Hujayraning bo‘linishi

Hujayra bo‘linishining uch turi. Chapda — yadrosiz hujayralarning (prokariotlarning) bo‘linishi

Hujayraning bo‘linishi — ona hujayradan ikki yoki undan ortiq qiz hujayra hosil bo‘lish jarayonidir. Odatda hujayraning bo‘linishi hujayra siklining tarkibiy qismi hisoblanadi

Eukariotlar hujayralarida ikki xil yadro bo‘linishi mavjud: vegetativ bo‘linishda har bir qiz yadro genetik jihatdan ona yadro bilan bir xil bo‘ladi (mitoz), reproduktiv bo‘linishda esa qiz yadrodagi xromosomalar soni ikki baravar kamayadi va natijada gametalar hosil bo‘ladi (meyoz).

Eukariot hujayralarning bo‘linishi nafaqat genetik materialning, balki sitoplazma va organoidlarning ham qiz hujayralar o‘rtasida taqsimlanishini o‘z ichiga oladi. Bu jarayon sitokinez deb ataladi. Odatda, sitokinez hujayra yadrosi (kariokinez) mitoz yoki meyoz jarayonida bo‘linganidan keyin sodir bo‘ladi. Aksariyat hollarda sitoplazma va organoidlar qiz hujayralar o‘rtasida deyarli teng taqsimlanadi.

Prokariot hujayralarning bo‘linishi

Prokariot hujayralar ikkiga bo‘linadi. Dastlab hujayra uzayadi. Uning ichida ko‘ndalang to‘siq hosil bo‘ladi. So‘ng qiz hujayralar bir-biridan ajraladi.

Bakteriya hujayrasida odatda hujayra membranasiga birikkan, ko‘pincha halqasimon shakldagi bitta DNK molekulasi bo‘ladi. Hujayra bo‘linishidan oldin DNK replikatsiyalanadi va bir-biriga aynan o‘xshash ikkita DNK molekulasi hosil bo‘ladi. Ularning har biri ham hujayra membranasiga birikkan bo‘ladi. Hujayra bo‘linayotganida membrana ushbu ikki DNK molekulasi orasiga o‘sib kiradi. Natijada har bir qiz hujayraga bittadan bir xil DNK molekulasi o‘tadi. Bu jarayon to‘g‘ridan-to‘g‘ri binar bo‘linish deb ataladi.

Eukariot hujayralarning bo‘linishi

Yadro bo‘linishining ikki asosiy turi eukariot hujayralarga xos: mitoz va meyoz. Bundan tashqari, ayrim hollarda yadro bo‘linishining yana bir turi — amitoz.

Bo‘linishga tayyorgarlik

Eukariot hujayralar yadroga ega bo‘lib, hujayra siklining muayyan bosqichida — interfazada bo‘linishga tayyorlana boshlaydi. Aynan interfaza davrida hujayrada oqsillar sintezlanadi va uning eng muhim tuzilmalari ikki hissa ko‘payadi. Dastlabki xromosoma bo‘ylab uning aniq nusxasi sintezlanadi, DNK molekulasi ikki hissa ko‘payadi. Ikki hissa ko‘paygan xromosoma ikkita qism — xromatidadan iborat. Har bir xromatidada bittadan DNK molekulasi mavjud. O‘simlik va hayvon hujayralarida interfaza o‘rtacha 10—20 soat davom etadi. Shundan so‘ng bo‘linish jarayoni — mitoz boshlanadi.

Amitoz

Amitoz yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri bo‘linish — interfazadagi yadroning bo‘linish urchug‘i hosil bo‘lmasdan, torayish orqali bo‘linishidir. Bunday bo‘linish bir hujayrali organizmlarda uchraydi. Amitoz bo‘linishning eng tejamkor usullaridan biridir, chunki bunda energiya sarfi juda kam bo‘ladi.

Prokariotlarda hujayraning bo‘linishi amitozga o‘xshashdir.

Mitoz

Mitoz (kamroq qo‘llanadigan nomlari: kariokinez yoki bilvosita bo‘linish) — eukariot hujayra yadrosi bo‘linganda xromosomalar soni o‘zgarmaydigan jarayondir. Meyozdan farqli o‘laroq, mitotik bo‘linish har qanday ploidlik darajasidagi hujayralarda qiyinchiliksiz kechadi, chunki profazada xromosomalarning konyugatsiyasi uning majburiy bosqichi hisoblanmaydi.

Meyoz

Meyoz — hujayra bo‘linishining o‘ziga xos usuli bo‘lib, uning natijasida har bir qiz hujayradagi xromosomalar soni ikki baravar kamayadi. Bu jarayonni birinchi marta Valter Flemming 1882-yilda hayvonlarda, Eduard Strasburger esa 1888-yilda o‘simliklarda tasvirlab bergan.

Meyoz yordamida gametalar hosil bo‘ladi. Reduksion bo‘linish natijasida har bir gaploid spora va gametaga mazkur diploid hujayradagi har bir juft xromosomadan bittadan xromosoma o‘tadi. Keyingi urug‘lanish (gametalarning qo‘shilishi) jarayonida yangi avlod organizmi yana diploid xromosomalar to‘plamiga ega bo‘ladi. Shu sababli ushbu tur organizmlarining kariotipi avlodlar davomida o‘zgarmasdan saqlanadi.

Sitokinez

Sitokinez jarayonini yakunlayotgan hujayra (tasvir transmissiyali elektron mikroskop yordamida olingan). Strelka ko‘rsatgan tuzilma — sentrosoma.

Sitokinez, sitotomiya — hujayra bo‘linishi vaqtida sitoplazmaning dastlabki eukariot hujayradan ikkita qiz hujayraga fizik jihatdan taqsimlanish jarayonidir.

Sitokinez odatda hujayra yadrosi bo‘linganidan (kariokinezdan) keyin yuz beradi. Yadro bo‘linishining ikki asosiy turi bor: mitoz yoki meyoz.

Aksariyat hollarda sitokinez davomida sitoplazma va organoidlar qiz hujayralar o‘rtasida deyarli teng taqsimlanadi. Bundan muhim istisno — oogenez jarayonidir. Unda bo‘linish nihoyatda assimetrik kechadi: bo‘lajak tuxum hujayra sitoplazma va organoidlarning deyarli barchasini oladi, meyozning har ikkala bo‘linishida hosil bo‘ladigan ikkinchi hujayra (ya’ni qutbiy yoki reduksion tanacha) esa deyarli sitoplazmaga ega bo‘lmaydi va ko‘p o‘tmay nobud bo‘ladi.

Agar yadro bo‘linishi sitokinez bilan birga kechmasa, ko‘p yadroli hujayralar hosil bo‘ladi (simplastlar).