Issiqlik oqimi datchigi

Issiqlik oqimining odatiy plastinkasimon datchigi — HFP01. Ushbu datchik odatda binolarning tashqi to‘siq konstruksiyalari (devorlar, tomlar)dagi issiqlik qarshiligini o‘lchashda qo‘llanadi. Bunday datchikni tuproqqa ko‘mib, tuproqdagi issiqlik oqimini ham o‘lchash mumkin. Diametri — 80 mm.

Issiqlik oqimi datchigi (ingl. Heat Flux Sensor, nem. Wärmeflußsensor) — odatda datchik uchun ishlatiladigan nom bo‘lib, u signal hosil qiladi. Bu signal datchik yuzasidan o‘tuvchi issiqlik oqimiga mutanosib bo‘ladi.

Qo‘llanilishi

Issiqlik oqimi datchiklari turli sohalarda qo‘llanilishi mumkin. Ularning eng istiqbolli qo‘llanish yo‘nalishlaridan biri binolarning issiqlik izolyatsiyasi sifatini, shuningdek, issiqlikni izolyatsiyalash xususiyatlariga ega to‘qimachilik buyumlarini baholashdir. Buning uchun tadqiq qilinayotgan obyektning issiqlik uzatish koeffitsiyenti o‘lchanadi. Bundan tashqari, ushbu datchiklardan suyuqlik va gaz oqimi tezligini o‘lchash, haroratni noinvaziv usullarda aniqlash hamda lazer nurlanishiga xos quvvat ko‘rsatkichi ni o‘lchash uchun ham foydalanish mumkin.

Qurilish fizikasida qo‘llanilishi

Har kuni juda katta miqdordagi energiya binolarni isitish va sovutish uchun sarflanadi. Binolarning katta qismida issiqlik izolyatsiyasi yetarli darajada emas va ko‘pincha zamonaviy standartlarga javob bermaydi. Shu bois issiqlik oqimi datchiklarining eng muhim qo‘llanish yo‘nalishlaridan biri issiqlik uzatish koeffitsiyentini o‘lchash orqali binolar issiqlik izolyatsiyasi sifatini nazorat qilishdir.

Haqiqatan ham, issiqlik uzatish qonuniga ko‘ra, masalan, bino devoridan o‘tadigan issiqlik oqimining zichligi devorning tashqi va ichki yuzalaridagi haroratlar farqiga to‘g‘ri mutanosibdir. Ushbu mutanosiblik koeffitsiyenti issiqlik uzatish koeffitsiyenti yoki U-koeffitsiyent deb ataladi. Demak, issiqlik oqimi datchigi yordamida o‘lchangan issiqlik oqimi zichligining haroratlar farqiga nisbati orqali izlanayotgan kattalik — issiqlik uzatish koeffitsiyentini aniqlash mumkin. Bu koeffitsiyent qancha kichik bo‘lsa, o‘rganilayotgan obyektning (masalan, bino devorining) issiqlik izolyatsiyasi shuncha yaxshi bo‘ladi.

To‘qimachilik sanoatida qo‘llanilishi

Issiqlik oqimi zichligini bilish sportchilar uchun mo‘ljallangan kiyimlarni, hatto o‘t o‘chiruvchilarning maxsus kiyimlarini yaratishda ham muhimdir. Yuqorida bayon etilgan usulda issiqlik oqimi datchigi yordamida o‘lchangan issiqlik oqimi zichligining kiyim elementi ichki va tashqi yuzalaridagi haroratlar farqiga nisbati matoning issiqlik uzatish koeffitsiyentini aniqlash imkonini beradi. Bu issiqqa chidamli kiyimlar to‘plamlarini ishlab chiqishda zarur.

O‘lchash usullari

Vikipediyaning «original tadqiqot»ga oid qoidasi (ВП:ОРИСС) buzilgan bo‘lishi mumkin!

Issiqlik oqimi zichligini o‘lchash usuli bino to‘siq konstruksiyasiga o‘rnatilgan «yordamchi devorcha» (plastinka)dagi haroratlar farqini o‘lchashga asoslanadi. Issiqlik oqimining yo‘nalishi va zichligiga mutanosib bo‘lgan bu haroratlar farqi elektr yurituvchi kuchga (EYuK) aylantiriladi. Buning uchun «yordamchi devorcha» ichida issiqlik oqimi yo‘nalishiga parallel joylashtirilgan va hosil bo‘ladigan signal bo‘yicha ketma-ket ulangan termoparalar batareyasi qo‘llanadi. «Yordamchi devorcha» bilan termoparalar batareyasi birgalikda issiqlik oqimi o‘zgartirgichini hosil qiladi.

Havolalar