Podagra (qad. yun. ποδάγρα, so‘zma-so‘z — oyoq uchun qopqon; πούς, qaratqich kelishigi ποδός — oyoq va ἄγρα — tutish, ovlash) — tizimli, surunkali metabolik kasallik bo‘lib, organizmning turli to‘qimalarida urat kristallarining natriy monourati yoki siydik kislotasi shaklida to‘planishi bilan tavsiflanadi. Kasallikning rivojlanishiga siydik kislotasining to‘planishi va uning buyraklar orqali chiqarilishining kamayishi asos bo‘ladi. Natijada uning qondagi konsentratsiyasi ortadi (giperurikemiya). Klinik jihatdan podagra qaytalanuvchi o‘tkir artrit va podagraga xos tugunlar — tofuslar hosil bo‘lishi bilan namoyon bo‘ladi. Artrit bilan bir qatorda buyraklarning zararlanishi ham asosiy klinik belgilardan biridir. Podagra ko‘proq erkaklarda uchraydi, ammo so‘nggi vaqtlarda ayollar orasida ham keng tarqalmoqda. Yosh ulg‘aygan sari kasallanish ortadi. Davolash uchun dori vositalari qo‘llanadi: kasallikning patogenetik mexanizmiga ta’sir etuvchi preparatlar hamda simptomatik davolash vositalari.
Tarixi

Podagra qadim zamonlardan ma’lum. Dastlabki yozma dalillar (oyoq bosh barmog‘idagi podagrik artrit tavsifi) Qadimgi Misr davriga, miloddan avvalgi 2600-yilga taalluqlidir. Qadimgi yunon shifokori Gippokrat miloddan avvalgi V asrda o‘zining «Aforizmlar» asarida podagrik artritning klinik belgilarini tavsiflab, bu kasallik bichilgan erkaklarda (yevnuxlarda) va menopauza boshlanmagan ayollarda uchramasligini qayd etgan. Rim faylasufi va shifokori Avl Korneliy Sels podagraning rivojlanishi bilan spirtli ichimliklar iste’moli va buyrak faoliyatidagi buzilishlar o‘rtasidagi bog‘liqlikni tavsiflagan. 150-yilda Galen podagraga «buzuq turmush tarzi, o‘zini tiya olmaslik va irsiyat» sabab bo‘lishini ta’kidlagan.
XVII asr oxirida ingliz klinitsist shifokori Tomas Sidenham 30 yildan ortiq podagradan aziyat chekkan holda uni alohida kasallik sifatida tasniflagan va «Podagra haqida risola» asarida podagrik artritning o‘tkir xuruji klinik manzarasini juda aniq tasvirlagan (lot. «Tractatus de podagra et hydrope»). Unda u podagradagi og‘riq sindromini «oyoq-qo‘lni press bilan qisish» natijasidagi og‘riqqa qiyoslagan va bemorning hislarini «ulkan it barmoqqa tishlarini botirgan» holatga o‘xshatgan.
1679-yilda golland olimi Antoni van Levenguk birinchi marta siydik kislotasi kristallarining mikroskopik tuzilishini tavsiflagan. 1848-yilda ingliz fiziologi Alfred Baring Garrod (Alfred Baring Garrod, 1819—1906) podagra bilan og‘rigan bemorning qoniga tushirilgan ip yordamida ushbu kasallikda siydik kislotasi miqdori qonda ortishini aniqlagan va tavsiflagan.
Fransuz shifokori Jan Marten Sharkoning dastlabki ilmiy ishlari aynan podagraga bag‘ishlangan: «Podagrada tog‘ayning shikastlanishi» (frans. Les altérations des cartilages dans la gouite, 1858), «Podagra bilan og‘rigan bemorlarning tashqi qulog‘idagi podagrik to‘planmalar (tofuslar)» (Les concrétions tophacées de l’oreille externe chez les goutteux, 1860), «Podagrada buyraklardagi o‘zgarishlar» (Les altérations du rein chez les goutteux, 1864), «Podagra va qo‘rg‘oshindan zaharlanish haqida» (Les rapports de la goutte et de l’intoxication saturnine, 1864).
1899-yilda podagrik artrit xuruji vaqtida urat kristallari bo‘g‘im suyuqligida mavjudligi aniqlangan. 1961-yilda Makkarti (MacCarty) va Hollander podagrik yallig‘lanishning yuzaga kelishi va rivojlanishida urat kristallarining rolini aniqlagan.
Tarixan O‘rta asrlardan XX asrgacha podagradan asosan zodagonlar aziyat chekkan. Shu sababli u «qirollar kasalligi», «boylar kasalligi» va «aristokratlar kasalligi» deb atalgan. Uni ortiqcha vazn va go‘shtni me’yoridan ko‘p iste’mol qilish bilan bog‘lashgan. Masalan, 1739-yilda fransuz Ejen Mushron (frans. Eugène Moucheron) «Olijanob podagra va unga hamroh fazilatlar haqida» risolasini nashr ettirgan. Unda u podagrani madh etib, bu qirollar, shahzodalar, sarkardalar, aqlli va iste’dodli kishilarning kasalligi ekanini ta’kidlagan, shuningdek, podagraga chalingan toj egalari, siyosat va san’at arboblarini misol qilib keltirgan. XX asr boshida Havelok Ellis (ingl. Henry Havelock Ellis, 1859—1939) 1927-yilda «Ingliz daholari tarixi» kitobini nashr ettirgach, podagraga qiziqish yana ortgan. Muallif unda podagra mavzusiga to‘xtalib, bu kasallik bilan og‘rigan 55 nafar mashhur inglizni misol qilib keltirgan. 1955-yilda Nature jurnalida Egon Orovanning «Insonning kelib chiqishi (The origin of man)» nomli ishi chop etilgan. Unda u daholar orasida podagraning tarqalishini tasvirlagan va buni siydik kislotasi tuzilish jihatidan metillangan purinlar — kofein, teofillin va teobrominga juda o‘xshashligi bilan izohlagan. Ushbu moddalar aqliy faollik va miyaning oliy funksiyalarini rag‘batlantiradi, shu bois siydik kislotasi diqqat va diqqatni jamlash qobiliyatini oshiradi. Orovan ko‘pchilik hayvonlarda siydik kislotasi jigarda ishlab chiqariladigan urikaza fermenti ta’sirida allantoingacha parchalanishini, faqat primatlarda urikaza mavjud emasligi sababli qonda saqlanib qolishini qayd etgan.
Epidemiologiyasi
Giperurikemiya aholining 4—12 % ida aniqlanadi, Rossiya aholisining 0,1 % i podagra bilan og‘riydi. AQSH va Yevropada aholining 2 % i, 55—65 yoshli erkaklarning esa 4—6 % i kasallangan.
Erkaklar va ayollar nisbati 7:1 dan 19:1 gacha. Kasallanishning eng yuqori darajasi erkaklarda 40—50 yoshga, ayollarda 60 yosh va undan katta davrga to‘g‘ri keladi. Menopauzagacha ayollar kamdan-kam kasallanadi, ehtimol, bu estrogenlarning siydik kislotasi chiqarilishiga ta’siri bilan bog‘liq.
Turli populyatsiyalarda podagrik artritning uchrash chastotasi 5 dan 50 tagacha holatni har 1000 erkak hisobiga va 1—9 ta holatni har 1000 ayol hisobiga tashkil etadi, yiliga yangi holatlar soni esa erkaklarda 1—3 tani har 1000 kishiga, ayollarda 0,2 tani har 1000 kishiga tashkil etadi. So‘nggi vaqtlarda podagra bilan kasallanish chastotasi ortgan.
O‘smirlar va yoshlarda podagraning o‘tkir xuruji kamdan-kam kuzatiladi; odatda u siydik kislotasi sintezining birlamchi yoki ikkilamchi buzilishi bilan bog‘liq.
Etiologiyasi
Kasallik rivojlanishining omillari
Ayrim kishilarda podagraning yuzaga kelishi va rivojlanishiga yordam beruvchi bir qator xavf omillari mavjud.
Podagra rivojlanishining xavf omillariga arterial gipertenziya, giperlipidemiya, shuningdek, quyidagilar kiradi:
- organizmga purin asoslarining ko‘p miqdorda tushishi, masalan, ko‘p miqdorda qizil go‘sht (ayniqsa, kalla-pocha va ichki a’zolar go‘shti), baliqning ayrim turlari, kakao, choy, shokolad, no‘xat, yasmiq, fruktoza va spirtli ichimliklarni (ayniqsa, ko‘p miqdorda guanozin va ksantin — siydik kislotasining o‘tmishdosh moddalarini o‘z ichiga olgan pivoni) iste’mol qilganda;
- umumiy katabolizmda purin nukleotidlari miqdorining ortishi (masalan, o‘smaga qarshi terapiya o‘tkazilganda, autoimmun kasalliklarga chalingan odamlarda ommaviy apoptoz kuzatilganda);
- siydik kislotasining siydik orqali chiqarilishining sekinlashishi (masalan, buyrak yetishmovchiligida);
- siydik kislotasi sintezining ortishi bilan bir vaqtda uning organizmdan chiqarilishining kamayishi (masalan, spirtli ichimliklarni suiiste’mol qilish, shok holatlari, glikogenozda glyukozo-6-fosfataza yetishmovchiligi kuzatilganda);
- irsiy moyillik (irsiylanish xususiyati hali to‘liq aniqlanmagan).
Patogenezi
Kasallik patogenezi asosida siydik kislotasining qondagi darajasi ortishi yotadi. Biroq bu kasallikning sinonimi emas, chunki giperurikemiya boshqa kasalliklarda (qon kasalliklari, o‘smalar, buyrak kasalliklari va hokazo), haddan tashqari jismoniy zo‘riqishda hamda yog‘li ovqat iste’mol qilganda ham kuzatiladi.
Podagraning yuzaga kelishida kamida uchta asosiy jarayon ajratiladi:
- organizmda siydik kislotasi birikmalarining to‘planishi;
- ushbu birikmalarning a’zolar va to‘qimalarda cho‘kishi;
- zararlangan joylarda o‘tkir yallig‘lanish xurujlarining rivojlanishi, odatda bo‘g‘imlar atrofida podagrik granulomalar va podagrik «do‘mboqlar» — tofuslarning hosil bo‘lishi.
Kasallik belgilari va kechishi
Podagraning tabiiy rivojlanishi to‘rtta bosqichdan o‘tadi:
- belgilarsiz giperurikemiya; siydik kislotasi darajasining biroz ortishi faqat tahlillarda ko‘rinadi.
- o‘tkir podagrik artrit; siydik kislotasi darajasi ortadi, tananing ayrim qismlarida tofuslar hosil bo‘ladi.
- xurujlar oralig‘idagi davr;
- bo‘g‘imlarda surunkali podagrik to‘planmalar.
Nefrolitiaz birinchi bosqichdan tashqari har qanday bosqichda rivojlanishi mumkin. Qon plazmasi va siydikda siydik kislotasi konsentratsiyasining doimiy ortishi; kuchli og‘riq va isitma bilan kechuvchi monoartrit shaklidagi bo‘g‘im yallig‘lanishi; nefroskleroz va buyrak yetishmovchiligiga olib keluvchi urolitiaz va qaytalanuvchi piyelonefritlar kuzatiladi.
Tashxislash
Podagrik artrit tashxisi revmatik kasalliklarni o‘rganish bo‘yicha uchinchi xalqaro simpoziumda qabul qilingan epidemiologik diagnostika mezonlari asosida qo‘yilishi mumkin (Nyu-York, 1966-yil).
1. Sinovial suyuqlikda siydik kislotasi kristallari yoki to‘qimalarda urat to‘planmalari kimyoviy yoxud mikroskopik usulda aniqlanganda.
2. Quyidagi mezonlardan ikkitasi yoki undan ko‘pi mavjud bo‘lganda:
- aniq anamnez va/yoki oyoq-qo‘l bo‘g‘imlarining og‘riqli shishishi bilan kechuvchi kamida ikkita xurujning kuzatilishi (hech bo‘lmaganda dastlabki bosqichlarda xurujlar to‘satdan, kuchli og‘riq sindromi bilan boshlanishi; 1—2 hafta davomida to‘liq klinik remissiya yuz berishi kerak);
- aniq anamnez va/yoki oyoq bosh barmog‘i zararlanishi bilan kechuvchi podagra xurujining kuzatilishi;
- klinik jihatdan tasdiqlangan tofuslar; aniq anamnez va/yoki kolxitsinga tez javob reaksiyasining kuzatilishi, ya’ni terapiya boshlanganidan keyin 48 soat ichida yallig‘lanishning obyektiv belgilarining kamayishi.
Rentgen tekshiruvi majburiy diagnostik tekshiruvlar ro‘yxatiga kiritilmagan, biroq u kristallarning tofus shaklida to‘planishini va takroriy yallig‘lanishlar natijasida suyak to‘qimasining zararlanishini ko‘rsatishi mumkin. Shuningdek, u surunkali podagraning bo‘g‘imlarga ta’sirini kuzatish uchun ham tavsiya etiladi.
Giperurikemiyaning aniqlanishi tashxis qo‘yish uchun yetarli emas, chunki giperurikemiyali kishilarning atigi 10 % i podagra bilan og‘riydi.
Podagraning diagnostika mezonlari (JSST, 2000-yil)
I. Bo‘g‘im suyuqligida xarakterli urat kristallarining mavjudligi.
II. Tarkibida urat kristallari mavjudligi kimyoviy usul yoki polarizatsion mikroskopiya yordamida tasdiqlangan tofuslarning mavjudligi.
III. Kamida 6 ta belgi mavjudligi (quyida keltirilgan 12 ta belgi orasidan):
- anamnezda artritning bittadan ortiq o‘tkir xuruji;
- bo‘g‘im yallig‘lanishining dastlabki sutkada eng yuqori darajaga yetishi;
- artritning monoartikulyar, ya’ni bitta bo‘g‘imga xos bo‘lishi;
- zararlangan bo‘g‘im ustidagi terining giperemiyasi (qizarishi);
- I oyoq kafti-barmoq (metatarsofalangeal) bo‘g‘imida mahalliy shish yoki og‘riq;
- oyoq panjasi ravog‘i bo‘g‘imlarining bir tomonlama zararlanishi;
- quyidagiga o‘xshash tugunsimon hosilalar: tofuslar;
- giperurikemiya;
- I oyoq kafti-barmoq bo‘g‘imining bir tomonlama zararlanishi;
- zararlangan bo‘g‘imning asimmetrik shishishi;
- rentgenogrammalarda eroziyasiz subkortikal kistalarning aniqlanishi;
- bo‘g‘im suyuqligida mikrofloraning mavjud emasligi.
O‘tkir yoki kamroq hollarda nim-o‘tkir artrit, sinovial suyuqlikda urat kristallarining aniqlanishi va tofuslarning tasdiqlangan mavjudligi eng ishonchli belgilardir. Urat kristallari uzunligi taxminan 10 mkm bo‘lgan, uchlari singan yoki yumaloqlashgan tayoqcha yoxud ingichka igna ko‘rinishida bo‘ladi. Urat mikrokristallari sinovial suyuqlikda erkin holda ham, neytrofillar ichida ham aniqlanadi.
Differensial diagnostika
Podagrani u bilan bir vaqtda kechishi mumkin bo‘lgan sepsisdan, shuningdek, boshqa mikrokristalli artritlardan — kristalli sinovitdan, avvalo, xondrokalsinozdan (birinchi navbatda kalsiy pirofosfatining to‘planishidan, ayniqsa, keksa yoshdagilarda), reaktiv, psoriatik va revmatoid artritlardan farqlash kerak.
Davolash
Podagra — surunkali kasallik bo‘lib, uni hozirgacha hech kim butunlay davolay olmagan. Davolashning maqsadi siydik kislotasi ko‘rsatkichlarini 315—365 darajada ushlab turishdir. Kritik quyi chegara — 180.
Podagra birinchi marta aniqlangan yoki kasallik zo‘raygan davrdagi bemorlar ixtisoslashtirilgan revmatologiya bo‘limlarida statsionar davolanishlari kerak. Podagra bilan og‘rigan bemorlar remissiya davrida yetarli terapiya tayinlangan taqdirda revmatolog, nefrolog nazorati ostida yashash joyidagi tuman poliklinikalarida kuzatilishi mumkin. Statsionar sharoitda (ixtisoslashtirilgan revmatologiya bo‘limlarida) davolanishning taxminiy davomiyligi samarali va mos terapiya tanlangan sharoitda, kasallikning klinik va laboratoriya ko‘rsatkichlari yaxshilangunga qadar 7 sutkadan 14 sutkagacha davom etadi.
Zamonaviy farmakologiyada hozirgacha bir vaqtning o‘zida universal bo‘lgan va podagrani davolash masalasini haqiqatan hal qila oladigan birorta preparat mavjud emas. Quyidagi preparatlar mavjud: peglotikaza[ingl.], febuksostat[ingl.], lesinurad[ingl.].
Davolash quyidagilarni nazarda tutadi:
- o‘tkir xurujni tez va ehtiyotkorlik bilan bartaraf etish;
- o‘tkir podagrik artritning qaytalanishini oldini olish;
- kasallik asoratlarining oldini olish yoki ularning ortga qaytishiga erishish;
- quyidagi hamroh belgilarning oldini olish yoki ularni kamaytirish: semizlik, gipertrigliseridemiya yoki gipertenziya;
- buyraklarda siydik kislotasidan tashkil topgan toshlarning hosil bo‘lishini oldini olish.
Podagraning o‘tkir xurujini davolash
O‘tkir podagrik artritda yallig‘lanishga qarshi davolash o‘tkaziladi. Ko‘pincha kolxitsin og‘iz orqali, odatda har soatda 0,5 mg yoki 1 mg dan har 2 soatda dozada qo‘llanadi. Davolash quyidagi holatlardan biri yuz berguniga qadar davom ettiriladi: 1) bemorning ahvoli yengillashishi; 2) oshqozon-ichak yo‘llari tomonidan nojo‘ya reaksiyalar yuzaga kelishi yoki 3) ta’sir kuzatilmagan holda preparatning umumiy dozasi 6 mg ga yetishi. Kolxitsin simptomlar paydo bo‘lganidan ko‘p o‘tmay davolash boshlanganda eng samarali hisoblanadi. Davolashning dastlabki 12 soatida bemorlarning 75 % dan ortig‘ida ahvol sezilarli yaxshilanadi. Ammo bemorlarning 80 % ida preparat oshqozon-ichak yo‘llari tomonidan nojo‘ya reaksiyalarni keltirib chiqaradi; ular klinik yaxshilanishdan oldin yoki u bilan bir vaqtda yuzaga kelishi mumkin. Og‘iz orqali qabul qilinganda qon plazmasida kolxitsinning eng yuqori darajasiga taxminan 2 soatdan keyin erishiladi. Binobarin, uni 1,0 mg dan har 2 soatda qabul qilish terapevtik samara namoyon bo‘lguniga qadar toksik doza to‘planishi ehtimolini kamaytirishi mumkin, deb taxmin qilinadi. Biroq terapevtik ta’sir kolxitsinning plazmadagi emas, balki leykotsitlardagi darajasi bilan bog‘liq bo‘lgani uchun bu davolash rejimining samaradorligini yanada baholash talab etiladi.
Kolxitsin vena ichiga yuborilganda oshqozon-ichak yo‘llariga oid nojo‘ya ta’sirlar yuzaga kelmaydi, bemorning ahvoli esa tezroq yaxshilanadi. Bir marta yuborilgandan keyin preparatning leykotsitlardagi darajasi ortadi, 24 soat davomida o‘zgarmasdan saqlanadi va hatto 10 sutkadan keyin ham aniqlanishi mumkin. Boshlang‘ich doza sifatida vena ichiga 2 mg, keyin zarurat bo‘lganda ikki marta 1 mg dan 6 soatlik interval bilan yuboriladi. Kolxitsinni vena ichiga yuborishda alohida ehtiyot choralariga rioya qilish lozim. U ta’sirlantiruvchi xususiyatga ega va atrofdagi tomirlar hamda to‘qimalarga tushganda keskin og‘riq va nekrozni keltirib chiqarishi mumkin. Shu sababli preparatni odatdagi tuzli eritmaning 5—10 hajmida suyultirish, infuziyani esa kamida 5 daqiqa davom ettirish kerak. Kolxitsin og‘iz orqali ham, parenteral yo‘l bilan ham yuborilganda suyak ko‘migi faoliyatini susaytirishi, alopetsiya, jigar hujayralari yetishmovchiligi, ruhiy depressiya, tutqanoq, yuqoriga ko‘tariluvchi falaj, nafas olishning susayishi va o‘limga olib kelishi mumkin. Toksik ta’sirlar jigar, suyak ko‘migi yoki buyrak patologiyasi mavjud bemorlarda, shuningdek, kolxitsinning tutib turuvchi dozalarini olayotgan bemorlarda ko‘proq kuzatilishi mumkin. Barcha hollarda dozani kamaytirish zarur. Uni neytropeniyasi bor bemorlarga tayinlash mumkin emas.
O‘tkir podagrik artritda boshqa yallig‘lanishga qarshi vositalar, jumladan, indometatsin, fenilbutazon, naproksen, etorikoksib va boshqalar ham samaralidir.
Indometatsinni og‘iz orqali 75 mg, keyin 50 mg dan har 6 soatda dozada tayinlash mumkin; simptomlar yo‘qolgandan keyingi sutkada ham shu dozalarda davolash davom ettiriladi, so‘ng 50 mg dan har 8 soatda (uch marta) va keyinchalik 25 mg gacha har 8 soatda (yana uch marta) qabul qilinadi. Indometatsinning nojo‘ya ta’sirlariga oshqozon-ichak buzilishlari, organizmda natriyning ushlanib qolishi va markaziy nerv tizimi tomonidan kuzatiladigan simptomlar kiradi. Ko‘rsatilgan dozalar bemorlarning qariyb 60 % ida nojo‘ya ta’sirlarni keltirib chiqarishi mumkinligiga qaramay, indometatsin odatda kolxitsinga qaraganda yengilroq o‘zlashtiriladi va o‘tkir podagrik artritda qo‘llanadi. Allopurinol va siydik kislotasining chiqarilishini rag‘batlantiruvchi preparatlar o‘tkir xurujda samarasizdir. O‘tkir podagrada, ayniqsa, kolxitsin va nosteroid yallig‘lanishga qarshi vositalar uchun qarshi ko‘rsatmalar mavjud bo‘lganda yoki ular samarasiz bo‘lganda, glyukokortikoidlarni tizimli yoxud mahalliy (bo‘g‘im ichiga) yuborish foyda beradi. Tizimli yuborishda, og‘iz orqali yoki vena ichiga bo‘lishidan qat’i nazar, bir necha kun davomida o‘rtacha dozalar tayinlanishi kerak, chunki glyukokortikoidlarning konsentratsiyasi tez pasayadi va ta’siri tugaydi. Uzoq ta’sir qiluvchi steroid preparatni (masalan, geksatsetonid triamtsinolon 15—30 mg dozada) bo‘g‘im ichiga yuborish monoartrit yoki bursit xurujini 24—36 soat ichida bartaraf etishi mumkin. Bunday davolash, ayniqsa, standart dori vositalari sxemasidan foydalanish imkoni bo‘lmaganda maqsadga muvofiqdir.
Parhez
An’anaviy tavsiyalar purinlar va ancha tez diuretik ta’sir ko‘rsatadigan ichimliklar, dori vositalari hamda mahsulotlar iste’molini cheklashdan iborat. Ushbu ro‘yxatga pivo (ilgari har qanday spirtli ichimlik podagrani qo‘zg‘atishi qat’iy ta’kidlangan), uzum sharbati, tarvuz va tezda ko‘p miqdorda siydik ajralishiga sabab bo‘ladigan hamda shu tufayli podagra xurujini qo‘zg‘atishi mumkin bo‘lgan barcha mahsulotlar kiradi. Purin miqdori yuqori mahsulotlarga ayrim go‘sht va baliq mahsulotlari, shuningdek, choy, kakao va qahva kiradi. Bundan tashqari, uglevodlar va kaloriyali ovqatlarni me’yorida cheklash, shu bilan birga oqsil va to‘yinmagan yog‘ kislotalari miqdorini mutanosib oshirish orqali vaznni kamaytirish siydik kislotasi va lipidlar darajasini sezilarli pasaytirishi isbotlangan.
Havolalar
- Siydik kislotasi boshga ta’sir qiladi Arxiv nusxasi 3-mart 2016-yil, Wayback Machine // Dunyo bo‘ylab