
Vulqon kuli — maydalanish jarayonida magmadan hosil bo‘ladigan mahsulotlardan biri. U o‘lchami 2 mm dan kichik chang va qum zarralaridan iborat. Vulqonlar otilganda havoga chiqariladi, so‘ngra yerga cho‘kadi. U sochiluvchan piroklastik jinslardan biridir.
Kul atmosferada ancha uzoq vaqt muallaq holatda qolib, quyosh botishi manzaralarining ko‘rinishiga va boshqa atmosfera optik hodisalariga ta’sir qilishi mumkin. Vulqon otilganidan keyin kul atmosferada uzoq masofalarga tarqaladi. Masalan, Krakatau vulqoni Indoneziyada 1883-yilda otilganda, hali yerga cho‘kmagan vulqon kuli buluti Yer sharini deyarli ikki marta aylanib chiqqan. Shu xususiyati tufayli kuldan stratigrafiyada qatlamlarni o‘zaro taqqoslash uchun (tefroxronologik usul) foydalanish mumkin.
Kul nafas orqali organizmga kirganda odamlar va hayvonlar uchun katta xavf tug‘diradi. Ingichka bronxlarda va bronxiolalarda u shilliq modda bilan aralashib, sementga o‘xshab qotadi, ularning bo‘shlig‘ini berkitadi va bo‘g‘ilish oqibatida o‘limga olib keladi.
Vulqon kuli samolyotlar uchun ham xavflidir. U yonilg‘ini avtomatik boshqarish tizimidagi jiklyorlarni hamda sovituvchi deflektorlarni (kurakchalarni sovituvchi turbina qismlarini) reaktiv dvigatellarda tiqib qo‘yib, ularning to‘xtab qolishiga sabab bo‘lishi mumkin. Katta miqdordagi kul otilishi ko‘pincha havo qatnovining taqiqlanishiga olib keladi.
Kul mikroelementlarga boy. Shu sababli vulqonlar atrofidagi tuproq juda unumdor bo‘ladi. Masalan, Vezuviy va Etna vulqonlari atrofida qishloq xo‘jaligi yaxshi rivojlangan.
Yer yuzidagi vulqonlar yiliga o‘rtacha 3 milliard tonnaga yaqin kul chiqaradi.