Fazoviy qobiliyatlar

Fazoviy qobiliyatlar (ingl. spatial abilities) — qobiliyat bo‘lib, obyektlar va fazo o‘rtasidagi fazoviy munosabatlarni tushunish, ular haqida fikr yuritish va ularni eslab qolishda namoyon bo‘ladi. Keng ma’noda fazoviy qobiliyatlar obyektlar o‘rtasidagi fazoviy munosabatlarni idrok etish, eslab qolish va o‘zgartirish bilan bog‘liq jarayonlarni, shuningdek, kuzatish nuqtasi o‘zgarishi va boshqa amallar natijasida obyektlar o‘rtasidagi munosabatlarning qanday o‘zgarishini ko‘z oldiga keltirish qobiliyatini o‘z ichiga oladi. Fazoviy qobiliyatlar muhim prediktor, ya’ni matematika, tabiiy fanlar, texnologiyalar va arxitektura sohalaridagi o‘quv yutuqlarini oldindan bashorat qilish omili hisoblanadi.

Fazoviy qobiliyatlarning tuzilishi

Olib borilgan psixometrik tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, fazoviy qobiliyatlarning fazoviy vizualizatsiya (Lockman,1979), fazoviy orientatsiya (Hegarty,Waller, 2004), fazoviy tasavvur (Jansen, 2009), xayolan aylantirish (Shepard,Metzler,1971) va fazoviy munosabatlar (Lockman,1987) kabi tarkibiy qismlari ajratiladi.

Tadqiqotlar tahlili fazoviy qobiliyatlarning o‘zaro bog‘liq bir qator tarkibiy qismlari mavjudligini ko‘rsatadi. Biroq mazkur tuzilmaga nechta tarkibiy qism kirishi borasida turli qarashlar mavjud. Tadqiqotlarning birida faqat ikkita tarkibiy qism ajratilgan: fazoviy munosabatlar va fazoviy vizualizatsiya. Fazoviy munosabatlar — ikki va uch o‘lchamli obyektlarni bir bosqichda xayolan aylantirishdan iborat. Fazoviy vizualizatsiya esa obyekt qismlarini buklash va yoyishda ketma-ket bajariladigan xayoliy amallar (bir bosqichdan ortiq) majmuasidir. Shu bilan birga, fazoviy orientatsiya mustaqil tarkibiy qism sifatida qaraladi, biroq faqat fazoviy orientatsiyani o‘lchaydigan testlar yo‘qligi sababli uni alohida ajratish murakkab.

Fazoviy tasavvurlar

Fazoviy tasavvurlar (space representations) — predmetlarning uch o‘lchamli fazodagi kattaligi, shakli, yo‘nalishi va joylashuvi, shuningdek, harakat vaqtida ularning siljishi va o‘zgarishi haqidagi tasavvurlardir. Fazoviy tasavvurlar shunchaki ikkilamchi obrazlar emas, ularni apperseptiv sxema sifatida ko‘rib chiqish mumkin. Fazoviy xususiyatlarni idrok etish va farqlash mumkin bo‘lishi uchun kelib tushayotgan axborot ana shu sxemaga moslashtirilishi kerak.

Fazoviy vizualizatsiya

Fazoviy vizualizatsiya fazoviy shaklda ifodalangan axborot bilan bajariladigan murakkab, ko‘p bosqichli xayoliy amallarni tavsiflaydi. U obyektning ko‘zga ko‘rinadigan xususiyatlarini xayolan tasavvur qilish qobiliyatini ifodalovchi vizual obrazlarni hamda obyekt yoki harakatlarning qismlari yoxud joylashuvi o‘rtasidagi fazoviy munosabatlarni xayolan tasavvur qilishdan iborat fazoviy obrazlarni o‘z ichiga oladi. Fazoviy vizualizatsiya, shuningdek, o‘lchamlarning ko‘rinadigan tafsilotlari, shakllar, harakat, o‘ziga xos belgilar va xususiyatlarni xayoliy obrazlar orqali tasavvur qilish hamda ular bilan ishlashni, muammoni tushunish uchun ushbu fazoviy munosabatlardan foydalanishni ham qamrab oladi. Fazoviy idrok sezgi organlari orqali tashqi olamni anglashni nazarda tutsa, fazoviy vizualizatsiyada obyektning xususiyatlari o‘zgarishsiz qoladi. Sport psixologiyasi sohasida turli sport turlari (masalan, basketbol, futbol, gimnastika va golf) murabbiylari sportchilarni o‘z o‘yinlarida natijaga erishish usullaridan biri sifatida xayolan aylantirishdan foydalanishga undaganlar. Hegarti (Hegarty, 2004) odamlar mexanik muammolar, masalan, tishli g‘ildiraklar va shkivlarning ishlashi haqida fikr yuritishda xayoliy tasavvurlar bilan turli amallar bajarishlarini ko‘rsatgan. Unreal Tournament kabi videoo‘yinlar, shuningdek, juda mashhur Tetris o‘yini va Rubik kubigi boshqotirmasi ham yuqori darajadagi xayoliy aylantirishni talab qiladigan mashg‘ulotlardir. Fazoviy qobiliyatlarni vaqt o‘tishi bilan rivojlantirish uchun ular bilan muntazam shug‘ullanish mumkin.

Fazoviy qobiliyatlarning ikkita guruhi ajratiladi:

  1. Fazoviy qobiliyatlarning «kichik miqyosli» guruhi fazoviy vizualizatsiya, fazoviy tasavvur va xayolan aylantirishni o‘z ichiga oladi. Ushbu qobiliyatlar obyektlar bilan turli amallar bajarish, jumladan, ularni o‘zgartirish va xayolan aylantirishni qamrab oladi.
  2. Fazoviy qobiliyatlarning «katta miqyosli» guruhi fazoda mo‘ljal olish va obyektlarning joylashuvini tasavvur qilishni o‘z ichiga oladi. Ushbu guruh kuzatuvchining fazodagi ko‘rish nuqtasi o‘zgarishi bilan bog‘liq. «Yo‘nalishni his qilish», istiqbolni idrok etish va fazoviy orientatsiya ham mazkur guruhga kiradi.

Psixologik va neyropsixologik tadqiqotlar (Morris,Parslow,2004) «kichik miqyosli» guruhga oid topshiriqlar bajarilganda miyaning tepa bo‘laklari ishga tushishini, «katta miqyosli» guruhga oid topshiriqlar bajarilganda esa gippokamp va bosh miyaning medial chakka bo‘laklari faollashishini ko‘rsatgan. Har ikkala guruhga oid test va topshiriqlar bajarilganda umumiy tizimlar (ko‘rish, mushak sezgisi) ham faollashadi.

Psixometrik tadqiqotlar natijalari (Aristova,2018) «katta miqyosli» va «kichik miqyosli» guruhlar o‘rtasida o‘zaro bog‘liqlik borligini ko‘rsatgan. Fazoviy qobiliyatlarning ushbu guruhlari turli o‘lchash usullarini talab qiladigan ikkita mustaqil toifa sifatida qaraladi. «Katta miqyosli» fazoviy qobiliyatlarni o‘lchash uchun haqiqiy va virtual fazoda yo‘l topish imkoniyatini beradigan test hamda usullar talab etiladi. «Kichik miqyosli» fazoviy qobiliyatlarni baholash uchun esa qog‘ozda bajariladigan testlar ko‘proq mos keladi.

Etiologiya: fazoviy qobiliyatlardagi individual farqlarning kelib chiqish sabablari

Psixogenetik tadqiqotlar (Aristova, 2018) biologik qarindoshlar fazoviy qobiliyatlari darajasi bo‘yicha biologik qarindosh bo‘lmagan kishilarga nisbatan bir-biriga ko‘proq o‘xshashligini ko‘rsatgan (McGee,1979). Keng ko‘lamli tadqiqotlardan birida TEDS (Twins Early Development Study — egizaklarning erta rivojlanishini o‘rganish) tanlanmasida «kichik miqyosli» fazoviy qobiliyatlarni baholaydigan 10 ta subtestdan iborat onlayn testlar majmuasidan foydalanilgan. Tadqiqotda 1367 juft 19—21 yoshdagi egizak ishtirok etgan. Tadqiqotda fazoviy qobiliyatlardan tashqari umumiy intellekt darajasi ham baholangan. Tadqiqot natijalari intellekt darajasi nazorat qilinganda fazoviy qobiliyatlar yaxlit konstrukt (nazariy tushuncha) ekanini ko‘rsatgan. Shuningdek, umumiy intellekt va fazoviy qobiliyatlarning namoyon bo‘lishidagi individual farqlar shakllanishida ishtirok etuvchi genetik omillar qisman bir-biriga mos kelishi aniqlangan.

Fazoviy qobiliyatlardagi jinsiy farqlar

Psixometrik tadqiqotlar (Jansen, Heil, 2010) ma’lumotlariga ko‘ra, erkaklardan iborat tanlanma fazoviy testlarni ayollardan iborat tanlanmaga nisbatan yaxshiroq bajaradi. Bunday natija topshiriqlarda xayolan aylantirish bajarilganda kuzatiladi. Tadqiqotlardan birida xayolan aylantirish qobiliyati uch guruhga bo‘lingan 150 kishidan iborat tanlanmada o‘rganilgan: 20—30 yosh, 40—50 yosh va 60—70 yosh. Barcha yosh guruhlarida erkaklar topshiriqlarni ayollarga qaraganda yaxshiroq bajargan. Topshiriqlarni yechishda 20 dan 30 yoshgacha bo‘lgan ishtirokchilar eng yuqori natijalarni ko‘rsatgan. Har bir keyingi yosh guruhida natijadorlik erkaklarda 30 % ga, ayollarda esa 20 % ga pasaygan. Barcha yosh guruhlarida erkaklar topshiriqlarni ayollarga qaraganda yaxshiroq bajargan, biroq yosh ortishi bilan jinsiy farqlar kamaygan. Jinsiy farqlarning kelib chiqishiga oid bir nechta gipoteza mavjud. Masalan, jinsiy farqlarning evolyutsion kelib chiqishi nazariyasiga ko‘ra, erkaklar fazoviy qobiliyatlarda ayollardan ustun bo‘lishiga erkaklarning an’anaviy ravishda ovchilik, ayollarning esa terimchilik bilan shug‘ullangani sabab bo‘lgan (Silverman, Choi,Peters,2007). Jinsiy farqlarning yana bir ehtimoliy izohi topshiriqni yechishda qanday strategiya qo‘llanishi bilan bog‘liq. Ehtimol, ayollar fazoviy masalalarni yechishda ko‘proq tahliliy strategiyalarga, erkaklar esa yaxlit strategiyalarga tayanadilar (Heil, Jansen - Osmann,2008).

Adabiyotlar

  1. Aristova I. L., Yesipenko Ye. A., Sharafiyeva K. R., Maslennikova Ye. P., Chipeyeva N. A., Feklicheva I. V., Soldatova Ye. L., Fenin A. Yu., Ismatullina V. I., Malix S. B., Kovas Yu. V. Fazoviy qobiliyatlar: tuzilishi va etiologiyasi. // «Voprosi psixologii» (Psixologiya masalalari), № 1, 2018, 118-126-betlar.
  2. Jansen P. Maktab yoshidagi bolalarda kichik va katta miqyosli fazoviy qobiliyatlarning bir-biridan ajralishi // Percept. Motor Skills. 2009. 109-jild. 357—361-betlar.
  3. Hegarty M., Waller D. Xayolan aylantirish va boshqacha kuzatish nuqtasini egallashga oid fazoviy qobiliyatlarning bir-biridan ajralishi // Intelligence. 2004. 32-jild (2). 175-191-betlar.
  4. Heil M., Jansen-Osmann P. Turli murakkablikdagi ko‘pburchaklarni xayolan aylantirishdagi jinsiy farqlar: erkaklar yaxlit jarayonlardan foydalanib, ayollar qismlarga ajratish usulini afzal ko‘radilarmi? // The Quart. J. Exp. Psychol. 2008. 61-jild (5). 683-689-betlar.
  5. Lohman D.F. Fazoviy qobiliyat: korrelyatsiyaga oid ilmiy adabiyotlar sharhi va qayta tahlili // Technical Report. 1979. 8-jild. 226-bet.
  6. Lohman D.F. va boshqalar. Intellekt va bilish: zamonaviy qarashlar doirasi: fazoviy qobiliyatlardagi individual farqlarning o‘lchamlari va tarkibiy qismlari / Lohman D.E, Pellegrino J.W., Aiderton D.L., Regian J.W. Springer, 1987. 253-312-betlar.
  7. McGee M.G. Insonning fazoviy qobiliyatlari: psixometrik tadqiqotlar hamda atrof-muhit, genetik, gormonal va nevrologik omillarning ta’siri // Psychol. Bull. 1979. 86-jild. 889-918-betlar.
  8. Morris R.G., Parslow D. Fazoviy xotiraning neyrokognitiv tarkibiy qismlari // Allen G.L., Haun D. (muharrirlar). Insonning fazoviy xotirasi: joylashuvni eslab qolish. Mahwah, NJ: Lawrence Erlbaum Associates, 2004. 217-247-betlar.
  9. Rimfeld K, Shakeshaft NG, Malanchini M, Rodic M, Selzam S, Schofield K, Dale PS, Kovas Y, Plomin R. Fazoviy qobiliyatlarning bir omilli tuzilishiga oid fenotipik va genetik dalillar. Proc Natl Acad Sci U S A. 2017-yil mart 7;114(10):2777-2782. doi: 10.1073/pnas.1607883114
  10. Shakeshaft, N. G. va boshqalar. Aylantirish — vizualizatsiyadir, 3D — 2D: fazoviy qobiliyat genetikasini o‘rganish uchun yangi o‘lchash usulidan foydalanish. Sci. Rep. 6, 30545; doi: 10.1038/srep30545 (2016)
  11. Shepard R.N., Metzler J. Uch o‘lchamli obyektlarni xayolan aylantirish // Science. 1971. 171-jild. 701-703-betlar.