
Sitoplazma (qadimgi yunoncha κύτος — «hujayra» va πλάσμα — bu yerda «tarkib» ma’nosida) — hujayraning yadro va vakuoladan tashqari, plazmatik membrana bilan chegaralangan yarim suyuq ichki muhitidir. Uning tarkibiga gialoplazma (sitoplazmaning asosiy shaffof moddasi), unda joylashgan hujayraning zarur tarkibiy qismlari (organellalar), shuningdek, turli vaqtinchalik tuzilmalar (kiritmalar) kiradi. Ba’zan sitoplazma deganda faqat gialoplazma tushuniladi.
«Sitoplazma» atamasini nemis professori Albert (Rudolf) fon Kyolliker 1863-yilda sinonim sifatida «protoplazma» atamasiga nisbatan fanga kiritgan. Keyinchalik «protoplazma» so‘zi hujayraning yadrodan tashqaridagi barcha tarkibini, shu jumladan organellalarni ham anglatadigan bo‘lgan. Biroq nemis botanigi Eduard Strasburger sitoplazmaning bunday ta’rifiga qo‘shilmagan va 1882-yilda organellalar, vakuolalar hamda plastidalar bo‘lmagan protoplazmani sitoplazma deb atashni taklif qilgan.
Sitoplazma tarkibida turli xil organik va noorganik moddalar bo‘ladi, biroq uning asosiy tarkibiy qismi — suvdir. Ko‘plab moddalar (masalan, mineral tuzlar, glyukoza, aminokislotalar) chin eritma hosil qiladi, ayrim boshqa moddalar (masalan, oqsillar) esa kolloid eritma hosil qiladi. Hujayra metabolizmining deyarli barcha jarayonlari unda kechadi. Bundan tashqari, sitoplazmada moddalar almashinuvi natijasida hosil bo‘lgan erimaydigan chiqindilar va zaxira oziq moddalar mavjud.
Sitoplazma doimo harakatda bo‘lib, tirik hujayra ichida oqadi va o‘zi bilan birga turli moddalarni, jumladan, organellalarni ham ko‘chiradi. Bu harakat sikloz.
Sitoplazma o‘sish va ko‘payish xususiyatiga ega, uning bir qismi olib tashlansa, qayta tiklana oladi. Biroq u faqat yadro mavjud bo‘lgandagina to‘g‘ri faoliyat ko‘rsatadi. Odatda sitoplazma yadrosiz, yadro esa sitoplazmasiz uzoq vaqt yashay olmaydi.
Sitoplazmaning eng muhim vazifasi — hujayraning barcha tuzilmalarini (tarkibiy qismlarini) birlashtirish va ularning kimyoviy o‘zaro ta’sirini ta’minlashdir. Bundan tashqari, u boshqa vazifalarni ham bajaradi, xususan, hujayra devoriga tushadigan taranglikni saqlaydi va bosimni barqaror tutadi. Unda ko‘plab biokimyoviy reaksiyalar kechadi.