
Alveola (lot. alveolus «katakcha, chuqurcha, pufakcha») — nafas olish apparatining oxirgi qismidagi pufakchasimon tuzilma bo‘lib, u o‘pkaning respirator bo‘limlarini tashkil etuvchi bronxiolalar bo‘shlig‘iga ochiladi va o‘pkada joylashadi. Alveolalar nafas olish jarayonida ishtirok etib, gaz almashinuvini o‘pka kapillyarlari bilan amalga oshiradi. Bitta o‘pkada taxminan 300.000.000 ta alveola mavjud.
Anatomiya
1-tartibli respirator bronxiolalar devorida alveolalar soni kam, 2-tartibli respirator bronxiolalarda ko‘proq, 3-tartibli respirator bronxiolalarda esa undan ham ko‘proq bo‘ladi. Alveolyar yo‘llar deyarli 100% alveolalardan, alveolyar xaltachalar esa butunlay alveolalardan tashkil topgan. Alveolyar xaltachalar ko‘pburchak shaklida bo‘lib, ular qalinligi 2—8 mkm bo‘lgan alveolalararo to‘siqlar bilan ajralgan. Alveolalararo to‘siqlar alveolalarning devorlari, ularning orasida joylashgan biriktiruvchi to‘qima elementlari (elastik, kollagen va retikulyar tolalar) hamda gaz almashinuvida ishtirok etuvchi kapillyarlar tarmog‘idan tashkil topgan. Ayrim alveolalar alveolalararo to‘siqlardagi teshikchalar («Kon poralari») orqali o‘zaro tutashadi.
Odamning ikkala o‘pkasida jami 600—700 millionta alveola mavjud. Yangi tug‘ilgan chaqaloqda bitta alveolaning diametri o‘rtacha 150 mkm, katta yoshli odamda — 280 mkm, keksalikda esa 300—350 mkm ga yetadi. Alveolalarning umumiy yuzasi nafas chiqarilganda 30 m² dan chuqur nafas olinganda 100 m² gacha o‘zgaradi.
Alveola devorining ichki qavati respirator alveolotsitlar (1-tur alveolotsitlar), yirik (sekretor) alveolotsitlar (2-tur alveolotsitlar) va alveolyar makrofaglardan (3-tur alveolotsitlar) tashkil topgan. Gaz almashinuvida ishtirok etuvchi 1-tur alveolotsitlar alveola ichki yuzasining 97,5 % qismini egallaydi; bu 2-tur alveolotsitlar (donador, kubsimon, sekretor hujayralar) egallaydigan maydondan ancha kattadir. 1-tur alveolotsitlar singari 2-tur alveolotsitlar ham bazal membranada joylashadi; bu hujayralar surfaktant — sirt-faol modda ishlab chiqaradi. Bu modda alveolalarni ichkaridan qoplab, ularning puchayib qolishiga yo‘l qo‘ymaydi. Barcha turdagi alveolotsitlar birgalikda alveolyar epiteliyni hosil qiladi va bazal membranada joylashadi.
Alveola ichidagi havo bilan o‘pka kapillyarlari orasidagi aerogematik (havo-qon) to‘siq respirator alveolotsitlar sitoplazmasining yupqalashgan qismlari, alveolyar epiteliyning bazal membranasi hamda o‘pka kapillyari devoridan tashkil topadi. Uning qalinligi 0,5 mkm ni tashkil etadi. Ayrim joylarda bazal membranalar bir-biridan ajralib, biriktiruvchi to‘qima elementlari bilan to‘lgan tirqishlarni hosil qiladi. Har bir kapillyar bir nechta alveola bilan gaz almashinuvida ishtirok etadi.
Rasmlar
- Bronxlar daraxtining anatomiyasi
- Odamning nafas olish tizimi
Manbalar
- Sapin M. R., Briksina Z. G. Odam anatomiyasi. — Prosvesheniye, 1995. — ISBN 5-09-004385-X