Qirov — sovigan buyumlar yuzasida nam gaz tarkibidagi suv bug‘idan hosil bo‘ladigan mayda muz kristallari; qattiq holatdagi atmosfera yog‘inlari turidir. U kristall holatdagi suv muzining turli qalinlikdagi yupqa qatlamidan iborat bo‘lib, tuproq harorati noldan past, osmon kam bulutli va shamol kuchsiz bo‘lgan paytda yer yuzasi hamda yerdagi buyumlar ustida to‘planadi. Yengil sovuqda qirov kristallari olti burchakli prizmalar, o‘rtacha sovuqda — plastinkalar, kuchli sovuqda esa — uchi to‘mtoq ignalar shaklida bo‘ladi.
Qirovning hosil bo‘lishi
Qirov desublimatsiya jarayonida suv bug‘ining havodan tuproq, o‘t-o‘lan va qor qoplami, shuningdek, buyumlarning gorizontalga yaqin joylashgan ochiq yuzalariga cho‘kishi natijasida hosil bo‘ladi. Buning sababi ushbu yuzalarning nurlanish tufayli havo haroratidan ham past, manfiy haroratgacha sovishidir.

Qirov hosil bo‘lishi uchun ochiq, shamolsiz tunlar hamda issiqlik o‘tkazuvchanligi past bo‘lgan g‘adir-budur yuzalar (masalan, yog‘och o‘rindiqlar, ochiq tuproq yuzasi va boshqalar) eng qulay sharoit hisoblanadi. Kuchsiz shamol sovuq yuza bilan nam havoning yangi-yangi massalarini tutashtirib turadi va qirov hosil bo‘lishiga sezilarli yordam beradi. Kuchli shamol esa bu jarayonga to‘sqinlik qiladi.
Kundalik hayotda qirov ko‘pincha kristall izmoroz (изморозь) hodisasidan farqlanmaydi. Muzlikshunoslar ta’kidlashicha, qirov ipsimon yuzalarda hosil bo‘lmaydi. A. D. Zamorskiy yuzalarning nurlanish ta’sirida 0 °C dan past haroratgacha sovishi tufayli hosil bo‘ladigan sublimatsion muz qatlamlarini «radiatsion qirov» deb atashni taklif qilgan. V. M. Kotlyakovning fikricha, bu atama «qirov» tushunchasining sinonimidir.
Qirov gullari
Bu qirovning o‘ziga xos turi bo‘lib, mayda muz kristallari dog‘-dog‘ bo‘lib to‘planadi va ko‘pincha shakli hamda tuzilishi jihatidan daraxt barglari yoki gullarini eslatadi. Ular uzoq davom etgan iliq ob-havodan keyin keskin sovuq tushishi natijasida iliq tuproq yuzasida, odatda kuzda hosil bo‘ladi.
Qirov gullari ko‘pincha yumshoq, o‘simlik bilan qoplanmagan tuproqda, shuningdek, tuproqdan iliq havo chiqadigan joylarda paydo bo‘ladi. Bundan tashqari, qirov gullarini daryo va ko‘llardagi muz qoplamida yoriqlar hamda muzsiz ochiq suv maydonlari (полынья) bo‘ylab ham kuzatish mumkin. Qirov qatlamlari muntazam ravishda va juda tez-tez hosil bo‘ladi. Ular qor qoplamining tarkibiy qismidir.
Qirovning bir turi — suv havzalari muzining ustida hosil bo‘ladigan «muz gullari» (ular qoplovchi muzning kapillyar yoriqlari orqali suvdan ko‘tariladigan bug‘ hisobiga paydo bo‘ladi), shuningdek, deraza oynalaridagi ayoz naqshlaridir.
Adabiyotlar
- Davlatlararo standartlashtirish bo‘yicha RMG 75-2014 tavsiyalari. O‘lchashlar birliligini ta’minlash davlat tizimi. Moddalar namligini o‘lchash. Atamalar va ta’riflar. — M.: Standartinform, 2015. — iv + 16 bet.
Havolalar
- Qirov // Katta sovet ensiklopediyasi : [66 jildda] / bosh muharrir O. Yu. Shmidt. — [1-nashr]. — M.: Sovet ensiklopediyasi, 1926—1947.
- Atmosfera hodisalari — tasnifi va tavsifi. meteocenter.net. Murojaat qilingan sana: 15-yanvar, 2019-yil..
- Izmoroz (изморозь) va qirov, muzlama va yaxmalak. web.archive.org. Murojaat qilingan sana: 15-yanvar, 2019-yil..