
| Dsc Dsd | Dwc Dwd | Dfc Dfd |
Subarktika yoki boreal iqlim (yunoncha Boreas (Βορέας), «Borey» — qishni olib keladigan qahraton, sovuq shamol timsoli) — iqlim turi bo‘lib, asosan Yerning subqutbiy (subarktika, qutb atrofi va subantarktika) hududlariga xos: Alisov tasnifiga ko‘ra tundra va o‘rmon-tundra zonalarida, Kyoppen tasnifiga ko‘ra esa tayga zonasida uchraydi.
Subarktika iqlimining asosiy xususiyati — iqlimiy yozning umuman bo‘lmasligi yoki juda qisqa davom etishidir: hatto eng issiq oyda ham havoning o‘rtacha harorati +15 °C dan oshmaydi. Yilning istalgan vaqtida sovuq urishi mumkin. Qish doimo uzoq davom etadi; geografik joylashuviga qarab u o‘ta qahraton yoki nisbatan yumshoq bo‘lishi mumkin.
Turlari
Subarktika iqlimining turlari Kyoppen tasnifiga ko‘ra — Dfc, Dwc, Dfd va Dwd. Barcha turlar sovuq va nam iqlim xususiyatlari bilan tavsiflanadi.
- Dfc — yoz qisqa va salqin; o‘rtacha oylik harorat 10 °С dan yuqori bo‘ladigan davr 4 oydan kam davom etadi; yil davomida namlik yetarli bo‘ladi.
- Dwc — yoz qisqa va salqin; o‘rtacha oylik harorat 10 °С dan yuqori bo‘ladigan davr 4 oydan kam davom etadi; yozda quruq mavsum kuzatiladi.
- Dfd — yoz «c» turidagi kabi, qish juda sovuq; eng sovuq oyning o‘rtacha harorati −38 °С; yil davomida namlik yetarli bo‘ladi.
- Dwd — yoz «c» turidagi kabi, qish juda sovuq; eng sovuq oyning o‘rtacha harorati −38 °С; yozda quruq mavsum kuzatiladi.
Shimoliy yarimshar
Shimoldagi Yevrosiyo va Shimoliy Amerika chekkalari bo‘ylab, subqutbiy deb atash mumkin bo‘lgan kengliklarda tundra zonasi joylashgan. Bu yerda qish uzoq va qahraton, yoz esa sovuq bo‘lib, sovuq urishlari kuzatiladi. Eng issiq oyning o‘rtacha harorati +10 — +12 °С dan oshmaydi: bu daraxtlar o‘sishi mumkin bo‘lgan harorat chegarasidir. Aynan sovuq yoz landshaftning tundraga xos ko‘rinishini belgilaydi. Bu yerda yog‘in miqdori tayga zonasidagidan kam — 300 mm dan ham oz, Sharqiy Sibirning tundra zonasiga siklonlar kamroq kirib keladigan hududlarida esa hatto 100 mm dan ham kam bo‘ladi.
Yog‘in kam bo‘lsa-da, bulutlilik ancha yuqori va yog‘inli kunlar ko‘p. Demak, past harorat tufayli havodagi namlik miqdori oz bo‘lgani sababli har safar juda kam yog‘in tushadi. Yog‘inning eng katta qismi yozga to‘g‘ri keladi. Yog‘in miqdori qanchalik kam bo‘lmasin, past harorat sharoitida u potensial bug‘lanish miqdoridan ortiq bo‘ladi; shu sababli tundrada ortiqcha namlanish kuzatiladi; ko‘p yillik muzloq yerlar tufayli, botqoqlanish ham yuz beradi.
Tundrada musson xususiyatiga ega bo‘lgan atmosfera sirkulyatsiyasi u yoki bu darajada namoyon bo‘ladi: yozda materik tomon, qishda esa materikdan tashqariga yo‘nalgan shamollar ustunlik qiladi.
Salexard shahrida (66,5˚ sh. k., 66,6˚ shq. u.) iyulning o‘rtacha harorati +14,8 °С, yanvarniki −23,2 °С; yillik yog‘in miqdori 260 mm. Verxoyansk (67°33′ sh. k. 133°23′ shq. u.) shahrida iyulning o‘rtacha harorati +16,5 °С, yanvarniki −45,4 °С; yillik yog‘in miqdori 138 mm. Fort-Ferson stansiyasida (67,4˚ sh. k., 134,9˚ g‘. u.) iyulning o‘rtacha harorati +15 °С, yanvarniki −29 °С; yillik yog‘in miqdori 260 mm. Ankorij shahrida iyulning o‘rtacha harorati +14,9 °С, yanvarniki −8,3 °С; yillik yog‘in miqdori 409 mm.
Havolalar va manbalar
- Xromov S. P. Geografiya fakultetlari uchun meteorologiya va iqlimshunoslik. L.: Gidrometeoizdat, 1968.
- Jahon atlasi. «Kartografiya» davlat ilmiy-ishlab chiqarish korxonasi, 2005.