
Serebrospinal suyuqlik, yoki likvor (lot. liquor cerebrospinalis) — bosh miya qorinchalarida, likvor o‘tkazuvchi yo‘llarda va subaraxnoid (to‘r parda osti) bo‘shlig‘ida bosh miya va orqa miya atrofida doimiy aylanib yuradigan suyuqlik.
Vazifalari
Bosh miya va orqa miyani mexanik ta’sirlardan himoya qiladi, bosh ichki bosimi va suv-elektrolit gomeostazining barqarorligini saqlab turadi.
Qon va miya o‘rtasidagi trofik (oziqlantiruvchi) hamda modda almashinuvi jarayonlarini qo‘llab-quvvatlaydi, miyada hosil bo‘lgan metabolizm mahsulotlarining chiqarilishini ta’minlaydi. Likvorning tebranishi vegetativ nerv tizimiga ta’sir ko‘rsatadi[manba 2563 kundan beri ko‘rsatilmagan].
Hosil bo‘lishi
Voyaga yetgan odamda serebrospinal suyuqlikning umumiy hajmi 140 dan 270 millilitrgacha bo‘ladi. Likvorning asosiy qismi bosh miya qorinchalaridagi bezsimon hujayralar (ependimotsitlar) joylashgan tomirli chigallarda faol sekretsiya natijasida hosil bo‘ladi. Bir sutkada taxminan 500 millilitr suyuqlik ishlab chiqariladi, ya’ni likvor bir sutkada taxminan to‘rt marta to‘liq yangilanadi.
Likvor hosil bo‘lishida muhim o‘rin[manba 4076 kundan beri ko‘rsatilmagan] tutadigan glimfatik tizim uyqu vaqtida faol bo‘ladi. Serebrospinal suyuqlik hosil bo‘lishining yana bir mexanizmi — qon plazmasining qon tomirlari devorlari va qorinchalar ependimasi orqali sizib o‘tishidir.
Aylanishi
Likvor miyada: tomirli chigallarning ependimal hujayralarida (50—70 %), qon tomirlari atrofida va qorinchalar devori bo‘ylab hosil bo‘ladi. Keyin serebrospinal suyuqlik yon qorinchalardan Monro teshigiga (qorinchalararo teshik) o‘tadi, so‘ng uchinchi qorincha bo‘ylab harakatlanib, Silviy suv yo‘li orqali o‘tadi. Keyin to‘rtinchi qorinchaga kelib, Majandi va Lushka teshiklari orqali bosh miya va orqa miyaning subaraxnoid bo‘shlig‘iga chiqadi. Likvor venoz sinuslar qoniga, jumladan, to‘r parda granulyatsiyalari orqali qayta so‘riladi.
Sog‘lom odam likvorining ko‘rsatkichlari
(100—150 ml uchun)
| Ko‘rsatkichlar | Qiymatlar |
|---|---|
| Nisbiy zichlik | 1005—1009 |
| Bosim | sobiq SSSR hududida va ayrim boshqa mamlakatlarda qabul qilingan me’yor — 100—200 mm suv ustuni. Ayrim xorijiy mualliflarga ko‘ra, oraliq kengroq — 60—240 mm suv ustuni. |
| Rangi | rangsiz |
| 1 mkl dagi hujayralar soni (sitoz) | qorinchalar suyuqligi 0—1 sisternal suyuqlik 0—1 bel (lyumbal) sohasidagi suyuqlik 2—3 |
| Reaksiya, pH | 7,31—7,33 |
| Umumiy oqsil | 0,16—0,33 g/l |
| Glyukoza | 2,78—3,89 mmol/l (ayrim ma’lumotlarga ko‘ra — qondagi glyukoza miqdorining yarmi) |
| Xlor ionlari | 120—128 mmol/l |
Adabiyotlar
- Terminologia Anatomica: Xalqaro anatomik terminologiya (ruscha muqobillarning rasmiy ro‘yxati bilan) / Anatomik terminologiya bo‘yicha Federativ xalqaro qo‘mita, Rossiya Federatsiyasi Sog‘liqni saqlash vazirligining Rossiya anatomik nomenklatura komissiyasi. L. L. Kolesnikov tahriri ostida. — Meditsina nashriyoti, 2003. — 412 b. — ISBN 9785225047658.
- Syuzan Stendring. Greyning anatomiyasi: klinik amaliyotning anatomik asoslari (Gray’s Anatomy: The Anatomical Basis of Clinical Practice). — 41-nashr. — Elsevier Health Sciences, 2015. — B. 477—478. — 1592 b. — ISBN 9780702068515.