
O‘smalar (lot. tumor, ko‘pligi tumores) — nazorat mexanizmlari buzilishi oqibatida hujayralarning bo‘linishi, o‘sishi va differensiyalanishi izdan chiqishi natijasida yuzaga keladigan patologik hosilalardir. Klinik jihatdan o‘smalar organizmning turli a’zo va tuzilmalarida patologik (g‘ayritabiiy) to‘qimaning o‘sish o‘choqlari sifatida namoyon bo‘ladi.
Umumiy ma’lumotlar
Yaxshi sifatli o‘sma hujayralari o‘smaga xos (neoplastik) o‘zgarish jarayonida hujayra bo‘linishini nazorat qilish qobiliyatini yo‘qotadi, ammo ixtisoslashish qobiliyatini qisman yoki deyarli to‘liq saqlab qoladi. Tuzilishiga ko‘ra, yaxshi sifatli o‘smalar o‘zlari kelib chiqqan to‘qimaga (epiteliy, mushaklar, biriktiruvchi to‘qima) o‘xshaydi. Shuningdek, to‘qimaning o‘ziga xos funksiyasi ham qisman saqlanib qolishi mumkin. Klinik jihatdan yaxshi sifatli o‘smalar sekin o‘sadigan va metastaz bermaydigan yangi hosilalar sifatida tananing turli qismlarida uchraydi. Ular sekin o‘sib, yon-atrofdagi tuzilma va to‘qimalarni asta-sekin siqadi, lekin ularning ichiga kirib bormaydi. Odatda, ularni jarrohlik yo‘li bilan davolash yaxshi natija beradi va kamdan-kam hollarda qaytalanadi. Yaxshi sifatli o‘smalarning aksariyati hayot uchun xavf tug‘dirmasa-da (bosh miyaning yaxshi sifatli o‘smalari bundan mustasno), ularning ko‘plab turlari ayrim omillar ta’sirida malignizatsiya (xavfli o‘smaga aylanish) natijasida xavfli o‘smaga aylanishi mumkin. Bunday omillarga ayrim infeksiya qo‘zg‘atuvchilari, ultrabinafsha nurlanish yoki ionlashtiruvchi nurlanish, shuningdek, kanserogen kimyoviy birikmalar kiradi. Shu sabablarga ko‘ra yaxshi sifatli o‘smalar jarrohlik yo‘li bilan olib tashlanadi. O‘sma hujayralari sog‘lom organizm hujayralariga xos bo‘lmagan bir qator xususiyatlarga ega: nazoratsiz bo‘linish va o‘sish, o‘ziga xos tuzilma hamda funksiyani yo‘qotish, antigen tarkibining o‘zgarishi, atrofdagi to‘qimalarni yemirib, tajovuzkor o‘sish. Hujayralarning yuqoridagi xususiyatlarni orttirishi o‘sma konversiyasi (transformatsiyasi) deb ataladi.
Kasallanish darajasi
Har yili faqat AQSHda 1,4 mln dan ortiq yangi xavfli o‘smalar (quyiga qarang) bilan kasallanish holati qayd etiladi. Ulardan 960 000 o‘lim bilan yakunlanadi[manba 4359 kundan beri ko‘rsatilmagan]. Yaxshi sifatli o‘smalar ancha ko‘proq uchraydi[qancha?].
Etiologiya va patogenez
Hujayralarning o‘smaga aylanish jarayoni hali to‘liq o‘rganilmagan. Bu jarayonning asosida hujayra genetik materiali (DNK) shikastlanishi yotadi. Natijada hujayralar bo‘linishi va o‘sishini nazorat qiluvchi mexanizmlar, shuningdek, apoptoz (dasturlashtirilgan hujayra o‘limi) mexanizmlari buziladi. Hozirda normal hujayralarda bunday o‘zgarishlarni keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan ko‘plab omillar aniqlangan:
- Kimyoviy omillar: politsiklik aromatik uglevodorodlar va aromatik tabiatli boshqa kimyoviy moddalar hujayra DNKsi bilan reaksiyaga kirishib, uni shikastlashi mumkin.
- Fizik omillar: ultrabinafsha nurlanish va ionlashtiruvchi nurlanishning boshqa turlari hujayra tuzilmalarini (jumladan, DNKni) shikastlab, hujayralarning o‘smaga aylanishiga sabab bo‘ladi.
- Mexanik shikastlanishlar va yuqori haroratning organizmga uzoq vaqt ta’sir etishi kanserogenez jarayoniga yordam beradi.
- Biologik omillar — asosan, viruslar. Hozirga kelib odam papilloma virusining quyidagi saraton turi rivojlanishida yetakchi rol o‘ynashi isbotlangan: bachadon bo‘yni saratoni.
- Bemorning immun tizimi faoliyatidagi buzilish immuniteti pasaygan bemorlarda o‘smalar rivojlanishining asosiy sababidir (jumladan, OITS bilan kasallanganlarda).
- Shuningdek, endokrin tizim faoliyatining buzilishi ham muhim omildir. Ko‘plab o‘smalarning rivojlanishi jinsiy gormonlar darajasiga bog‘liq (sut bezi, prostata bezi o‘smalari va boshqalar).
O‘smalarning rivojlanishida bir vaqtning o‘zida turli omillar ishtirok etishi ehtimoli yuqori.
Yaxshi sifatli o‘smalar turlari

Yaxshi sifatli o‘smalar har qanday to‘qimadan rivojlanishi mumkin. Ularning eng ko‘p uchraydigan turlari jadvalda keltirilgan:
| To‘qima turi | O‘sma turi |
|---|---|
| Yassi va silindrsimon epiteliy | Yaxshi sifatli epitelioma |
| Bezli epiteliy | Adenoma |
| Biriktiruvchi to‘qima | Fibroma |
| Yog‘ to‘qimasi | Lipoma |
| Silliq mushak to‘qimasi | Leyomioma |
| Suyak to‘qimasi | Osteoma |
| Tog‘ay to‘qimasi | Xondroma |
| Limfoid to‘qima | Limfoma |
| Ko‘ndalang-targ‘il mushak to‘qimasi | Rabdomioma |
| Nerv to‘qimasi | Nevrinoma |
| Bosh miyaning o‘rgimchaksimon pardasi | Meningioma |
Eng ko‘p uchraydigan yaxshi sifatli o‘smalar:
- Bachadon miomasi — bachadonning mushak devoridan rivojlanadi (bachadon tanasi yoki bo‘ynida). Bu turdagi o‘sma 30 yoshdan oshgan ayollarning 15—17 % ida uchraydi. Asosan bachadondan qon ketishi, bachadon kattalashishi va qorinning pastki qismidagi og‘riqlar bilan namoyon bo‘ladi.

- Papilloma (lot. papilloma; lotincha papilla — so‘rg‘ich + -ōma — o‘sma) — yaxshi sifatli epiteliomaning virusli kelib chiqishga ega turi. Papilloma turli o‘lchamdagi bo‘rtma yoki so‘gal ko‘rinishida bo‘ladi. U terida ham, shilliq pardalar yuzasida ham (burun, ichak, traxeya, bronxlar) rivojlanishi mumkin. Klinik belgilari joylashuviga bog‘liq. Yuz va bo‘yin terisida joylashsa, kosmetik nuqson paydo bo‘ladi. Nafas yo‘llarida joylashganda nafas olish buzilishi kuzatilishi mumkin, siydik chiqarish yo‘llarining zararlanishi siyishning qiyinlashishiga olib kelishi mumkin.
- Adenoma — organizmdagi turli bezlarning bezli epiteliyidan rivojlanadi (qalqonsimon bez, prostata bezi, so‘lak bezlari). Ko‘pincha qo‘ziqorinsimon yoki tuguncha shaklida bo‘ladi. Odatda, tegishli a’zoga xos sekretni (shilliq, kolloid) ishlab chiqarish qobiliyatini saqlab qoladi. Belgilarsiz rivojlanishi mumkin. Prostata bezi adenomasi katta hajmga yetganda siydik chiqarishning buzilishiga sabab bo‘ladi.
- Gipofiz adenomasi — gipofizning yaxshi sifatli o‘smasidir. Ko‘p hollarda o‘sma hujayralari gipofiz gormonlarini ortiqcha ajratadi. Shu sababli o‘sma o‘sishiga xos belgilardan tashqari, turli endokrin kasalliklar (Kushing kasalligi, gigantizm, akromegaliya va h. k.) ham rivojlanadi.
Tashxislash
Yaxshi sifatli o‘smalarni tashxislash usullari turlicha bo‘lib, o‘smaning joylashuvi va turiga bog‘liq. Belgilarsiz rivojlanadigan o‘smalar ko‘pincha umumiy tibbiy tekshiruv vaqtida tasodifan aniqlanadi. Ayniqsa, ultratovushli exolokatsiya va rentgenologik tekshiruv usullari muhim ahamiyatga ega, chunki ular yordamida ichki a’zolardagi o‘smalarni aniqlash mumkin.
Shuningdek, turli a’zolardagi xavfli hosilalar hamda bachadon va tuxumdonlarda uchraydigan epitelial va mezenximal tabiatli yaxshi sifatli neoplaziyalarni tashxislashda katta ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin bo‘lgan holat — revmatoid artrit.
Davolash
Davolash usuli o‘sma turi, uning joylashuvi va bemorning umumiy holatiga bog‘liq. O‘smani jarrohlik yo‘li bilan olib tashlash eng samarali usul hisoblanadi. Yaxshi sifatli o‘smalar jarrohlik yo‘li bilan davolangandan keyin kamdan-kam qaytalanadi.[manba 2547 kundan beri ko‘rsatilmagan] Jarrohlik davolashning turlaridan biri kriokoagulyatsiya bo‘lib, bunda o‘sma to‘qimalari past harorat ta’sirida yemiriladi. Operatsiya qilib bo‘lmaydigan, gormonal faol o‘smalarni davolashda gormonlar sintezini bostiruvchi dori vositalari qo‘llanadi.