Epidemiologiya nima

Fan
Epidemiologiya
Mavzu Tibbiyot, Mikrobiologiya,
O‘rganish predmeti tibbiyot, mikrobiologiya, virusologiya
Shakllanish davri XIX asr
Asosiy yo‘nalishlar tibbiyot, mikrobiologiya, virusologiya
Логотип Викисклада Vikiombordagi mediafayllar

Epidemiologiya (qadimgi yunoncha ἐπιδημία — xalq orasida; λόγος — ta’limot) — umumtibbiy fan bo‘lib, turli etiologiyali kasalliklarning paydo bo‘lishi va tarqalishi qonuniyatlarini nazorat va profilaktika choralarini ishlab chiqish maqsadida aniqlaydi. Muayyan hududda, muayyan vaqtda, aholining muayyan guruhlari orasidagi kasallanish holatlarini o‘rganadi.

Populyatsiyani o‘rganuvchi bu fan har bir inson bo‘yicha olingan ma’lumotlarni umumlashtiradi, sabab-oqibat bog‘lanishlarini aniqlaydi hamda kasalliklarning xavf omillari yoki davolash samaradorligi haqida xulosalar chiqaradi. Bu odamlarning hayot sifatini yaxshilash va umr davomiyligini oshirish vositalaridan biridir.

Epidemiolog — salomatlikka oid tadqiqotlarni rejalashtirish va ularning natijalarini talqin qilish bo‘yicha mutaxassis.

Epidemiologiya fan sifatida mikrobiologiya rivojlanishi bilan shakllangan, tadqiqotlarni xalqaro miqyosda muvofiqlashtirish va statistik hisobini yuritish bilan Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti shug‘ullanadi.

Epidemiologiya — odamlarning hayot sifatini yaxshilash va umr davomiyligini oshirish vositalaridan biridir.

Epidemiologiya dalillarga asoslangan tibbiyotning asosiy fanlaridan biridir.

Epidemiologik tadqiqotlar nafaqat tibbiyot, balki ijtimoiy sohada ham salomatlik va hayot sifatiga oid jihatlar bo‘yicha olib boriladi.

Rossiyada epidemiologiya atamasi ko‘pincha faqat yuqumli kasalliklar epidemiologiyasi ma’nosida tushuniladi.

Predmeti va usullari

Epidemiologiyaning dastlabki maqsadi inson kasalliklarining paydo bo‘lishi, tarqalishi va barham topishi qonuniyatlarini aniqlash, ularning oldini olish va ularga qarshi kurash choralarini ishlab chiqishdan iborat edi[aniqlashtirish kerak].

Epidemiologiya XXI asrda insonlar salomatligini yaxshilash va hayot sifatini oshirish nuqtayi nazaridan salomatlik va tibbiyotga aloqador barcha hodisalarni baholaydigan fanga aylandi. Yuqumli va yuqumsiz kasalliklarni o‘rganish epidemiologiya qiziqish doirasining faqat bir qismidir. Epidemiologiyada inson populyatsiyasi salomatligiga ta’sir qiladigan omillarni miqdoriy baholash metodologiyasi ishlab chiqiladi. Individual ma’lumotlar to‘plamlariga statistik ishlov berish asosida epidemiologlar kasalliklarning tarqalishi, xavf omillari, ularning oldini olishning tibbiy va notibbiy usullarini baholaydilar.

Epidemiologlar tibbiy aralashuvlar (dori vositalari, jarrohlik amaliyotlari va boshqa muolajalar) hamda kasalliklarning oldini olish va odamlarning hayot sifatini yaxshilashda qo‘llanadigan boshqa barcha vositalarning samaradorligini baholash uchun tadqiqot rejalarini ishlab chiqadilar.

Epidemiologiyada alohida kasalliklarga ham, salomatlik uchun xavf omillariga ham bag‘ishlangan turli tadqiqot sohalari mavjud.

Epidemiologlar zarur ma’lumotlarni olish maqsadida tadqiqotlarni rejalashtiradilar, tadqiqot natijalarini muhokama qiladilar hamda olingan natijalardan qaror qabul qilishda foydalanish mumkinligini muhokama qilib, hal etadilar. Zamonaviy epidemiologiyaning asosiy yutug‘i shundan iboratki, tibbiyotda endilikda qarorlar ilmiy tadqiqotlarda olingan ma’lumotlar asosida qabul qilinadi.

Vazifalari — epidemiologiyada quyidagilardan iborat:

  • kasallikning tibbiy va ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatini, aholi patologiyalari tarkibidagi o‘rnini aniqlash;
  • kasallikning vaqt bo‘yicha (yillar, oylar va hokazo), hududlar bo‘yicha va aholining turli guruhlari (yosh, jins, kasb va hokazo) orasida tarqalish qonuniyatlarini o‘rganish;
  • kasallik tarqalishining kuzatilayotgan xususiyatini belgilovchi sabab va sharoitlarni aniqlash;
  • profilaktikani takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish;
  • o‘rganilayotgan kasallikning tarqalishi bo‘yicha prognoz ishlab chiqish.

Obyekti — yuqumli kasalliklar epidemiologiyasida epidemik jarayon, uning rivojlanish qonuniyatlari va namoyon bo‘lish shakllaridir.

Predmeti — epidemiologiyada quyidagilardan iborat:

  • odamlar orasida (populyatsiyada) har qanday patologik holatning paydo bo‘lishi va tarqalishi jarayoni;
  • salomatlik holati (patologik holatlarning paydo bo‘lishi va tarqalishi mumkin emasligi).

Epidemiologik usul — inson populyatsiyasida har qanday patologik holatlarning paydo bo‘lishi va tarqalishi sabablarini o‘rganishga mo‘ljallangan o‘ziga xos usul va vositalar majmui (kuzatish, tekshirish, tarixiy va geografik tavsiflash, taqqoslash, tajriba, statistik va mantiqiy tahlilni o‘z ichiga oladi).

Zamonaviy epidemiologning ustuvor usuli — ma’lumotlarni tanqidiy baholash ko‘nikmasidir.

Tahdidlar matritsasi

Epidemiologiya usullaridan biri tahdidlar matritsasini tuzishdir. Matritsani tuzishning bir necha usuli ma’lum. Birinchi variantda vertikal o‘qda oqibatlarning jiddiyligi, gorizontal o‘qda esa hodisaning yuz berish ehtimoli aks ettiriladi. Tahdidlar matritsasining boshqa variantida gorizontal o‘q patogen hodisaning ehtimoliy og‘irligini, vertikal o‘q esa tayyorgarlik darajasini ko‘rsatadi.

Jahonda epidemiologiya

Ko‘plab mamlakatlarda epidemiologiya tibbiyotning tarkibiy qismi hisoblanmaydi. Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida va AQShda epidemiologiya shifokorlik mutaxassisligi emas. Epidemiolog tibbiy ma’lumotga ega bo‘lishi mumkin, biroq G‘arb epidemiologlarining aksariyati tibbiy ma’lumotga ega bo‘lmagan ma’lumotlar tahlili mutaxassislaridir. Bunda bunday epidemiologlar ma’lumotlarga ishlov berish natijalarini to‘g‘ri talqin qilish uchun shifokorlar bilan doimiy hamkorlik qiladilar.

Ko‘plab mamlakatlarning universitetlarida epidemiologiya o‘qitiladi va epidemiologik tadqiqotlar olib boriladi. Bu universitet fani bo‘lib, yirik fakultetlar u bilan biostatistika qatorida shug‘ullanadilar (epidemiologiya va biostatistika bir-birini to‘ldiruvchi turdosh fanlardir).

Epidemiologiya yaxshi rivojlangan mamlakatlarda epidemiologlar ko‘p bo‘lib, ular alohida tadqiqot sohalariga ixtisoslashadilar yoki tadqiqotlarning umumiy metodologiyasi bilan shug‘ullanadilar (tadqiqot o‘tkazishning yangi usullarini yaratadilar), jumladan, farmakologik tadqiqotlarning epidemiologik rejalarini (yangi dori vositalarini o‘rganish tadqiqotlari).

Rossiyada epidemiologiya

Rossiyada zamonaviy epidemiologiya maktabi yo‘q.

Rossiyada epidemiologiya yuqumli kasalliklar tarqalishiga qarshi kurashuvchi amaliy fan sifatida qaraladi, epidemiologlar infeksionist va virusologlar bilan bog‘lab tasavvur qilinadi. Rossiyalik epidemiolog ko‘pincha tadqiqotchi olim emas, balki infeksiyalarni kuzatish va tarqalishining oldini olish bilan shug‘ullanadigan shifoxona shifokoridir.

Rossiya farmatsevtika sanoati sust rivojlanganligi sababli Rossiyada epidemiologlar farmakologik tadqiqotlar metodologiyasi va rejalarini ishlab chiqish bilan shug‘ullanmaydilar.

Rossiyada epidemiologiyaning tadqiqot va universitet fani sifatidagi holati asta-sekin o‘zgarib bormoqda. Masalan, Fanlararo tibbiy tadqiqotlar markazi Sankt-Peterburgdagi Yevropa universiteti negizida ishga tushdi, endi esa ITMO universitetida jamoat salomatligi fanlari bo‘yicha magistrlar tayyorlanmoqda. Epidemiologiyaning zamonaviy darsligi nashr etildi

Tarix

Zamonaviy epidemiologiya fan sifatida faqat 20-asrda shakllandi.

Qadimgi davr va o‘rta asrlar

Gippokrat (miloddan avvalgi 460—370-yillar)

Epidemiologiya ta’limotining asoschisi Gippokrat hisoblanadi. Gippokratning «Epidemiyalar haqida yetti kitob», «Havo, suvlar va joylar haqida» va boshqa asarlari bizgacha yetib kelgan. V. A. Bashenin umumiy epidemiologiya darsligida shunday yozgan: «Qariyb 2000 yil davomida epidemiologiya bo‘yicha Gippokrat qarashlaridan ko‘ra o‘ziga xosroq ilmiy qarashlar bildirilmagan». Gippokrat davridan boshlab, ya’ni taxminan 2400 yil ilgari, «epidemiya» so‘zi odamlar orasida ommaviy kasallanishni anglatgan, u yuqumli va yuqumsiz tabiatga ega kasalliklarni o‘z ichiga olishi mumkin edi.

Albatta, qadimgi davrda va o‘rta asrlarda epidemiyalar asosan yuqumli kasalliklarning tarqalishi natijasida yuz bergan, garchi yuqumli omil nima va u organizmgaqanday kirishi haqidagi tasavvurlar turlicha bo‘lgan bo‘lsa ham. Qadimdayoq epidemiyalarning rivojlanishiga oid ikkita nazariya paydo bo‘lgan. Gippokrat ilgari surgan birinchi nazariyaga ko‘ra, epidemiyalarning sababi odam organizmiga qandaydir moddalar — miazmalarningkirib borishidir; ular koinotda yoki tuproqda, xususan, botqoqli joylarda mavjud deb hisoblangan. Ushbu tasavvurga ko‘ra, ko‘plab odamlarning miazmalarni nafas orqali yutishi ommaviy kasallanishga olib keladi. Bu qarash jabrlanganlarning boshqa bemorlardan kasallik yuqtirganini aniqlash imkoni bo‘lmagan kuzatuvlarga asoslangan. Aftidan, botqoqli joylar ham bejiz tilga olinmagan: ehtimol, bezgako‘choqlaridagi kuzatuvlar nazarda tutilgan, chunki bunda bemorning yuqumliligini kuzatish mumkin emas — u atrofdagilar uchun bevosita xavf tug‘dirmaydi (go‘yo bemor «yuqumli emas»).

Ikkinchi nazariyaga ko‘ra, epidemiyalarning rivojlanishiga odamlar orasida tirik kasallik qo‘zg‘atuvchisining tarqalishi sabab bo‘ladi. Bu fikrni Yunonistonning buyuk faylasufi Aristotel (miloddan avvalgi IV asr) bildirgan, keyinchalik bu fikr Qadimgi Rimda ham tarafdorlar topgan. Mark Terensiy Varron (miloddan avvalgi 116-27-yillar) bu agentni «Contagium vivum» deb atagan. Tarixiy tajriba ko‘rsatganidek, bu dahiyona taxmin mohiyatan epidemiologiyaning keyingi butun rivojlanish yo‘lini belgilab bergan. U o‘sha davrda keng tarqalgan o‘lat, chechak va boshqa ayrim nozologik shakllarda bemorlarning yuqumliligi yaqqol ko‘rinishiga asoslangan edi.

Frakastoro (1478—1553)

Uyg‘onish va Yangi davr

A. Levenguk, (1632—1723)

Uyg‘onish davrida kasallikning yuqumli omil orqali tarqalishi haqidagi kontagionistik gipoteza italiyalik shifokor Frakastoro asarlarida rivojlantirildi. U «Siphilides Libris III» kitobini nashr etdi (kasallikning nomi — sifilisham shundan kelib chiqqan), unda bemor boshqalarga kasallik yuqtirishi haqidagi qoidani shakllantirdi. Tanosil kasalliklarida bemor bilan aloqalarni kuzatish qiyin bo‘lmagani sababli, kitobda kontagionistik nazariya foydasiga inkor etib bo‘lmaydigan dalillar keltirildi. Bu epidemiyalar mohiyatini tushunishdagi juda muhim bosqich edi. Mazkur gipotezaning izchil tarafdori Rossiya epidemiologiyasi asoschisi D. S. Samoylovich (1724—1810) edi. Samoylovichning o‘latga oid ishlari Yevropaning barcha olimlari tomonidan e’tirof etilgan va u turli xorijiy akademiyalarning a’zosi etib saylangan.

D. S. Samoylovich dunyoda birinchi bo‘lib[manba 1575 kundan beri ko‘rsatilmagan] o‘latning taxminiy qo‘zg‘atuvchisini aniqlash uchun mikroskopdan foydalanishga urindi. Mavjud mikroskopning ajrata olish qobiliyati va mikroskopda tekshirish texnikasi ijobiy natija olish imkonini bermadi.

Kontagionistlar va miazmatik nazariya tarafdorlari o‘rtasidagi doimiy bahs fanning keyingi rivojlanishiga asos bo‘lgani shubhasiz.

Mikrobiologik tadqiqotlar

Lui Paster (1822—1895)

Epidemiyaning ichki mohiyatini anglashdagi navbatdagi va hal qiluvchi bosqich XIX asrning ikkinchi yarmidagi buyuk mikrobiologik kashfiyotlar va yutuqlar bo‘ldi. Ulardan avval mikroblar kashf etilgan edi (A. Levenguk, 1632—1723). Tadqiqotlari bilan L. Paster (1822—1895), R. Kox (1843—1910) va ularning ko‘plab shogirdlari nafaqat kontagionistik nazariyaning g‘alabasini ta’minladilar, balki yuqumli kasalliklarga qarshi ko‘plab amaliy choralar ishlab chiqilishiga olib keldilar (kasalliklarning zamonaviy diagnostikasi, dezinfeksiyaniqo‘llash, vaksina va zardoblar yordamida maxsus profilaktikani ishlab chiqish va keng amaliyotga joriy etish va hokazo).

Ingliz shifokori Jon Snou XIX asrda yuz bergan vabo epidemiyasining sabablarini tekshirgani bilan mashhur.

Snou o‘tkazgan tajribaning maqsadi vaboning yuqish yo‘llarini aniqlash edi. U ikki xil kompaniya Londonning aynan bir hududini suv bilan ta’minlayotganiga e’tibor qaratdi. Har ikki suv ta’minoti kompaniyasi suvni Temza daryosidan shahar kanalizatsiyasi oqovalari bilan ifloslanishi mumkin bo‘lgan joylardan olardi.

Ammo 1892-yilda vabo epidemiyasidan so‘ng ushbu kompaniyalardan biri «Lambet kompani» suvni tozalash tizimini daryoning yuqori oqimiga, London kanalizatsiyasi bo‘lmagan joyga ko‘chirdi. Ikkinchisi — «Sautuork end Voksxoll kompani» esa hammasini o‘z holicha qoldirdi. Har ikki kompaniya shaharning aynan bir hududiga ichimlik suvi yetkazib berardi. Ko‘pincha alohida uy qo‘shni uylar foydalanmaydigan suv ta’minoti manbasidan foydalanardi. Turli kompaniyalar manbalaridan suv oluvchi odamlar o‘rtasida na ijtimoiy mavqeyi, na kasbi jihatidan farq bor edi.

Doktor Jon Snouning Londondagi vabo epidemiyasida kasallanish holatlari taqsimotini ko‘rsatuvchi asl xaritasi (1854-yil)

Tajriba ma’lumotlari nihoyatda katta ko‘lamli bo‘ldi. Har ikki jinsga, barcha yosh va kasblarga, barcha daraja va ijtimoiy mavqelarga mansub kamida 300 000 kishi — zodagonlardan tortib eng kambag‘al qatlamlargacha — o‘zlari bilmagan va xohlamagan holda ikki guruhga ajralgan edi.

Bir guruh London kanalizatsiyasi oqovalari va vabo bilan kasallangan bemorlardan unga tushishi mumkin bo‘lgan barcha narsalar aralashgan suvni olardi, ikkinchi guruh esa bunday ifloslanishdan butunlay xoli suvni olardi. Faqat vaboning o‘limga olib keluvchi avj olishi kuzatilishi mumkin bo‘lgan har bir uyning suv ta’minoti manbasini aniqlash kerak edi. Bu vazifani bajarish uchun ikki turdagi ma’lumotni birlashtirish zarur edi: vabo holatlari va suv ta’minoti manbasi.

«Sautuork end Voksxoll kompani» xizmat ko‘rsatadigan uylardagi o‘lim darajasi «Lambet kompani» xizmat ko‘rsatadigan uylardagiga nisbatan to‘qqiz baravar yuqori bo‘lib chiqdi. Bundan tashqari, keyingi vabo epidemiyalari ichimlik suvi manbasining ahamiyatini aniq tasdiqladi.

Rossiyada epidemiologiya tarixi

Birinchi jahon urushi, undan keyingi ikki inqilob, fuqarolar urushi, iqtisodiy vayronagarchilik va ochlik turli epidemiyalarning shu paytgacha kuzatilmagan darajada tarqalishiga olib keldi. Jumladan, ancha to‘liq bo‘lmagan ma’lumotlarga ko‘ra, faqat toshmali tif bilan kasallanish (insidentlik) 1919-yilda 2743, 1920-yilda esa 2550 holatni tashkil etgan (har 100 000 aholiga).

Aynan shu sharoitda 1920-yilda Odessada (Novorossiysk universiteti) dunyodagi birinchi epidemiologiya kafedrasi tashkil etildi. Uning tashkilotchisi — D. K. Zabolotniy urushdan oldin ham bir necha bor o‘lato‘choqlarida juda muvaffaqiyatli tadqiqotlar o‘tkazgan edi. U bu kasallikning tabiiy o‘choqlari mavjudligini aniqlagan, epidemiologiya bo‘yicha birinchi darslikni yozgan.

1963-yilda SSSR Vazirlar Kengashining qarori bilan Markaziy epidemiologiya ilmiy-tadqiqot instituti mamlakat aholisini epidemiyalardan himoyalashning ilmiy asoslarini ishlab chiqish uchun tashkil etildi.

Ilmiy yo‘nalishlar

Yuqumli kasalliklar epidemiologiyasi

Yuqumli kasalliklar epidemiologiyasi — epidemik jarayonning qonuniyatlari va uni o‘rganish usullari, shuningdek, epidemiyaga qarshi chora-tadbirlar majmui va ularni o‘tkazishni tashkil etish haqidagi bilimlar tizimi. Bundan maqsad aholining alohida guruhlarida yuqumli kasalliklar bilan kasallanishning oldini olish, jami aholi orasida kasallanish ko‘rsatkichlarini kamaytirish va ayrim infeksiyalarni yo‘q qilishdir. Ayrim mualliflar (Belyakov V. D., Yafayev R. X., 1989-yil) fikricha, yuqumli kasalliklar epidemiologiyasining o‘rganish predmeti epidemik jarayon, uning rivojlanish qonuniyatlari va namoyon bo‘lish shakllaridir.[manba 1502 kundan beri ko‘rsatilmagan]

Yuqumsiz kasalliklar epidemiologiyasi

Yuqumsiz kasalliklar epidemiologiyasi — profilaktik chora-tadbirlarni ishlab chiqish va qo‘llash uchun aholi orasida yuqumsiz kasallanishning paydo bo‘lishi va tarqalish sabablarini hamda sharoitlarini o‘rganuvchi fan. Yuqumsiz kasalliklar epidemiologiyasida reaktivlik va kompensator mexanizmlar bilan bog‘liq sabab-oqibat aloqalarining vaqt davomiyligiga qarab makoniy (xorologik) va makon-vaqt (xronologik) yo‘nalishlari ajratiladi. Ushbu yo‘nalishlar tahliliy tizimlari va qo‘llanadigan ko‘rsatkichlari bilan ancha sezilarli farq qiladi. Makoniy yo‘nalish onkologiya, yurak-qon tomir patologiyasi, endokrinologiya va boshqa sohalarda samarali qo‘llanadi. Xronoepidemiologik yo‘nalish metodologiya va fazaviy-makoniy tahlil usuli sifatida dastlab psixiatriyada ishlab chiqilgan va qo‘llangan (V. P. Isxakov, 1972—2010).[manba 1502 kundan beri ko‘rsatilmagan] Xususan, psixiatrik epidemiologiya doirasida jamiyatdagi ruhiy buzilishlar sabablari, ruhiy kasalliklarni konseptual jihatdan ta’riflash va ularning tarqalganligi o‘rganiladi.

Farmakoepidemiologiya

So‘nggi vaqtlarda farmakologiya va epidemiologiya birlashuvidan kelib chiqqan bilim sohasi — farmakoepidemiologiya rivojlandi. Ushbu fan Rossiya Federatsiyasi, Yevropa Ittifoqi, AQSh hamda butun dunyoda olib boriladigan farmakologik nazoratning (farmakonazorat) nazariy va uslubiy asosidir.[manba 1502 kundan beri ko‘rsatilmagan]

Harbiy epidemiologiya

Harbiy epidemiologiya — epidemiologiya va harbiy tibbiyotning tinchlik va urush davrida qo‘shinlarni epidemiyalardan himoyalash nazariyasi va amaliyotiga oid masalalarni o‘rganuvchi bo‘limi. Harbiy epidemiologiya uyushgan harbiy jamoalarda epidemik jarayonning paydo bo‘lishi va rivojlanish xususiyatlarini ularning tarkibini shakllantirish, yosh tarkibi, faoliyati va turmushining o‘ziga xosligini hisobga olgan holda o‘rganadi, epidemiologik tekshiruv usullari va qo‘shinlar tizimini ishlab chiqadi. Harbiy epidemiologiya umumiy epidemiologiya, tibbiy xizmatni tashkil etish va taktikasi, harbiy gigiyena va harbiy-dala terapiyasi bilan chambarchas bog‘liq (Akimkin V. G.).

Maqsadi — harbiy epidemiologiya qo‘shinlarning sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta’minlashga qaratilgan.

Vazifalari — harbiy epidemiologiyada quyidagilar:

  • yuqumli kasalliklarning qo‘shinlarga kirib kelishining oldini olish;
  • yuqumli kasalliklarning qo‘shinlar shaxsiy tarkibi orasida tarqalishining oldini olish;
  • yuqumli kasalliklarning qo‘shinlardan tashqariga tarqalishining oldini olish;
  • qo‘shinlarni biologik himoyalash.

Bo‘limlari — harbiy epidemiologiyada quyidagilar:

  • epidemik jarayon va uning qo‘shinlar shaxsiy tarkibi orasida rivojlanish xususiyatlari haqidagi ta’limot;
  • qo‘shinlarni epidemiyalardan himoyalash vositalari va usullari;
  • epidemiologik diagnostika (retrospektiv va tezkor epidemiologik tahlil, yuqumli kasalliklar o‘choqlarini epidemiologik tekshirish, sanitariya-epidemiologik razvedka[ingl.] va kuzatuv);
  • tinchlik va urush davrida qo‘shinlarni epidemiyalardan himoyalash chora-tadbirlarini tashkil etish;
  • xususiy epidemiologiya;
  • biologik qurol va undan himoyalanish.

Ekologik epidemiologiya

Ekologik epidemiologiya — jamoat salomatligining inson salomatligi uchun xavf tug‘diradigan ekologik sharoitlar va tahdidlarni o‘rganuvchi sohasi.

Ekologik epidemiologiya:

  • atrof-muhitni ifloslantiruvchi moddalarning ta’sirini aniqlaydi va o‘lchaydi, xavflar va bog‘liqliklarni baholaydi;
  • salomatlik uchun noxush oqibatlarni tibbiy tekshirish va kuzatishni ta’minlaydi,
  • shuningdek, bunday ifloslantiruvchi moddalarning ta’sir darajalarini ilmiy asoslaydi.

Bir qator mualliflar (Oleynikova E. V., Zuyeva L. P., Nagorniy S. V., 2009) fikriga ko‘ra, «ekologik epidemiologiya» atamasi G‘arbda so‘nggi ikki o‘n yillikda shakllantirilgan: dastlab yuqumsiz kasalliklar epidemiologiyasining tarmog‘i, so‘ngra aholi salomatligining atrof-muhit holatiga bog‘liqligini o‘rganish, tahlil qilish va isbotlashga bag‘ishlangan maxsus ilmiy yo‘nalish sifatida «environmental epidemiology».

Ekologik epidemiologiyaning predmeti aholi orasida ekologik omillar bilan bog‘liq ommaviy kasalliklardir. Demak, ekologik epidemiologiya epidemiologiya fanining bir qismi bo‘lib, qator mualliflar (Revich B. A. va boshqalar, 2004; Privalova L. I. va boshqalar, 2003) ta’riflaganidek, «mustaqil fan» ham, «gigiyena», «ekologiya» yoki «jamoat salomatligi metodologiyasi» ham emas.

Landshaft epidemiologiyasi

Epidemiologiyaning zamonaviy yo‘nalishlaridan biri — landshaft epidemiologiyasi[ingl.] (ingl. Landscape epidemiology).

Landshaft epidemiologiyasi landshaft ekologiyasi sohasidan kelib chiqqan. Landshaft ekologiyasi ekotizimning tuzilishi va unda kechadigan jarayonlarni (vaqt va makon bo‘yicha) tahlil qilish bilan bog‘liq bo‘lgani kabi, landshaft epidemiologiyasidan ham xavf omillarini tahlil qilish va modellashtirish uchun foydalanish mumkin. Bu aksariyat kasallik tashuvchilari, ularning xo‘jayinlari va kasallik qo‘zg‘atuvchilari odatda landshaft bilan bog‘liq bo‘lishi, ekologik omillar esa ularning tarqalishi va sonini belgilashi haqidagi nazariyaga asoslanadi. Yangi kompyuter texnologiyalari (xususan, geografik axborot tizimlari (GAT)) paydo bo‘lishi bilan landshaft epidemiologiyasi konsepsiyasi turli yuqumli va parazitar kasalliklarni tahlil qilishda qo‘llanildi.

Ijtimoiy epidemiologiya

Epidemiologlar salomatlik, umr davomiyligi va hayot sifatiga bevosita aloqador ijtimoiy hodisalarni tadqiq qiladilar. Xususan, skrining tekshiruvlari oilaviy zo‘ravonlik va yaqin kishilar tomonidan sodir etiladigan zo‘ravonlikni aniqlash bo‘yicha o‘tkaziladi (ingl. intimate partner violence).

Adabiyotlar

  • Biglxol, R. Epidemiologiya asoslari : [arxiv 21-yanvar 2022] = Basic epidemiology : [tarjima: inglizcha] / R. Biglxol, R. Bonita, T. Kyelstryom. — Jeneva : JSST, 1994. — [2]+xii+258+[1] b. — ISBN 5-22503252-6. — ISBN 92 4 154446 5.
  • Berman, V. M. Xususiy epidemiologiya : harbiy shifokorlar va epidemiolog shifokorlar uchun / V. M. Berman, A. M. Levitov, I. I. Rogozin. — M. : Medgiz, 1941. — 554 b. — 5000 nusxa
  • Kats-Chernoxvostova, L. Ya. Epidemiologiya : tibbiyot bilim yurtlari uchun o‘quv qo‘llanma. — 3-nashr, tuzatilgan va to‘ldirilgan. — M. : Medgiz, 1957. — 368 b. — 70 000 nusxa
  • Belyakov V. D. Epidemiologiya : darslik. / V. D. Belyakov, R. X. Yafayev. — M.: Meditsina, 1989. — 416 b.: rasmlar. — (Tibbiyot institutlari talabalari uchun o‘quv adabiyoti). ISBN 5-225-01513-1
  • Zuyeva L. P. Epidemiologiya : darslik. / L. P. Zuyeva, R. X. Yafayev. — Sankt-Peterburg: «FOLIANT nashriyoti» MChJ, 2005. — 752 b.: rasmlar.
  • Isxakov V. P. Endogen psixozlarni epidemiologik o‘rganish metodologiyasiga oid. // S. S. Korsakov nomidagi Nevropatologiya va psixiatriya jurnali. — 1986. — 86-jild. — 8-son. 1180—1186-b.
  • Isxakov V. P. Epidemiologiyadagi sabab-vaqt yo‘nalishi va endogen psixoz bilan kasallangan kishilar tug‘ilishining ko‘p yillik sikllari haqida. // S. S. Korsakov nomidagi Nevropatologiya va psixiatriya jurnali. — 1989. — 89-jild. — 4-son. 110—118-b.
  • Isxakov V. P. Pediatriyadagi kasalliklarning sababiy fazaviy-makoniy tahlili haqida : O‘zbekiston Respublikasi pediatrlarining V qurultoyi materiallari. — Toshkent, 2004. — 128—129-b.
  • Psixiatriyadagi epidemiologik tadqiqotlar uslubi va ayrim jihatlariga oid. / N. M. Jarikov, V. P. Isxakov // Shizofreniya : to‘plam. — M., 1977. — 23-31-b.
  • Oleynikova E. V. Ekologik epidemiologiya — epidemiologiya fanining eng muhim yo‘nalishlaridan biri. / E. V. Oleynikova, L. P. Zuyeva, S. V. Nagorniy // Zamonaviy epidemiologiya muammolari : Dolzarb infeksiyalarni laboratoriya diagnostikasi va profilaktikasining istiqbolli vositalari va usullari : 19-20-noyabr 2009-yildagi Butunrossiya ilmiy konferensiyasi materiallari. — Sankt-Peterburg, 2009. — 370 b.
  • Yuqumli kasalliklar epidemiologiyasi bo‘yicha qo‘llanma : 2 jildda. / V. M. Bolotovskiy, A. M. Zaritskiy, A. M. Kondrusev va boshqalar; V. I. Pokrovskiy tahriri ostida. — 1-jild. — M.: Meditsina, 1993. — 464 b.: rasmlar.
  • P. M. Lerner Epidemiolog qaydlari. Isroil, 2010. — 140 b.
  • Gromashevskiy, L. V. Tanlangan asarlar : 3 jildda. / A. F. Frolov tahriri ostida. — Kiyev : Zdorovya, 1987.
  • Harbiy gigiyena va harbiy epidemiologiya / Melnichenko P. I., Ogarkov P. I., Lizunov Yu. V. // Tibbiyot oliy o‘quv yurtlari uchun darslik. M.: Meditsina, 2006. — 400 b. ISBN 5-225-04849-8
  • Maykl, O. Ashaddiy dushman : O‘limga olib keluvchi infeksiyalarga qarshi kurashimiz = Deadliest Enemy: Our War Against Killer Germs : [tarjima: inglizcha] / O. Maykl, M. Olsheyker. — M. : Alpina non-fikshn, 2022. — 440 b. — ISBN 978-5-00139-564-5.

Havolalar