Nonkonformizm (lot. non «emas» + so‘nggi lot. conformis «o‘xshash; mos keluvchi» so‘zlaridan) — individning shu jamiyat yoki guruhda ustuvor bo‘lganlariga bevosita zid psixologik ustanovkalar, fikrlar, idrok natijalari, xatti-harakatlar va shu kabilarga amal qilish hamda ularni himoya qilishga intilishidir. Ko‘pincha u sinonim sifatida «negativizm» tushunchasi bilan, antonim sifatida esa «konformizm» tushunchasi bilan bog‘lanadi. Nonkonformizm isyonkorlik, boshqacha fikrlash, individualizm hamda boshqa odamlar tomonidan majburan singdirilayotgan narsalarga mutlaqo zid tarzda, amaldagi ijtimoiy me’yorlar va qoidalarga qarshi harakat qilishga intilish ko‘rinishida namoyon bo‘lishi mumkin.
Ayrim hollarda nonkonformizm deb individning shaxsiy pozitsiyasi ko‘pchilikning pozitsiyasiga zid kelganda, uni himoya qilishga tayyorligi tushuniladi. Bunday hollarda ushbu maqolada tasvirlangan hodisa «antikonformizm» (qad. yunon. ἀντι- «qarshi» so‘zidan) nomi bilan alohida ajratiladi. Antikonformizmni guruh me’yorlariga izchil qarshilik ko‘rsatish sifatida ham ta’riflash mumkin. Masalan, amaldagi modaga ko‘pchilikdan ajralib turish istagi tufayli muntazam qarshi chiqish.
Nonkonformizm qaror topgan ijtimoiy me’yorlarga qarshi norozilik (shu jumladan, siyosiy norozilik) shakli bo‘lishi mumkin. Mazkur atama 1960—1980 yillarda G‘arbda submadaniyat harakatlarining (xippilar va boshqalar) kuchayishi munosabati bilan siyosiy mazmun kasb etdi.
Konformizm va nonkonformizm reaksiyalarining har ikkisiga ancha keskin qarama-qarshi turadigan hodisa — shaxsning o‘zini o‘zi belgilashi (guruh doirasida).
Eksperimental tadqiqotlar
Nonkonformizmga oid quyidagi eksperimental tadqiqotlar keng tanilgan:
- 1951 yil — «Ash tajribasi» — unda sinaluvchilarning taxminan 8 % i nonkonform reaksiyani namoyon qilgan.
- 1963 yil — «Milgram tajribasi». Bunda tajribaning oldindan kelishilgan ishtirokchilarga «tajriba»da qatnashishdan bosh tortish topshirilgan varianti nazarda tutiladi. Bu variantda haqiqiy sinaluvchilarning aksariyati oldindan kelishilgan ishtirokchilarga ergashib, «tajriba»da qatnashishdan bosh tortgan, ammo sinaluvchilarning 10 % i tajriba sharoitiga qaramay, tajriba o‘tkazuvchining ko‘rsatmalarini bajarishda davom etgan.
- 1980 yil — Charlz Richard Snayder va Govard L. Fromkinning tajribalari Perdyu universiteti talabalari ishtirokida o‘tkazilgan. Dastlab talabalarga o‘zlarining eng muhim 10 ta psixologik ustanovkasi (ichki yo‘nalganligi) boshqa talabalarning shunday ustanovkalariga, ularning fikricha, qay darajada mos kelishini baholash, keyin esa konformizmga oid eksperimental tadqiqotda qatnashish taklif qilingan. Quyidagi qonuniyat aniqlangan: so‘rov davomida ishtirokchilar o‘z ustanovkalarini boshqalarning ustanovkalariga qanchalik ko‘p mos deb bilgan bo‘lsalar, tajriba bosqichida ularda nonkonformizmga moyillik shunchalik kuchli namoyon bo‘lgan.