Birinchi yordam nima

ISO 7010 standartiga muvofiq birinchi yordam belgisi; odatda birinchi yordam qutilarini belgilashda shunga o‘xshash belgi qo‘llanadi

Birinchi yordam — jabrlangan kishiga (bemor, jarohatlangan, yaralangan yoki shoshilinch tibbiy holatdagi insonga) professional tibbiy yordam ko‘rsatish imkoni paydo bo‘lguniga qadar yordam berish uchun zarur bo‘lgan kechiktirib bo‘lmaydigan choralar majmuasidir. Uning maqsadi jabrlanuvchining hayotini saqlab qolish (hayotiga xavf tug‘ilganda), holatini barqarorlashtirish, keyingi ehtimoliy zararning oldini olish, shuningdek, ahvolini yengillashtirish, qulaylik yaratish va tiklanishiga ko‘maklashishdan iborat. O‘z vaqtida va to‘g‘ri ko‘rsatilgan yordam jabrlanuvchining ahvoli og‘irlashishi yoki vafot etishining oldini olishga yordam berishi mumkin. Birinchi yordamni oddiy fuqarolar ham ko‘rsatishi mumkin. Birinchi yordamga o‘qitilgan kishilar bunday yordam zarur bo‘lgan vaziyatlarni taniy oladi, vaziyatni baholaydi va yordam ko‘rsatishda ustuvor choralarni belgilaydi, bunda nimalarni qilish mumkinligi va nimalardan tiyilish kerakligini anglaydi.

Dunyo miqyosida har o‘n o‘lim holatidan biri jarohatlar oqibatida yuz beradi. Jarohat yoki kasallik holatlarining aksariyatida tibbiy yordam yoki hayotni saqlab qolish choralarini ko‘rish talab etilmaydi. Biroq har bir inson hayotida kamida bir marta hayot uchun xavf tug‘iladigan vaziyatga duch kelishi mumkin. To‘g‘ri ko‘rsatilgan birinchi yordam keyingi shifoxonada davolanish muddatini qisqartirishi, nogironlikning oldini olishi yoki inson hayotini saqlab qolishi mumkin. Birinchi yordam boshqa kishiga ham, jabrlangan insonning o‘ziga ham ko‘rsatilishi mumkin. Shu bilan birga, birinchi yordam nimalarni qamrab olishi va uning qonuniy tartibga solinishi mamlakatlar, shuningdek, mamlakatlar ichidagi shtatlar yoki provinsiyalar bo‘yicha farq qilishi mumkin.

Vaziyatga qarab, birinchi yordam choralari nafas yo‘llarining o‘tkazuvchanligini ta’minlash, yurak-o‘pka reanimatsiyasini (cardiopulmonary resuscitation, CPR) o‘tkazish, qon ketishini to‘xtatish, yara va shilinmalarga bog‘lam qo‘yish, sinish va chiqishlarda (zarur bo‘lsa, shina qo‘yib) shikastlangan qismni qimirlamaydigan holatda saqlash, amputatsiya qilingan tana qismlarini saqlab qolish, chiqib ketgan tishlarni qayta joyiga o‘rnatish yoki saqlash (bu tish avulsiyasi deb ataladi), kuyish oqibatlarini yengillashtirishni o‘z ichiga olishi mumkin. Nafas olishni me’yorida saqlash va uning to‘xtab qolishining, shuningdek, keyingi jarohatlanishning oldini olish uchun jabrlanuvchini barqaror yonbosh holatiga yotqizish talab etilishi mumkin (odatda hushdan ketgan holatlarda). Ayrim vaziyatlarda (masalan, yurak xurujidan shubha qilinganda) jabrlanuvchiga zarur dorilarini qabul qilishda yordam berish kerak bo‘lishi mumkin. Shuningdek, birinchi yordam jabrlanuvchini xavf tug‘diruvchi omillardan himoya qilish, professional yordam yetib kelguniga qadar unga qulaylik yaratish va tinchligini ta’minlashni ham nazarda tutadi.

Birinchi yordamni sifatli ko‘rsatish uchun o‘qish va turli amaliy mashg‘ulotlar zarur. Ular odamlarga favqulodda vaziyatlarda hayotni saqlab qolish ko‘nikmalarini beradi. Dunyo miqyosida reanimatsiya talab qiladigan holatlarda saqlab qolingan hayotlar soni bo‘yicha statistik jihatdan ahamiyatli natijaga erishish uchun aholining kamida 15  foizi birinchi yordam ko‘rsatishga tayyorgarlikdan o‘tgan bo‘lishi kerak. Favqulodda vaziyatlarda odamlar odatda o‘ziga ishonchsizlikni his qilsa-da, birinchi yordam ko‘rsatish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni o‘rganish ancha oson. Shu bilan birga, birinchi yordamga o‘qitish zararlarning oldini olish va hayotni saqlab qolishning iqtisodiy jihatdan eng samarali usullaridan biri hisoblanadi (xususan, nogironlikning oldini olish).

Umumiy ma’lumot

Jarohatlar oqibatidagi o‘limlarning aksariyati hodisa joyining o‘zida yuz beradi. Hodisa joyida bo‘lgan oddiy fuqarolar zarur bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lsa, ko‘p hollarda inson hayotini saqlab qolish yoki professional yordam yetib kelguniga qadar uning ahvolini barqaror saqlash uchun choralar ko‘rishi mumkin. Boshqa tibbiy yordam turlaridan farqli ravishda, birinchi yordamning asosiy ko‘nikmalarini oddiy aholi ham o‘rganishi mumkin. Faoliyat sohasiga qarab, odamlar asosiy birinchi yordam doirasidan tashqariga chiqadigan maxsus tayyorgarlikdan ham o‘tishi mumkin. Ayrim kasblarda esa maxsus tayyorgarlikdan tashqari, masalan, qutqaruvchilar yordam ko‘rsatishi shart bo‘lishi mumkin. Umuman olganda, birinchi yordam ko‘rsata oladigan kishilar bilim va ko‘nikma darajasiga ko‘ra oddiy guvohlar, birinchi yordamga o‘qitilgan kishilar va yordam ko‘rsatishi shart bo‘lgan shaxslarga ajratiladi.

Birinchi yordam talab qilinadigan holatlar juda xilma-xil bo‘ladi (yengil jarohatlardan tortib, infarkt yoki insultgacha), yordam ko‘rsatish zarur bo‘lgan vaqt esa bir necha daqiqadan bir necha soatgacha davom etishi mumkin. Birinchi yordam konsepsiyasi jabrlanuvchining qadr-qimmatini hurmat qilgan holda, unga yordam berish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishni va ayni paytda unga zarar yetkazmaslikka intilishni nazarda tutadi. Agar jabrlanuvchi hushida bo‘lsa, birinchi yordam ko‘rsatish uchun uning roziligi talab qilinishi mumkin. Shu bilan birga, turli mamlakatlarda birinchi yordam ko‘rsatish qonun bilan turlicha tartibga solinadi. Masalan, oddiy fuqarolar tomonidan dori vositalari, kislorod yoki defibrillyatorlardan foydalanish, birinchi yordam ko‘rsatuvchilarni huquqiy himoya qilish, shuningdek, yordam ko‘rsatishning ixtiyoriy yoki majburiy ekanligi bo‘yicha qoidalar farq qilishi mumkin.

Atamalar

Birinchi yordam hayot yoki sog‘liq uchun xavf tug‘diradigan jismoniy jarohatlar yoki holatlarda ko‘rsatiladi va shifoxonagacha bo‘lgan yordam (pre-hospital care)ning oddiy fuqarolar ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan qismiga kiradi. Shifoxonagacha bo‘lgan yordam, umuman olganda, hodisa joyidan boshlab jabrlanuvchi professional tibbiy yordam olish uchun tibbiyot muassasasiga yetib borguniga qadar unga ko‘rsatiladigan barcha yordamni, jumladan, paramediklar (paramedics) (tez tibbiy yordam xizmati). Shu bilan birga, tibbiyot xodimlari ham birinchi yordam ko‘rsatuvchi shaxslar qatoriga kiritilishi mumkin, biroq bu masala bahsli: chunki tibbiyot xodimlari tegishli malakaga ega va yordam ko‘rsatish ularning kasbiy majburiyatidir.

Birinchi yordam konsepsiyasi ruhiy salomatlik sohasiga ham tatbiq etilib, bu yo‘nalish uchun alohida atamalar kiritilgan. Birinchi psixologik yordam (psychological first aid) jismoniy birinchi yordamga o‘xshaydi, biroq biror hodisa yoki mojaro (masalan, o‘lim xavfi, og‘ir jarohat olish yoki jinsiy zo‘ravonlikka uchrash) ortidan ruhiy qo‘llab-quvvatlash shaklida ko‘rsatiladi. Ruhiy salomatlik bo‘yicha birinchi yordam (mental health first aid) insonda ruhiy salomatlik bilan bog‘liq muammolar paydo bo‘lganda yoki u allaqachon inqiroz holatida bo‘lganida (masalan, vahima xurujlari, depressiya yoki o‘z joniga qasd qilishga moyillik).

Birinchi yordamga o‘qitish

Birinchi yordam ko‘rsatish uchun zarur bilimlarni berishdan tashqari, mashg‘ulotlar odamlarni zudlik bilan yordam ko‘rsatishga va vaziyatga qarab to‘g‘ri yondashuvni tanlashga tayyorlaydi. Favqulodda vaziyatlarda bu omillar hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin. Ilmiy adabiyotlarda e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, o‘qitish qisqa muddatda ko‘nikmalar va yordam samaradorligiga sezilarli ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin, biroq vaqt o‘tishi bilan ko‘nikmalar tez unutila boshlaydi (2—6 oy ichidayoq). Amaliyotning yetishmasligi, noto‘g‘ri o‘qitish, shuningdek, vaqt o‘tishi bilan ko‘nikmalarning yo‘qolishi yordam ko‘rsatish samaradorligini pasaytirishi mumkin. Yevropa reanimatsiya kengashining 2021-yilgi qo‘llanmasida muntazam ravishda qayta tayyorgarlikdan o‘tish tavsiya etilgan. Biroq qayta o‘qitishning eng maqbul muddatlari ilmiy adabiyotlarda belgilanmagan (2026-yil holatiga ko‘ra) va ko‘pincha ekspertlar fikriga asoslanadi.

Turli mamlakatlarda oddiy fuqarolarni birinchi yordamga o‘qitishni targ‘ib qilish va tartibga solish sezilarli darajada farq qiladi. Ixtiyoriy o‘qitish bilan bir qatorda, ayrim hollarda bunday tayyorgarlik majburiy bo‘lishi mumkin. Qizil Xoch va Qizil Yarim Oy jamiyatlari xalqaro federatsiyasi buyurtmasi asosida 37 mamlakatda o‘tkazilgan xususiy tadqiqotda ularning aksariyatida birinchi yordamga o‘qitish u yoki bu shaklda majburiy ekani aniqlangan. Bunday o‘qitish ta’lim muassasalarida (o‘qituvchilar yoki pedagoglar uchun), ayrim turdagi ish joylarida (masalan, qurilish ishchilari uchun) yoki haydovchilik guvohnomasini olishda majburiy bo‘lishi mumkin. Tibbiy resurslar cheklangan joylarda (masalan, qishloq hududlarida) oddiy fuqarolarning birinchi yordam ko‘nikmalari yetib borish qiyin bo‘lgan tibbiy yordamning o‘rnini qisman bosishi mumkin. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, o‘qitish uchun xarajatlar talab etilsa-da, saqlab qolingan har bir hayot hisobiga bu xarajatlar ancha kichik bo‘lishi mumkin.

O‘qitish turli formatlarda, har xil vosita va yondashuvlardan foydalangan holda tashkil etilishi mumkin. An’anaviy o‘qitishdan tashqari, zamonaviy yondashuvlar o‘quvchilarning o‘zaro faol hamkorligiga asoslangan tengdoshlar orqali o‘qitish va raqamli texnologiyalardan foydalaniladigan aralash ta’limni o‘z ichiga oladi. Auditoriyada o‘tkaziladigan mashg‘ulotlardan oldin onlayn ta’lim ham tashkil etilishi mumkin. O‘yin usuli yosh avlod va bolalarni o‘qishga jalb etish imkonini beradi. Raqs, jumladan, kvadrat raqsi (square dance) va qo‘shiqlardan foydalanish o‘qitishni qiziqarli qiladi. Ritmik musiqa va metronomlar yurak-o‘pka reanimatsiyasini o‘rgatishda ko‘krak qafasini bosishning to‘g‘ri ritmini saqlashga yordam berishi mumkin. yurak-o‘pka reanimatsiyasi. Bundan tashqari, qisqa videolar madaniyati birinchi yordam ko‘nikmalarini o‘rgatishni yanada ommabop va qiziqarli qildi.

Qonuniy tartibga solish

Oddiy fuqarolar birinchi yordam ko‘rsatishdagi harakatlari uchun huquqiy javobgarlikka tortilish ehtimolidan xavotirlanishi mumkin. Bu esa ularning yordam ko‘rsatishga tashabbus bildirishiga salbiy ta’sir qilishi mumkin. Qonuniy himoya odamlarning birinchi yordam ko‘rsatishga faolroq jalb etilishiga yordam beradi. Ko‘plab mamlakatlarda Yaxshi samariyalik qonunlari (Good Samaritan laws) mavjud bo‘lib, ular favqulodda vaziyatlarda birinchi yordam ko‘rsatuvchi shaxslarni qonuniy jihatdan himoya qiladi. Bu qonunlar doirasida harakat qilayotgan kishilar hushsiz jabrlanuvchilarga qonuniy ravishda birinchi yordam ko‘rsatishi mumkin. Agar jabrlanuvchi hushida bo‘lsa va savollarga javob bera olsa, yordam ko‘rsatish uchun uning roziligi kerak bo‘ladi.

Birinchi yordam ko‘rsatishni tartibga soluvchi qonunlar mamlakatlar o‘rtasida farq qiladi. Yaxshi samariyalik qonunlari doirasida ixtiyoriy yordam ko‘rsatish quyidagi mamlakatlarda nazarda tutilgan: AQSh (aksariyat shtatlarda), Kanada va Buyuk Britaniya. Jabrlanganlarga birinchi yordam ko‘rsatish bo‘yicha majburiy talabni Yaxshi samariyalik qonunlarining yanada qat’iy turi deb hisoblash mumkin. Bu talab ko‘proq Yevropa mamlakatlariga xos va AQShning ayrim shtatlarida ham amal qiladi. Aksariyat mamlakatlarda esa oddiy guvohlar uchun yordam ko‘rsatish majburiyati mavjud emas.

Birinchi yordam qutilari

Devorga o‘rnatiladigan birinchi yordam qutisi

Birinchi yordam qutisi birinchi yordam ko‘rsatishda kerak bo‘lishi mumkin bo‘lgan buyumlarni saqlash uchun mo‘ljallangan. Qutining asosiy tarkibiga plastirlar, bintlar, doka, bog‘lamlar, allergiya chaqirmaydigan tibbiy yopishqoq lenta, qo‘lni mahkamlash uchun uchburchak ro‘mol-bog‘lamlar va to‘g‘nag‘ichlar kirishi mumkin. Yurak-o‘pka reanimatsiyasini o‘tkazish uchun qutida himoya plyonkali niqoblar yoki cho‘ntakda olib yuriladigan yuz niqoblari bo‘lishi mumkin. Ko‘z jarohatlangan holatlar uchun ko‘zni himoya qiluvchi qalqonchalar va ko‘z bog‘lamlari kiritilishi mumkin. Jabrlanuvchining yaralarini ifloslanishdan, shuningdek, yordam ko‘rsatayotgan kishining o‘zini himoya qilish uchun qutida bir martalik qo‘lqoplar, tibbiy niqob, bir martalik himoya fartugi va qo‘lni dezinfeksiya qilish vositalari bo‘lishi mumkin. Qo‘shimcha vositalar sifatida qaychi (oddiy, tibbiy yoki taktik qaychi) va pinset foydali bo‘lishi mumkin. Qaychi tibbiy sarf materiallarini kesish va kiyimni qirqish uchun kerak bo‘ladi.

Birinchi yordam qutisidagi buyumlar tarkibi va ularning zaxirasi quti mo‘ljallangan odamlar soniga hamda undan qayerda foydalanilishiga (ish joyida, uyda, avtomobilda, sport bilan shug‘ullanishda, sayohatda va hokazo ). Masalan, tabiat qo‘ynida favqulodda vaziyatlar uchun mo‘ljallangan uyqu qopi, fonar va hushtak foydali bo‘lishi mumkin. Jarohatlanish xavfi yuqori bo‘lgan sharoitlarda birinchi yordam qutisiga jgutlarni (tourniquets) va qon to‘xtatuvchi bog‘lamlarni (hemostatic dressings) qo‘shish maqsadga muvofiq. Shuningdek, qutida buyumlardan qanday foydalanish kerakligini tushuntiruvchi birinchi yordam qo‘llanmasi ham bo‘lishi mumkin.

Ayrim dori vositalari shikastlanish, yara yoki kesilish holatlarida foydali bo‘lishi mumkin. Masalan, bunday vositalarga antiseptiklar (jumladan, vodorod peroksidi, povidon-yodid va xlorheksidin), shuningdek, antibiotiklar saqlovchi malhamlar, ko‘zni yuvish uchun steril eritma, kalamin losoni va gidrokortizonli malham. 2025-yil holatiga ko‘ra, turli mamlakatlarda ish joylaridagi birinchi yordam qutilariga muayyan dori vositalarini majburiy kiritish talabi mavjud emas edi. Retseptsiz beriladigan dori vositalarini birinchi yordam qutisiga kiritish mumkinligi bo‘yicha amaliyot va qo‘llanmalar turlicha, bu masala esa bahsli hisoblanadi. Odatda ish joylaridagi birinchi yordam qutilariga hech qanday dori vositalari kiritilmaydi.

Birinchi yordam qutilarini muntazam tekshirib turish, ularning zarur buyumlar bilan to‘ldirilganini va tarkibiy qismlarining yaroqlilik muddati o‘tmaganini nazorat qilish tavsiya etiladi. Shuningdek, favqulodda vaziyatda qutini osongina topish mumkin bo‘lgan, hammaga qulay joyga qo‘yish kerak. Quti uchun suv o‘tkazmaydigan idish tanlash va uning ustiga aniq belgi qo‘yish ham tavsiya etiladi.

Birinchi yordam ko‘rsatish choralari

Birinchi yordam bo‘yicha umumiy tavsiyalarga ko‘ra, avvalo hodisa joyi jabrlanuvchi yoki yordam ko‘rsatuvchilar uchun xavf tug‘diruvchi omillar bor-yo‘qligi nuqtayi nazaridan baholanadi. Yordam ko‘rsatishning standart yondashuvi jabrlanuvchining nafas olayotganini, javob qaytarish qobiliyatini (savollarga to‘g‘ri javob bera olishini), jarohatlari va me’yoriy holatdan chetlanishlarini baholashni, so‘ng zarur bo‘lsa, tez tibbiy yordam chaqirishni nazarda tutadi. Nafas olish yoki javob qaytarish bilan bog‘liq muammolar, shuningdek, jiddiy jarohatlar yoki buzilishlar (masalan, eshitish yoki ko‘rish qobiliyatining yo‘qolishi) shoshilinch tibbiy yordam zarurligini bildiradi. Biroq jabrlanuvchi tushib qolishi mumkin bo‘lgan vaziyatlar nihoyatda ko‘p, shu sababli barcha ehtimoliy holatlarni qamrab oladigan qo‘llanmalar mavjud emas.

Nafas olish yoki yurak faoliyati to‘xtaganda yurak-o‘pka reanimatsiyasini ko‘krak qafasini bilvosita massaj qilish bilan birga o‘tkazish mumkin. Zamonaviy birinchi yordamda avtomatik tashqi defibrillyatorlardan foydalanishga ham ruxsat etiladi, biroq ulardan foydalanishni o‘rgatish majburiy bo‘lishi kerakmi, degan masala bahsli. Yuqori nafas yo‘llari to‘silib, odam bo‘g‘ilayotgan bo‘lsa va hushida bo‘lsa, uning orqasiga urish hamda qorni yoki ko‘kragiga turtki berish kerak. Jarohat, yara va sinishlarda yaraga bog‘lam qo‘yish, ochiq yara va sinishlarda esa shikastlangan tana qismini qimirlamaydigan holatda saqlash talab qilinishi mumkin. Tish chiqib ketganida (tish avulsiyasi, tooth avulsion) uni mustaqil ravishda yoki tibbiy yordam bilan o‘z uyasiga qayta joylashtirish mumkin (muvaffaqiyat ehtimoli bu qanchalik tez bajarilishiga bog‘liq). Kuchli qon ketishida uni to‘xtatish choralarini ko‘rish kerak. Shuningdek, birinchi yordam jabrlanuvchini qulay holatga keltirish, professional yordam yetib kelguniga qadar unga tinchlik yaratish, ahvolini yengillashtirish va uni sovqotishdan yoki haddan tashqari qizib ketishdan himoya qilishni ham nazarda tutadi. Bunda birinchi yordam jabrlanuvchiga mustaqil ravishda biror dori vositasini buyurishni o‘z ichiga olmaydi. Biroq biror kasallik yoki holat zo‘rayib, hayot uchun xavf tug‘ilganda, jabrlanuvchi o‘zi bilan olib yurgan va unga avvaldan buyurilgan dorilarni qabul qilishida yordam kerak bo‘lishi mumkin.

Dori vositalaridan foydalanish

Yaroqlilik muddati o‘tgan dorilar

Birinchi yordam ko‘rsatishda, odatda, yaroqlilik muddati o‘tgan dori vositalaridan foydalanmaslik tavsiya etiladi. Bunday dorilarda faol moddalarning kimyoviy parchalanishi yuz berishi mumkin, natijada dorining samaradorligi pasayadi, parchalanish mahsulotlarining o‘zi esa zaharli bo‘lib qolishi ehtimoli bor. Yaroqlilik muddati ishlab chiqaruvchilar tomonidan shu muddat davomida preparatlarning samaradorligi va xavfsizligi tekshiriladigan sinovlar asosida belgilanadi. Biroq birinchi yordamda ishlatiladigan dorilar uzoq vaqt davomida talab qilinmasligi mumkin, shu sababli yordam ko‘rsatish zarurati tug‘ilganida ularning yaroqlilik muddati o‘tgan bo‘lishi ehtimoli bor. Yaroqlilik muddati o‘tmagan dorilar va ularning muqobillari mavjud bo‘lmasa, muddati o‘tgan dorilarni qo‘llashdan kutiladigan foyda taxminiy xavflardan ustun kelishi mumkin. Hayot uchun xavf mavjud bo‘lsa, dorilardan, eng avvalo, samaradorlik talab etiladi. 2025-yilda o‘tkazilgan sharhda quyidagi preparatlar bo‘yicha chop etilgan tadqiqotlarda aspirin, albuterol, epinefrin va naloksonning faol moddasi miqdori yaroqlilik muddati tugaganidan keyin ham, yaroqlilik muddati davomida bo‘lgan darajaga taxminan teng saqlanib qolgani aniqlangan. Sharh mualliflari esa sezilarli miqdorda zaharli moddalar aniqlangan tadqiqotlarni topmagan. Hayot uchun xavf tug‘dirmaydigan holatlarda muddati o‘tgan preparatlardan foydalanish esa ularni qo‘llash bilan bog‘liq axloqiy va huquqiy masalalarni keltirib chiqarishi mumkin.

Qo‘shimcha yordam

Jabrlanuvchiga bevosita birinchi yordam ko‘rsatish choralaridan tashqari, qo‘shimcha yordam uning mol-mulkini himoya qilish, shaxsiy hayot daxlsizligini saqlash, qadr-qimmatini himoya qilish, ruhiy holatini me’yorda tutishga ko‘maklashish, hodisa joyini begona kishilardan xoli qilish hamda voqea haqida jabrlanuvchining oila a’zolari yoki do‘stlariga xabar berishni o‘z ichiga olishi mumkin.

Birinchi yordam ko‘rsatishda ikkilanib qolish

Odamlardan birinchi yordam ko‘rsatish-ko‘rsatmasligi so‘ralganda, aksariyatining javobi ijobiy bo‘lishi kutiladi (insonlarga qahramonona ishlar qilish istagi xos). Biroq amalda birinchi yordam zarur bo‘lgan vaziyatlarda ko‘pchilik faqat kuzatuvchi bo‘lib qoladi. Shu bilan birga, hodisa joyida boshqa odamlarning ham bo‘lishi har bir kishining yordam ko‘rsatishdan tiyilish ehtimolini oshiradi.

Qat’iyatga ta’sir qiluvchi shaxsiy omillar

Kimdir birinchi yordamga muhtoj bo‘lgan vaziyatga tushib qolgan odamlar stressga duch kelishi, qo‘rquv va noqulaylikni his qilishi, birinchi yordam zarurligiga shubha bilan qarashi mumkin. Insonning qat’iyati uning birinchi yordam ko‘rsatish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalariga, shuningdek, ilgari boshqa birovga yordam ko‘rsatgan-ko‘rsatmaganiga ham bog‘liq bo‘lishi mumkin. Biroq, umuman olganda, birinchi yordamga o‘qitish (ikkilanishni yengishga alohida e’tibor qaratilmagan holda) odamlarning yordam ko‘rsatish chastotasiga emas, balki yordam sifatiga ta’sir qilib, uni yaxshilaydi (2009-yilgi tizimli sharh ma’lumotlariga ko‘ra). Ayrim tadqiqotlarda inson yoshi ulg‘aygani sari yordam ko‘rsatish ehtimoli ortishi, chunki ijtimoiy mas’uliyat hissi kuchayadi.

Atrofdagilar ta’siri (bystander effect)

Birinchi yordam ko‘rsatish bilan bog‘liq muammolardan biri — atrofdagilar ta’siri bo‘lib, unga ko‘ra, hodisa joyida boshqa odamlar bo‘lsa, kishilarning jabrlanuvchiga birinchi yordam ko‘rsatishni boshlash ehtimoli kamayadi. Birinchi yordam ko‘rsatish zarurati haqidagi o‘y odamlarda uyg‘otadigan his-tuyg‘u va qo‘rquvlardan tashqari, yordam berishga kirishmayotgan boshqa kishilarning borligi hammasi joyida degan taassurot uyg‘otishi mumkin (plyuralistik bexabarlik hodisasi (pluralistic ignorance)) va vaziyat uchun mas’uliyatni boshqa odamlar bilan bo‘lishayotgandek his qilishga olib kelishi mumkin (mas’uliyatning tarqalishi hodisasi (diffusion of responsibility)). Shuningdek, odamlar atrofdagilarning bahosidan (masalan, ular noto‘g‘ri ish qilayotgani yoki vaziyatni noto‘g‘ri baholagani haqidagi fikrlaridan) qo‘rqishi mumkin.

Tashkilotlar

Jabrlanganlarga ko‘rsatiladigan yordamni himoya qilish ramzi bo‘lgan Qizil Xoch, Qizil Yarim Oy va Qizil Billur belgilaridan iborat emblema

Aholi orasida birinchi yordam ko‘rsatish bo‘yicha ta’limni targ‘ib qiluvchi asosiy tashkilot — Qizil Xoch va Qizil Yarim Oy jamiyatlari xalqaro federatsiyasidir. 2023-yil holatiga ko‘ra, ushbu tashkilot 191 mamlakatda faoliyat yuritgan va birinchi yordamni targ‘ib qilishni asosiy vazifalaridan biri deb biladigan dunyodagi eng yirik gumanitar tarmoq hisoblangan. Tashkilot tarkibiga 191 ta milliy jamiyat hamda Qizil Xoch va Qizil Yarim Oy jamiyatlari xalqaro federatsiyasi kiradi. Oq fondagi qizil xoch emblemasi ba’zan birinchi yordam qutisi joylashgan joylarni belgilash uchun noto‘g‘ri qo‘llanadi. Aslida esa bu belgi Jeneva konvensiyasi tomonidan 1864-yilda qurolli mojarolar vaqtida tibbiy transport va tibbiyot binolarini hujumlardan xalqaro miqyosda himoya qilish belgisi sifatida qabul qilingan.

Tarix

Birinchi yordam ko‘rsatishning ayrim usullari turli shakllarda qadim zamonlardan beri qo‘llanib kelgan. Miloddan avvalgi 3150-yilga oid, cho‘kayotgan odamlarni qutqarish uchun ularning tomog‘iga qamish kiritib, shu orqali havo puflashga urinishlar bo‘lgani ma’lum. Bog‘lam qo‘yish ko‘nikmalariga oid hujjatli dalillar miloddan avvalgi V asr boshlariga taalluqli.

Cho‘kayotgan odamlarni reanimatsiya qilish rivojiga 1774-yilda tashkil etilgan Qirollik insonparvarlik jamiyati katta hissa qo‘shgan. Jamiyat ushbu ko‘nikmani o‘qitishdagi a’lo natijalar uchun sertifikatlar bergan. 1870-yillarda prussiyalik harbiy jarroh Iogannes Fridrix Avgust fon Esmarx jang maydonida askarlarni bog‘lam va shina qo‘yishga o‘rgatish asoslarini yaratdi hamda birinchi marta «birinchi yordam» tushunchasini qo‘lladi (nemischa Erste Hilfe). Qo‘l va oyoqlarga shina qo‘yishning zamonaviy usullari aynan Fridrix Avgust fon Esmarx amaliyotiga borib taqaladi. Birinchi yordam konsepsiyasini ham u birinchi bo‘lib bayon qilgan, deb hisoblanadi; uning bu boradagi asari ilk bor 1882-yilda ingliz tiliga tarjima qilingan. Uning qo‘llanmalari o‘z sohasida eng yaxshi deb topilgan va keng qo‘llanilgan.

Oddiy fuqarolarni birinchi yordam ko‘nikmalariga o‘qitish amaliyoti esa ilk bor 1878-yilda Britaniya armiyasi harbiy jarrohi Piter Sheperd va polkovnik Frensis Dankan tomonidan Avliyo Ioann tez yordam assotsiatsiyasi homiyligida joriy etilgan. Piter Sheperd birinchi yordam bo‘yicha o‘quv kursini ishlab chiqdi va Vulvichdagi Presviterian maktabida mahalliy aholi uchun ilk mashg‘ulotni o‘tkazdi. Mashg‘ulotlar boshlanganidan ko‘p o‘tmay, Vulvich aholisi o‘rgangan ko‘nikmalarini «Malika Elis» paroxodining halokatida odamlarni qutqarish uchun qo‘llay oldi. Keyinchalik birinchi yordamga o‘qitish amaliyoti keng tarqaldi va XIX asr oxiriga kelib, 4 qit’ada Avliyo Ioann tez yordam assotsiatsiyasi tomonidan o‘qishni tugatganlik haqida yuz minglab sertifikatlar berildi. XIX asr oxiri bilim va ko‘nikmalar nuqtayi nazaridan zamonaviy birinchi yordam shakllana boshlagan davr bo‘ldi. Biroq yurakni bilvosita massaj qilish va og‘izdan og‘izga nafas berish samaradorligi faqat XX asr o‘rtalarida aniqlangan va shundan keyingina bu usullar birinchi yordam ko‘rsatishda qo‘llanila boshlangan.

Adabiyotlar

Qo‘shimcha adabiyotlar

Havolalar