliplarni olib keladi. Akulalar orasida eng ko‘p mitti akulalar, tikanli akulalar, ko‘k akulalar, tulki akulalar uchraydi; katta chuqurliklarda esa qoramtir qorinli nursochar akula yashaydi. Gigant akula juda kam uchraydi. Adriatika dengizidagi sutemizuvchilarga delfinlar va monax tyulen kiradi; monax tyulen yo‘qolib ketish xavfi ostida.

Adriatika dengizining shimoliy qismi endemik baliq turlariga boy. Baliqlarning o‘ttizga yaqin turi Adriatika dengiziga tutash bir yoki ikki mamlakat suvlaridagina uchraydi. Bu, jumladan, qirg‘oqbo‘yi hududining karst relyefi va suvosti topografiyasi bilan bog‘liq. Adriatika qirg‘oqlari va orollariga xos 45 ta endemik kenja tur mavjud. Dengizda kamida 410 tur va kenja tur baliq qayd etilgan. Bu O‘rta yer dengizidagi baliq taksonlarining taxminan 70 % ini tashkil qiladi; kamida 7 tur faqat Adriatika dengizida uchraydi. Baliqlarning 60 dan ortiq turi Xalqaro Qizil ro‘yxatga kiritilgan (IUCN), bunga asosan haddan tashqari ko‘p ovlanish sabab bo‘lgan.

Xo‘jalik faoliyati

Mayda orollarga boy Dalmatsiya sohili

Baliqchilik (sardinalar, skumbriyasimonlar), dengizda akvakultura (ustritsalar, midiyalar). Kontinental shelfda neft va gaz qazib olinadi.

Asosiy portlar

Kurortlar

Xorvatiya qirg‘og‘i Dubrovnik, Split, Shibenik, Makarska riveryasi, Opatiya, Pula va Dalmatsiya orollaridagi kurortlari bilan mashhur. Chernogoriyaning asosiy kurort hududi — Budva riveryasi. Sloveniyaning Adriatika sohilidagi kichik qismida to‘rtta kurort shaharchasi bor: Koper, Izola, Piran va Portoroj. Bosniya va Gersegovinada faqat bitta dengizbo‘yi kurorti mavjud — Neum. Albaniya kurortlari Durres yaqinida va «Gullar sohilida» (Vlyoradan Sarandagacha bo‘lgan qirg‘oqda) joylashgan. Italiyaning Adriatika sohilida Rimini, Bellariya, Idjea Marina, Kattolika, Peskara, Gallipoli, Venetsiya riveryasi (Lido-di-Yezolo va Linyano), Palma riveryasi (Mare-Gabichedan San-Benedetto-del-Trontogacha bo‘lgan qirg‘oq) kurortlari mashhur.