Kuchsiz elektrolitlar nima

Elektrolitik dissotsiatsiya — molekulalarning elektrolitlar tarkibida ionlarga ajralish jarayoni bo‘lib, erish yoki suyuqlanish vaqtida sodir bo‘ladi.

Eritmalarda dissotsiatsiyalanish

Eritmalarda ionlarga dissotsiatsiyalanish erigan moddaning erituvchi bilan o‘zaro ta’sirlashuvi natijasida yuz beradi; spektroskopik usullar ma’lumotlariga ko‘ra, bu o‘zaro ta’sir ko‘p jihatdan kimyoviy xususiyatga ega. Erituvchining solvatlash qobiliyati bilan bir qatorda, elektrolitik dissotsiatsiyada erituvchining makroskopik xossasi — dielektrik singdiruvchanligi ham muhim rol o‘ynaydi.

Suyuqlanish vaqtida dissotsiatsiyalanish

Yuqori harorat ta’sirida kristall panjaradagi ionlar tebrana boshlaydi, ularning kinetik energiyasi ortadi. Muayyan paytda (moddaning suyuqlanish haroratida) bu energiya ionlar o‘rtasidagi o‘zaro ta’sir energiyasidan oshib ketadi. Natijada modda ionlarga ajraladi.

Elektrolitik dissotsiatsiyaning klassik nazariyasi

Elektrolitik dissotsiatsiyaning klassik nazariyasiga S. Arrenius va V. Ostvald tomonidan 1887-yilda asos solingan. Arrenius eritmalarning fizik nazariyasi tarafdori bo‘lgan, elektrolit bilan suvning o‘zaro ta’sirini hisobga olmagan va eritmalarda erkin ionlar mavjud deb hisoblagan. Rus kimyogarlari I. A. Kablukov va V. A. Kistyakovskiy 1891-yilda elektrolitik dissotsiatsiyani tushuntirish uchun eritmalarning kimyoviy nazariyasini ishlab chiqqan D. I. Mendeleyev g‘oyalaridan foydalandilar va elektrolit eriganda suv bilan kimyoviy o‘zaro ta’sirlashishini, natijada esa ionlarga dissotsiatsiyalanishini isbotladilar.

Elektrolitik dissotsiatsiyaning klassik nazariyasi erigan modda to‘liq dissotsiatsiyalanmaydi, degan farazga asoslanadi. Bu holat dissotsiatsiyalanish darajasi α, ya’ni dissotsiatsiyalangan elektrolit molekulalarining ulushi bilan ifodalanadi. Dissotsiatsiyalanmagan molekulalar va ionlar o‘rtasidagi dinamik jarayon massalar ta’siri qonuni bilan tavsiflanadi. Masalan, KA turidagi ikki komponentli elektrolitning elektrolitik dissotsiatsiyasi quyidagi tenglama bilan ifodalanadi:

KA⇄K++A−

Dissotsiatsiya konstantasi Kd quyidagi zarrachalar faollik ko‘rsatkichlari — kation aK+, anion aA− va dissotsiatsiyalanmagan molekulalar aKA qiymatlari orqali quyidagicha aniqlanadi:

Kd=aK+⋅aA−aKA

Kd qiymati erigan modda va erituvchining tabiatiga, shuningdek haroratga bog‘liq bo‘lib, uni bir nechta tajribaviy usulda aniqlash mumkin. Dissotsiatsiyalanish darajasi (α) elektrolitning istalgan konsentratsiyasida quyidagi munosabat orqali hisoblanishi mumkin:

Kd=α21−αf±,

bu yerda f± — elektrolitning o‘rtacha faollik koeffitsiyenti.

Ostvald va Arreniusning klassik nazariyasi suyultirilgan eritmalardagi kuchsiz elektrolitlar uchun qo‘llanadi. Kuchli elektrolitlarga esa Debay—Xyukkel nazariyasi qo‘llanadi.

Kuchsiz elektrolitlar

Kuchsiz elektrolitlar — suvli eritmalarda ionlarga oz darajada dissotsiatsiyalanadigan elektrolitlardir. Kuchsiz elektrolitlarning dissotsiatsiyalanishi qaytar jarayon bo‘lib, massalar ta’siri qonuniga bo‘ysunadi.

Kuchli elektrolitlar

Kuchli elektrolitlar — shunday kimyoviy birikmalarki, ularning molekulalari suyultirilgan eritmalarda deyarli to‘liq ionlarga dissotsiatsiyalanadi. Dissotsiatsiyalanish darajasi bunday elektrolitlarda 1 ga yaqin. Kuchli elektrolitlarga ko‘plab anorganik tuzlar, ayrim anorganik kislotalar va asoslar (suvli eritmalarda), shuningdek dissotsiatsiyalash qobiliyati yuqori bo‘lgan erituvchilardagi moddalar (amidlar, kislotalar va boshqalar) kiradi.

Elektrolitik dissotsiatsiyaning klassik nazariyasi faqat suyultirilgan eritmalardagi kuchsiz elektrolitlar uchun qo‘llanadi. Kuchli elektrolitlar suyultirilgan eritmalarda deyarli to‘liq dissotsiatsiyalanadi, shuning uchun ionlar va dissotsiatsiyalanmagan molekulalar o‘rtasidagi muvozanat haqida gapirish o‘rinli emas. XX asrning 20—30-yillarida V. K. Semenchenko (SSSR), N. Byerrum (Daniya), R. M. Fuoss (AQSH) va boshqalar ilgari surgan qarashlarga ko‘ra, kuchli elektrolitlarning o‘rtacha va yuqori konsentratsiyali eritmalarida ion juftlari hamda murakkabroq agregatlar hosil bo‘ladi. Zamonaviy spektroskopik ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, ion jufti bir-biriga qarama-qarshi zaryadlangan ikkita iondan iborat. Ular bevosita tegib turishi («kontakt ion jufti») yoki bir yoxud bir nechta erituvchi molekulasi bilan ajralgan bo‘lishi («ajralgan ion jufti») mumkin. Ion juftlari elektr jihatdan neytral bo‘lib, elektr zaryadini tashishda ishtirok etmaydi. Kuchli elektrolitlarning nisbatan suyultirilgan eritmalarida alohida solvatlangan ionlar bilan ion juftlari o‘rtasidagi muvozanatni klassik elektrolitik dissotsiatsiya nazariyasidagi kabi dissotsiatsiya konstantasi (yoki unga teskari kattalik — assotsiatsiya konstantasi) orqali taxminan tavsiflash mumkin. Bu tajriba ma’lumotlariga asoslanib, tegishli dissotsiatsiyalanish darajasini hisoblash uchun yuqoridagi tenglamadan foydalanish imkonini beradi.

Eng oddiy hollarda (bir atomli, bir zaryadli yirik ionlar uchun) kuchli elektrolitlarning suyultirilgan eritmalaridagi dissotsiatsiya konstantasining taxminiy qiymatlarini nazariy jihatdan hisoblash mumkin. Bunda ionlarning uzluksiz muhit — erituvchida faqat elektrostatik o‘zaro ta’sirlashuvi haqidagi tasavvurlarga asoslaniladi.

Kuchli elektrolitlarga misollar: ayrim kislotalar (HClO4, HMnO4, H2SO4, HCl, HBr; HI), gidroksidlar — ishqoriy va ishqoriy-yer metallarniki (NaOH, KOH, Ba(OH)2); aksariyat tuzlar.

Adabiyotlar

Havolalar