
Bekman termometri yoki metastatik termometr — simobli ichki shkalali termometr bo‘lib, boshqa termometrlardan farqli ravishda, termodinamik haroratni o‘lchash uchun emas, balki haroratning kichik farqlarini o‘lchash uchun ishlatiladi. Uni nemis kimyogari Ernst Bekman 1905-yilda eritmalarning kolligativ xossalarini o‘rganish maqsadida ixtiro qilgan. Undan laboratoriya amaliyotida: kalorimetriyada, fazaviy o‘tish nuqtalari yaqinida haroratni o‘lchashda hamda krioskopiya orqali molyar massani aniqlashda foydalanish mumkin. Hozirgi vaqtda uning o‘rnini deyarli butunlay arzonroq va texnologik jihatdan takomillashgan, termodinamik haroratni ham o‘lchay oladigan elektron termometrlar egallagan.
Tavsifi
Termometrning uzunligi 40 dan 50 sm gacha. Butun harorat shkalasining diapazoni 3 dan 5 °С gacha, shkalaning bir bo‘linmasi qiymati 0,01 °С, bu esa haroratni 0,005 °C gacha aniqlikda o‘lchash imkonini beradi. Termometr yuqoridagi kengaygan qismda simob zaxirasi saqlanadigan rezervuardan, pastki qismdagi simobli ishchi rezervuardan va ikkala rezervuarni tutashtiruvchi kapillyardan iborat. Ishchi rezervuardagi simob miqdorini o‘zgartirish orqali o‘lchanadigan haroratlar oralig‘ini o‘zgartirish mumkin. Tajriba davomida harorat pasayganda simob meniski kapillyarning yuqori qismida, harorat ko‘tarilganda esa pastki qismida joylashishi kerak.
Sozlash
Termometrni sozlash uchun uning yuqoridagi kengaygan qismi pastga qaratib ag‘dariladi va barmoq bilan yengil taqillatib, simob sharchasi yuqoridagi egilgan naychaning kengaygan qismiga o‘tkaziladi. Keyin termometr yana tik holatga qaytariladi va simobli pastki rezervuar kaftda ushlab yoki biroz ilitilgan suvga tushirib isitiladi. Pastki rezervuardagi simob ustuni termometrning yuqori qismidagi simob bilan tutashishi kerak. So‘ng pastki rezervuar o‘lchanadigan haroratning eng yuqori chegarasidan 2—3 °С yuqori haroratgacha qizdiriladi. Shu haroratga yetganda kapillyarning yuqori kengaygan qismga tutashgan joyida simob ustuni uziladi.
Adabiyotlar
Ingliz tilida
- Bekman, Ernst. Molekulyar massalar va kichik harorat farqlarini aniqlash uchun termometrni o‘zgartirish (nemis tilida) // Fizik kimyo jurnali (Zeitschrift für physikalische Chemie). — 1905. — Jild. 51.
- Jons, Garri S. Fizik kimyo asoslari. — Nyu-York: Makmillan, 1915. — B. 228—229.
- Ferri, Ervin Sidni. Fizik o‘lchashlar bo‘yicha qo‘llanma. — Boston: Stenhop Press, 1918. — B. 67—68.
- Findley, Aleksandr. Amaliy fizik kimyo. — London: Longmans, Grin end Kompani, 1920. — B. 130—132.
- Sella, Andrea. Bekman termometri (ingliz tilida) // Chemistry World («Kimyo olami»). — 2007. — Dekabr.
Rus tilida
- Metastatik termometr // Katta sovet ensiklopediyasi : [30 jildda] / bosh muharrir A. M. Proxorov. — 3-nashr. — M. : Sovet ensiklopediyasi, 1969—1978.
- Isagulyants V. I., Yegorova G. M. Neft kimyosi. Laboratoriya ishlariga oid qo‘llanma: neft sohasi oliy o‘quv yurtlari uchun o‘quv qo‘llanma. — Qayta ishlangan va to‘ldirilgan 2-nashr. — M.: Gostoptexizdat, 1963. — 420 b.
- Voskresenskiy P. I. Laboratoriya ishlari texnikasi. — M.: Ximiya, 1973. — 717 b.