| Tasman dengizi | |
|---|---|
| Xususiyatlari | |
| Maydoni | 2 300 000 km² |
| Eng katta chuqurligi | 6000 m |
| Joylashuvi | |
| 37°17′46″ j. k. 160°31′30″ sh. u.HGЯO | |
| Okean | Tinch okeani |
Tasman dengizi (ingl. Tasman Sea) — Avstraliya va Yangi Zelandiya orasida joylashgan dengiz. Ular orasidagi eng qisqa masofa taxminan 1670 km.
Tasman dengizi Tinch okeanining janubi-g‘arbiy qismida joylashgan. Antarktida qirg‘oqlaridagi dengizlarni hisobga olmaganda, u Tinch okeani havzasining eng janubiy dengizidir.
Dengiz juda chuqur, chunki uning tubida Sharqiy Avstraliya botig‘i joylashgan bo‘lib, bu botiqning eng katta chuqurligi 6000 m dan ortadi.
Geografiyasi
Tasman dengizining kengligi 2250 kilometr, maydoni — 2 300 000 kvadrat kilometr. Dengizning eng katta chuqurligi 5493 metrni tashkil etadi. Dengiz tubi globigerina balchig‘idan iborat. Yangi Kaledoniyaning janubida pteropod balchig‘ining kichik hududi joylashgan, 30° j. k. dan janubda esa radiolyariya balchig‘i uchraydi.
Chegaralari
Xalqaro gidrografiya tashkiloti Tasman dengizining chegaralarini quyidagicha belgilaydi:
- G‘arbda: Chegara chizig‘i Gabo orolidan[ingl.] (Xau burni[ingl.] yaqinida, 37°30′ j. k.) Ist-Sister orolining shimoli-sharqiy nuqtasigacha (148° sh. u.), so‘ng 148-meridian bo‘ylab Flinders oroligacha; undan keyin Vansittart sayozliklarining sharqidan Keyp-Barren oroligacha cho‘zilgan chiziq; so‘ng Barren burnidan (Keyp-Barren orolining eng sharqiy nuqtasi) Tasmaniyadagi Eddistoun-Poyntgacha (41° j. k.), undan sharqiy qirg‘oq bo‘ylab Saut-Ist-Keypgacha — Tasmaniyaning eng janubiy nuqtasigacha.
- Shimolda: Janubiy kenglikning 30-paralleli Avstraliya qirg‘og‘idan sharqqa qarab Elizabet rifining[ingl.] va Saut-Ist qoyasining (31°47′ j. k. 159°18′ sh. u.) sharqiy uchlarini tutashtiruvchi chiziqqacha, so‘ng shu chiziq bo‘ylab janubda joylashgan Saut-Ist qoyasigacha davom etadi. Bu qoya Lord-Xau orolidan bo‘rtib chiqqan.
- Shimoli-sharqda: Lord-Xau orolidagi Saut-Ist qoyasidan Tri-Kings orollarining eng shimoliy nuqtasigacha (34°10′ j. k. 172°10′ sh. u.), so‘ng Shimoliy burnigacha[ingl.] (Yangi Zelandiyada).
- Sharqda:
- Kuk bo‘g‘ozida: Palliser burni yaqinidagi sayozlikning janubiy uchini (Ngavi[ingl.]) Kempbell burnidagi mayoq (Te Karaka) bilan tutashtiruvchi chiziq.
- Fovo bo‘g‘ozida (46°45′ j. k.): Vaypapa nuqtasidagi mayoqni (168°33′ sh. u.) Ist-Xed (47°02′ j. k.) burni bilan tutashtiruvchi chiziq; ushbu burun Styuart orolida joylashgan..
- Janubi-sharqda: Styuart orolining janubi-g‘arbiy burnidan Snars orollari (48° j. k., 166°30′ sh. u.) orqali Oklend orolining shimoli-g‘arbiy burnigacha (50°30′ j. k., 166°10′ sh. u.) va shu orol orqali uning janubiy uchigacha boruvchi chiziq.
- Janubda: Oklend orolining janubiy uchini (50°55′ j. k. 166°0′ sh. u.) Saut-Ist-Keyp — Tasmaniyaning eng janubiy nuqtasi bilan tutashtiruvchi chiziq.
Tarixi
Dengiz niderlandiyalik dengizchi, tadqiqotchi va savdogar Abel Yanszon Tasman nomi bilan atalgan. U Tasmaniyaga va Yangi Zelandiyaga 1642-yilda yetib borgan birinchi yevropalik bo‘lgan. Keyinchalik ingliz dengizchisi Jeyms Kuk 1770-yillarda o‘zining birinchi dunyo bo‘ylab sayohati davomida Tasman dengizini batafsilroq o‘rgangan.
1876-yil fevralida dunyoning boshqa hududlari bilan telegraf aloqasini o‘rnatish imkonini bergan birinchi «Tasman» suvosti aloqa kabeli yotqizildi.
1928-yil yanvarida Monkriff va Xud birinchi bo‘lib Tasman dengizi ustidan parvoz[ingl.] qilishga urindilar, ammo urinish chog‘ida bedarak yo‘qoldilar. O‘sha yilning sentabrida ser Charlz Kingsford Smit va uning uch kishilik jamoasi dengiz ustidan birinchi muvaffaqiyatli parvozni amalga oshirdi.
1977-yilda Kolin Kuinsi Tasman dengizini yakka o‘zi suzib o‘tgan birinchi kishi bo‘ldi. Keyingi muvaffaqiyatli yakka suzib o‘tish 2010-yilda uning o‘g‘li Shon Kuinsi tomonidan amalga oshirildi.
Qirg‘oqlari va orollari

Tasman dengizi akvatoriyasida Avstraliya va Yangi Zelandiyadan ancha uzoqda joylashgan bir nechta alohida orollar guruhi mavjud:
- Lord-Xau va uning atrofidagi orollar;
- Bols-Piramid;
- Norfolk oroli — Tasman dengizining eng shimolida, uning nazariy jihatdan Marjon dengizi bilan chegaradosh hududida joylashgan.
Bu orollar guruhlarining barchasi Avstraliyaga tegishli.
Materik va Yangi Zelandiya orolining qirg‘oq chizig‘i kam parchalangan. Bu yerda sezilarli darajadagi qirg‘oq notekisliklari deyarli yo‘q, yirik qo‘ltiqlar mavjud emas. Orollar va materik sohillari yaqinidagi dengiz tubi asosan qumli, janubda esa marjon kelib chiqishiga ega atollar ustunlik qiladi. Dengizning chuqur qismlarida tub gruntlari gilli hamda gil-qum aralashmasidan iborat.[manba 2807 kundan beri ko‘rsatilmagan]
Gidrologiyasi
Tasman dengizining sho‘rligi: 35—35,5 ‰. Suv ko‘tarilishi ancha baland bo‘lib, ayrim joylarda 5 m dan oshadi. Dengiz tubining relyefi murakkab: unda ko‘plab tizmalar, ko‘tarilmalar, botiqlar va chuqurliklar bor. Dengiz tubi globigerina balchig‘idan iborat.
Iqlimi
Tasman dengizi akvatoriyasi uchta iqlim mintaqasida joylashgan. Shimolida tropik iqlim ustunlik qiladi, janubida esa ob-havo sharoitlarining mintaqaviy xususiyatlari unchalik keskin namoyon bo‘lmaydi. Shu sababli dengizning turli hududlarida ob-havo sharoiti ham turlicha. Suv yuzasidagi harorat va iqlim farqlarini iliq Sharqiy Avstraliya oqimi yumshatadi. Shunga qaramay, yozda Tasman dengizining shimoliy qismidagi suvning ustki qatlami +27 °C gacha isisa, janubiy hududlarda harorat atigi +15 °C gacha yetadi. Qishda janubiy hududlarda suv +9 °C gacha sovishi mumkin. Dengizning janubiy chekkasidan kuchli va sovuq G‘arbiy shamollar oqimi o‘tadi. Bu oqim Tasman dengizining mazkur qismidagi suvlarni biroz sovitadi va aralashtiradi. Ba’zan Antarktida qirg‘oqlaridan ajralgan aysberglarning qoldiqlari ham dengizgacha yetib keladi.
O‘simlik va hayvonot dunyosi
Dengiz turli iqlim mintaqalarida joylashgani sababli uning o‘simlik va hayvonot dunyosi hududlarga qarab farqlanadi. Chuqur suvlarni tadqiq etuvchi RV Tangaroa[ingl.] kemasi Tasman dengizini o‘rganib, qariyb 500 turdagi baliq va 1300 turdagi umurtqasiz hayvonlarni aniqladi. Tadqiqotchilar shuningdek qirilib ketgan akula — megalodonning tishini ham topdilar.
Dengizning shimoliy qismi tropiklar yaqinida joylashgan. Bu hudud o‘simlik va hayvonot dunyosining tarkibi jihatidan qo‘shni Marjon dengiziga o‘xshaydi. Bu yerda marjon tuzilmalari va atollarga ega orollar uchraydi. O‘simlik turlari tarkibi ancha boy bo‘lishiga qaramay, suv o‘simliklari va suvo‘tlar miqdori kam. Zooplankton tarkibida meduzalar, mayda qisqichbaqasimonlar va lichinkalar oz miqdorda uchraydi.
Dengizning janubiy qismidagi orollar atrofida o‘simliklar miqdori ko‘proq. Sohillar yaqinida ko‘p hujayrali organizmlar — qo‘ng‘ir, qizil va yashil suvo‘tlar hosil qilgan qalin o‘simlik qoplamlari keng tarqalgan. Janubga qarab borgani sari Tasman dengizining yuza suvlarida fitoplankton suvo‘tlari va mikroskopik qisqichbaqasimonlar — krill ko‘rinishidagi zooplankton miqdori sezilarli darajada ortadi.
Tasman dengizida akulalar ko‘p uchraydi va turlar xilma-xilligi bo‘yicha ular qo‘shni Marjon dengizidagi akulalardan qolishmaydi. Janubiy qismda va chuqur suvli botiqlar ustida akulalar kamroq uchraydi. Shunga qaramay, bu yerda ham katta oq akula, mako akulasi, ko‘k akula, uzun suzgichli okean akulasi va bolg‘abosh akulalar kabi xavfli yirtqichlarni ko‘rish mumkin. Marjon riflari orasida rif akulalari, shu joylarning o‘zida esa tubda yashovchi akulalar ham uchraydi
Marjon jamoalari marjonlar orasida yashaydigan okean hayvonot dunyosining odatiy vakillarini o‘ziga jalb qiladi. Plankton kitsimonlarni (yo‘l-yo‘l kitlar, kashalotlar va kosatkalarni) jalb etadi. Dengizning janubiy qismida to‘da bo‘lib yuruvchi baliqlar ko‘p. Ovlanadigan baliq turlari — tunets, stavrida, skumbriya, sayra, seld va kambala.
Tasman dengizida yashaydigan boshqa yirik baliqlar qatorida tunets ovlovchilarga yaxshi tanish bo‘lgan va suzish tezligi bo‘yicha rekordchi hisoblangan qilichbaliqni, shuningdek yelkanbaliqlarni qayd etish mumkin.
Galereya
- Janubiy Kugi shahri.
- Dengiz uzra quyosh botishi.
- Dengiz uzra quyosh chiqishi, fevral.
- Tasman dengizi tubidagi dengiz tipratikanlari va marjonlar.
- Sidney.
- Tasman dengizi qirg‘og‘idagi Marmar tog‘.
- Tasman dengizining to‘lqinlari.
Nashrlar
- Rotschi, H.; Lemasson, L. Marjon va Tasman dengizlarining okeanografiyasi (ingl.) // Oceanogr Marine Biol Ann Rev. — 1967.