Infeksiya (lotincha inficio, infeci, infectum «yuqtirmoq») — tirik organizmning (jumladan, mikroorganizmlarning) infeksiya qoʻzgʻatuvchisi bilan zararlanishi, qoʻzgʻatuvchining organizmda koʻpayishi yoki rivojlanishi, shuningdek, organizmning toʻqimalarda infeksiya qoʻzgʻatuvchisi mavjudligiga hamda u ajratadigan toksinlarga javob reaksiyasidir. Infeksiya qoʻzgʻatuvchilari deganda, odatda, viruslar, mikroorganizmlar (bakteriyalar, zamburugʻlar, sodda organizmlar), prionlar (ayrim hayvonlarda infeksiya qoʻzgʻatuvchisi sifatida saraton hujayralari ham xizmat qilishi mumkin), shuningdek, parazit chuvalchanglar (gelmintlar). Bakteriyalar holatida infeksiyani bakteriofaglar ham keltirib chiqarishi mumkin. Agar infeksiya natijasida kasallik rivojlansa, bunday infeksiya yuqumli kasallik deb ataladi. Infeksiya tibbiyotda odam, zootexnika va veterinariyada hayvonlar yoki agronomiyada oʻsimliklar organizmining begona mikroorganizmlar bilan turli xil oʻzaro taʼsirlarini qamrab oladi.
Garchi infeksiyalar odamlar va hayvonlarda ancha ogʻir kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin boʻlsa-da, infeksiya har doim ham kasallik rivojlanishiga olib kelavermaydi. Agar infeksiya sogʻliqning buzilishiga sabab boʻlmasa, bunday holat subklinik infeksiya[ingl.] deb ataladi. Yaʼni organizmga infeksiya yuqishi mumkin, ammo unda yuqumli kasallik rivojlanmaydi. Agar mikroorganizmlar odatda organizmda tabiiy ravishda yashasa, bunday birgalikda mavjud boʻlish holati odatda infeksiya deb atalmaydi. Organizm boʻylab tarqalishiga qarab, infeksiyalar mahalliy yoki tizimli boʻlishi mumkin. Yuqumli kasallik patogenning oʻzi yoki u ishlab chiqaradigan zaharli moddalar tufayli yuzaga kelishi mumkin.
Infeksiya qoʻzgʻatuvchilariga qarshi himoyaning birinchi chizigʻi tugʻma immun tizim boʻlib, u barcha hayvonlar va oʻsimliklarda mavjud hamda infeksiya qoʻzgʻatuvchisi kirib kelishiga tez javob berish imkonini yaratadi (javob berish vaqti daqiqalar, baʼzan esa soatlar bilan oʻlchanishi mumkin). Koʻplab organizmlarda tugʻma immun tizim yagona himoya vositasidir. Umurtqalilarda (jumladan, sutemizuvchilarda) esa evolyutsiya davomida qoʻshimcha ravishda limfotsitlar orqali ishlaydigan moslashuvchan (adaptiv) immun tizim rivojlangan. Uning faollashishi koʻproq vaqt (bir necha kundan bir necha haftagacha) talab qiladi va tugʻma immun tizim infeksiyaning oldini ololmagan yoki uni yenga olmagan hollarda kechikkan immun javobni yuzaga keltiradi. Infeksiyaning oqibati odatda patogen bilan organizmning himoya mexanizmlari oʻrtasidagi kurash natijasiga bogʻliq.
Parazitlar bilan zararlanish odatda infestatsiya deb ataladi. Hayvonlarda endoparazitlar bilan (yaʼni gelmintlar va sodda organizmlar bilan) zararlanish ham parazitar infeksiyalarga kiradi. Parazitlarga nisbatan atamalarning qoʻllanishi nuqtayi nazaridan, infeksiya odatda ichki parazitizmni, infestatsiya esa tashqaridan zararlanishni anglatadi.
Infeksiyalarni davolashda turli xil maxsus mikroblarga va parazitlarga qarshi preparatlar qoʻllanadi. Bularga bakteriyalarga qarshi (odatda antibiotiklar deb ataladigan), zamburugʻlarga qarshi, viruslarga qarshi, sodda organizmlarga qarshi va gelmintlarga qarshi vositalar kiradi.
Tarix
Bu atamani tibbiyotga Jirolamo Frakastoro 1546-yilda kiritgan. Frakastoro oʻz asarida «infectio» soʻzini ishlatgan.
Infeksiya turlari
Yashirin (latent) infeksiya yoki alomatsiz tashuvchilik — organizm toʻqimalarida yashab, koʻpayadigan mikroorganizm hech qanday alomatni yuzaga keltirmaydigan holat (masalan, gonoreyaning surunkali shakli, surunkali salmonellyoz va boshqalar).
Parazitar infeksiyalar
Parazitar infeksiya manbai xoʻjayin, oraliq tashuvchi yoki rezervuar xoʻjayin boʻlishi mumkin. Yuqish jarayonida parazit avval xoʻjayinni tark etishi, soʻng yangi xoʻjayinga oʻtib, uni zararlashi kerak. Parazitning turiga qarab, u xoʻjayin organizmidan najas, siydik, balgʻam, teri yoki qon orqali tarqalishi mumkin; shuningdek, zararlangan hayvonni boshqa hayvon yeb qoʻyganda ham yuqishi mumkin. Zararlanish bevosita aloqa, oziq-ovqat, suv, tuproq, oraliq tashuvchilar yoki mexanik tashish yoʻli bilan (masalan, odamlarning defekatsiyadan keyin yuvilmagan qoʻllari orqali) yuz berishi mumkin. Infeksiya yuqishi bevosita aloqa, oshqozon-ichak trakti, teri yoki qon orqali sodir boʻlishi mumkin.