Rotavirus – bu kichik yoshdagi bolalarda og‘ir diareya va gijjalar bilan kechadigan virusli infeksiyalardan biridir. U Reoviridae oilasiga mansub bo‘lib, ayniqsa 6 oylikdan 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar orasida keng tarqalgan. Virus ichak shilliq qavatiga ta'sir qilib, suvsizlanish, qusish va diareyaga olib keladi. Bu virus nomi uning elektron mikroskop ostida ko‘rinadigan shakliga bog‘liq bo‘lib, u g‘ildirakga o‘xshaydi va lotinchada “rota” so‘zi aynan “g‘ildirak” degan ma'noni bildiradi. Rotavirus butun dunyo bo‘ylab har yili millionlab bolalarni kasallantiradi va minglab holatlarda bu kasallik o‘lim bilan yakunlanadi, ayniqsa sog‘liqni saqlash tizimi rivojlanmagan mintaqalarda.

Yuqtirish yo‘llari
Rotavirus asosan og‘iz-orqa yo‘li orqali yuqadi, ya'ni virus bilan ifloslangan qo‘llar, suv, oziq-ovqat yoki ifloslangan buyumlar orqali odam tanasiga kiradi. Virus ichak orqali ko‘payib, axlat bilan birga tashqariga chiqariladi va atrof-muhitda uzoq vaqt faol holatda qolishi mumkin. Bolalar virusni o‘zaro o‘yinlar vaqtida, umumiy o‘yinchoqlar, idish-tovoqlar yoki boshqa maishiy buyumlar orqali yuqtirishi mumkin. Bundan tashqari, yirik bolalar bog‘chalari, maktabgacha ta'lim muassasalari kabi joylarda kasallik tez tarqaladi, chunki u yerda bolalar ko‘proq va yaqin aloqada bo‘lishadi.
Belgilari
Rotavirus infektsiyasi odatda inkubatsiya davri tugagandan so‘ng, ya'ni 1-3 kun ichida o‘zining dastlabki alomatlarini ko‘rsata boshlaydi. Dastlab, bola o‘zini noxush his qilishi, ishtaha yo‘qolishi, bosh og‘rig‘i va yengil isitma kuzatilishi mumkin. Asosiy alomatlar esa to‘satdan boshlanadigan qusish, kuchli suvli diareya va yuqori tana harorati hisoblanadi. Diareya ko‘pincha kuchli va suvsizlanishga olib keluvchi ko‘rinishda bo‘ladi. Suvsizlanish belgilari orasida og‘iz qurishi, ko‘z chuqurlashuvi, siydik ajralishining kamayishi, hushyorlikning pasayishi va hatto hushdan ketish holatlari ham mavjud. Rotavirus infeksiyasi 3 kundan 8 kungacha davom etishi mumkin.

Tashxislash usullari
Rotavirus tashxisini aniqlash uchun birinchi navbatda klinik simptomlar asosiy mezon hisoblanadi. Ammo aniq tashxis qo‘yish uchun laboratoriya tahlillari talab qilinadi. Axlat namunasi tahlil qilinib, unda rotavirus antigeni mavjudligi aniqlanadi. Bu usul ELISA yoki latex-aglutinatsiya kabi immunologik testlar orqali amalga oshiriladi. Ayrim hollarda PCR – polimeraz zanjir reaksiyasi usuli orqali virus DNKsini aniqlash mumkin. Qon tekshiruvi orqali esa suvsizlanish darajasi baholanadi, ya'ni qonda natriy, kaliy va boshqa elektrolitlar miqdori aniqlanadi. Shu tarzda nafaqat rotavirus borligi, balki uning organizmga qanday ta’sir ko‘rsatganligi ham aniqlanadi
Davolash usullari
Rotavirus infektsiyasi uchun ayni paytda maxsus antivirus dori vositalari mavjud emas. Davolash asosan simptomatik bo‘lib, suvsizlanishni bartaraf etish va organizm holatini tiklashga qaratilgan. Eng muhim va birinchi chorasi bu suvsizlanishni oldini olishdir. Buning uchun bolalarga regidratatsion eritmalar, ya'ni tuzli suvlar beriladi. Og‘ir holatlarda esa vena orqali suyuqlik yuborilishi zarur bo‘ladi. Qusishni to‘xtatuvchi dori vositalari, diareyani kamaytiruvchi preparatlar ba'zan qo‘llanilishi mumkin, biroq ko‘pchilik holatda bu dori vositalar bolalarda tavsiya etilmaydi. Parhezga rioya qilish ham muhim bo‘lib, bolaning ichagi bezovta qilinmaydigan yengil ovqatlar bilan oziqlantiriladi. Sut mahsulotlari va shakarli ichimliklardan voz kechish tavsiya etiladi. Bakterial infeksiyadan farqli o‘laroq, antibiotiklar rotavirusga qarshi samarasiz bo‘ladi

Oldini olish yo‘llari
Rotavirus infeksiyasining oldini olishda eng samarali choralar gigiena qoidalariga qat'iy rioya qilish va emlash hisoblanadi. Bolalar qo‘llarini tez-tez yuvishlari, ayniqsa ovqatdan oldin va hojatxonadan so‘ng yuvishlari kerak. Oziq-ovqatlar toza tayyorlanishi va suv manbalari xavfsiz bo‘lishi muhim. Ammo eng samarali himoya vositasi bu emlashdir. Rotavirusga qarshi vaksinalar dunyoning ko‘pgina davlatlarida milliy emlash kalendariga kiritilgan. Hozirda eng ko‘p qo‘llaniladigan vaksinalar – Rotarix va RotaTeq bo‘lib, ular og‘iz orqali qabul qilinadi va bolaning dastlabki hayot oylarida beriladi. Emlash kasallik og‘irligini kamaytiradi, ba'zi hollarda esa uning oldini butunlay oladi
Asoratlari
Agar rotavirus infeksiyasi vaqtida to‘g‘ri davolanmasa yoki kech aniqlansa, u bolalar organizmida jiddiy asoratlar qoldirishi mumkin. Eng xavflisi bu kuchli suvsizlanish bo‘lib, u ichki a'zolarning ishdan chiqishiga, hushdan ketishga va og‘ir hollarda o‘limga olib keladi. Shuningdek, uzoq davom etgan diareya tufayli bola ovqatdan to‘yolmaydi va bu holat rivojlanishdan orqada qolishga sabab bo‘ladi. Ba'zan rotavirus boshqa bakterial infeksiyalar bilan qo‘shilib, sepsis yoki o‘pka yallig‘lanishiga olib kelishi mumkin. Shuning uchun kasallikning ilk alomatlari paydo bo‘lishi bilan darhol shifokorga murojaat qilish zarur
Kasallikning tarqalishi va statistikasi
Rotavirus butun dunyo bo‘ylab uchraydi va ayniqsa rivojlanayotgan davlatlarda keng tarqalgan. Dunyoda har yili tahminan 200 million bola rotavirus bilan kasallanadi. 2016 yilgi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, rotavirus sababli vafot etgan bolalar soni 215 mingdan oshgan. Emlash joriy etilgan davlatlarda bu ko‘rsatkich ancha kamaygan. Masalan, AQShda rotavirusga qarshi emlash dasturidan so‘ng shifoxonaga yotqizish holatlari 80% ga kamaygan. O‘zbekiston kabi davlatlarda ham emlash dasturlari bosqichma-bosqich joriy etilmoqda va bu orqali kasallikning oldi olinmoqda
Rotavirus va boshqa virusli diareyalar farqi
Rotavirus diareyasi ko‘pincha boshqa virusli diareyalardan farq qiladi. Masalan, norovirus, adenovirus yoki astrovirus ham diareyaga olib keladi, ammo rotavirus bilan kechadigan kasallik ko‘proq suvli va qusish bilan kechadi. Shuningdek, rotavirus ko‘proq suvsizlanish xavfi bilan tavsiflanadi. Shuning uchun rotavirus alohida e’tibor talab qiladigan virus hisoblanadi. Tashxis qo‘yish uchun virus turlarini aniqlovchi laboratoriya tahlillari kerak bo‘ladi. Bu kasallikning kechishi, davolanish usuli va izolyatsiya choralarini belgilashda muhim ahamiyat kasb etadi
Yakuniy xulosa
Rotavirus bolalar sog‘lig‘i uchun jiddiy tahdid hisoblanadi. U yuqish xavfi yuqori bo‘lgan, og‘ir kechadigan va to‘g‘ri davolanmasa o‘limga olib keladigan infeksiya turidir. Uning oldini olish gigiena qoidalariga rioya qilish, emlash va erta tashxis qo‘yish bilan bog‘liq. Har bir ota-ona bolasi rotavirusdan himoyalanganiga ishonch hosil qilishi kerak. Sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yish, bolalarga toza suv va ovqat taqdim etish, emlashga e’tibor qaratish bu infeksiyaga qarshi kurashning eng samarali yo‘llaridandir. Dunyodagi ko‘plab tibbiyot muassasalari va sog‘liqni saqlash tashkilotlari rotavirusni nazorat ostida ushlash uchun emlashni keng joriy qilmoqda, bu esa kelajakda ushbu virus bilan bog‘liq o‘limlar va kasallanish holatlarini kamaytirishga xizmat qiladi
