Vulqon krateri

Vulqon krateri — Vezuviy

Vulqon krateri (qadimgi yunoncha κρατήρ — kosa) — vulqon faolligi natijasida vulqon konusining cho‘qqisi yoki yonbag‘rida hosil bo‘ladigan kosasimon yoki voronkasimon botiq.

Tavsif

Hosil bo‘lish modeli: kaldera

Kraterning diametri o‘nlab metrdan bir necha kilometrgacha, chuqurligi esa bir necha metrdan yuzlab metr.

Krater tubida bitta yoki bir nechta vulqon og‘zi joylashadi. Ular orqali yer yuzasiga lava hamda magmatik o‘choqdan chiqarish kanali bo‘ylab ko‘tariladigan boshqa vulqon mahsulotlari chiqadi.

Ba’zan krater tubini lava ko‘li yoki yangi hosil bo‘lgan kichik vulqon konusi.

Odatda krater kosasimon shaklda bo‘lib, uning ichida vulqon mahsulotlari chiqadigan teshik mavjud. Vulqon otilishi paytida erigan magma va vulqon gazlari yer ostidagi magma o‘chog‘idan quvursimon kanal orqali krater og‘zigacha ko‘tariladi. Shu yerdan gazlar atmosferaga chiqadi, magma esa lava sifatida otilib chiqadi. Vulqon krateri katta o‘lchamli, ba’zan esa juda chuqur bo‘lishi mumkin. Ayrim portlovchi otilishlarda vulqonning magma kamerasi shu qadar bo‘shab qoladiki, uning ustidagi hudud cho‘kib, katta botiq hosil bo‘ladi. Bunday botiqning nomi — kaldera.

Aksariyat vulqonlarda krater lava oqimlari va tefra kabi otilib chiqqan vulqon mahsulotlaridan hosil bo‘lgan tog‘ning cho‘qqisida joylashadi. Cho‘qqisida shunday krater bo‘lgan vulqonlar odatda konussimon shaklga ega. Boshqa vulqon kraterlari vulqonlarning yonbag‘irlarida joylashishi mumkin va ular odatda yon kraterlar deb ataladi. Ayrim vulqon kraterlari yomg‘ir yoki erigan qor suvi bilan to‘liq yoxud qisman to‘lib, krater ko‘liga aylanishi mumkin.

Otilish paytida portlashlar yoki lava oqimi, shuningdek, keyinchalik yuz beradigan eroziya kraterni shikastlashi mumkin. Shikastlangan kraterlarning bir tomonidagi cheti ancha past bo‘ladi.

Ba’zi vulqonlar, masalan, maarlar, deyarli tog‘ hosil qilmaydigan bitta kraterdan iborat bo‘ladi. Bunday vulqon kraterlari magma suvga to‘yingan tog‘ jinslari orasidan ko‘tarilganda hosil bo‘ladi va bu freatik otilishga sabab bo‘ladi. Freatik otilish natijasida hosil bo‘lgan vulqon kraterlari ko‘pincha boshqa yaqqol ko‘rinadigan vulqonlardan uzoqda, tekisliklarda uchraydi. Barcha vulqonlar ham krater hosil qilavermaydi.

Galereya

Vulqon krateri — Irasu, Kosta-Rika

Havolalar