Elektrokimyo haqida

Elektrokimyo — kimyo fanining tizimlarda va fazalararo chegaralardan elektr toki o‘tganda, shuningdek, o‘tkazgichlarda, elektrodlarda (metall yoki yarimo‘tkazgichlardan, jumladan, grafitdan tayyorlangan) hamda ion o‘tkazgichlarda (elektrolitlarda) sodir bo‘ladigan jarayonlarni o‘rganadigan bo‘limidir. Elektrokimyo bir-biridan fazoviy ajratilgan elektrodlarda yuz beradigan oksidlanish va qaytarilish jarayonlarini, shuningdek, ionlar va elektronlar ko‘chishini tadqiq etadi. Zaryadning bir molekuladan boshqasiga bevosita o‘tishi elektrokimyoda o‘rganilmaydi.

Tarix

XVI—XVIII asrlar

Nemis fizigi Otto fon Gerike va birinchi statik elektr generatori

XVI asr elektr hodisalarini tadqiq etish boshlangan davr hisoblanadi. 17 yil davomida ingliz olimi Uilyam Gilbert magnetizmni va ma’lum darajada elektr hodisalarini o‘rgandi. Uning tadqiqotlari magnetizm va elektr haqidagi bilimlarning rivojiga katta ta’sir ko‘rsatdi. U «Magnetizm otasi» sifatida tanildi.

1663-yilda nemis fizigi Otto fon Gerike ishqalanish yordamida statik elektr hosil qiladigan dastlabki elektr generatorini yaratdi. Generator dastasi bor, usti qalin oltingugurt qatlami bilan qoplangan shisha shardan iborat edi. Shar qo‘lda aylantirilgan va barmoq uchlariga ishqalanganda elektr uchquni hosil bo‘lgan. Zaryadlangan shar elektrga oid tajribalarda qo‘llangan.

18-asr o‘rtalarida fransuz fizigi Sharl Fransua Dyufe statik elektrning ikki turi mavjud degan xulosaga keldi. U elektr ikki xil «flyuid»dan: musbat va manfiy flyuiddan iborat deb hisoblagan. Bu nazariyaga qarshi ravishda B. Franklin statik elektr bitta «flyuid»dan iboratligini, zaryad esa ushbu flyuidning ortiqchaligi yoki yetishmasligi bilan izohlanishini taxmin qilgan.

1781-yilda Sharl Ogyusten Kulon zaryadlangan jismlarning o‘zaro ta’sirini tavsiflaydigan «Kulon qonuni»ni bayon etdi.

L. Galvanining tajribasi

1771-yilda italiyalik anatom va fiziolog Luiji Galvanining yorib tekshirilgan qurbaqa mushaklari bilan o‘tkazgan tajribalari elektrokimyo taraqqiyotiga katta turtki berdi. Galvani o‘tkazgich bilan biriktirilgan ikki xil metall mushaklarga tekkizilganda qurbaqa mushaklari qisqarishini aniqladi. 1791-yilda uning «De Viribus Electricitatis in Motu Musculari Commentarius» («Mushak harakatidagi elektr kuchlari haqida risola») nomli asari chop etildi. Unda Galvani mushaklar va nervlarga ikki xil metall tekkizilganda faollashadigan «hayvon elektri» mavjudligini ilgari surdi. Bu asar katta shov-shuvga sabab bo‘ldi. U yangi kuchni, chaqmoq chaqqanda yoki elektr ilonbaliqlari hosil qilganda kuzatiladigan «tabiiy» elektr hamda ishqalanishdan sun’iy tarzda paydo bo‘ladigan «notabiiy» elektr (statik elektr) qatorida, elektrning yana bir shakli deb hisoblagan. Kimyoviy reaksiyalar bilan elektr o‘rtasidagi bog‘liqlik haqidagi faraz ilk bor Galvani ishlarida ilgari surilgan deb hisoblanadi. Ayrimlar 1791-yilni elektrokimyoning «tug‘ilgan yili» deb biladi. Ko‘plab olimlar Galvani nazariyasini qabul qilgan, ammo Alessandro Volta bunga qarshi chiqdi. Volta mushaklar elektr tokini faqat o‘tkazadi, lekin uning manbai emas, deb hisoblagan. Shunda Galvani mushaklarga birgina metall tekkizilganda ham, hatto metallsiz — son nervi mushakka ulanganda ham ular qisqarishini ko‘rsatadigan tajriba o‘tkazdi. A. Volta 8 yil davomida elektr hosil qiluvchi ilonbaliq va skatlarning organlarini o‘rgandi. Tadqiqotlari natijasida 1799-yilda dastlabki kimyoviy tok manbai — «Volta ustuni» yaratildi. Bu elektr tokining nihoyatda muhim manbai bo‘lib, (generatorlar paydo bo‘lishidan ancha oldin) ko‘plab kashfiyotlarga yo‘l ochdi. Jumladan, 1808—1809-yillarda ingliz olimi Gemfri Devi quyidagi metallarni ilk bor sof holda ajratib oldi: natriy, kaliy, bariy, stronsiy, kalsiy va magniy.

XIX asr

XVIII asr oxirida nemis fizigi Vilgelm Ritter «Galvanizm» nomli maqola yozdi va oddiy akkumulyator yaratdi. Uilyam Nikolson[ingl.] bilan birgalikda suvni vodorod va kislorodga elektroliz usulida ajratdi. Ko‘p o‘tmay V. Ritter galvanik qoplama hosil qilish usulini ishlab chiqdi. U cho‘kadigan metall hamda hosil bo‘ladigan kislorod miqdori elektrodlar orasidagi masofaga bog‘liqligini payqadi. 1801-yilga kelib Ritter termoelektrik tokni kuzatdi va uni o‘rganishni Tomas Zeebekka.

1820-yilda X. K. Ersted elektr tokining magnit ta’sirini kashf etdi. Bu o‘z davri uchun muhim kashfiyot edi. Andre-Mari Amper (André-Marie Ampère) Ersted tajribasini takrorlab, uni matematik jihatdan tavsifladi.

1821-yilda nemis-eston fizigi Tomas Zeebek ikki xil metall tutashgan nuqtada haroratlar farqi mavjud bo‘lsa, termoelektrik potensial yuzaga kelishini ko‘rsatdi.

1827-yilda nemis olimi Georg Om o‘z qonunini «Die galvanische Kette, mathematisch bearbeitet» («Galvanik zanjirning matematik tahlili») kitobida taqdim etdi va elektr haqidagi nazariyasini batafsil bayon qildi.

1832-yilda ingliz fizigi Maykl Faradey elektroliz qonunlarini kashf etdi hamda quyidagi tushunchalarni fanga kiritdi: elektrod, elektrolit, anod, katod, anion, kation.

1836-yilda D. Daniel birlamchi tok manbaini yaratdi. Daniel qutblanish muammosini o‘rgandi. 1839-yilda ingliz fizigi Uilyam Robert Grouv (Grove) birinchi yoqilg‘i elementini yaratdi. 1866-yilda fransuz olimi Jorj Leklanshe (Georges Leclanché) yangi element — ko‘mir-ruxli galvanik elementni patentladi.

1884-yilda Svante Avgust Arrenius «Recherches sur la conductibilité galvanique des électrolytesc» («Elektrolitlarning galvanik o‘tkazuvchanligini tadqiq etish») nomli dissertatsiyasini e’lon qildi. U elektrolitlar eriganda musbat va manfiy ionlarga ajralishini ta’kidladi.

1886-yilda Pol-Lui-Tussen Eru va Charlz Martin Xoll bir-biridan mustaqil ravishda, bir vaqtning o‘zida alyuminiyni elektroliz orqali sanoat miqyosida olish usulini Faradey qonunlari asosida ishlab chiqdilar.

1894-yilda Vilgelm Fridrix Ostvald organik kislotalarning elektr o‘tkazuvchanligi va elektrodissotsiatsiyasiga oid muhim tadqiqotlarini yakunladi.

1888-yilda Valter Nernst elektrolit eritmasi bilan ajratilgan ikki elektroddan iborat birlamchi elementning elektr yurituvchi kuchi nazariyasini rivojlantirdi. U Nernst tenglamasi deb ataladigan, elektr yurituvchi kuchning ionlar konsentratsiyasiga bog‘liqligini ifodalovchi tenglamani keltirib chiqardi.

XX asr

Elektrokimyo jadal rivojlandi. 1902-yilda Elektrokimyo jamiyati — The Electrochemical Society (ECS) tuzildi. 1949-yilda Xalqaro elektrokimyo jamiyati — International Society of Electrochemistry (ISE) tashkil etildi. 1959-yilda chex olimi Yaroslav Geyrovskiy (Jaroslav Heyrovský) Nobel mukofotini elektrokimyoviy tahlilning yangi usuli — polyarografiyani ixtiro qilgani va rivojlantirgani uchun oldi.

Elektrokimyoning bo‘limlari

An’anaviy ravishda elektrokimyo nazariy va amaliy qismlarga bo‘linadi.

Nazariy elektrokimyo

Elektrolitlar nazariyasi

Geterogen tizimlar elektrokimyosi

Amaliy elektrokimyo

Elektroliz

Elektroliz tashqi elektr energiyasi manbaini talab qiladi. Bu manba majburiy elektr potensialini yuzaga keltirib, uni saqlab turadi hamda anod va katoddagi elektrokimyoviy jarayonlarning borishini ta’minlaydi. Elektrodlar joylashadigan qurilma — elektrolitik yacheyka (masalan, sanoatdagi elektrolizyor).

Suyuqlantirilgan natriy xlorid elektrolizi



Korroziya va undan himoyalanish

Korroziya — odatda metallarning zang ta’sirida elektrokimyoviy jarayonlar tufayli yemirilishini ifodalovchi atama.

Ko‘pchilik temirning korroziyasini to‘q sariq-jigarrang yoki qora-jigarrang zang ko‘rinishida biladi. Har yili korroziya eritib olinadigan qora metallarning taxminan 10 % ini yemiradi. Boshqa misollar — kumush yuzasida qora dog‘larning paydo bo‘lishi yoki misning yashil tusga kirishidir. Korroziya tufayli ishdan chiqqan metall buyumlarni almashtirish har yili milliardlab AQSH dollariga tushadi.

Temir va qora metallarning korroziyasi


Suvsiz eritmalar elektrokimyosi

Suvli eritmalardagi tadqiqotlar erituvchi sifatidagi suvning elektrokimyoviy barqarorligi bilan cheklanadi. Suyuqlangan muhitlarda elektroliz o‘tkazish hamisha ham maqbul emas: oddiy va kompleks tuz tizimlarining, jumladan evtektik suyuqlanmalarning erish harorati juda yuqori. Organik erituvchilardagi, suyuq oltingugurt dioksiddagi va shu kabi muhitlardagi suvsiz eritmalar suvda yoki suyuqlanmalarda nihoyatda ko‘p energiya talab qiladigan yoxud umuman imkonsiz bo‘lgan ko‘plab jarayonlarni amalga oshirish imkonini beradi.

Adabiyotlar

Havolalar