| Shahar | |||||
| Lagos | |||||
|---|---|---|---|---|---|
| ingl. Lagos | |||||
| | |||||
|
|||||
| 6°27′ sh. k. 3°24′ sh. u.HGYO | |||||
| Mamlakat |
|
||||
| Shtat | Lagos | ||||
| Oba | Rilvan Akiolu | ||||
| Tarix va geografiya | |||||
| Asos solingan | 1472-yilda | ||||
| Avvalgi nomlari | Eko | ||||
| Maydoni | 1171 km² | ||||
| Markazining balandligi | 5 m | ||||
| Iqlim turi | tropik | ||||
| Vaqt mintaqasi | UTC+1:00 | ||||
| Aholisi | |||||
| Aholisi | ↗ 13 745 000 kishi (2016) | ||||
| Zichligi | 13 765 kishi/km² | ||||
| Aglomeratsiya aholisi | ↗ 21 324 000 kishi (2015) | ||||
| Rasmiy til | ingliz tili | ||||
| Raqamli identifikatorlar | |||||
| Telefon kodi | +234 010 | ||||
| Pochta indeksi | 100001–112005 | ||||
|
|
|||||
| lagosstate.gov.ng (ingl.) | |||||
Lagos (ingl. Lagos, yoruba Èkó) — port shahar. U Nigeriyaning janubi-g‘arbida joylashgan. Shahar aholisi 13 milliondan, aglomeratsiya aholisi esa qariyb 21 milliondan ortiq. Lagos aglomeratsiyasi bilan Nigeriya va Afrika qit’asining eng yirik shahri sanaladi, shuningdek, dunyodagi eng tez rivojlanayotgan shaharlardan biridir.
Dastlab u yoruba xalqining kichik manzilgohi bo‘lgan, ammo Yevropa mustamlakachiligi va mustaqillik davrida Nigeriyaning eng muhim iqtisodiy hamda savdo markaziga aylangan. Hozirgi kunda shahar deyarli butun Lagos shtati hududini egallaydi va avtomagistrallar orqali bog‘langan hamda bir-biridan ajralgan ko‘plab tumanlardan tashkil topgan.
Lagos 12-dekabr 1991-yilgacha Nigeriya poytaxti bo‘lgan, shundan so‘ng poytaxt Abujaga ko‘chirilgan.
Etimologiyasi
Lagosga avori etnik guruhi vakillari — yoruba xalqiga mansub aholi — XIII asrda asos solgan. Ular manzilgohni avval Oko, keyinroq Eko deb ataganlar; bu nom yoruba tilida hozirgacha saqlanib qolgan. Portugaliyalik tadqiqotchi Ruy di Sikeyra 1472-yilda bu hududga kelib, qirg‘oq suvlarining osoyishtaligiga ishora qilib, shahar atrofini Lago-de-Kuramo («sokin ko‘l») deb atagan. Bir taxminga ko‘ra, keyinchalik britaniyalik mustamlakachi lord Lugard talaffuzni osonlashtirish uchun nomni «Lagos» shaklida qisqartirishni taklif qilgan.
Lagos (asl tilida Lagush deb talaffuz qilinadi) «ko‘llar» degan ma’noni bildiradi. Bu so‘z portugal tilidan olingan. Bu tilda so‘zlashuvchi ilk yevropalik sayohatchilar bu yerlarga avori va bini qabilalari yashagan davrda kelgan. Mintaqa bilan dastlabki aloqalardan XX asr boshigacha shaharning yana bir portugalcha nomi — Onim ham ishlatilgan, biroq keyinchalik Lagos nomi ustunlik qilgan. Lagos «ko‘llar» degan ma’noni anglatsa-da, shahar atrofida ko‘llar yo‘q: u orolda joylashgan. Boshqa izohga ko‘ra, Lagos nomi Portugaliyadagi Lagush shahri nomidan olingan. O‘sha davrda bu dengizbo‘yi shahri portugallarning Afrika qirg‘oqlari bo‘ylab janubga yo‘nalgan ekspeditsiyalari uchun asosiy markaz bo‘lgan; shahar nomi esa kelt tilidagi Lacobriga so‘zidan kelib chiqqan.
Olim Ye. M. Pospelov fikricha,Lagos so‘zi «lagunalar» ma’nosini anglatadi (lagoas).
Geografiyasi va iqlimi

Shahar orollarda va Benin qo‘ltig‘i ( Gvineya qo‘ltig‘ining bir qismi) bo‘yida — Atlantika okeani sohilida joylashgan.
Lagos iqlimi yaqqol ifodalangan subekvatorial iqlimdir. Martdan iyulgacha uzoq yomg‘irli mavsum davom etadi, undan so‘ng avgustda qisqa oraliq quruq mavsum, sentabrdan oktabrgacha qisqa yomg‘irli mavsum, noyabrning ikkinchi yarmidan martgacha esa quruq mavsum kuzatiladi (bu davrda ham yog‘ingarchilik bo‘ladi, ammo ancha kam).
| Ko‘rsatkich / Davr | Yan | Fev | Mar | Apr | May | Iyun | Iyul | Avg | Sen | Okt | Noy | Dek | Yil |
|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|
| Mutlaq eng yuqori harorat,°C | 33 | 35 | 37 | 38 | 33 | 35 | 31 | 31 | 30 | 32 | 32 | 32 | 38 |
| O‘rtacha eng yuqori harorat, °C | 32,2 | 33,2 | 32,9 | 32,2 | 30,9 | 29,3 | 28,2 | 28,3 | 28,9 | 30,3 | 31,4 | 31,8 | 30,8 |
| O‘rtacha harorat, °C | 27,3 | 28,5 | 28,5 | 28,0 | 27,1 | 25,6 | 25,3 | 25,1 | 25,5 | 26,4 | 27,2 | 27,2 | 26,8 |
| O‘rtacha eng past harorat, °C | 22,4 | 23,7 | 24,1 | 23,7 | 23,2 | 21,9 | 22,3 | 21,8 | 22,1 | 22,4 | 23,0 | 22,5 | 22,8 |
| Mutlaq eng past harorat, °C | 17 | 20 | 21 | 21 | 21 | 21 | 21 | 20 | 20 | 20 | 20 | 20 | 17 |
| Yog‘in miqdori (me’yor), mm | 13 | 41 | 84 | 146 | 202 | 316 | 243 | 122 | 160 | 125 | 40 | 15 | 1507 |
| Suv harorati, °C | 28 | 28 | 29 | 29 | 29 | 28 | 26 | 25 | 26 | 27 | 29 | 28 | 28 |
| Manba:Gonkong observatoriyasi, Weatherbase, World Climate Guide | |||||||||||||
Tarixi


Hozirgi shahar o‘rnida qadimdan yoruba qabilasining manzilgohi mavjud bo‘lgan. Yevropalik mustamlakachilar hududni o‘zlashtirishi bilan shahar qul savdosi markaziga aylangan. 1841-yilda Lagos obasi (qiroli) Akitoye taxtga chiqib, qul savdosini taqiqlagan. Qul savdogarlari qo‘zg‘olon ko‘tarib, qirolni hokimiyatdan ag‘darishgan va uning ukasi Kosokoni taxtga o‘tqazishgan. Akitoye surgundan inglizlar yordamida qaytib, ular uning qayta taxtga chiqishiga ko‘maklashgan va 1851-yilda qul savdosini yana taqiqlash imkonini bergan.
Lagos anneksiya qilinib, Britaniya mustamlakasi maqomini aynan 1861-yilda oldi. 1914-yilda u protektorat poytaxti deb e’lon qilindi. 1960–1970-yillarda, Biafra urushi oldidan, shahar jadal o‘sdi.
Lagos qirollari
Ma’muriy bo‘linishi va demografiyasi


Lagos alohida ma’muriy birlik hisoblanmaydi, shuning uchun uning yagona shahar ma’muriyati yo‘q. Katta Lagos shahri amalda 16 ta (mavjud jami 20 ta) mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish hududini qamrab oladi va ular Lagos shtati tarkibiga kiradi. Lagos shtati 27-may 1967-yilda Nigeriyaning ma’muriy-hududiy bo‘linishini isloh qilish, mamlakatni 12 ta shtatga ajratish jarayonida tashkil etilgan. Bungacha Lagos munitsipalitetini bevosita federal hukumat va uning tarkibidagi Lagos ishlari vazirligi boshqargan. Qolgan 4 ta hudud Lagos shtatiga kiradi, biroq Lagos metropoliyasiga kirmaydi. 1976-yilda Lagos munitsipal kengashi tarqatilib, boshqaruv alohida hududlarga berilgan. Lagosdan tashqaridagi materik qismida yo‘ldosh shaharlar va aholi punktlari, jumladan, Mushin, Ikeja, Agege.
Hozir shaharning o‘zida 13 milliondan ortiq, 21 millionga yaqin aholi esa uning aglomeratsiyasida yashaydi. Lagos Nigeriya va butun Afrika qit’asining eng yirik shahri, shuningdek, dunyodagi eng tez o‘sayotgan shaharlardan biri hisoblanadi. Shahar mamlakat poytaxti bo‘lmay qolganiga qaramay, uning hayotida juda muhim o‘rin tutadi. Lagos orolida Lagos shtatining Oliy sudi joylashgan. Shaharda asosan yoruba tilida so‘zlashiladi.
1970-yillarning boshlarida —neft bumi davrida — Lagosda aholi sonining keskin o‘sishi kuzatildi: jadal iqtisodiy rivojlanish qishloq hududlaridan aholining katta oqimi bilan kechdi. Natijada bugun Lagos bilan birgalikda «Katta Lagos» deb ataladigan shahar hududini tashkil etuvchi shahar atrofi manzilgohlari va shaharchalar paydo bo‘ldi.
Hozirda «Lagos» so‘zi ko‘pincha Nigeriyada «Lagos metropoliyasi» deb ataladigan, avvalgi Lagos munitsipalitetiga kirgan orollar va materikdagi shahar atrofi hududlarini qamrab oladigan shahar maydoniga nisbatan ishlatiladi. Lagos shtati hukumati yo‘llar, transport, elektr va suv ta’minoti, sog‘liqni saqlash hamda ta’lim uchun mas’ul. Ma’muriy emas, balki statistik birlik sifatida qaraladigan va 16 ta hududni birlashtiradigan Lagos metropoliyasida Lagos shtati aholisining 88 foizi yashaydi. Shaharning ishbilarmonlik markazida ko‘plab osmono‘par binolar qurilgan.
| Mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish hududlari | Maydoni (km²) | Aholisi (2006-yilgi aholini ro‘yxatga olish) | Zichligi (kishi/km²) |
| Agege | 11.2 | 459 939 | 41 071 |
| Ajeromi-Ifelodun | 12,3 | 684 105 | 55 474 |
| Alimosho | 185,2 | 1 277 714 | 6 899 |
| Amuvo-Odofin | 134,6 | 318 166 | 2 364 |
| Apapa (Lagos porti) | 26,7 | 217 362 | 8 153 |
| Eti-Osa (Lagosning eng yirik biznes markazi, Nigeriya federal hukumati avval joylashgan hudud) | 192,3 | 287 785 | 1 496 |
| Ifako-Ijaiye | 26,6 | 427 878 | 16 078 |
| Ikeja | 46,2 | 313 196 | 6 785 |
| Kosofe | 81,4 | 665,393 | 8 174 |
| Lagos oroli (Lagosning tarixiy va savdo markazi) | 8,7 | 209 437 | 24 182 |
| Lagosning materik qismi | 19,5 | 317,720 | 16 322 |
| Mushin | 17,5 | 633 009 | 36 213 |
| Ojo | 158,2 | 598 071 | 3 781 |
| Oshodi-Isolo | 44,8 | 621 509 | 13 886 |
| Shomolu | 11,6 | 402 673 | 34 862 |
| Surulere | 23,0 | 503 975 | 21 912 |
| Lagos metropoliyasi | 999.6 | 7 937 932 | 7 941 |
Transport
Avtomobil yo‘llari

Lagos ko‘chalar tarmog‘i G‘arbiy Afrikadagi eng yirik va eng serqatnov tarmoqlardan biridir. Shahar shimolidan yirik avtomagistrallar, jumladan, Lagos — Ibadan va Lagos — Abeokuta yo‘llari, sharqda esa Lagos — Badagri avtomagistrali boshlanadi.
Lagosning yirik savdo markazi sifatidagi ahamiyati va strategik jihatdan qulay joylashuvi tufayli shaharda Transafrika avtomobil yo‘llari tarmog‘ining uchta yo‘nalishi tutashadi: Lagos — Mombasa avtomagistrali, Transsahroi Kabir avtomagistrali, Transg‘arbiy Afrika qirg‘oq avtomagistrali (ingl. Trans–West African Coastal Highway).
Shaharda tezkor avtobus transporti tizimi ishlaydi. Uning dastlabki qismi 2008-yil fevralda qurib bitkazilgan. Tizimda shaharning barcha qismlarini bog‘lovchi 8 ta yo‘nalish ishlashi va har bir yo‘nalishda soatiga 10 ming nafargacha yo‘lovchi tashish imkoniyati bo‘lishi rejalashtirilgan.
Temiryo‘l transporti
Mamlakatda temiryo‘l transporti yaxshi rivojlanmagan. Lagosdan mamlakatdagi ikki asosiy temiryo‘l yo‘nalishidan biri — Lagosni Benin qo‘ltig‘i va Nguru (ingl. Nguru) Yobe shtatidagi shahar bilan bog‘lovchi yo‘l boshlanadi. Amalda 2013-yil boshida butun mamlakat bo‘yicha faqat Lagos —Kano (Kano — Nigeriyadagi aholi soni bo‘yicha ikkinchi shahar) uchastkasi ishlagan.
Hozir shaharda yengil relsli transport tizimi inshootlari qurilmoqda. Loyiha g‘oyasi ikki minginchi yillarning boshida gubernator Bola Tinubu tomonidan ilgari surilgan, qurilish esa rasman 2003-yil dekabrda boshlangan. Rejaga ko‘ra, tizim ikkita — qizil va ko‘k liniyadan iborat bo‘ladi. Ko‘rfazdan Okokomaikogacha cho‘ziladigan ko‘k liniya (Okokomaiko — Marina ko‘k liniyasi) qurilishi uchun 2008-yilda shahar hukumati 70 million ₦ ajratgan va qurilishni 2011-yilda yakunlashni mo‘ljallagan . Biroq qurilish faqat 2010-yilda boshlangan. 2022-yil dekabrda qurilishning birinchi bosqichi yakunlangan va 24-yanvar 2023-yilda u rasman foydalanishga topshirilgan.
Liniyaning uzunligi 27,5 km bo‘lib, unda 13 ta bekat joylashadi. Safar taxminan 35 daqiqa davom etadi. Yo‘l boshqa yo‘llar bilan bir sathda kesishmaydi hamda piyodalar va transport vositalarining tasodifan kirib qolishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Kelajakda qo‘ltig‘dan Agbadogacha ikkinchi — qizil liniyani qurish rejalashtirilgan.
Paromlar va suv transporti

Bir nechta muntazam parom yo‘nalishlari Lagos orolini materik bilan bog‘laydi. Yo‘lovchilarni laguna (ingl. Lagos Lagoon) va kanallar bo‘ylab xususiy tashuvchilar tashiydi.
Lagosda Nigeriyaning asosiy porti joylashgan bo‘lib, uning yuk aylanmasi yiliga qariyb 6 million tonnani tashkil etadi. Port boshqaruvi va yuk tashish ishlari Nigerian Ports Authority tashkiloti zimmasiga yuklangan. Port shaharning materik qismidagi Apapa tumanida joylashgan; uning maydoni 120 gektar. XIX asr o‘rtalaridan ayniqsa tez o‘sgan suv transporti hajmi ortgani sari Lagos lagunasiga qulay kirish masalasi yuzaga kelgan. Laguna kirish qismidagi sayozliklar doimiy siljib, suv tubi o‘zgarib turishi ishonchli kemalar harakatini yo‘naltirish tizimi (lotsiya)ni tashkil etishga to‘sqinlik qilgan va kirib kelayotgan kemalar uchun qiyinchilik tug‘dirgan. Shuningdek, sohilda cho‘kindilarning tabiiy ko‘chishi jarayonida qirg‘oq chizig‘ining o‘zgarishi (ingl. qirg‘oq bo‘ylab cho‘kindilar siljishi (Longshore drift)) doimiy yuz bergan. Port hududini rivojlantirish XX asr boshida, 1906-yilda himoya mollari qurilishi hamda akvatoriya tubini chuqurlashtirish ishlari boshlanishi bilan yo‘lga qo‘yilgan. Shu ishlardan keyin Apapada port barpo etishga qaror qilingan. Dastlabki prichallar taxminan yarim kilometr uzunlikda bo‘lib, 1921-yilda boshlangan qurilish davomida paydo bo‘lgan.
1948-yilda yangi prichal devorlari qurilishi hisobiga port imkoniyatlari kengaytirildi. Shu davrda port hududi ancha kengayib, ombor binolari, saqlash maydonlari va saralash stansiyalari uchun joylar tashkil etildi. 1967–1970-yillardagi fuqarolar urushi vaqtida Nigeriya portlari xalqaro yuk tashishga yopilgan, faqat Lagos porti faoliyatini davom ettirgan. Urushdan keyin sanoatni tiklash va yangi qurilishlar uchun mamlakatga ko‘plab yuklar kelishi natijasida port ortiqcha yuklama ostida qolgan. Kichik sig‘imli idishlar (bochkalar, qutilar, shishalar)dan foydalanishga asoslangan eski, samarasiz yuk tashish usullari yuklarni tez qayta ishlashga imkon bermagan. Katta o‘lchamli idishlar —konteynerlardan foydalanishga ham transport infratuzilmasi imkon bermagan: mamlakat yo‘llari va ko‘priklari bunday yuklarga moslashmagan edi. Bu port majmuasini tubdan qayta qurish, port hududini shahar va umuman mamlakat bilan bog‘lashni ta’minlashga qaratilgan keskin choralarni talab qildi. Ko‘rilgan chora-tadbirlar va yangi portlar (Apapa yonidagi Tin-Ken oroli porti,Port-Harkort, shuningdek,Kalabar porti) qurilishi Apapa prichallaridagi yuklamani kamaytirishga imkon berdi.
Hozir Apapa portining konteyner terminali mamlakatdagi eng yirigi bo‘lib, 32 mingtagacha TEU sig‘dirishi mumkin. Terminalning uzunligi 1 kilometr.
Havo transporti

Lagosga Murtala Muhammad nomidagi xalqaro aeroport xizmat ko‘rsatadi. U Afrikadagi eng katta aeroportlardan biri va Nigeriyaning xalqaro havo yo‘lovchi tashuvlari uchun asosiy darvozasi hisoblanadi. Aeroport shaharning shimoliy chekkasidagi Ikeja da joylashgan bo‘lib, ichki va xalqaro reyslar uchun terminallarga ega. Nigeriyadagi barcha havo tashuvlarining deyarli ellik foizi ushbu aeroport hissasiga to‘g‘ri keladi, xalqaro reyslarning ham aksariyati shu yerdan bajariladi. Aeroport Ikkinchi jahon urushi davrida qurilgan. Urushdan keyingi yillarda Ikejada West African Airways Corporation (ingl. West African Airways Corporation)aviakompaniyasining asosiy bazasi joylashgan. Kompaniyaga Britaniya G‘arbiy Afrikasi hukumati asos solgan. Mamlakat ichki qatnovlarida dastlab De Havilland Dove, keyinchalik esa Douglas C-47 Skytrain samolyotlaridan foydalanilgan. Mustaqillikka erishilgach, kompaniya Nigeriya tasarrufiga o‘tib,Nigeria Airways deb atala boshlagan. Aeroport 1970-yillarning o‘rtalarida kengaytirilib,Murtala Muhammad nomi berilgan. XX asr oxirida jinoyatchilik yuqori bo‘lgani sababli aeroport xavfli hisoblangan. 1999-yilda mamlakatda Olusegun Obasanjo hokimiyatga kelgach, aeroportdagi vaziyat me’yorlashgan.
Nigeria Airways 2003-yilda faoliyatini to‘xtatgan. Hozir Nigeriyaning yetakchi aviakompaniyasi Air Nigeria hisoblanadi. Ikki minginchi yillar boshidan aeroport yo‘lovchilari oqimi ikki barobardan ziyod oshib, 2011-yilda yiliga qariyb 7 million kishiga yetgan.
Aeroport yaqinda modernizatsiya qilinib, yangi terminal ham qurilgan.
Iqtisodiyoti

Nigeriya sanoatining taxminan yarmi Lagosda jamlangan.
Shaharda Nigeriya fond birjasi joylashgan. Savdolar 1961-yilda boshlangan, 1977-yilda esa birja hozirgi nomini olgan.
Madaniyati


Lagos butun Afrikada musiqa madaniyati markazi sifatida tanilgan. Shaharda tungi hayot juda faol bo‘lib, bu yerda sakara, Nigeriya xip-xopi, xaylayf, juju, fuji va afrobit kabi mahalliy musiqa yo‘nalishlari paydo bo‘lgan.
Lagos Nigeriya kino sanoatining ham markazi bo‘lib, uni ko‘pincha Nollivud deb atashadi; bu nom Gollivud nomiga o‘xshatib yaratilgan. Lagos orolida joylashgan Idumota bozori kino mahsulotlarini tarqatishning asosiy markazidir. Ko‘plab filmlar Lagosning Festak tumanida suratga olinadi. Bu yerda xalqaro Afrika san’ati festivali 1977-yilda bo‘lib o‘tgan.
Madaniy hayotdagi eng muhim tadbirlardan biri har yili o‘tkaziladigan Lagos karnavali hisoblanadi.
Iganmu tumanida joylashgan Milliy san’at teatri [ingl.] — Nigeriyaning asosiy sahna san’ati markazidir.
Lagosda dunyoga mashhur ko‘plab musiqachilar va xonandalar gastrol qilgan, jumladan,Jeyms Braun (1970-yilda),Shon Pol, Snup Dogg, 50 Cent, Eykon, Ja Rule, Ashanti, Asher, Sheggi, Ar Kelli, ayniqsa Star Mega Jam festivali davrida,Shakira, Jon Lejend, Boyz II Men, T-Pain, Brayan Maknayt, Jay-Z, Meri Blayj, Beyonse, Brendi Norvud, Siara, Keri Xilson, Lorin Xill va boshqalar.
Pol Makkartni o‘zining beshinchi yakkaxon Band on the Run nomli albomini Lagosdagi EMI studiyasida 1973-yil avgust–sentabr oylarida yozib olgan.
Ta’lim
Universitetlar
- Lagos universiteti;
- Pan-Afrika universiteti;
- Lagos davlat universiteti[ingl.];
- Cetep universiteti;
Sport
Shaharda «Yulius Berger» futbol klubi joylashgan. Abujada yangi inshoot qurilguniga qadar Lagos milliy stadionida o‘yin o‘tkazib kelgan jamoa — Nigeriya futbol terma jamoasi.
Birodarlashgan shaharlar
Atlanta, AQSH
Bryussel, Belgiya
Buxarest, Ruminiya
Belo-Orizonti, Braziliya
Geri, AQSH
Kotonu, Benin
Tegu, Janubiy Koreya
Montego-Bey, Yamayka
Nyukasl-apon-Tayn, Buyuk Britaniya
Nyurnberg, Germaniya
Olimpiya, Gretsiya
Port-of-Speyn, Trinidad va Tobago
Raanana, Isroil
Rio-de-Janeyro, Braziliya
Salsedo[isp.], Dominikan Respublikasi
Zalsburg, Avstriya
Taybey, Tayvan
Tbilisi, Gruziya
Tuluza, Fransiya
Fukuoka, Yaponiya
Adabiyotlar
- Pospelov Ye. M. Dunyo geografik nomlari. Toponimik lug‘at / mas’ul muharrir R. A. Ageyeva. — 2-nashr, o‘zgarishsiz. — Moskva: «Russkiye slovari», «Astrel», «AST», 2002. — 512 b. — 3000 nusxa. — ISBN 5-17-001389-2.
Havolalar
- lagosstate.gov.ng (ingl.) — Lagosning rasmiy sayti
- Lagos savdo-sanoat palatasi
- Lagos shtati qonunchilik assambleyasi Arxiv nusxasi 8-noyabr 2018-yilda Wayback Machine’da saqlangan
- Lagos shtati sud kengashi
- Tarix. Arxivlangan:asl nusxa— 12-mart 2007-yil.
- Lagos biznes maktabi— Pan-Afrika universiteti
- Sehrlangan Nigeriya