


2. Miokard
3. Epikard
4. Perikard
5. Yurak bo‘shliqlari:
6. O‘ng bo‘lmacha
7. Chap bo‘lmacha
8. O‘ng qorincha
9. Chap qorincha
10. Yurak klapanlari:
11. Mitral klapan
12. Aorta klapani
13. Pulmonal klapan
14. Trikuspidal klapan
15. Aorta
16. O‘pka arteriyasi
17. O‘pka venalari
18. Yuqori kovak vena
19. Pastki kovak vena
Klapan — yurakning ichki qavati (endokard) burmalaridan hosil bo‘lgan qismi bo‘lib, vena va arteriya yo‘llarini yopish orqali qonning bir yo‘nalishda oqishini ta’minlaydi.
Yurak klapanlarining anatomiyasi, morfologiyasi va vazifasi

Inson yuragi (qushlar va boshqa sutemizuvchilarniki kabi) to‘rt kamerali. O‘ng va chap bo‘lmachalar, o‘ng va chap qorinchalar farqlanadi. Bo‘lmachalar bilan qorinchalar o‘rtasida fibroz-mushak tuzilishli kirish klapanlari joylashgan: o‘ngda uch tavaqali (yoki trikuspidal), chapda ikki tavaqali (mitral) klapan. Qorinchalardan chiqishda tuzilishi o‘xshash uch tavaqali chiqish klapanlari joylashgan (o‘ngda pulmonal, chapda esa aorta klapani).
Fibroz halqalar, ya’ni mitral va trikuspidal klapanlarning halqalari, shuningdek, aorta klapanining fibroz karkasi qorinchalararo to‘siqning membranoz qismi hamda chap va o‘ng fibroz uchburchaklar orqali o‘zaro tutashib, yurakning fibroz karkasini hosil qiladi. Fibroz halqaning trikuspidal klapanga tegishli tekisligi mitral klapan tekisligiga nisbatan yurak uchiga yaqinroq joylashgan, aorta klapani esa ular orasiga kirib turadi. Klapan tavaqalari, shuningdek, miokardning bo‘lmachalardagi va qorinchalardagi tutamlari fibroz halqaga birikadi. Murakkab makro- va mikrotuzilish yurak klapanlarining yuqori mustahkamligi hamda elastikligini ta’minlaydi. Bu klapanlar yopilganda yuzaga keladigan gidravlik zarbalarni yumshatish va butun yurak sikli davomida ayrim tuzilmalarning shakli va o‘lchamlari o‘zgarishiga imkon beradi.
Klapan tuzilmalari turlicha yuklamaga uchraydi. Masalan, sistola vaqtida chap qorinchaning mitral klapani tavaqalari tanasidagi taranglik chekka xordalar birikadigan nuqtalardagiga nisbatan 500—800 marta kam bo‘ladi.
Trikuspidal klapan
Trikuspidal klapan (lot. valva atrioventricularis dextra, valvula tricuspidalis) — o‘ng bo‘lmacha bilan o‘ng qorincha orasida joylashgan, uchta biriktiruvchi to‘qimali plastinkadan tuzilgan klapan. Bu plastinkalar regurgitatsiyaning (qonning o‘ng bo‘lmachaga teskari oqishining) o‘ng qorincha sistolasi paytida yuz berishiga yo‘l qo‘ymaydi.
Mitral klapan
Mitral klapan (lot. valva atrioventricularis sinistra, valva mitralis) — chap bo‘lmacha va chap qorincha o‘rtasida joylashgan ikki tavaqali (bikuspidal) klapan. U ikkita biriktiruvchi to‘qimali tavaqadan iborat bo‘lib, chap qorincha sistolasi paytida qonning chap bo‘lmachaga qayta oqishi (regurgitatsiya)ning oldini oladi.
Aorta klapani
Aorta klapani (lot. valva aortae) chap qorincha bilan aorta chegarasida joylashgan bo‘lib, qonning aortadan chap qorincha.
ga qayta oqishiga to‘sqinlik qiladi. Odamda bu klapanning uchta tavaqasi aorta tomonga ochiladi: o‘ng koronar, chap koronar va orqa (nokoronar) tavaqalar. Yarimoysimon tavaqalar yopilganda aorta va chap qorincha orasidagi teshikni berkitadi. Tavaqalar fibroz halqaga birikadi; bu halqa aorta bilan chap qorincha orasidagi teshikni hosil qiladi.
Klapan ishining gemodinamikasi: sistola paytida chap qorinchadagi qon bosimi ta’sirida klapan tavaqalari ochiladi va qon aortaga o‘tadi. Keyin diastola paytida aortadagi qon bosimi ta’sirida tavaqalar yopilib, qonning chap qorinchaga qaytishiga yo‘l qo‘ymaydi.
Pulmonal klapan
Pulmonal klapan (lot. valva trunci pulmonalis) o‘ng qorinchadan o‘pka stvoli chiqadigan joyda joylashgan. Uning uchta yarimoysimon tavaqasi (oldingi, o‘ng va chap) qonning faqat bir yo‘nalishda — o‘pka stvoli tomon oqishini ta’minlaydi.
Adabiyotlarda u o‘pka klapani yoki o‘pka stvoli klapani.
Yevstaxiy qopqoqchasi
Yurakning beshinchi («Yevstaxiy») klapani sifatida pastki kovak vena qopqoqchasi (lot. valvula venae cavae inferioris) ham qaraladi. Uni birinchi bo‘lib tasvirlab, chizmasini yaratgan olim — Yevstaxiy. Rudimentar klapan bo‘lib, 5 % holatda uchraydi (bolalarda ancha yaxshi rivojlangan bo‘lishi mumkin). Odatda yurak gemodinamikasiga ta’sir qilmaydi. U qon oqimida erkin tebranadigan ipsimon tuzilma bo‘lib, pastki kovak venaning o‘ng bo‘lmachaga quyilish joyidan boshlanadi.
Yurakning sun’iy klapanlari
Yurakning to‘rtta klapanidan biri kasallikka chalinganda yoki rivojlanishdagi nuqson tufayli faoliyati buzilganda, uning ishini tiklash uchun tabiiy klapanni protez bilan almashtirish mumkin. Buning uchun, odatda, ochiq yurak operatsiyasi talab etiladi.
Klapanlar inson yuragining normal fiziologik faoliyati uchun ajralmas hisoblanadi. Tabiiy yurak klapanlari qonning yurakning bir bo‘shlig‘idan boshqasiga faqat bir yo‘nalishda oqishini ta’minlaydigan shaklda rivojlanadi.
Yurakning sun’iy klapanlari mexanik va biologik turlarga bo‘linadi.
Yurak klapanlari nuqsonlari
Orttirilgan nuqsonlar
Boshdan kechirilgan kasalliklar natijasida paydo bo‘ladi. Masalan, revmatizmdan so‘ng mitral klapan yetishmovchiligi yuzaga kelishi mumkin.
Tug‘ma nuqsonlar
Davolash usullari
Tug‘ma nuqsonlar faqat jarrohlik usullari bilan davolanadi.
Orttirilgan nuqsonlarni kasallikning og‘irlik darajasi va patologik jarayonning individual xususiyatlariga qarab ikki yo‘l bilan davolash mumkin:
- Dori vositalari bilan davolash nuqsonlar tufayli kelib chiqadigan kasalliklarni bartaraf etishga qaratiladi. Masalan, yurak yetishmovchiligini davolash, tromboemboliyaning oldini olish, bo‘lmachalar fibrillyatsiyasini davolash va uning profilaktikasi.
- Komissurotomiya (lotincha «commissura» — birikma, bitishma; «tomia» — kesish)
Bu operatsiyada teshiklar stenozida hosil bo‘lgan bitishmalar (masalan, mitral teshik stenozida) kesib ajratiladi.
- Protezlash.
Boshqa kasalliklar
Adabiyotlar
- Prof. A. I. Arutyunov, tibbiyot fanlari nomzodi N. Ya. Vasin va V. L. Anzimirov. Klinik jarrohlik bo‘yicha ma’lumotnoma / Prof. V. I. Struchkov. — Moskva: Meditsina, 1967. — B. 234. — 520 b. — 100 000 nusxa.