Issiq Yupiter

Quyosh tizimidan tashqaridagi issiq sayyoraning rassom tomonidan chizilgan tasviri: XO-1 b
HD 189733 b sayyorasi rassom tasavvurida

Issiq Yupiter — ekzosayyoralarning massasi bo‘yicha Yupiter massasiga teng keladigan sinfi (1,9⋅1027 kg). Quyoshdan 5 a. b. masofada joylashgan Yupiterdan farqli o‘laroq, odatiy issiq Yupiter o‘z yulduzidan taxminan 0,05 a. b. masofada joylashgan, ya’ni Merkuriyning Quyoshdan uzoqligiga nisbatan bir tartibga, Yupiternikiga nisbatan esa ikki tartibga yaqinroq.

Bir vaqtlar issiq Yupiterlar kashf etilgan ekzosayyoralar ro‘yxatining salmoqli qismini tashkil etgan, chunki ularni aniqlash eng oson. Ular yulduz harakatida qisqa davrli sezilarli og‘ishlarni yuzaga keltiradi va bu og‘ishlarni spektr chiziqlarining siljishiga qarab aniqlash mumkin. Bundan tashqari, sayyoraning yulduz diski oldidan o‘tishi ehtimoli ancha yuqori bo‘lib, bu yulduz yorqinligining kamayishiga qarab sayyora o‘lchamini baholash imkonini beradi. Sudarskiy tasnifiga ko‘ra, issiq Yupiterlar IV—V sinflarga mansub.

Odatdagi xususiyatlari

  • Yulduzga yaqin joylashganligi tufayli sayyora sirtining 1000—1500 K (ba’zan hatto qariyb 3000 K) haroratgacha qizishi qo‘shimcha issiqlikdan kengayishga sabab bo‘ladi. Shu bois bunday sayyoralarning radiusi o‘xshash, ammo o‘z yulduzidan uzoqroqda joylashgan sayyoralarnikidan kattaroq bo‘ladi.
  • Orbita ekssentrisiteti odatda nolga yaqin bo‘ladi, chunki u qalqish kuchlari ta’sirida kamayadi.

Kelib chiqishi

Yulduzning bevosita yaqinida sayyoralar shakllanishi uchun yetarli modda yo‘q, deb hisoblanadi. Bu turdagi barcha sayyoralar tizimning tashqi qismida shakllangan, keyinchalik gaz-chang diskidagi tormozlanish tufayli markaz tomonga siljigan.

Qisqa davrli issiq Yupiterlar

Issiq Yupiterlarning qisqa davrli issiq Yupiterlar deb ataluvchi kichik sinfi ham mavjud. Ular «o‘ta issiq» Yupiterlar, ya’ni yulduzlarga eng yaqin joylashgan issiq Yupiterlardir. Bunday sayyoralarning yulduz atrofida aylanish davri 1—2 kunni tashkil etadi, harorati esa ko‘pincha 2000 °C gacha yetishi mumkin (bunda effektiv harorat yulduzning o‘zida ko‘pincha sayyora sirti haroratidan atigi 2—3 baravar yuqori bo‘ladi). Yaqin vaqtgacha aylanish davri 1,48 sutka bo‘lgan eng qaynoq qisqa davrli issiq Yupiter (shuningdek, ma’lum ekzosayyoralar orasida eng qaynog‘i) deb KELT-9 b sayyorasi hisoblangan. U 2016-yilda kashf etilgan, biroq 2021-yilda Massachusets texnologiya instituti xodimlari issiq Yupiter — TOI-2109 b sayyorasini aniqlashga muvaffaq bo‘lishdi. Uning aylanish davri atigi 16 soat. Qalqish kuchlari ta’siridagi tormozlanish natijasida yulduz qa’rida yo‘qolib ketguniga qadar bu sayyoraning mavjud bo‘lishiga atigi bir necha million yil qolgan.

Siyrak sayyoralar

Yulduzgacha bo‘lgan masofa juda kichik va sayyoraning massasi uncha katta bo‘lmaganda (Yupiter massasining 2 baravaridan kam bo‘lsa), sayyoraning o‘z gravitatsiyasi qizish ta’sirida uning kengayishini tiyib turolmaydi. Natijada sayyora issiqlik ta’sirida kuchli kengayadi va zichligi nihoyatda past qiymatlarga tushib ketadi. Bunday sayyora to‘laqonli sayyoradan ko‘ra gaz bulutiga ko‘proq o‘xshaydi va siyrak sayyora deb ataladi.

Ro‘yxat

Havolalar