NVIDIA GeForce videokartalari

GeForce RTX 3090 Founders Edition.

GeForce — brend bo‘lib, grafik protsessorlar va chipsetlar (ona platalari uchun) ishlab chiqaradigan NVIDIA kompaniyasiga tegishli hamda iste’mol bozoriga mo‘ljallangan. GeForce grafik protsessorlari asosan videokartalarda, ya’ni shaxsiy va ko‘chma kompyuterlar uchun qo‘llanadi. Uning 1-avlodi 1999-yilda chiqarilgan.

Tarixi

GeForce grafik protsessorlari oilasining tarixi (ularning nomi geometry (ingl. geometriya) va force (ingl. kuch) so‘zlaridan tuzilgan bo‘lib, g-force (ingl. erkin tushish tezlanishi) iborasiga ohangdoshligi bilan so‘z o‘yinini ham hosil qiladi) 1999-yilda GeForce 256 grafik protsessorining NV10 chipi asosida chiqarilishi bilan boshlandi. Kompaniya uni birinchi grafik protsessor sifatida taqdim etdi: ilk bor grafikaga ishlov beruvchi barcha bloklar bitta kristallga joylashtirilgan edi. Asosiy yangilik T&L bloki bo‘lib, u 3D obyektlar uchlarining koordinatalarini o‘zgartirish (joylashuv va masshtabni o‘zgartirish), ko‘rinmaydigan qismlarni kesib tashlash (clipping) va yoritish amallarini apparat darajasida bajarishni ta’minladi. Ilgari bu vazifalarni markaziy protsessor bajarardi. Umuman olganda, texnologiya iste’mol bozorida keyinroq keng tarqaldi, 1999-yilda esa bu ishlanmalar professional Quadro videokartalarida qo‘llanildi. GeForce 256 OpenGL 1.3 ni qo‘llab-quvvatladi va Direct3D 7 ni to‘liq qo‘llab-quvvatlovchi ilk videokarta bo‘ldi. 2000-yilda kompaniya NV15 chipini taqdim etdi. U yanada nozik texnologik jarayonda tayyorlanib, unumdorligi 40 % ga oshirilgan, ma’lumotlarni qayta ishlash konveyerlari ko‘paytirilgan va T&L bloki yaxshilangan edi. Kompaniya, shuningdek, yuqoriroq takt chastotasida ishlaydigan soddalashtirilgan NV11 va NV16 chiplarini chiqardi. Ular asosidagi videokartalar GeForce 2 brendi ostida sotildi. Shu davrda GeForce Go[nem.] nomli, noutbuklarda ishlatish uchun mo‘ljallangan va kam energiya iste’mol qiluvchi grafik protsessor ham chiqarildi. Bu paytda raqobatga Kanada kompaniyasi ATI ham qo‘shilib, R100 va R200 chiplarini hamda mobil RV200 chipini taqdim etdi. Nvidia va ATI ning bozordagi muvaffaqiyati 3dfx Interactive kompaniyasining mavqeyini zaiflashtirdi. U raqobatchilardan o‘zib ketish uchun muvaffaqiyatsiz yakunlangan ko‘p protsessorli Voodoo 5[ingl.] 6000 modelini ishlab chiqishga katta mablag‘ sarfladi. Bu holat Voodoo 4 ning past savdo ko‘rsatkichlari bilan birgalikda kompaniyaning moliyaviy barqarorligini izdan chiqardi va bankrot bo‘lishiga olib keldi. Natijada Nvidia 3dfx aktivlarining katta qismini sotib oldi, raqib kompaniya muhandislarining aksariyati esa Nvidia ga ishga o‘tdi.

2001-yilda NV20 chipi chiqarildi. Unda LMA (Lightspeed Memory Architecture) texnologiyasi — o‘tkazish qobiliyati kichikroq bo‘lgan ko‘p sonli xotira kontrollerlari tizimi joriy etildi. Yangiliklar qatorida tezroq ishlaydigan SDRAM xotirasi, piksel va uchlarga ishlov beruvchi sheyderlar, MSAA tekislash texnologiyasi hamda Direct3D 8 bilan ishlash imkoniyati ham bor edi. Ushbu chip asosida GeForce 3 turkumidagi videokartalar va Xbox o‘yin konsoli uchun Microsoft kompaniyasining grafik protsessori yaratildi. 2002-yil boshida kompaniya GeForce 4 turkumini taqdim etdi. Bu turkumdagi arzon videokartalar NV17, NV18 va NV19 chipsetlariga asoslangan edi. Ular aslida NV11 ning o‘zgartirilgan turlari bo‘lib, katta tijoriy muvaffaqiyat qozondi. Keyinroq kompaniya NV25 chipiga — NV20 ning takomillashtirilgan turiga asoslangan kuchliroq videokartalarni chiqardi. Nvidia ishlanmalariga javoban ATI o‘zining yetakchi R300 protsessorini taqdim etdi va barcha hisoblash modullari sonini ikki baravar oshirish hisobiga GeForce 4 dan yuqoriroq unumdorlikka erishdi. 2002-yil oxirida kompaniya NV30 protsessorini chiqardi. U GeForce ning 5-avlodida qo‘llanildi — GeForce FX. Nvidia DX9 bilan mos protsessorni chiqarishda ATI dan ortda qolgan bo‘lsa-da, yangi texnologiyalar, jumladan sheyder modelining 2.0a versiyasini, tasvir qirralarini tekislash va filtrlashning yangi algoritmlarini, PCI Express interfeysi hamda DDR2 xotirasini qo‘llab-quvvatlash hisobiga raqibiga yetib oldi. NV30 dan bir necha oy o‘tib NV35 chiqarildi: unga qo‘shimcha uchlar sheyderi bloki, takomillashtirilgan piksel sheyderi bloklari, kengroq xotira shinasi va soyalarni tasvirlashga mo‘ljallangan UltraShadow texnologiyasi kiritildi. Keyingi 2005-yilda NV40 chipi va GeForce ning 6-avlodi taqdim etildi; uning eng yuqori darajadagi modeli yangi texnologiyalar tufayli 5-avlod modellaridan deyarli ikki baravar unumdor bo‘ldi. GeForce 6 DirectX 9.0c va 3-versiyadagi sheyder modelini, H.264, VC-1, WMV va MPEG-2 formatlaridagi videoni apparat darajasida dekodlashni, shuningdek, bir nechta videokartani SLI texnologiyasi orqali birgalikda ishlatishni qo‘llab-quvvatladi. GeForce 6 ning arzon videokartalari NV43 chipiga asoslangan edi. Bu NV40 ning soddalashtirilgan va ishlab chiqarilishi arzon varianti edi.

Keyingi GeForce 8 avlodida G80 chipiga asoslangan grafik protsessor arxitekturasi kompaniya tomonidan sezilarli darajada qayta ishlandi: ma’lumotlarni qayta ishlash konveyerlarida yagona turdagi sheyder protsessorlari qo‘llanildi. 2006-yil kuzida yangi Tesla[ingl.] arxitekturasi taqdim etildi. Uning asosiy xususiyati uchlar va piksellar sheyderlari uchun alohida bloklardan voz kechilib, ular istalgan turdagi sheyderni bajara oladigan universal protsessorlar bilan almashtirilganida edi. Universal hisoblash bloklari turli xil hisob-kitoblarni bajara olgani tufayli Tesla arxitekturasidagi G80 chipida resurslarning notekis taqsimlanishi muammosi hal qilindi. Protsessor DirectX 10 ni qo‘llab-quvvatladi, 4-versiyadagi sheyderlar bilan ishladi va unumdorlik sinovlarida G70 dan ikki baravar ustun keldi. 2006-yil oxirida ATI kompaniyasini AMD sotib oldi va u AMD ning grafik texnologiyalar bo‘linmasiga aylandi. 2007-yil boshida chiqarilgan R670 protsessori o‘rta narx toifasiga mansub bo‘lib, unumdorlik bo‘yicha kompaniyaning o‘z yetakchi modellariga ham raqobatchi bo‘la olmadi. Universal sheyderlar bilan birga kompaniya CUDA dasturiy-apparat arxitekturasini ham taqdim etdi. Bu texnologiya grafik protsessorlar uchun C tiliga o‘xshash tilda dasturlar yozish va markaziy protsessorlar uchun og‘ir bo‘lgan keng ko‘lamli parallel hisoblashlarni videokartaga o‘tkazish imkonini berdi. GeForce 8 va 9 avlodlarida kompaniya 32 bit aniqlikdagi umumiy maqsadli hisoblashlarni apparat darajasida qo‘llab-quvvatladi, o‘ninchi avlodda esa GeForce 200 GT200 chipi asosida 64 bitlik ikki karra aniqlikni qo‘llab-quvvatladi. Apparat darajasidagi ko‘p oqimlilik obyektlar fizikasini hisoblashni videokartaga ko‘chirish imkonini berdi; bunda PhysX fizik dvijogidan foydalanildi. Shuningdek, 2009-yil bahorida Nvidia GeForce 100 videokartalar turkumini chiqardi. Ular faqat OEM ishlab chiqaruvchilari uchun mo‘ljallangan va GeForce 9 dizayniga asoslangan edi. Kuzda esa GeForce 300 deb atalgan yana bir OEM turkumi 200-turkum videokartalari asosida chiqarildi.

Nvidia GeForce 6600GT chipi
Videokarta: Gigabyte GV-NX66T128D, Nvidia GeForce 6600GT chipi bilan

2010-yilda kompaniya yangi Fermi mikroarxitekturasi va unga asoslangan GeForce 400 videokartalar turkumini taqdim etdi. Bu avlodning yetakchi protsessori GF100 juda yuqori unumdorlikka ega edi, biroq hajmi katta va ishlab chiqarilishi murakkab bo‘lgan. Ushbu oilaning quyi darajadagi grafik protsessorlarini ishlab chiqishda oqimli multiprotsessorlar tuzilishi qayta ko‘rib chiqildi. Natijada chip tuzilishi ixchamlashdi, uning maydoni va tannarxi kamaydi. GeForce 500 oilasi chiplarida kompaniya Fermi arxitekturasini saqlab qoldi, ammo uni fizik loyihalash[ingl.] bosqichida qayta ishladi: yuqori tezlik talab etilmaydigan qismlarda sekinroq, ammo energiyani tejaydigan tranzistorlardan, muhim qismlarda esa tezroq tranzistorlardan foydalandi. Natijada takt chastotasi oshganiga qaramay, GeForce 500 videokartalari energiya tejamkorligi jihatidan ancha yaxshilandi. Grafik protsessorlarning keyingi GeForce 600 avlodi yangi Kepler arxitekturasiga asoslangan bo‘lib, 28 nanometrlik texnologik jarayonda ishlab chiqarildi va CUDA yadrolari soni uch baravar oshirildi. Bu o‘yinlardagi unumdorlikni 30 % ga oshirdi. Navbatdagi GeForce 700 avlodining asosi dastlab Tesla hisoblash tezlatkichlari uchun ishlab chiqilgan chiplar bo‘ldi. Bu avlodning eng kuchli videokartalari nihoyatda yuqori unumdorligi bilan ajralib turdi, ammo narxi ham baland edi. Grafik protsessorlar rivojidagi navbatdagi yutuq Maxwell arxitekturasiga o‘tish bilan bog‘liq: unda kompaniya xotira quyi tizimini qayta ishlab, yangi siqish algoritmlarini joriy etdi. Buning natijasida GeForce 900 videokartalar oilasi oldingi avlodga qaraganda uchdan bir qismga energiya tejamkorroq bo‘ldi. GeForce 10 avlodi yangi Pascal mikroarxitekturasiga asoslandi va yanada nozik 16 nanometrlik texnologik jarayonda ishlab chiqarildi. Biroq kompaniya asoschisi va prezidenti Jensen Xuang ta’rifiga ko‘ra, haqiqiy burilish Turing nomli, 2018-yilda e’lon qilingan yangi mikroarxitektura bo‘ldi. Yangi grafik protsessorlarning 20-turkumi (GeForce RTX) bilan kompaniya dunyoda birinchi bo‘lib maxsus RT yadrolarida real vaqt rejimida nurlarni kuzatish texnologiyasini apparat darajasida tezlashtirishni va tenzor yadrolari asosida sun’iy intellektdan foydalanishni qo‘llab-quvvatladi. Bu kompyuter o‘yinlarida yorug‘lik va akslarni tasvirlash sifatida ulkan sakrashni ta’minladi. Kompaniya ta’kidlaganidek, Turing asosidagi GeForce 20 oilasi videokartalari yangi texnologiyalar uchun optimallashtirilmagan o‘yinlarda 40—60 % yuqori unumdorlikni, Deep Learning Super Sampling qo‘llanadigan o‘yinlarda esa 125 % gacha o‘sishni namoyish etdi. Bu natijalar avvalgi GeForce 10 avlodi bilan taqqoslaganda qayd etilgan.

Avlodlar

Avlod Mikroarxitektura E’lon qilingan sana DirectX OpenGL OpenCL Vulkan
GeForce 256 Celsius[ingl.] 31-avgust 1999 7.0 1.2
GeForce 2 Celsius aprel 2000 7.0 1.2
GeForce 3 Kelvin[ingl.] fevral 2001 8.0 1.3
GeForce 4 Kelvin fevral 2002 8.0 1.4
GeForce FX Rankine[ingl.] 2003 9.0a 1.5/2.1
GeForce 6 Curie[ingl.] aprel 2004 9.0c 2.1
GeForce 7 Curie iyun 2005 9.0c 2.1
GeForce 8 Tesla[ingl.] noyabr 2006 10.0 3.3
GeForce 9 Tesla fevral 2008 10.0 3.3
GeForce 100 Tesla yanvar 2009 10.0 3.3
GeForce 200 Tesla 2008—2009 10.1 3.3
GeForce 300 Tesla 2009—2010 10.1 3.3
GeForce 400 Fermi mart 2010 11.0 4.5
GeForce 500 Fermi noyabr 2010 11.0 4.5
GeForce 600 Kepler mart 2012 11.1 4.5
GeForce 700 Fermi
Kepler
Maxwell
may 2013 11.1 4.5
GeForce 800M Fermi
Kepler
Maxwell
mart 2014 11.1 4.5
GeForce 900 Maxwell sentabr 2014 12.0 4.5 1.2
GeForce 10 Pascal may 2016 12.1 4.5 1.2 1.1
GeForce 16 Turing fevral 2019 12.1 4.6 1.2 1.2
GeForce 20 Turing avgust 2018 12.1 4.6 2.1 1.2
GeForce 30 Ampere sentabr 2020 12.2 4.6 3.0 1.2
GeForce 40 Ada Lovelace sentabr 2022 12.2 4.6 3.0 1.2
GeForce 50 Blackwell yanvar 2025 12.2 4.6 3.0 1.3