Siyena haqida

Aholi punkti
Siyena
Siena
43°19′07″ sh. k. 11°19′54″ sh. u.HGYaO
Mamlakat  Italiya
Italiyaning maʼmuriy
boʻlinishi
Toskana
Provinsiya Siyena
Tarixi va geografiyasi
Maydoni 118 km²
Markazining balandligi 322 m
Vaqt mintaqasi UTC+1:00, yozda UTC+2:00
Aholisi
Aholisi 54 646 kishi (2010)
Aholi zichligi 447 kishi/km²
Aholisining nomlanishi senesi
Rasmiy til italyan tili
Raqamli identifikatorlar
Telefon kodi +39 0577
Pochta indekslari 53100, 53010
Avtomobil kodi SI
ISTAT 052032

comune.siena.it  (italyancha)
Сиена на карте
Сиена
Siyena
Логотип Викисклада Vikimedia omboridagi mediafayllar
Логотип Викигида Vikisayohatdagi yoʻlkoʻrsatkich

Siyena yoki Syena (italyancha Siena [ˈsjɛːna]) — Italiyaning mintaqalaridan biri boʻlgan Toskanada, joylashgan shahar, shu nomdagi provinsiyaning maʼmuriy markazi, shuningdek, Italiyaning eng yirik sayyohlik markazlaridan biri. Oʻrta asrlarda — Siyena respublikasining poytaxti, shuningdek, trechento (XIV asr sanʼati) davridagi badiiy hayot markazi. Siyenaning yaxshi saqlanib qolgan oʻrta asrlar markazi YUNESKO tomonidan Jahon merosi obyekti sifatida muhofaza qilinadi.

Shaharning homiysi avliyo Ansan hisoblanadi, uning bayrami 1-dekabrda nishonlanadi.

Tarix

Eng qadimgi davr

Arxeologik maʼlumotlarga koʻra, hozirgi shahar oʻrnida etrusklar davridayoq aholi manzilgohi boʻlgan. Shahar nomi etrusklarning Sayna (Saina) urugʻ nomidan yoki gall qabilasi — senonlar (Senones) nomidan kelib chiqqan boʻlishi mumkin. Bu qabila Etruriya hududining bir qismini miloddan avvalgi V asrda egallagan. Rim shahri Sena Yuliya (Saena Julia) bu yerda, ehtimol, imperator Avgust davrida asos solingan. Shahar haqidagi dastlabki yozma manbalar milodiy 70-yilga tegishli.

Rim rivoyatiga koʻra, Siyenaga Seniy va Askiy, yaʼni Rem ning oʻgʻillari va Romulning jiyanlari asos solgan. Egizaklar Toskana tepaligida panoh topgan, keyinchalik shu yerda Seniy nomi bilan Siyena deb atalgan shahar qurilgan. Bu afsona shahar gerbida — ona boʻrini emayotgan chaqaloqlar Romul va Rem tasvirida aks etgan. Shahar nomi rimlik Seniylar (Saenii) familiyasidan yoki seneo — «qari boʻlmoq» soʻzidan kelib chiqqan boʻlishi ham mumkin.

IV asrda, shaharning birinchi homiysi avliyo Ansan nomi bilan bogʻliq boʻlgan xristianlik qabul qilingach, Siyena yepiskoplik markaziga aylandi.

Oʻrta asrlarda Siyena

V—VIII asrlarda Siyena ostgotlar va langobardlar hukmronligi ostida boʻlgan. 770-yillardan boshlab shahar Buyuk Karl imperiyasi tarkibida graflar tomonidan boshqarilgan, 846-yildan esa Toskana markasi tarkibiga kirgan.

XII asr boshida Toskana markasi parchalangach, shaharni yepiskop boshqargan. Biroq 1147-yilda yepiskop quvib chiqarilib, Siyena respublikasi tashkil etildi. Siyena imperator tarafdorlari — gibellinlar partiyasiga qoʻshildi. Bu uning asosiy raqibi — papani qoʻllab-quvvatlovchi gvelflar yoʻnalishini tanlagan Florensiya bilan qarama-qarshiligini belgilab berdi. Siyenaning yirik gʻalabalaridan biri Montaperti jangi (4-sentabr 1260-yil) boʻlib, unda florensiyaliklar ogʻir magʻlubiyatga uchradi. Biroq keyinchalik omad Florensiya tomonida boʻldi.

Florensiya va gvelflardan Kolle-di-Val-dʼElsa jangida 1269-yilda magʻlub boʻlgach, shuningdek, Muqaddas taxt Siyena savdogarlari va bankirlari bilan aloqalarni uzgani tufayli yuzaga kelgan bosim ostida shaharda hokimiyat tepasiga gvelflar keldi. Bu Florensiya bilan uzoq muddatli sulhni taʼminladi. Shundan soʻng shahar farovonligining oshishi va faol qurilish davri boshlandi. Bu davrda Siyena sobori, Publiko saroyi (Palazzo Pubblico) va Kampo maydoni ansambli kabi mashhur yodgorliklar bunyod etildi. 1240-yilda Siyena universiteti oʻz eshiklarini ochdi. Shunga qaramay, turli zodagonlar, savdogarlar va oddiy xalq guruhlari oʻrtasidagi nizolar toʻxtamadi.

1348-yilda Siyenani «qora oʻlat» (vabo) vayron qildi. Shundan keyin iqtisodiy turgʻunlik va diniy harakatlar faollashuvi davri boshlandi. Bu davr katolik dunyosiga ikki mashhur avliyoni — Siyenalik Katerina va Siyenalik Bernardinoni berdi. Bu davrda shaharning siyosiy hayoti, bir tomondan, gvelflar va gibellinlar, boshqa tomondan esa mahalliy zodagonlar va popolanlar (oddiy shaharliklar) oʻrtasidagi keskin kurash bilan belgilandi. Popolanlar 1355-yilda Toʻqqizlik hukmronligini agʻdarib, dastlab Oʻn ikkilik koalitsion hukumatini (1355—1368), soʻngra Oʻn beshlik yoki Islohotchilar hukumatini (1369—1385) tuzdilar. Bu voqealarni mahalliy mato savdogari Donato di Neri oʻz yilnomasida batafsil tasvirlagan. Kvatrochento (XV asr) davrida Siyena Toskana shaharlari orasidagi madaniy va savdo yetakchiligini azaliy raqibi Florensiyaga butunlay boy berdi. Italiya urushlaridavrida, Italiya hududlarini chet el qoʻshinlari vayron qilayotgan paytda, Siyenani mustabid tarzda Pandolfo Petruchchiboshqardi. Uning oilasi 1524-yilgacha hokimiyatni oʻz qoʻlida saqlab qoldi.

1554-yilda Siyena ispan qoʻshinlari tomonidan qamal qilindi. Shahar bir yildan ortiq vaqt bosqinchilarga qahramonlarcha qarshilik koʻrsatdi; qamal qilinganlarga Fransiya qirolichasi Katerina Medichi ning amakivachchasi, marshal Pyero Strotssi qoʻmondonlik qildi. 1555-yil aprelda ispan askarlari shaharga kirdi va Siyena respublikasi quladi.

Yangi davrda Siyena

Siyena taslim boʻlganidan keyin Ispaniya qiroli va Germaniya imperatori Karl V shaharga oʻz gubernatorini yubordi, biroq Siyenani katta viloyatning maʼmuriy markazi sifatida qoldirdi va anʼanaviy boshqaruv organlarini saqlab qoldi. Ispaniya taxtida Karlning oʻrnini egallagan Filipp II Siyenani oʻz ittifoqchisi — Kozimo I Medichiga topshirdi. Shu vaqtdan Siyena Toskana gersogligi tarkibiga kirdi (1569-yildan Buyuk gersoglik). Medichilar shahar maʼmuriyatidagi asosiy lavozimlarga odamlar tayinlab, asosan oʻz sulolasi vakillaridan boʻlgan gubernatorlarni yuborardi. Dastlab Buyuk gersoglik Florensiya markaz boʻlgan Eski davlat va Siyena markaz boʻlgan Yangi davlatdan iborat edi. Ikkalasi ham gersog hukmronligi ostida boʻlsa-da, oʻz qonunlari va muassasalari asosida yashardi.

1656-yildan boshlab Kampo maydonida Palio ot poygalari muntazam oʻtkazila boshlandi.

1560-yillarda gersog buyrugʻi bilan Siyena yerida yangi hokimiyatning tayanch punkti — Santa-Barbara qalʼasi qurildi. Hozir u koʻproq «Medichi qalʼasi».

XVII asr oxirida turizm jadal rivojlana boshladi: Siyena Grand-tur (Buyuk sayohat) — yevropalik zodagonlar bilim va tajriba orttirish maqsadida Italiya boʻylab amalga oshiradigan sayohat yoʻnalishiga kiritilgan asosiy shaharlardan biriga aylandi.

Umuman, Medichilar davrida shahar rivojlanishi sekinlashdi va aholi soni asta-sekin kamaydi. Bunga 1624-yildagi kuchli zilzila kabi noqulay tabiiy hodisalar ham sabab boʻldi. Aholi soni 19 400 kishidan (1552-yil) 16 338 kishigacha (1738-yil) kamaydi. Ishlab chiqarish va hunarmandchilik turgʻunlashdi, biroq bank sohasi tez rivojlandi. 1624-yilda avvaldan mavjud moliya muassasalari asosida Italiyaning eng yirik banki — Monte-dey-Paski tashkil etildi; u hozirgacha faoliyat yuritmoqda.

1737-yilda Lotaringiya sulolasi Medichilar sulolasi tugagach, Toskana taxtini egalladi. Buyuk gersog Pyetro Leopoldo, keyinchalik Germaniya imperatori boʻlgan hukmdor, iqtisodiyot va boshqaruv sohalarida keng koʻlamli islohotlar oʻtkazdi. U Medichilar konstitutsiyasida saqlanib qolgan Siyenaning oʻrta asrlardagi institutlarini zamonaviylashtirdi. Gersog siyosiy hokimiyatni oʻz qoʻlida jamlab, mahalliy jamoalarga keng muxtoriyat berdi.

1799-yil bahorida Siyena Napoleon qoʻshinlari tomonidan egallandi. Bosqinchilarning davlat va cherkov xazinalarini talon-toroj qilishi hamda yangi harbiy soliqlar joriy etishi Toskana aholisining keskin noroziligini keltirib chiqardi. Bu norozilik yakobinchilarga qarshi «Viva Maria (italyancha)» qoʻzgʻoloniga aylandi. Uning markazi Aretso. Qoʻzgʻolonchilar otryadining Siyenaga kirib kelishi shahardagi yahudiylar gettosida pogrom (ommaviy zoʻravonlik) sodir boʻlishiga olib keldi. Fransuz qoʻshinlari 19-oktabr 1800-yilda Siyenaga qaytdi.

1814-yilda Napoleon qulagach, Siyena yana Lotaringiya sulolasi boshqaruvidagi Buyuk gersoglik tarkibiga kirdi.

1848 va 1859—1860-yillardagi inqiloblarda katta larzalarga uchramagan Siyena butun Toskana bilan birga birlashgan Italiya tarkibiga kirdi.

1849-yilda Siyenada temiryoʻl paydo boʻldi. 1935-yilda Anjolo Matsoni loyihasi asosida qurilgan yangi vokzal futuristik meʼmorchilikning eʼtiborga molik namunasi boʻldi. 1914-yilda qadimiy gidrotexnika inshootlari oʻrnini zamonaviy suv taʼminoti tizimi egalladi.

Aynan Ikkinchi jahon urushi davrida Siyenaning tarixiy markazi deyarli zarar koʻrmadi. Biroq ittifoqchilar 1944-yil boshida amalga oshirgan bombardimonlar natijasida temiryoʻl vokzali butunlay vayron boʻldi. Shahar chekkasidagi Osservansa bazilikasi ham jiddiy shikastlandi. Ittifoqchi qoʻshinlar oʻsha yilning iyun oyi oʻrtalarida Siyenaga kirdi.

Zamonaviy shahar

Siyena — universitet shahri. Uning aholisining qariyb yarmi (taxminan 20 ming kishi) talabalardan iborat. Yirik transport yoʻllaridan chetroqda joylashganiga qaramay, Siyena tarixiy va madaniy yodgorliklari hamda mashhur Palio bayrami bilan har yili minglab sayyohlarni jalb qiladi (2008-yilda shaharga 163 000 chet ellik sayyoh tashrif buyurgan).

Siyena atrofidagi Kyanti hududida Italiyaning eng mashhur vinolaridan biri tayyorlanadi. U ham shu nom bilan ataladi — kyanti.

Qadimgi Siyena panoramasi

Madaniyat

Hozirgi davrda Siyenadagi asosiy qurilish ishlari shaharning oʻrta asrlarga oid devorlaridan tashqarida olib borilgan. Shu sababli Toskananing boshqa yirik markazlariga qaraganda Siyenada oʻrta asrlarga oid shahar qiyofasi — qadimiy saroylar bilan oʻralgan tor, egri-bugri koʻchalar yaxshiroq saqlanib qolgan. Siyena respublikasi hayotining markazi keng Pyatssa-del-Kampo — chigʻanoq shaklidagi maydon boʻlgan. Yiliga ikki marta bu maydonda rang-barang oʻrta asr tomoshasi — Palio bayrami oʻtkaziladi.

1297—1310-yillarda qurilgan shahar hokimiyati binosi — Palatstso Publiko qarab turadi. Uning ichki qismida Ambrojo Lorensetti freskalari va Simone Martinining «Maesta» asari mavjud. Hokimiyat binosi yonida oʻrta asr Siyenasining qudrati va mustaqilligi ramzi — 102 metr balandlikdagi nafis Torre-del-Manja minorasi joylashgan. U 1338—1348-yillarda qurilgan. Maydonning qarama-qarshi tomonida Quvonch favvorasi koʻrinadi. Uni 1419-yilda loyihalashtirgan meʼmor — Yakopo della Kvercha.

Siyena sobori (duomo) — umumeʼtirof etilgan italyan gotikasi namunasi; uning kriptasida (yerosti ibodatxonasida) — baptisteriy (choʻqintirish binosi) joylashgan boʻlib, unda Yakopo della Kvercha, Donatello va Lorenso Gibertining haykaltaroshlik asarlari mavjud. Soborda 1495-yilda boʻlajak papa Piy III asos solgan Pikkolomini kutubxonasi joylashgan. U Pinturikkyo freskalari bilan bezatilgan. Duchchoning «Maesta» asari sobor qoshidagi muzeyga koʻchirilgan.

Siyenalik rassomlarning (yaʼni Siyena maktabi vakillarining) asarlari sobor muzeyi hamda Siyena pinakotekasida toʻplangan.

Avliyo Klement cherkovidan qadimgi Siyena panoramasi Siyena duomosi Pyatssa-del-Kampo maydonining tungi yoritilishi

Palio

Pyatssa-del-Kampo, Palatstso Publiko va Torre-del-Manja

Har yili 2-iyul va 16-avgustda Siyenada dunyoga mashhur Palio bayrami — Siyena kontradalari (oʻziga xos shahar mahallalari) oʻrtasidagi musobaqa oʻtkaziladi. Ularning soni 17 ta. Musobaqa shaharning bosh maydoni — Pyatssa-del-Kampoda oʻtkaziladigan ot poygasidan iborat. 17 kontradadan 2-iyuldagi musobaqada 10 tasi, 16-avgustdagisida esa qolgan 7 tasi ishtirok etadi. Keyingi yili ishtirokchilar oʻrin almashadi (bu 7 kontrada 2-iyulda qatnashadi va ularga oʻtgan yilgi oʻntalikdan qurʼa orqali yana uchta qatnashchi qoʻshiladi). Kontradalarning bayroq va gerblari maydondagi Palatstso Publiko binosiga osiladi. Poyga butun tun davom etadigan shahar boʻylab tantanali yurishlar bilan yakunlanadi. Bayram yiliga ikki marta minglab sayyohlarni jalb qiladi. Uni oʻtkazish anʼanasi oʻrta asrlardan davom etib kelmoqda.

Sport

Shaharda shu nomdagi futbol klubi mavjud — «Siyena».

Sanʼat

Siyena koʻp asrlar davomida tasviriy sanʼatning boy anʼanalariga ega boʻlib kelgan. Siyena maktabining eng mashhur rassomlari — Duchcho, Simone Martini, Ambrojo Lorensetti, Pyetro Lorensetti, Martino di Bartolomeo, Franchesko di Jorjo. Koʻplab Uygʻonish davri asarlarini Siyena cherkovlari va saroylarida, shuningdek, shaharning boy sanʼat muzeylarida, jumladan Siyena pinakotekasida koʻrish mumkin.

Mashhur tugʻilgan va yashagan shaxslar

  • Donato di Neri (1300—1372) — oʻrta asrlar yilnomachisi, mahalliy shahar tarixnavisi.
  • Siyenalik Katerina (1347—1380) — soʻnggi oʻrta asrlarda yashagan italiyalik diniy arbob va yozuvchi, faol siyosiy hamda tinchlikparvarlik faoliyati bilan shugʻullangan.
  • Yakopo della Kvercha (1371—1438) — oʻrta asr anʼanalaridan Uygʻonish davri uslubiga oʻtish davrining italiyalik haykaltaroshi.
  • Alessandro Pikkolomini (1508—1578) — italiyalik yozuvchi, gumanist, faylasuf va astronom; Siyenadagi zodagon Pikkolomini sulolasiga mansub boʻlgan.
  • Senesino (1686—1758) — kastrat opera xonandasi.
  • Jushto Fernando Tenduchchi (1736—1790) — bastakor va kastrat xonanda.
  • Luiji Mussini (1813—1888) — rassom va shaxmatchi, 37 yil davomida Siyena tasviriy sanʼat instituti direktori boʻlgan.
  • Ettore Bastianini (1922—1967) — opera xonandasi, bariton.
  • Alessandro Safina (1963-yilda tugʻilgan) — italiyalik opera va estrada xonandasi.
  • Armando Sapori(1892—1976) — iqtisodiyot tarixchisi va siyosiy arbob.
  • Janna Nannini (1956-yilda tugʻilgan) — butun Yevropada mashhur italiyalik estrada xonandasi, qoʻshiq muallifi va bastakor; Formula-1 poygachisi Alessandro Nanninining opasi.
  • Galganyo Chipriani (1775—1857) — italiyalik gravyurachi.

Qardosh shaharlar

Adabiyotlar