| Pnevmotoraks | |
|---|---|
| O‘ng tomonlama spontan pnevmotoraks (tasvirning chap tomonida). Strelka bilan puchaygan o‘pkaning cheti ko‘rsatilgan. | |
| XKT-11 | CB21 |
| XKT-10 | J93, P25.1, S27.0 |
| XKT-10-KM | J93.1 |
| XKT-9 | 512, 860 |
| XKT-9-KM | 512.8 |
| OMIM | 173600 |
| DiseasesDB | 10195 |
| MedlinePlus | 000087 |
| eMedicine | article/432979 article/424547 article/360796 article/808162 article/827551 article/1003552 |
| MeSH | D011030 |
Pnevmotoraks (qadimgi yunoncha πνεῦμα — nafas, havo va θώραξ — ko‘krak so‘zlaridan) — havo yoki gazlarning plevra bo‘shlig‘ida to‘planishi. Bu holat o‘pkaning surunkali kasalliklari bo‘lmagan kishilarda («birlamchi»), shuningdek, o‘pka kasalliklari bor kishilarda («ikkilamchi») o‘z-o‘zidan yuzaga kelishi mumkin. Sun’iy pnevmotoraks — zararlangan o‘pkada kollaps hosil qilish maqsadida plevra bo‘shlig‘iga havo kiritish. Ko‘p hollarda pnevmotoraks ko‘krak qafasining shikastlanishi natijasida yoki davolash asorati sifatida yuzaga keladi.
Pnevmotoraks alomatlari uning hajmi hamda plevra bo‘shlig‘iga havo kirish tezligiga bog‘liq; aksariyat hollarda ko‘krakdagi og‘riq va nafas olishning qiyinlashishi kuzatiladi. Ayrim hollarda tashxis fizikal tekshiruv vaqtida qo‘yilishi mumkin, biroq ba’zan ko‘krak qafasi rentgenografiyasi yoki kompyuter tomografiyasi zarur bo‘ladi. Ayrim vaziyatlarda pnevmotoraks og‘ir kislorod yetishmovchiligi va qon bosimining pasayishiga olib keladi, davolanmasa esa yurak to‘xtashigacha rivojlanadi; bunday holat tarang pnevmotoraks deb ataladi.
Kichik hajmdagi spontan pnevmotoraks odatda o‘z-o‘zidan bartaraf bo‘ladi va davolash talab etilmaydi, ayniqsa, o‘pkaning yondosh kasalliklari bo‘lmagan hollarda. Katta hajmdagi pnevmotoraksda yoki og‘ir alomatlar paydo bo‘lganda havoni shprits yordamida so‘rib olish yoki bir tomonlama drenaj (Petrov usuli bo‘yicha) o‘rnatish orqali chiqarish mumkin. Ushbu drenaj plevra bo‘shlig‘idan havoni chiqarish uchun kiritiladi. Ba’zan, ayniqsa, drenaj naychasi samara bermaganda yoki pnevmotoraks takrorlanganda jarrohlik muolajalari talab qilinadi. Pnevmotoraksning takrorlanish xavfi mavjud bo‘lsa, turli davolash usullari, masalan, plevrodez (o‘pkaning ko‘krak devoriga yopishishi) qo‘llanishi mumkin.
Pnevmotoraks turlari
- Tashqi muhit bilan aloqasiga ko‘ra quyidagi turlari farqlanadi:
- Yopiq pnevmotoraks. Bu turda plevra bo‘shlig‘iga oz miqdorda gaz kiradi va uning miqdori ortmaydi. Tashqi muhit bilan aloqa mavjud emas. Pnevmotoraksning eng yengil turi hisoblanadi, chunki havo plevra bo‘shlig‘idan asta-sekin o‘z-o‘zidan so‘rilishi, natijada o‘pka qayta yozilishi mumkin.
- Ochiq pnevmotoraks. Ochiq pnevmotoraksda plevra bo‘shlig‘i tashqi muhit bilan tutashadi, shu sababli unda atmosfera bosimiga teng bosim yuzaga keladi. Bunda o‘pka puchayadi, chunki o‘pkaning yozilishi uchun eng muhim shart plevra bo‘shlig‘ida manfiy bosimning mavjudligidir. Puchaygan o‘pka nafas olishda ishtirok etmaydi, unda gaz almashinuvi sodir bo‘lmaydi va qon kislorod bilan boyimaydi. Bu holat gemotoraks bilan kechishi mumkin.
- Klapanli pnevmotoraks. Pnevmotoraksning bu turi havoni bir yo‘nalishda, ya’ni o‘pkadan yoki tashqi muhitdan plevra bo‘shlig‘iga o‘tkazadigan, lekin uning qaytib chiqishiga to‘sqinlik qiladigan klapanli tuzilma hosil bo‘lganda yuzaga keladi. Bunda har bir nafas harakati bilan plevra bo‘shlig‘idagi bosim ortib boradi. Bu pnevmotoraksning eng xavfli turidir, chunki o‘pkaning nafas olish jarayonidan chiqib qolishiga plevradagi nerv oxirlarining ta’sirlanishi ham qo‘shiladi va plevropulmonal shokka olib keladi. Bundan tashqari, ko‘ks oralig‘idagi a’zolar siljib, avvalo, yirik qon tomirlarini siqadi va a’zolarning faoliyatini buzadi.
Yuzaga kelish mexanizmi
Havo yoki gaz plevra bo‘shlig‘iga tashqaridan (ko‘krak qafasining ochiq shikastlanishi va tashqi muhit bilan tutashishi natijasida) yoki ichki a’zolardan (masalan, yopiq shikastlanishda o‘pkaning jarohat tufayli yorilishi yoki kichik shikastlanish yoxud yo‘tal paytida emfizematoz pufakchalar — «bullalar» yorilishi oqibatida, ya’ni spontan pnevmotoraksda) kirishi mumkin. Me’yorda plevra bo‘shlig‘idagi bosim odatda o‘pkaning o‘zidagi bosimdan past bo‘lgani tufayli o‘pka yozilgan holatda bo‘ladi. Shuning uchun plevra bo‘shlig‘iga havo kirganda o‘pka puchayadi.
Pnevmotoraks igna bilan davolash (akupunktura) paytida ham yuzaga kelishi mumkin.
Klinik manzara
Pnevmotoraks bilan og‘rigan bemor ko‘kragida keskin og‘riq sezadi, tez-tez va yuzaki nafas oladi, bunda hansirash kuzatiladi. Bemorda «havo yetishmasligi» hissi paydo bo‘ladi. Teri qoplamlari, xususan, yuz oqaradi yoki ko‘karadi. Auskultatsiyada shikastlangan tomonda nafas shovqini keskin susaygan, perkussiyada esa qutisimon tusdagi tovush aniqlanadi. Shuningdek, teri osti emfizemasi aniqlanishi mumkin.
Tashxislash
- Arterial qonning gaz tarkibini tahlil qilishda gipoksemiya (PaO2 < 80 mm sim. ust.) pnevmotoraks bilan og‘rigan bemorlarning 75 % ida kuzatiladi.
- O‘pkada avvaldan mavjud kasallik va pnevmotoraks hajmi arterial qonning gaz tarkibidagi o‘zgarishlar bilan chambarchas bog‘liq. Gipoksemiyaning asosiy sababi zararlangan o‘pkaning kollapsi va ventilyatsiyasining pasayishi, ayni vaqtda o‘pka perfuziyasining saqlanib qolishidir (shunt ta’siri). Giperkapniya kamdan-kam, faqat o‘pkaning avvaldan mavjud og‘ir kasalliklari (O‘SOK (o‘pkaning surunkali obstruktiv kasalligi), mukovissidoz) bo‘lgan bemorlarda rivojlanadi; respirator alkaloz esa ancha ko‘p uchraydi.
- Ikkilamchi spontan pnevmotoraksda PaO2<55 mm sim. ust. va PaCO2>50 mm sim. ust. bo‘lishi bemorlarning 15 % ida kuzatiladi.
- O‘zgarishlar EKGda odatda faqat tarang pnevmotoraksda aniqlanadi: pnevmotoraks joylashuviga qarab yurak elektr o‘qining o‘ngga yoki chapga og‘ishi, voltajning pasayishi, V1-V3 ulanishlarida T tishchalarining yassilanishi va inversiyasi.
Ko‘krak qafasi a’zolarining rentgenografiyasi
- Tashxisni tasdiqlash uchun ko‘krak qafasi rentgenografiyasini o‘tkazish zarur (eng maqbul proyeksiya — bemor tik turgan holda old-orqa proyeksiya).
- Pnevmotoraksning rentgenografik belgisi ko‘krak qafasi devoridan ajralgan visseral plevraning ingichka chizig‘i (1 mm dan kam) ko‘rinishidir.
- Pnevmotoraksda ko‘ks oralig‘i soyasining qarama-qarshi tomonga siljishi ko‘p uchraydi. Ko‘ks oralig‘i qo‘zg‘almas tuzilma bo‘lmagani sababli hatto kichik pnevmotoraks ham yurak, traxeya va boshqa ko‘ks oralig‘i tuzilmalarining siljishiga olib kelishi mumkin, shuning uchun kontralateral (qarama-qarshi tomonga) siljish tarang pnevmotoraks belgisi hisoblanmaydi.
- Ko‘ks oralig‘i a’zolarining qarama-qarshi tomonga siljishi bemorning qanday holatda joylashtirilganini hisobga olgan holda baholanishi kerak. Bemor u yoki bu tomonga burilganda ko‘krak umurtqalarining ko‘ndalang va o‘tkir o‘simtalari joylashuvidagi simmetriya, shuningdek, ularning o‘mrov suyaklarining to‘shga tutashgan uchlariga nisbati buziladi. Ko‘ks oralig‘ining soxta siljishi ko‘pincha bemorning burilishi bilan bog‘liq. Pnevmotoraksda ko‘ks oralig‘ining haqiqiy siljishi (bemor simmetrik joylashtirilgan, lekin ko‘ks oralig‘i siljigan) pnevmotoraksda bosim yetarlicha ortganini ko‘rsatadi, bu esa plevra bo‘shlig‘ini shoshilinch drenajlash uchun ko‘rsatma hisoblanadi. Ko‘krak qafasining yopiq shikastlanishida hayot uchun xavfli tarang pnevmotoraks odatda o‘pkaning qisman kollapsi va ko‘ks oralig‘ining siljishi bilan kechadi. [Maxambetchin M.M. Ko‘krak qafasining yopiq shikastlanishi. Tashxislash muammolari. Moskva. Logosfera. 2016.220.]
- Pnevmotoraks holatlarining taxminan 10—20 % ida plevrada oz miqdorda suyuqlik (effuziya) paydo bo‘ladi (sinus doirasida), pnevmotoraks bartaraf etilmasa, suyuqlik miqdori ortishi mumkin.
- Old-orqa proyeksiyadagi rentgenogrammada pnevmotoraks belgilari aniqlanmasa, lekin klinik ma’lumotlar pnevmotoraks mavjudligidan dalolat bersa, yon proyeksiyada yoki bemor yonboshlab yotgan holatda (decubitus lateralis) rentgenogrammalar olish ko‘rsatiladi. Bu qo‘shimcha 14 % holatda tashxisni tasdiqlash imkonini beradi.
- Ayrim qo‘llanmalarda murakkab holatlarda rentgenografiyani nafaqat chuqur nafas olish cho‘qqisida, balki nafas chiqarish oxirida ham o‘tkazish tavsiya etiladi. Biroq ayrim tadqiqotlar ko‘rsatganidek, nafas chiqarish vaqtida olingan (ekspirator) tasvirlarning odatdagi nafas olish vaqtida olingan (inspirator) tasvirlardan ustunligi yo‘q. Bundan tashqari, kuchli nafas chiqarish pnevmotoraksli bemorning ahvolini sezilarli og‘irlashtirishi va hatto asfiksiyaga olib kelishi mumkin, ayniqsa, tarang va ikki tomonlama pnevmotoraksda. Shuning uchun pnevmotoraks tashxisida maksimal nafas chiqarish vaqtida rentgenografiya o‘tkazish tavsiya etilmaydi.
- Gorizontal holatdagi bemorda (ko‘pincha o‘pkani sun’iy ventilyatsiya qilish — O‘SV vaqtida) pnevmotoraksning rentgenologik belgisi chuqur egat belgisi (deep sulcus sign) — qovurg‘a-diafragma burchagining chuqurlashishi hisoblanadi. Bu, ayniqsa, qarama-qarshi tomon bilan taqqoslanganda yaqqol ko‘rinadi.
- Kichik hajmdagi pnevmotorakslarni tashxislashda KT rentgenografiyaga nisbatan ishonchliroq usul hisoblanadi.
- Katta emfizematoz bullalar bilan pnevmotoraksni differensial tashxislashda eng sezgir usul KT hisoblanadi.
- Ikkilamchi spontan pnevmotoraks sababini aniqlash uchun KT ko‘rsatiladi (bullyoz emfizema, kistalar, o‘pkaning interstitsial kasalliklari va boshqalar).
Alomatlar
- Nafas olganda kuchayadigan ko‘krak qafasidagi o‘tkir og‘riq;
- Hansirash;
- Ko‘zdan yosh oqishi;
- Nafas olishning qiyinlashishi;
- Nafas olishning tezlashishi;
- Quruq yo‘tal xurujlari;
- Yurak urishining tezlashishi;
- Vahimali qo‘rquv hissi;
- Teri qoplamlarining oqarishi.
Davolash
Birinchi yordam
Pnevmotoraksdan shubhalanganda darhol tez tibbiy yordam chaqirish yoki shifokorga murojaat qilish kerak. Ochiq pnevmotoraks bo‘lsa, ko‘krak qafasidagi ochiq jarohatga steril, havo o‘tkazmaydigan bog‘lam (plyonka, paket) qo‘yish lozim.
Malakali tibbiy yordam
Pnevmotoraksni davolash plevra bo‘shlig‘idan havoni so‘rib chiqarish va unda manfiy bosimni tiklash orqali pnevmotoraksni bartaraf etishdan iborat. O‘pka bilan ochiq aloqa saqlanmagan yopiq pnevmotoraksda operatsiya xonasining aseptik sharoitida pnevmotoraksni bartaraf etish uchun mo‘ljallangan to‘plam yordamida plevra bo‘shlig‘idagi gazni punksiya orqali aspiratsiya qilish kifoya. Igna yordamidagi aspiratsiya samara bermasa, bu o‘pka to‘qimasidan havo kirib kelayotganidan dalolat beradi. Bunday hollarda germetik drenajlash amaliyoti plevra bo‘shlig‘ida bajariladi («Byulau usuli bo‘yicha drenaj») yoki faol aspiratsiya tizimi, jumladan, elektr vakuum apparatlari yordamida yaratiladi.
Ochiq pnevmotoraksda dastlab torakotomiya yoki torakoskopiya o‘tkazish, plevra bo‘shlig‘idagi a’zolarni tekshirish, o‘pka parenximasining shikastlanishlarini bartaraf etish, keyin esa plevra bo‘shlig‘ini drenajlash va tikib yopish talab qilinadi.
Yorilmagan bullalar mavjud bo‘lsa, pnevmotoraks yuzaga kelishining oldini olish maqsadida o‘pkaning segmenti yoki bo‘lagini olib tashlash hamda plevrodez (kimyoviy, fizik) o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi.
Profilaktika
Pnevmotoraksning oldini olish uchun tavsiya etiladigan choralar quyidagilardan iborat:
- O‘pka kasalliklarini o‘z vaqtida davolash;
- Ko‘krak qafasining shikastlanishiga yo‘l qo‘ymaslik;
- Pnevmotoraksning takrorlanishining oldini olish.
Hayvonlarda pnevmotoraks
Kasallik hayvonlarning barcha turlarida uchraydi. Bir tomonlama va ikki tomonlama pnevmotoraks farqlanadi. Otlarda faqat ikki tomonlama pnevmotoraks uchraydi. Eng ko‘p uchraydigan sabab ko‘krak qafasining teshib kiruvchi jarohatlaridir. Qoramollarda to‘rqorin tomonidan yot jismning diafragmani teshib o‘tishi sabab bo‘lishi mumkin. Kasallik yuzaga kelganda hayvonlarda kuchayib boruvchi hansirash, asfiksiya belgilari va yurak turtkisining kuchayishi kuzatiladi. Ko‘krak qafasi perkussiyasida qutisimon tovush, plevrit bilan asoratlanganda esa o‘pka maydonining pastki yarmida yuqori chegarasi gorizontal bo‘lgan bo‘g‘iq tovush aniqlanadi. Ushbu chegaradan yuqorida perkutor tovush timpanik yoki qutisimon bo‘ladi.
Havolalar
- Annallar Arxiv nusxasi — 28-sentabr 2007-yil, Wayback Machine
- Bemorlar uchun ma’lumot Arxiv nusxasi — 24-fevral 2012-yil, Wayback Machine
- The New England Journal of Medicine