Qamalib qolgan odam sindromi

Jan-Dominik Bobi — 43 yoshida keng ko‘lamli insultni boshdan kechirgan fransuz jurnalisti. Shundan so‘ng u butunlay falajlanib, faqat chap qovog‘ini harakatlantirish qobiliyatini saqlab qolgan. Maxsus muloqot tizimi yordamida u o‘zining xotiralarini aytib yozdirgan. Ularda qamalib qolgan odam sindromi bilan yashash tajribasi tasvirlangan

«Qamalib qolgan odam» sindromi (izolyatsiya sindromi, deefferentatsiya sindromi) (ingl. locked-in syndrome) — bemorda tashqi, jumladan, og‘zaki ta’sirlarga adekvat javob reaksiyasi kuzatilmasligi bilan tavsiflanadigan sindrom. Bunga tetraplegiya va falajlanish, xususan, bulbar, mimika va chaynash mushaklarining falajlanishi sabab bo‘ladi.

U bulbar mushaklarning falajlanishi tufayli gapira olmaslik (anartriya), ong va sezuvchanlik to‘liq saqlangan holda qo‘l-oyoqlarning falajlanishi bilan namoyon bo‘ladi. Bunda ko‘z yumib-ochish va ko‘zlarni vertikal yo‘nalishda harakatlantirish orqali atrofdagilar bilan muloqot qilish mumkin. «Qamalib qolgan odam» sindromi uzoq davom etganda bemorlarga ko‘zlari yordamida ancha murakkab axborotni uzatishni o‘rgatish mumkin.

Epidemiologiyasi

Qamalib qolgan odam sindromi juda kam uchraydigan patologiya bo‘lib, uning tarqalganligini baholash qiyin. 2023-yilda Norvegiya va Fransiyada o‘tkazilgan tadqiqotlar ma’lumotlariga ko‘ra, kasallikning tarqalganligi 0,3-5,4 ta holatni (1 million kishiga) tashkil etgan.

Etiologiyasi

Sindromning rivojlanishiga miya ko‘prigi yoki o‘rta miyaning shikastlanishi sabab bo‘ladi. Bu soha quyidagilar oqibatida shikastlanishi mumkin: miya infarkti, miyaga qon quyilishi, nerv-mushak kasalliklari va demiyelinizatsiyalovchi kasalliklar (masalan: markaziy pontin miyelinoliz), jarohatlar, o‘smalar hamda infeksion shikastlanish.

Eng ko‘p uchraydigan sabablar ishemik insult va miya ustuniga qon quyilishi, bosh miya jarohati (miya ustunining bevosita shikastlanishi yoki ushbu sohani qon bilan ta’minlaydigan bazilyar arteriyaning shikastlanishi yoki trombozi, shuningdek, kuchayib boruvchi bosh miya shishi tufayli ikkilamchi shikastlanish) hisoblanadi. Nerv-mushak kasalliklari (masalan, Giyen-Barre sindromi, amiotrofik lateral sklerozning kechki bosqichlari), dori vositalari va zaharlar sababli yuzaga keladigan qamalib qolgan odam sindromi kamroq uchraydi. Infeksiyalar bu sindromga juda kam hollarda sabab bo‘ladi. Covid-19 pandemiyasi davrida sindromning koronavirus infeksiyasi asorati sifatida rivojlanish holatlari haqida xabarlar paydo bo‘ldi (ham tromb hosil bo‘lishiga moyillikning ortishi tufayli tomirlar trombozi, ham og‘ir nerv-mushak shikastlanishi oqibatida).

Miya ustunining qon bilan ta’minlanishi
MRT tasvirida o‘rta miya qizil rang bilan, miya ko‘prigi esa P (pons) harfi bilan belgilangan

Patologik anatomiya. Tasnifi

Qamalib qolgan odam sindromida ko‘pincha miya ustunining miya ko‘prigi oldingi qismlari yoki o‘rta miya sohasida shikastlanishi kuzatiladi. Bu hududdan qo‘l-oyoq mushaklarini innervatsiyalovchi kortikospinal yo‘l hamda bosh miya nervlari yadrolariga boruvchi kortikobulbar yo‘l (uch shoxli nerv, yuz nervi, til-halqum nervi, adashgan nerv, qo‘shimcha nerv va tilosti nervi) o‘tadi. Klinik manzarada qo‘l-oyoqlar falajlanishi (kortikospinal yo‘l shikastlanishi), nutq, yutish va mimikaning buzilishi (bosh miya nervlariga boruvchi yo‘llarning shikastlanishi) shu bilan izohlanadi. Bunda orqa qismlardan o‘tuvchi yo‘llar shikastlanmaydi. Masalan, ko‘zni harakatlantiruvchi nerv yadrolari va yo‘llari saqlanganda ko‘zlarni vertikal yo‘nalishda harakatlantirish mumkin bo‘ladi, eshitish ham buzilmaydi. Retikulyar formatsiya ongning saqlanishini ta’minlaydi, orqaroqdagi qismlarda joylashgan va shikastlanmaydi. Muayyan tuzilmalarning saqlanganligiga asoslanib, qamalib qolgan odam sindromining tasnifi ishlab chiqilgan.

Tasnifi:

  • Bazilyar arteriya trombozi oqibatida miya ko‘prigi sohasida bosh miya infarkti (strelka bilan ko‘rsatilgan) yuz bergan va qamalib qolgan odam sindromi rivojlangan kishining MRT tasviri.
    Klassik shakli: bemorlarning ongi, ko‘z yumib-ochish va ko‘zlarini vertikal yo‘nalishda harakatlantirish qobiliyati saqlanadi.
  • To‘liq bo‘lmagan shakli: ko‘z yumib-ochish va ko‘zlarning vertikal harakatidan tashqari, boshqa ayrim harakatlarni ham bajarish mumkin bo‘ladi.
  • To‘liq qamalib qolgan odam sindromi: butunlay falajlanish va ko‘z harakatlarining yo‘qligi bilan tavsiflanadi. Miya faoliyati mavjudligi elektroensefalografiya natijalari asosida aniqlanadi.

Diagnostikasi

Ushbu holatni aniqlash uchun asosiy tekshiruvlar quyidagilardan iborat:

  • Nevrologik ko‘rik
  • Kompyuter va magnit-rezonans tomografiyasi — miya ustunining shikastlanishini aniqlash, qamalib qolgan odam sindromini keltirib chiqargan sabablarni (arteriyalar trombozi va ishemik insult, qon quyilishi, demiyelinizatsiya belgilari) aniqlashtirish uchun
  • Elektroensefalografiya — bosh miya po‘stlog‘i faoliyatini baholash uchun (bu qamalib qolgan odam sindromini komadan farqlashga yordam beradi)
  • Elektroneyromiografiya — sindromning rivojlanishiga sabab bo‘lgan nerv-mushak kasalliklarini aniqlash uchun.

Zarur bo‘lganda boshqa tekshiruvlar ham o‘tkazilishi mumkin.

  • Funksional MRT va pozitron-emission tomografiya (bular ham qamalib qolgan odam sindromini koma va surunkali ong buzilishlaridan farqlashga yordam beradi. Ayniqsa, ko‘zlar yordamida muloqot qilishning iloji bo‘lmagan to‘liq qamalib qolgan odam sindromida muhimdir).
  • Qon tahlili — qondagi natriy miqdorining pasayishi va keyinchalik tez ortishi osmotik demiyelinizatsiya sindromidan darak berishi mumkin. Gipoglikemiya bilan bog‘liq miya shikastlanishini istisno qilish uchun glyukoza miqdori aniqlanadi.
  • Likvor (miya-orqa miya suyuqligi) tahlili — infeksiyani istisno qilish yoki markaziy nerv tizimining demiyelinizatsiyalovchi kasalliklarini aniqlash uchun.

Ba’zida ushbu sindromda tibbiyot xodimlari yanglishib koma (ongni yo‘qotish) tashxisini qo‘yadilar va bemor huzurida barcha kasbiy masalalarni, jumladan, bemorning vafot etish ehtimolini ham bemalol muhokama qiladilar. Bu unga og‘ir ruhiy jarohat yetkazishi mumkin. 2002-yilda o‘tkazilgan tadqiqot ma’lumotlariga ko‘ra, kasallik boshlanganidan tashxis qo‘yilguniga qadar o‘rtacha 2 oy o‘tgan. Buni qisman tashxis qo‘yishning murakkabligi, ayniqsa, to‘liq qamalib qolgan odam sindromida, shuningdek, odamlar ko‘pincha koma davridan keyin ushbu holatga o‘tishi bilan izohlash mumkin.

Davolash

O‘tkir davrda davolashning asosini qamalib qolgan odam sindromi rivojlanishiga sabab bo‘lgan kasallikni davolash tashkil etadi. Masalan, ishemik insultda o‘z vaqtida o‘tkazilgan trombolitik terapiya yo‘qotilgan funksiyalarning tiklanishiga olib kelishi mumkin. Shuningdek, hayotiy muhim funksiyalarni saqlab turish (nafas yo‘llari o‘tkazuvchanligini, kislorodning yetarli darajada yetkazib berilishini ta’minlash, yurak-qon tomir tizimi faoliyatini saqlab turish va hokazo) zarur.

Keyinchalik quvvatlovchi davolash o‘tkaziladi, harakatsizlik bilan bog‘liq asoratlarning oldi olinadi va bemor bilan muloqot qilish imkoniyati ta’minlanadi.

Bunday bemorlar bilan muloqotni yaxshilash uchun turli usullar qo‘llaniladi:

  • Harflar qatori ranglarga ko‘ra guruhlangan maxsus alifbo.
  • Infraqizil nurlar yoki okulografiya yordamida ko‘z harakatlarini kuzatuvchi qurilmalar.
  • Neyrointerfeyslar yordamida muloqot qilishda noinvaziv usullar (bosh terisi yuzasidan miyaning elektr faolligini qayd etuvchi datchiklar, yaqin infraqizil diapazondagi spektroskopiya) yoki invaziv usullar (kalla suyagi bo‘shlig‘iga implantatsiya qilingan va bevosita bosh miya po‘stlog‘idan signallar oluvchi datchiklar yordamida EEGni qayd etish) qo‘llaniladi.

Prognozi

Agar bemorlar kasallik rivojlanganidan keyingi dastlabki 4 oyda tirik qolsalar, tegishli parvarish sharoitida keyinchalik ancha uzoq yashashlari mumkin. 2003-yildagi tadqiqotga ko‘ra, 5 va 10 yil davomida yashab qolish ko‘rsatkichi 83% ni, 20 yil davomida esa 40% ni tashkil etgan. Agar bemorlarda tiklanish kuzatilsa, u sindrom rivojlanganidan keyingi dastlabki 6 oyda yuz beradi. Biroq aksariyat hollarda yo‘qotilgan funksiyalar to‘liq tiklanmaydi. Italiyada qamalib qolgan odam sindromiga chalingan 14 nafar bemor ishtirokida o‘tkazilgan tadqiqot ma’lumotlariga ko‘ra, davolash va reabilitatsiya natijasida ularning holatini yaxshilashga erishilgan. Ishtirokchilarning 21% ida harakat funksiyasi tiklangan, 28% ida og‘zaki muloqot qilish imkoni paydo bo‘lgan, 42% ida yutish yaxshilangan, 42% ida esa qurilmalar yordamida muloqot amalga oshirilgan.

A. Dyumaning «Graf Monte-Kristo» romaniga ishlangan illyustratsiya. Valentina bobosi janob Nuartye bilan.

Tarixi

Aleksandr Dyuma «Graf Monte-Kristo» romanida (1844-yil) janob Nuartye de Vilforni «ko‘zlari tirik murda» iborasi bilan tasvirlaydi. Keyinchalik bu parcha qamalib qolgan odam fenomenining mohiyatini badiiy tasvirlash uchun turli maqolalarda tez-tez qo‘llanilgan. Dyuma simptomlarni miyaga qon quyilishi bilan bog‘lab, ushbu holatning ehtimoliy sababini ham ko‘rsatadi. «Eng yuksak jasorat va eng baquvvat jussani o‘zida mujassam etgan janob Nuartye miyasidagi qon tomir yorilishi oqibatida bir soniyada mahv bo‘ldi; bir vaqtlar haybatli bo‘lgan bu inson endi na qo‘lini, na oyog‘ini qimirlata olar, na gapira olar, deyarli ko‘ra olmas edi, lekin u fikrlar, istar, qo‘lidan kelganicha harakat qilar edi».

Izolyatsiya sindromining yana bir adabiy tasviri sifatida Emil Zolyaning 1868-yilda yozilgan «Tereza Raken» romanini keltirish mumkin. Unda Terezaning asrab olgan onasida qamalib qolgan odam sindromiga o‘xshash simptomlar kuzatiladi.

Sindrom shifokorlar tomonidan ilk bor 1875-yilda Fransiyada, mashhur nevrolog Jan-Marten Sharko olib borgan Parij anatomiya jamiyati konferensiyasida tasvirlangan. Stajyor shifokor Kamill Darolles Fransua Damaskino rahbarligida yosh ayolning klinik holatini taqdim etgan. Ayolda bosh og‘rig‘i xurujidan 6 kun o‘tgach, o‘ng qo‘l va oyog‘ida holsizlik paydo bo‘lgan, keyinchalik uning holati yanada og‘irlashgan. Bu anartriya, yutishning buzilishi, detserebratsion rigidlik bilan birga kechuvchi spastik tetraplegiya ko‘rinishida namoyon bo‘lgan, gorizontal nigoh parezi ham kuzatilgan. Bunda ayol hushyor bo‘lgan va ko‘zlarini vertikal harakatlantirish qobiliyati saqlangani tufayli u bilan aloqa qilish mumkin bo‘lgan. Qon chiqarish maqsadida zuluk qo‘yib davolashga urinishgan, ammo simptomlar rivojlanganidan keyingi uchinchi kuni ayol vafot etgan. Jasad yorib tekshirilganda miya ko‘prigining ventral qismida infarkt aniqlangan.

Ushbu holatga qiziqish XX asrning oltmishinchi yillarida, miya o‘limi va surunkali ong buzilishlari kabi hodisalar faol o‘rganila boshlagan davrda yana kuchaydi. Qamalib qolgan odam sindromi bo‘lgan bemorlarning holati esa bu holatlardan farq qilardi. Tibbiyotning rivojlanishi, hayotiy faoliyatni saqlab turish va parvarish imkoniyatlarining yaxshilanishi bilan 1960—1970-yillarda bunday bemorlarning umr davomiyligi sezilarli darajada oshdi. Italiyalik nevrologlar Kappa va Vinyolo izolyatsiya sindromi bilan 12 yil yashagan bemorni tasvirlaganlar. «Qamalib qolgan odam sindromi» (locked-in syndrome) atamasi 1966-yilda F. Plam va J. B. Pozner nashrida taklif etilgan. «Qamalib qolgan odam sindromi» atamasi umumiste’molga kirgunga qadar bu holat turli manbalarda deafferentatsiya holati, psevdokoma, miya ko‘prigining ventral sindromi, miya ko‘prigi psevdokomasi va boshqa nomlar bilan atalgan. 1986-yilda sindrom ong saqlangan holdagi kvadriplegiya (barcha to‘rt qo‘l-oyoqning falajlanishi) va anartriya sifatida ta’riflangan. Bu 1966-yildagi ta’rifdan farq qiladi: unda nutq buzilishini tasvirlash uchun mutizm so‘zi ishlatilgan edi. Keyinchalik olimlar qamalib qolgan odam sindromida bemor aynan nutq apparatidagi muammolar tufayli gapira olmasligini, mutizmda esa nutq mavjud bo‘lmasa-da, bu jarayon fiziologik jihatdan mumkinligini ta’kidlashni istashgan. Bundan tashqari, mutizm va qamalib qolgan odam sindromida shikastlanish joylari ham farq qiladi.

Adabiyotlar