Ta’m bilish piyozchasi

Ta’m kurtagining tuzilishi

Ta’m kurtaklari — og‘iz bo‘shlig‘ida joylashgan, ellipsoidsimon shaklga ega va ta’mni aniqlash vazifasini bajaradigan turli hujayralar majmuasidir. Ular «ta’m g‘unchasi» va «ta’m kurtagi» nomlari bilan ham keng tanilgan.

Ta’m kurtaklari epiteliyning og‘iz bo‘shlig‘ini qoplagan qismida joylashadi va apikal uchi bilan ta’m teshigiga chiqadi. Bu teshik ta’m kurtagini og‘iz bo‘shlig‘i bilan bog‘laydi va u orqali ta’m kurtagi atrof-muhit haqida axborot oladi.

Ta’m kurtaklarida ta’mni sezuvchi hujayralar — retseptorlar mavjud. Ta’m kurtaklari tarkibida bazal hujayralar, tayanch hujayralar va bevosita ta’mni sezuvchi retseptor hujayralar mavjud (xemoretseptorlar).

Ta’m kurtagining tuzilishi

Ta’m retseptorlari

Bular apelsin bo‘laklariga o‘xshash cho‘zinchoq shakldagi, katta yadroga ega hujayralardir. Bu hujayralarning o‘rtacha yashash muddati — taxminan 10 kun. Ular asosan ta’m kurtagining markaziy qismini egallaydi. Bu hujayralarning apikal qismida 30-40 ta mikrovorsinka (mikrotukcha) mavjud bo‘lib, ularning membranasida ko‘plab oqsil majmualari — ta’m retseptorlari joylashgan. Ta’m hujayrasi shu mikrovorsinkalari bilan ta’m teshigi tomon yo‘nalgan. Hujayraning bazal qismida sinaps hosil bo‘ladi, uning ikkinchi tomoni — dendrit (sezuvchi neyronga tegishli).

Tayanch hujayralar

Ular ham cho‘zinchoq shaklga ega. Ular asosan ta’m kurtagining tashqi qismini egallaydi, shuningdek, ta’m hujayralari orasida ham joylashadi.

Bazal hujayralar

Bular ta’m kurtagining bazal qismida joylashgan, differensiatsiyalanmagan hujayralardir. Ular sezuvchi hujayralarning ham, tayanch hujayralarning ham yangilanishini ta’minlaydi.

So‘rg‘ichlar

Yumshoq tanglayda, lunjlarda, hiqildoq usti qopqog‘ida va qizilo‘ngachning boshlang‘ich qismida ta’m kurtaklari alohida-alohida joylashgan. Tilda esa ular so‘rg‘ichlar deb ataladigan muayyan tuzilmalarda joylashadi. So‘rg‘ichlarning to‘rt turi mavjud: zamburug‘simon, bargsimon, tarnovsimon va ipsimon so‘rg‘ichlar (oxirgi turida ta’m kurtaklari bo‘lmaydi).

Ta’mni aniqlash

Ta’m kurtaklari ta’m sezgisining besh turini ajratadi: sho‘r, shirin, nordon, achchiq va umami.

Ta’m hujayralari turli retseptorlar va ion kanallari orqali aniqlangan axborotni bosh miya po‘stlog‘ining ta’m bilish sohasiga quyidagilar orqali uzatadi: yuz, til-halqum va adashgan nervlari.

So‘lakda erigan oziq-ovqat molekulalari ta’m teshiklari orqali ta’m kurtagidagi ta’m hujayralari bilan aloqaga kirishadi. Oziq-ovqatning ta’mini belgilovchi muayyan molekulalar va ionlar mikrovorsinkalar membranasidagi tegishli retseptorlar bilan bog‘lanib, hujayraning turli ionlar uchun o‘tkazuvchanligini oshiradi. Shirin, sho‘r, nordon va umami ta’mlari turli mexanizmlar orqali sezuvchi hujayrani depolyarizatsiyalaydi. Achchiq ta’m hujayradan kationlarning chiqishiga sabab bo‘lib, ta’m hujayrasini giperpolyarizatsiyalashi yoki uni depolyarizatsiyalashi mumkin. Ta’m hujayralari, o‘z navbatida, harakat potensialini o‘zlari dendritlari bilan sinaps hosil qilgan sezuvchi neyronlarda yuzaga keltiradi.

Sho‘r ta’mni sezish mexanizmlari

Na⁺ ionlari mikrovorsinkalar membranasidagi retseptor bilan bog‘langanda ion kanallari ochiladi. Bu kanallar kationlar (jumladan, Na⁺ ionlari) uchun mo‘ljallangan. Natijada hujayra depolyarizatsiyalanadi va retseptor potensiali yuzaga keladi. U, o‘z navbatida, sezuvchi neyronni depolyarizatsiyalaydi. Sho‘r ta’mni sezishga anionlar, masalan, Cl⁻ ning mavjudligi ham ta’sir qilishi aniqlangan. Na⁺ va Cl⁻ kombinatsiyasi eng kuchli sho‘r ta’m sezgisini yuzaga keltiradi.

Nordon ta’mni sezish mexanizmlari

Nordon ta’mni sezishga protonlar [H⁺] sabab bo‘ladi. Ular sezuvchi hujayralarning protonlar va natriy ionlarini o‘zlashtirishiga olib keladi, shuningdek, kaliy ionlarining ta’m hujayrasidan chiqishiga to‘sqinlik qiladi. Bu jarayonlar hujayraning depolyarizatsiyalanishiga, binobarin, ta’m hujayrasida retseptor potensiali va neyronda harakat potensiali paydo bo‘lishiga olib keladi.

Shirin ta’mni sezish mexanizmlari

Shirin ta’m uglevodlar (glyukoza, fruktoza, saxaroza va boshqalar), spirtlar, aldegidlar, ayrim oqsillar va boshqa moddalarga xos. Ular G-oqsil bilan bog‘langan retseptorlarga ta’sir qiladi. G-oqsil adenilatsiklaza fermentini faollashtiradi, u esa, o‘z navbatida, siklik adenozinmonofosfat (sAMF) sintezlaydi. Natijada K⁺ ionlarining hujayradan chiqishi kamayadi va retseptor potensiali yuzaga keladi.

Achchiq va umami ta’mlarini sezish mexanizmlari

Achchiq ta’m o‘simlik alkaloidlari va boshqa moddalarga xos, umami esa aminokislota — glutaminning ta’midir. Bu moddalar G-oqsil bilan bog‘langan retseptorga ta’sir qiladi (bu G-oqsil yuqorida tavsiflanganidan farq qiladi). Mazkur G-oqsil fosfolipaza C ni faollashtiradi. U inozitoltrifosfat (IP₃) sintezlaydi, bu esa Са²⁺ ionlarining endoplazmatik retikulumdan ajralib chiqishini boshlaydi. Са²⁺ ionlarining sitoplazmada, ya’ni hujayra ichida, ko‘payishi muayyan kation kanalini faollashtiradi. Bu kanal Na⁺ ionlarining hujayra ichiga oqimini yuzaga keltiradi, natijada hujayra depolyarizatsiyalanadi va neyromediator sinapsga ajralib chiqadi.

Ta’m retseptorlarining taqsimlanishi

Tilning turli qismlari faqat bittadan muayyan ta’mni sezishga qodir, degan keng tarqalgan afsona mavjud. Bunday fikr noto‘g‘ri. Tilning istalgan qismida va hatto bitta ta’m so‘rg‘ichi ichida ham turli xil ta’m kurtaklari birgalikda uchraydi, garchi tilning turli qismlarida ta’m retseptorlarining muayyan turlari ustunlik qilsa ham.

Adabiyotlar